2017/10/24 12:05:49

Xatirchi tumani tarixi va hozirgi kun

loading...

XatirchiXatirchi tumani – Navoiy viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. 1927—1930 yillarda Zarafshon okrugidagi tuman, 1938 yildan Samarqand viloyati, 1982 yildan Navoiy viloyati, 1989 yildan Samarqand viloyati, 1992 yildan Navoiy viloyati tarkibida.

Shimoldan Nurota, janubiy-sharqdan Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon, shimoliy-sharqdan Qoʻshrabot, janubdan (Zarafshon daryosi orqali) Narpay va Paxtachi tumanlari, gʻarbdan Navoiy viloyatining Navbahor tumani bilan chegaradosh. Maydoni 1,37 ming km². Aholisi 143,9 ming kishi.  Tumanda 1 shahar (Yangirabot), 1 shaharcha (Langar), 8 qishloq fuqarolari yigʻini (Bogʻchakalon, Olchinobod, Oxunboboyev, Oqoltin, Poʻlkan shoir, Xonaqa, Yangiyoʻl, Krracha) bor. Markazi — Yangirabot shahri.

Tabiati. Shimoliy qismi Nurota togʻ  tizmasi va togʻ etagi qiya tekisligidan iborat, janubiy qismi Oqdaryo, Qoradaryo va qisman Zarafshon daryosi vodiylarini oʻz ichiga oladi. Iqlimi kontinental, yillik oʻrtacha havo harorat 13,5 °C. Yanvarning oʻrtacha havo harorati —1,7 °C, eng past havo harorati  —33°C. Iyulning oʻrtacha havo harorati  28,7°, eng yuqori havo harorati  44°. Vegetatsiya davri 212 kun. Yillik yogʻin miqdori, shimoly togʻlik qismida 300 mm, janubdagi tekislikda 200 mm. Suv resurslari Qoradaryo, Oqdaryo, Zarafshon va bir necha soylardan iborat. Tuproqlari tog’ etaklari tipik boʻz, och boʻz tuproqlar. Janubiy qismida sugʻoriladigan boʻz, allyuvial, oʻtloqi va oʻtloqibotqoq tuproqlar tarqalgan. Togʻ etaklaridagi qiya tekisliklarda chorvachilik va tokchilik rivojlangan. Yovvoyi oʻsimliklardan daryo terrasalari va qayirlarida qamish, roʻvak, bugʻdoyiq, shoʻrajriq, kampirsoch, itgunafsha, suvrang , yulgʻun va boshqalar, Nurota togʻlari etaklarida rang , yaltirbosh, chalov, karrak, kiyik oʻti, oq safrak, gulxayri, betaga; bahorda efemerlar oʻsadi. Butalardan doʻlana, pista uchraydi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, chiyaboʻri, quyon, jayron, togʻ echkisi va toʻqayzorlarda qirgʻovul, loyxoʻrak, oʻrdak, lochin, bulduruq, qirgʻiy, soʻfitoʻrgʻay, chumchuq, chugʻurchiq, zargʻaldoq; sudraluvchilardan gekkonlar, toshbaqa, sariq ilon, kobra, echkemar; kemiruvchilardan jayra, koʻrsichqon, kichik qoʻshoyoq, qumsichqon, tipratikan, kalamush va b. uchraydi. Nurota togʻining yon bagʻrida Langar koni mavjud.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar (99, 1%), shuningdek, tojik, rus, ukrain, tatar, ozarbayjon, qozoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 105 kishi. Shahar aholisi 20,2 ming kishi, qishloq aholisi 123,7 ming kishi.

Xoʻjaligi. Tumanda 2,1 ming korxona roʻyxatga olingan. 55 kichik, 32 oʻrta, 109 yirik korxona, mikrofirmalar faoliyat koʻrsatadi. Xatirchi tumanida “LangarUzRos” qoʻshma korxonasi ishlab turibdi . Xatirchi paxta tozalash zavodi, non kombinati, qurilish tashkilotlari, MTP va boshqalar bor. Qishloq xoʻjaligi, asosan, paxtachilikka ixtisoslashgan. Tumanda 300 ga yaqin dehqon, 907 fermer, 17 shirkat xoʻjaliklari mavjud. Ekin maydonlariga paxta, don, ozuqa, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari ekiladi. Shu jumladan, 12,3 ming ga yerda paxta, 10,3 ming ga yerda gʻalla yetishtiriladi. Bogʻdorchilik (bodom, yongʻoq, anor, oʻrik, anjir va boshqalar), tokchilik rivojlangan. 19,9 ming gektar yer oʻrmonzor. Tutzorlar ham bor. Ipakchilik bilan shugʻullaniladi.

Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 56,8 mingga yaqin qoramol (shu jumladan, 33,1 mingdan ziyod sigir), 86,7 mingga yaqin qoʻy va echki, 38 mingga yaqin parranda, 853 yilqi boqiladi (2003).

Tumanda 85 umumiy taʼlim maktabi (44 mingga yaqin oʻquvchi), shu jumladan, 1 litsey (245 oʻquvchi), bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 4 kasb-hunar kolleji (2000 dan ziyod oʻquvchi), 23 klub muassasasi, 35 kutubxona, muzey, madaniyat va istirohat bogʻi, madaniyat saroyi ishlab turibdi.

Xatirchi tumanida markaziy stadion, bir qancha sport inshootlari, sport maydonlari va sport zallari faoliyat koʻrsatadi.

Markaziy kasalxona, tugʻruqxona, poliklinika, qishloq vrachlik punktlari, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarda 244 vrach xizmat qiladi. Oltinsoy sanatoriysi mavjud. Tuman markazi bilan Navoiy shahri oʻrtasida avtobuslar va yengil avtomobillar qatnaydi. “Xatirchi hayoti” tuman gazetasi (avvalgi “Yangi Hayot”) 1998 yildan nashr qilinadi (adadi 7300 ga yaqin).

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>