2018/09/21 9:00:20

XX asrda Qiziltepa tumanidagi o‘zgarishlar: muammo va yutuqlar

loading...

Sadriddin Ayniy Qiziltepada

XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Qiziltepa tarixi bilan aloqador yana bir shaxs Sadriddin Ayniy (1878 – 1954) hisoblanadi.

Sadriddin Saidmurodxo‘ja o‘g‘li (taxallusi: Ayniy) Buxorodagi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, atoqli adib, shoir, mashhur olim, jamoat va davlat arbobi hisoblanadi. U O‘zbekiston FA faxriy akademigi (1943), Tojikiston FA akademigi va birinchi prezidenti (1951 – 1954), Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1940), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1949), filologiya fanlari doktori (Leningrad, 1948; himoyasiz), professor (1949). Stalin mukofoti (II darajali) laureati (1949). Tojikiston Qahramoni (1997). O‘zbekistonning “Buyuk xizmatlari uchun” (2001) ordeni bilan mukofotlangan.

Sadriddin Ayniy G‘ijduvon tumanidagi Xoja Soktare (hozirgi Soktare) qishlog‘ida 1878 yil 15 aprelda tug‘ilgan. Soktare qishlog‘i Zarafshon daryosining o‘ng sohilida joylashgan tarixiy qishloqlardan biridir. Uning bolaligi onasining qishlog‘i – tog‘alarining uyida, ya’ni Shofirkon tumanidagi Mahallai bolo qishlog‘ida o‘tgan.

Ayniy Buxorodagi turli madrasalarda (1890 – 1891 yillar Mir Arab, 1892 – 1893 yillar Olimxon, 1894 – 1896 yillar Hoji Zohid, 1899 – 1900 yillarda Ko‘kaldosh madrasalarida) tahsil ko‘rgan. Keksalarning shohidlik berishlaricha, toshrabotlik Mulla Juma (u keyin mudarris bo‘lgan) va vang‘ozilik Mulla Ahmad Qalami (Mulla Ahmad Hamdamov) Ayniy bilan o‘sha vaqtda madrasada o‘qishgan. Ayniy o‘zbek va tojik tillarida barakali ijod qilgan. Uning “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar” (1920 – 1921; Moskva, 1926), “Buxoro mang‘it amirligining tarixi” (1920; Toshkand, 1923), “Muqanna isyoni” (1944), “Buxoro inqilobining tarixi” (Tokio, 2010) nomli tarixiy asarlarida, “Buxoro jallodlari” (1920) qissasi, “Qullar” (1932 – 1934) tarixiy romani va “Qisqacha tarjimai holim” (1940), “Esdaliklar” (4 qism; 1947 – 1954; boshqa nomi “Buxoro”) asarlarida Buxoro vohasi tarixi, shu jumladan, Shofirkon, G‘ijduvon, Qiziltepa, Karmana tumanlari tarixi to‘g‘risida muhim ma’lumotlar mavjud.

Mashhur yozuvchi Sadriddin Ayniy Stalinobod (hozirgi Dushanbe) shahrida 1954 yil 15 iyulda vafot etdi va o‘sha yerda dafn etilgan. Soktare qishlog‘i va Samarqandda uy-muzeylari ochilgan. Qiziltepa shahrida Ayniy nomli maktab bor.

Sadriddin Ayniy o‘zining tarixiy asarlarida Buxoro tarixining eng murakkab davrlaridan biri – XX asr boshlarida Buxoro amirligida islohotchilik g‘oyalari va jadidchilik harakatining keng yoyilishi, inqilobiy harakatlar, an’anaviy davlat tuzumining tubdan o‘zgarishi voqealarini o‘z ko‘rgan-kechirganlari asosida yoritgan.

Ayniy tomonidan 1920 – 1921 yillarda o‘zbek tilida yozilgan “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar” asarida Buxorodagi 1918 yil mart voqealari munosabati bilan maxsus fasllar kiritilgan. Kitobning “Kolesov voqeasining sabablari”, “Kolesov voqeasi”, “Qiziltepa voqealari”, “Xatirchi va Karmana voqealari”, “Qorako‘l va Chorjo‘y voqealari”, “Kolesov voqeasi munosabati bilan Buxoro hukumatining vahshati” nomli fasllarida Turkiston o‘lka Xalq Komissarlari Soveti raisi F.Kolesovning Buxoroga bosqini va uning oqibatlari, Qiziltepa bitimi to‘g‘risida fikr bildirilgan.

Ayniy bundan tashqari tojik tilida “Tarixi silsilayi mang‘itiya ki dar Buxoro hukm rondaand” (“Buxoroda hukm surgan mang‘itlar sulolasi tarixi”) nomli asar yozib, uni “Shu’layi inqilob” jurnalining 1920 yil sentyabrdan 1921 yil noyabrgacha bo‘lgan oraliqda chiqqan 27 ta sonida chop etdi. Bu asar 1923 yilda muallifning ba’zi bir o‘zgartirish va to‘ldirishlari bilan “Tarixi amironi Mang‘itiyai Buxoro” (“Buxoro Mang‘it amirlari tarixi”) nomi bilan Toshkentda alohida kitob holida tojik tilida nashr bo‘ldi. Bu asar rus tiliga qisqartirilgan holatda tarjima qilingan.

Ayniy hayotining ma’lum bir qismi Qiziltepa bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi. Ayniy 1915 yilning sentyabridan 1916 yil aprel oyining oxirigacha Qiziltepadagi paxta tozalash zavodida ishlagan. U zavodning chigit bo‘limida chigit sotish – tarozibonlik bilan shug‘ullangan. Qiziltepadagi paxta tozalash zavodi buxorolik Mirza Muhiddinboyning zavodi bo‘lgan. Bu haqda S.Ayniy o‘zining 1940 yilda yozgan “Qisqacha tarjimai holim” asarida ma’lumotlar keltiradi.

Qiziltepa paxta tozalash zavodi Kolesovning Buxoroga bosqini davrida vayron bo‘lgan. Bu zavod 1920 yili yana yoqib yuboriladi. 1971 yili Qiziltepada yangi paxta tozalash zavodi qurilib ishga tushirildi. Bu zavodda ayni vaqtda besh yuzdan ziyod turli millat vakillari ahil oila bo‘lib ishlashadi. Zavod bir yilda 40 000 tonna xom ashyoni qayta ishlash quvvatiga ega. Uning mahsulotlari dunyoning ko‘plab mamlakatlariga eksport qilinyapti. Zavodga kiraverishda Sadriddin Ayniyga esdalik lavhasi o‘rnatilgan.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>