Navoiyda o‘tkazilgan “Gimnastika barcha uchun” sport musobaqasining mamlakat bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 17 jamoa o‘zaro bahslashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Gimnastika federatsiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Prezidentimiz rahnamoligida ommaviy sportni rivojlantirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish orqali aholi salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, oilaviy sportni rag‘batlantirishga qaratilgan “Gimnastika barcha uchun” musobaqasi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Musobaqada 14 yoshgacha, aralash hamda 45 yoshdan yuqori bo‘lgan xotin-qizlardan iborat guruhlar turli chiqishlari bilan ishtirok etdi.
Navoiy viloyati Zarafshon shahrining “Fanky Dance” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
– Shahrimizda gimnastrada ham tobora rivojlanmoqda, – deydi “Fanky Dance” jamoasi xoreograf-sahnalashtiruvchisi Nurbek Seytmaxanov. – To‘garak mashg‘ulotlarida yoshlar, ayniqsa, xotin-qizlar faol ishtirok etadi. Shu bois bugungi musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritdik.
Manba: uza.uz
MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING