2018/10/16 10:00:57

XVIII asrda Komi Abu Muslim tumani va Buxoro vohasidagi suv taqsimoti

loading...

1756 yil 16 dekabrda Muhammad Rahimxon Buxoro amirligi taxtiga rasmiy o‘tirishi bilan ashtarxoniylar o‘rniga yangi mang‘itlar sulolasi hokimiyat tepasiga keldi. Buxoro xonligi ushbu sanadan boshlab Buxoro amirligi deb yuritiladigan bo‘ldi.

Davlat hukmdori endi o‘ziga xon o‘rniga amir unvonini oldi. Mang‘itlar sulolasi vakillari bo‘lgan amirlar 1756 – 1920 yillarda Buxoro amirligini boshqardilar.

Mang‘itlar davriga oid asosiy mahalliy manbalarga Mirza Badi’ devon, Ahmad Donish, Mirzo Abdulazim Somiy Bo‘stoniy, Mirza Salimbek, Nosiriddin To‘ra, Sadriddin Ayniy, Fitrat, Muhammad Ali Baljuvoniy kabi tarixchi olimlarning “Majmu’ al-arqom” (“Raqamlar to‘plami”), “Risolai muxtasari az tarixi saltanati xonadoni mang‘itiya” (“Mang‘itlar xonadoni saltanati tarixi haqida qisqacha risola”), “Tarixi salotini mang‘itiya” (“Mang‘it hukmdorlari tarixi”), “Tarixi Salimiy”, “Tuhfat uz-zoirin” (“Ziyoratchilarga tuhfa”), “Buxoro mang‘it amirligining tarixi”, “Amir Olimxonning hukmronlik davri”, “Tarixi nofeiy” (“Foydali tarix”) singari asarlari kiradi. Bu tarixiy asarlarda XVIII asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlaridagi mang‘itlar sulolasi tarixi o‘z aksini topgan.

Mirza Badi’ devon (XVIII asr ikkinchi yarmi – XIX asr boshlari) tomonidan 1798 yilda fors tilida yozilgan “Majmu’ al-arqom” (“Raqamlar to‘plami”) nomli asar Buxoro amirligida yuqori davlat muassasalari, xususan, moliya, yer va soliq ishlari bilan shug‘ullanuvchi devon xizmatchilari uchun maxsus qo‘llanma sifatida yaratilgan. Muallif yuqori davlat lavozimida turgan mansabdor oilasidan bo‘lgan. Bu asar besh bobdan iborat. Asar oxirida amirlikda amalda bo‘lgan mansablar, mansabdorlarning burch va vazifalari haqida muhim ma’lumotlar mavjud.

Mirza Badi’ devonning “Majmu’ al-arqom” asarida XVIII asrda Buxoro amirligi tumanlarini (tarixiy Buxoro viloyatini) suv bilan ta’minlash to‘g‘risida muhim ma’lumotlar keltiriladi. Muallifning yozishicha, amirlikda bu paytda eng yuqori 4 ta lavozim: otaliq, buyuk devonbegi, parvonachi, dodxoh lavozimlari mavjud bo‘lgan.

Otaliq lavozimini egallagan shaxs davlat hukmdori – Buxoro amirining tayanchi sifatida faqat o‘zi otaliqlik qilayotgan valiahd shahzoda (taxt vorisi) tarbiyasi bilan shug‘ullanishdan tashqari muqaddas Buxoro daryosi [Zarafshon daryosi] ustidan suv taqsimoti nazoratini o‘rnatgan. Otaliq Samarqanddan Qorako‘lgacha bo‘lgan hudud: Samarqand va uning tumanlari, Sog‘arj va Miyonqoldagi to‘rttadan hazora [bir hazora – 50.000 tanob sug‘oriladigan yer maydoni], muqaddas Buxoroning tumanlari va Qorako‘l ariqlari ustidan suv taqsimoti nazoratiga rahbarlik qilgan. Bundan tashqari u Rudi shahar mirobi va dorug‘a vazifalarini ham bajargan. Dorug‘a vazifasiga muqaddas Buxoroning ichki rabotlarini kechqurun qo‘riqlash ham kiradi (shixna va udaychi bundan mustasno).

“Majmu’ al-arqom” asarida Karmanadan Qorako‘lgacha bo‘lgan Buxoro tumanlari uchun suv taqsimoti quyidagicha keltiriladi: “Buyuk otaliq suv yetarli bo‘lganda Karmanadan 21 ravoq [ravoq – ark shaklida qurilgan kichik inshoot bo‘lib, u suvni ariqlarga teng va to‘g‘ri taqsimlanishini nazorat qilish uchun mo‘ljallangan – Q.R.] suv yuborgan. Ushbu 21 ravoq suv, bir ravoq taxminan 100.000 tanob yerni sug‘orishga mo‘ljallangan, taxminan quyidagicha taqsimlangan. Suvning ⅝ ravoq qismi [0,625 ravoq suv] Karmana, Toshrabotning quyi qismidagi hazora hamda uning sharqidagi Taxti Qir, shuningdek, Uzlushkent [Uzilishkent], Chargau [Chorgov] va boshqalar uchun ajratilgan. Biru chorak ravoq suv Shafurkam [Shopurkom] va Mirobod tumanlari uchun ajratilgan; bu suvning 3/5 qismi Shafurkam [Shopurkom] aholisi, 2/5 qismi esa Mirobod aholisiga mo‘ljallangan. Bir ravoq suv Sultonobod tumani va Pirmast hazorasi uchun mo‘ljallangan va yuqoridagi usul bilan taqsimlanadi. Bir ravoq suv Harqonrud tumani uchun ajratilgan. Ikki ravoq suv Kamat va Xutfar tumanlarining ulushi bo‘lib, xuddi shu usul bilan, ya’ni 2/5 qismini Komot aholisi, 3/5 qismini esa Xutfar aholisi oladi. Biru nimchorak ravoq suv Komi Abu Muslim tumani ulushi sifatida ajratilgan; bu tumanga Komi Zar ham kiradi. Ikkala kom (ariq)dan suv ichuvchi har bir yer egasi suvdan o‘zining alohida ulushini yer miqdoriga qarab oladi. Uch ravoq suvni Rudi shahar oladi. Faraviz tumani va Sab’an (Rudi shaharga kiradi) arig‘i sug‘oradigan yerlar uchun Faraviz tumani Rudi shahar ulushidan ⅝ ravoq suv oladi. So‘ngra qolgan 11 ravoq suv Mehtar Qosim suv ayirg‘ichidagi ko‘priklar orqali o‘tkaziladi. Har bir ko‘prik (suv ayirg‘ich) suvni to‘g‘ri taqsimlashga mo‘ljallangan. O‘n bir ravoq suvning biru chorak ravoq qismi Samjon tumaniga ajratiladi. Suvning ⅝ ravoq qismi [0,625 ravoq suv] Kalti [Kapta] nimhazorasi va uning ikki qismi – G‘oziobod uchun ajratiladi, bu suv Dixmun va O‘shavaga borishi kerak. Suvning 2 ⅛ ravoq qismi [ikki butun nimchorakravoq suv] Xayrobod va Torob tumanlariga yuboriladi. Qolgan 7 ravoq suv Chohar Minordagi suv ayirg‘ich (ko‘prik) orqali o‘tkaziladi. Suvning ¾ ravoq qismi [0,75 ravoq suv] Shahri Islom hazorasi va Paykand uchun ajratiladi. Biru chorak ravoq suv Mohon va Qo‘li Kalon uchun beriladi, Ko‘li Kalon bu suvning ⅓ qismini oladi. Qolgan 5 ravoq suv Jondor ko‘prigidagi suv ayirg‘ich orqali o‘tkazilib, bu qolgan suv Qorako‘ldagi ariqlarga bo‘linadi.

Avvalgi [soliq] amaldorlari, hukmdorlar va bu ishni bilimdonlari uchun suv taqsimoti bo‘yicha o‘rnatilgan tartib ana shunday holatda davlat daftarlariga yozib qo‘yilgan”.

Bu ma’lumotlar shuning uchun ham qimmatliki, Buxoro vohasida mang‘itlar sulolasi hukmronligining dastlabki yuz yili davomida, ya’ni Buxoro amirligiga Rossiya imperiyasi hujum qilgan davrgacha bo‘lgan vaqt [1756 – 1865 yillarda] Zarafshon daryosi suvi ekin maydonlarini sug‘orish uchun asosiy suv manbai hisoblangan va u azaldan dehqonchilik madaniyati taraqqiy etgan Zarafshon vodiysi, xususan, Buxoro vohasi uchun muhim ahamiyat kasb etgan. Buxoro vohasidagi suv taqsimoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarda hozirgi Qiziltepa tumani hududlari 1798 yilda Komi Abu Muslim tumaniga va unga Komi Zar ham kiritiladi, deb yozilgan, shuningdek, tumandagi Toshrabot mavzesi haqida alohida fikrlar ta’kidlangan.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>