2018/08/20 3:01:16

Vang‘ozi tumanida qizil armiyaga qarshi qurolli harakatning boshlanishi. Vohada istiqlol janglari

loading...

Amir Said Olimxonning keyinchalik o‘zi yozgan «Buxoro xalqining hasrati tarixi» nomli xotiralarida keltirilishicha, mabodo amir mubolag‘a qilmagan bo‘lsa, yigirma besh ming nafardan iborat buxoroliklar (ular safiga G‘ijduvonda yana o‘n ming kishi qo‘shilgan) unga hamrohlik qilishdi.

Ularning safida ko‘plab vang‘oziliklar bo‘lganligi nazarimizda hech kimga sir emas.

Amir Said Olimxonning qochib ketishga ulgurmagan amaldorlari va saroy ayonlari, ko‘p miqdordagi nufuzli ulamolar o‘sha 1920 yil sentyabr oyidan boshlab bolshevik chekistlar tomonidan otib tashlangan. Ularga qarashli bo‘lgan zavod va fabrikalar, xususiy korxonalar, omborlar, paxta va ipak zahiralari, butun mol-mulklari musodara qilindi. Ana shunday mol-mulki musodara qilingan va bolsheviklar tomonidan qatag‘on qilingan kishilar o‘rtasida tumandoshlarimiz ham bo‘lgan.

Mana shunday bir sharoitda Vang‘ozi tumani aholisining muayyan qismi, asosan, yosh yigitlar qizil armiyaga qarshi kurashga otlanadilar. Vang‘oziliklarning milliy ozodlik harakatiga Ortiq To‘qsabo va Ortiqcha kabi qo‘rboshilar boshchilik qilishgan.

Muntazam armiyaning mavjud emasligi, qurol-yarog‘larning yetishmasligi, zamonaviy harbiy mutaxassislarning deyarli yo‘qligi va boshqa qator qiyinchiliklarga qaramasdan qisqa muddat ichida G‘arbiy Buxoro va Sharqiy Buxoroda qizil askarlarga qarshi tura oladigan katta miqdordagi harbiy kuchlar to‘planadi. G‘arbiy Buxoro (hozirgi Buxoro va Navoiy viloyatlari hududi)dagi istiqlolchilarga g‘ijduvonlik Mulla Abdulqahhor (1884-1924), Sharqiy Buxorodagi vatanparvarlarga esa mashhur Ibrohimbek qo‘rboshi (1889-1932) boshchilik qilgan.

Amir Said Olimxon o‘zining xotiralarida o‘sha davrdagi harbiy va siyosiy vaziyatni quyidagicha tasvirlagan edi: «Buxoro shahri tevarak-atrofi va Buxoro tumanligi Ibrohimbekning kurashi haqida xabardor bo‘lganidan Buxoro shahri atrofidagi fuqarolar; G‘ijduvon, Pirmast, Vobkent, Xoja Orif, Xutfar, Vag‘anza [Vang‘ozi], Qorako‘l tumanlari aholisi va fuqarolari, o‘n besh ming nafar odam to‘plab, bu bandayi ojizga tobe’lik va fidokorlik bildirgan… Men Mulla Abdulqahhor degan mening bir mo‘’tabar hamsuhbatimni buxorolik fidokor yo‘lovchi sardor qilib tayinlashga qaror qildim».

Mulla Abdulqahhor rahbarligida Buxoro, Karmana va Nurotaning o‘nlab qo‘rboshilar dastalari birlashtirilgan. Arxiv xujjatlarida yozilishicha, uning qo‘l ostida Buxoroning g‘arbiy qismidan 20 ta qo‘rboshi to‘plangan. O‘rmon Polvon, Shukur Xo‘ja, Jo‘ra Amin, Xayit Amin, Oston Qorovulbegi (Ostoncha), Hamro Polvon, Ortiq To‘qsabo, Ortiqcha, Azim Xo‘ja, Said Mansur, Xushvaqt va Siroj Xo‘ja kabi sardorlar uning eng nufuzli qo‘rboshilari sanalgan.

Metan Polvon va Naim Polvon Mulla Abdulqahhorning tug‘ishgan ukalari bo‘lib, ular dushmanga nisbatan shafqatsizliklari bilan nom chiqargan edilar. Ular asosan G‘ijduvon, Shofirkon, Vag‘anza [Vang‘ozi], Vobkent, Romitan, Qorako‘l tumanlari va Nurotada o‘z faoliyatlarini kuchaytirganlar.

Mulla Abdulqahhor Buxoro shahri atrofidagi tumanlarda armiyaga qarshi kurashayotgan fidokor mujohidlarga rahbarlik qilib, askarlar orasida tartib-intizom o‘rnatgan va G‘ijduvon tumanini dushman qo‘lidan qutqargan hamda uni o‘z tasarrufi ostiga kiritgan. 1921 yil kuz faslida G‘ijduvon va Karmana shaharlarini istiqlolchilar bosqinchi qizil askarlar qo‘lidan ozod qilishgan. Ma’lumki, Vag‘anza [Vang‘ozi] tumani hududi G‘ijduvon va Karmana o‘rtasida joylashgan edi.

Said Olimxon o‘z xotiralarida yozishicha, «yigirma besh ming nafardan ortiqroq jamoa», ya’ni «Buxoro atrofidan taxminan olti ming nafar, Vobkent tumanligi tarafidan ikki ming nafar, Vag‘anza [Vang‘ozi] tumanidan ikki ming nafar, Shofrikom tumanidan ikki ming nafar, Xutfar va Laqlaqa tumanidan ikki ming besh yuz nafar, Bahouddindan ikki ming nafar askar yig‘ildi». Xullas, Buxoroda qizil armiyaga qarshi kurashga chog‘langan 25000 mujohiddan ikki mingtasi vang‘oziliklar, ya’ni bugungi Qiziltepa tumani aholisiga to‘g‘ri keladi.

1921 yilning oxirida qariyb butun G‘arbiy Buxoro hududi Mulla Abdulqahhor qo‘rboshining tasarrufi ostida bo‘lgan. G‘ijduvon tumani atroflarida bo‘lgan qattiq janglar natijasida Mulla Abdulqahhor qo‘shini qizil askar qismlariga kuchli zarbalar yetkazgan. Manbalarda keltirilishicha, «Bir oy ichida bolsheviklar qo‘lidan 2000 beshotar miltiq, 100000 beshotar o‘q, 10 ta pulemyot va uchta temir qoplangan bronevik o‘lja olindi». G‘ijduvon tumanidan tashqari Vang‘ozi, Shofirkon, Vobkent va Romitan tumanlari ham istiqlolchilar qo‘liga o‘tdi. O‘z muvaffaqiyatlarini mustahkamlash uchun Mulla Abdulqahhor Nurota ustiga yurish qildi. Nurotaga qarashli Chuya va Sentob qishloqlarida shiddatli janglar bo‘ldi. Nurotani qizil askarlardan ozod qilgach, u tog‘lar o‘rtasidagi bu viloyatni o‘ziga qarorgoh qilib oldi. 1922 yil erta ko‘klamida Mullo Abdulqahhor o‘z qo‘shini bilan poytaxt Buxoroning bir qismini va Bahouddin Naqshband ziyoratgohini qizil askarlardan tozaladi.

Milliy ozodlik harakatining kuchayishi Buxoro, Toshkent, hatto Moskvadagi sovet hokimiyati rahbarlarini tashvishga soladi. Markaz vakillari V.V.Kuybishev va M.V.Frunze BXSR hukumatiga milliy ozodlik harakati ishtirokchilarini qamash va otib tashlash haqida ketma-ket topshiriqlar berishadi. Jabbor Polvon va uning tarafdorlarini yo‘qotish BXSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi Muinjon Aminovga topshiriladi. Nurotadan Spartak boshchiligida maxsus bo‘lim, Toshkentdan 300 nafar qizil askar yordamga keladi.

1923 yil 17 fevralda G‘arbiy Buxoro qo‘rboshilaridan Oston Qorovulbegi, Murod Meshkob, Tosh Murdasho‘y, Fayzulla Maxsum, O‘rmon Polvon, Said Mansur va boshqalar Vobkentdan o‘n chaqirimcha sharqda joylashgan Kumushkent qishlog‘ida o‘zlarining navbatdagi qurultoylariga to‘planishdi. Qo‘rboshilarning sardori Mulla Abdulqahhor o‘sha kuni Qiziltepa va G‘ijduvonda qizil askarlarning otliq bo‘linmalariga qarshi jang qilayotganligi sababli qurultoyda shaxsan o‘zi ishtirok qila olmay, unga ishonchli vakilini jo‘natdi. Qo‘rboshilar qurultoy o‘tkazayotganda qishloqni bor-yo‘g‘i 200 yigit himoya qilar edi. Bu anjumanda Mulla Abdulqahhor yuborgan vakil Salim Poshoning Sharqiy Buxorodagi faoliyati haqida axborot bergach, bo‘lg‘usi jang harakatlari bilan ularni tanishtirdi.

Istiqlolchilar ko‘rgan ehtiyot choralariga qaramay, ularning bu yig‘inidan qizil armiya qo‘mondonligi o‘z josuslari orqali xabar topdi. To‘plangan qo‘rboshilarni bir zarb bilan qirib tashlash uchun katta miqdordagi harbiy kuch, hatto aeroplanlar (samolyotlar) istiqlolchilar ustiga yuborildi. Istiqlolchilar mardona jang qilishdi. Ularga yana 450 kishi yordamga yetib kelgan bo‘lsa-da, kuchlar teng emas edi. Kumushkentdan jang bilan chekingan istiqlolchilarni uch chaqirim naridagi So‘fidehqon qishlog‘idagi qizil askarlarning otliq qo‘shinlari (I.Bekjonov komandirligidagi 1-Buxoro otliqlar polki) o‘rab oldi. Jang taqdirini oqibatda samolyotlar hal qildi. Bu qonli to‘qnashuvda 44 yigit mardlarcha halok bo‘ldi. Uch yildan beri qizil askarlarning dodini berib yurgan shofirkonlik Oston Qorovulbegi-Ostoncha qo‘rboshi ham 17 fevralda bo‘lgan ushbu jangda shahid ketdi. Bundan tashqari Vobkentdagi janglarda Turdi Ota va Shukur Xo‘ja kabi qo‘rboshilar ham halok bo‘lishdi.

Mulla Abdulqahhor qo‘rboshi o‘sha kuni 300 yigiti bilan G‘ijduvondan 16 va 20 chaqirim shimoli-sharqda joylashgan Hayot va Toshrabot qishloqlarida qizil askarlarning 170-otliqlar polki 1-eskadroni jangchilariga qarshi hujumga o‘tib, ularni orqaga uloqtirib tashladi. Lekin qizil askarlar Kumushkentdagi g‘alabadan keyin Vang‘ozi tumaniga yetib kelib, bu yerdan Mulla Abdulqahhor qo‘shinini surib chiqardilar. Istiqlolchilar kuchli qarshilik ko‘rsatib, Toshrabotdan Togustepa (To‘qqiztepa) qishlog‘i yo‘nalishidagi cho‘l tomonga chekindilar.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>