2018/11/17 8:28:16

Vang‘ozi aholisining etnik tarixi

loading...

O‘zbekiston Respublikasining butun hududida bo‘lganidek, Vang‘ozi tumani aholisining shakllanishi ham qadimgi davrlarga borib taqaladi. Tarixchi Narshaxiy ma’lumotlariga qaraganda, Buxoro aholisining shakllanishida turkiy elatlar va urug‘lar alohida o‘rin tutgan. O‘lkada turkiy aholining ko‘payishi siyosiy jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lgan. VI-VII asrlarda O‘rta Osiyo hududi Buyuk Turk hoqonligi tarkibiga kirganda Sirdaryo, Yettisuv va Oltoyda yashovchi turkiy aholining bir qismi Movarounnahr, shu jumladan, Zarafshon vohasiga ko‘chib o‘tgan. Ularning ma’lum qismi o‘troqlashib, dehqonchilik bilan shug‘ullana boshlagan. Turkiy etnik guruhlarning son jihatdan ko‘payishi qoraxoniylar sulolasi hukmronligi davrida davom etgan.

Tarixdan ma’lumki, 999 yilda qoraxoniylar sulolasi vakili Ilekxon Buxoroni zabt etgan. U bilan birga Zarafshon vohasiga jikil, yag‘mo va qarluq qabilalari ko‘chib kelgan.

IX-X asrlardan boshlab vohada turkiylarning o‘g‘uz qabilalari ustunlik qilib kelganlar. Qoraxoniylar davrida ularning bir qismi Xorazm, bir qismi Xurosonga ko‘chishga majbur bo‘lgan. O‘g‘uzlarning qolgan qismi esa keyinchalik o‘zbek xalqi tarkibiga singib, X-XI asrlarda ular o‘zbek xalqining shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Bu jarayonda Vang‘ozi aholisi ham faol ishtirok etgan.

Chingizxon bosqinidan keyin Movarounnahrga o‘nlab yangi qabilalar: mang‘it, do‘rmon, qo‘ng‘irot va boshqalar ko‘chib o‘tadi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yuqorida aytib o‘tilgan qabilalarning nomlari Chingizxon atrofidagi ayrim urug‘ va qabilalarning nomi bo‘lsa ham ularning etnik tarkibi mo‘g‘ullarnikidan keskin farq qiladi. Xullas, Mo‘g‘ulistondan ko‘chib o‘tgan oz sonli qabilalar atrofida ko‘plab mahalliy turkiy urug‘lar birlashgan. O‘sha davrdagi ba’zi siyosiy sabablarga ko‘ra, mo‘g‘ul qabilalarining mavqei baland bo‘lganligi uchun ularning nomlari bilan atalish faxrli hisoblangan. Shuning uchun mang‘it, qo‘ng‘irot, do‘rmon va boshqa qabilalarning asosiy qismini vohada qadimdan yashab kelgan tub turkiy aholi tashkil qilgan. Ularning madaniyati va antropologik qiyofasi bu hududda azaldan yashab kelgan mahalliy aholiga yaqin bo‘lgan.

XIII-XIV asrlarda Movarounnahr, shuningdek, Zarafshon vohasida chig‘atoy nomli etnik guruh shakllangan. Ularning nomlanishi Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoy ismi bilan bog‘liq. Ma’lumki, Chingizxon Movarounnahrni Chig‘atoyga in’om qilgan edi va XIII asr boshlarida Chig‘atoy ulusi paydo bo‘lgan. Chig‘atoylar deb atalgan aholi tarkibiga ko‘chmanchi qabilalar bilan birga o‘troq mahalliy aholining bir qismi ham kirgan. Ularning ma’lum qismi turkiy tilda so‘zlashgan bo‘lsa, qolgan qismi fors-tojik tilida gaplashgan.

XV asr oxiri va XVI asr boshlarida Movarounnahrga Muhammad Shayboniyxon boshchiligida Dashti Qipchoqdan boshqa o‘zbek urug‘lari ko‘chib kelgan. Bu davrdan boshlab o‘zbek nomi Movarounnahrda yashovchi xalq nomi sifatida ishlatila boshlandi. Asta-sekin o‘lkada qadimdan yashovchi mahalliy turkiy aholi (turklar) ham o‘zini o‘zbeklar deb atay boshladi.

Hozirgi vaqtda Qiziltepa tumani hududi, shuningdek, Vang‘ozida asosan o‘zbeklar, qisman tojik, arab va turkmanlar yashab kelmoqda. 1924-1926 yillardagi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga qaraganda, hozirgi Qiziltepa tumani hududida 5357ta xo‘jalik bo‘lgan. Bu xo‘jaliklarda 41510 nafar odam yashagan. Shulardan 86 foizini o‘zbeklar tashkil qilgan.

XIX-XX asr boshlarida Vang‘ozi tumani aholisining etnik tarkibi ikki guruhdan iborat edi. Birinchi guruh qadimdan o‘troq hayot kechirib kelgan va dehqonchilik bilan shug‘ullangan o‘troq aholi bo‘lgan. Ular asta-sekin o‘z urug‘lari nomlarini unutib, o‘zlarini joy nomiga qarab ataganlar. O‘troq aholi o‘zini oqsuyak va qoracha toifalariga ajratar edi. Ikkinchi guruh esa yarim o‘troq yoki ko‘chmanchi bo‘lgan o‘zbek urug‘laridan iborat edi. Ular quyidagicha bo‘lgan: olchin, yabu, do‘rmon, mang‘it va boshqalar. 1924-1926 yillardagi aholi ro‘yxati ma’lumotlariga qaraganda, ushbu turkiy urug‘larning asosiy qismini olchinlar tashkil qilgan.

Olchinlar qadimgi turkiy urug‘lardan biri bo‘lib, ular VII asr Xitoy solnomalarida tilga olinganlar. Ularning ayrimlari juda katta qudratga ega bo‘lganlar. Masalan, XVII asrda Samarqand hokimi Yalangto‘shbiy Bahodir olchinlardan bo‘lib, o‘z mablag‘iga Registon maydonida Tillakori va Sherdor madrasalarini qurdirgan.

Yabu urug‘i vakillari Vang‘ozi tumanining quyidagi qishloqlarida istiqomat qilishgan: Emakti, Husbudin, Chorbog‘i Mahmud, Qo‘lba, Dodburun, Konsurun, Zarmitan, Revartun va boshqalar. XX asr boshlarida Qiziltepa tumanida jami 10155 nafar shu urug‘ga mansub odamlar yashagan.

Do‘rmonlar XIII-XVI asrlarda vohaga ko‘chib kelgan. Buxoro vohasi do‘rmonlari quyidagi urug‘larga bo‘lingan: qo‘yli, uvoq, uch urug‘, ko‘kchelak, sakson, no‘g‘ay, cho‘rdak, oytamg‘ali.

1924-1926 yillarning ma’lumotlariga qaraganda, Vang‘ozi yaqinidagi Karmana tumanida 9015 nafar nayman yashagan. Ularning katta qismini qozoq-quloq, ayronchi va ko‘ktamg‘ali urug‘lari tashkil qilgan.

Ma’lumki, naymanlar Movarounnahrga XII asrda kirib keladilar. Ularning bir qismi Qozog‘iston cho‘llarida ko‘chib yurgan va XV-XVII asrlarda naymanlarning ayrim guruhlari Movarounnahr, shuningdek, Zarafshon vohasiga ko‘chib o‘tadi. Bundan tashqari, tumanda mang‘it, qo‘ng‘irot, barqut, ayronchi, mitan, kenagas, qo‘shchi, chig‘atoy, barlos, mesit, bahrin va boshqa o‘zbek urug‘lari yashagan.

1924-1926 yillardagi ma’lumotlarga qaraganda, Karmana tumanida 1055 nafar kenagas yashagan. Ularning katta qismini ochamayli urug‘i tashkil qilgan. 1924-1926 yillar ma’lumotlariga qaraganda, Karmana tumanida 800 nafar qatag‘on yashagan.

Vang‘ozi tumanidagi mang‘itlar qavmi oq mang‘it, qora mang‘it, to‘q mang‘itlarga bo‘lingan. Ma’lumki, Buxoro amirligini boshqargan sulola mang‘it urug‘ining to‘q mang‘itlar shoxobchasidan bo‘lgan. Oz sonli mang‘itlar Chingizxon davrida Movarounnahrga ko‘chib kelgan va ularga o‘nlab mahalliy turkiy urug‘lar, ayniqsa, qipchoqlar qo‘shilgan va mang‘it nomi qabul qilingan.

XIV asrning birinchi yarmida mang‘itlarning katta guruhi Movarounnahr-Buxoro atroflarini tark etib, Dashti Qipchoqqa ko‘chib ketgan. XVI asr boshlarida ularning ayrim guruhlari Muhammad Shayboniyxon boshchiligida Movarounnahrga qaytganlar. Buxoro vohasi mang‘itlarining tarkibiga o‘troq turkiylar ham qo‘shilgan. Shu sababdan ular hozirgi o‘zbek adabiy tilida gaplashganlar, haliyam shunday so‘zlashadilar. Tumanda qoraqalpoq mang‘itlari ham yashagan. Ular o‘zbek mang‘itlariga qondosh-qarindosh hisoblangan.

Tuman qo‘ng‘irotlari Chingizxon davrida kelgan, deb hisoblansa ham aslida ularning shakllanishida O‘rta Osiyoning turkiy urug‘lari katta ahamiyat kasb etgan. Qo‘ng‘irotlarning katta qismi Xorazmdan ko‘chib kelgan bo‘lsa, qolganlari Sirdaryo bo‘ylaridan ko‘chib o‘tganlar. Zarafshon vohasida o‘zbek qo‘ng‘irotlariga qarindosh hisoblangan qoraqalpoq qo‘ng‘irotlari ham yashagan. Qo‘ng‘irotlarni jahonga mashhur qilgan “Alpomish” dostoni folklorshunos olimlarning taxminiga ko‘ra, miloddan avvalgi VII asrda shakllana boshlagan.

Xorazmdan turli davrlarda ko‘chib kelganlar urganjiylar toifasini tashkil qilgan. Ular Urganji, Toshrabot, Toshloq va boshqa qishloqlarda istiqomat qilishgan. Urganjiylarning dastlabki ajdodlari Chingizxon bosqini davrida Zarafshon vohasiga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Amir Temur tomonidan ham xorazmliklarning katta guruhi Zarafshon va Qashqadaryo vohalariga ko‘chirilgan. Urganjiylarning so‘nggi ko‘chishi XVIII asr oxiri va XIX asrning birinchi yarmida iqtisodiy sabablar tufayli yuz bergan va ularning katta qismi Zarafshon vohasi aholisi bilan aralashgan hamda tub aholi madaniyati va urf-odatlarini qabul qilishgan.

Vang‘ozi hududidagi etnik guruhlardan biri arablar esa vohaga dastlab VII-VIII asrlarda Arab xalifaligi davrida kirib kelgan. Keyinchalik ularning kichik guruhlari Movarounnahr hududiga Eron, Afg‘oniston va arab mamlakatlaridan turli davrlarda ko‘chib o‘tishgan.

2010 yilda Qiziltepa tumanida 130.000 nafar kishi istiqomat qildi. Hozirgi vaqtda tuman hududi sakkizta qishloq fuqarolar yig‘inidan iborat bo‘lib, ulardan birini Vang‘ozi tashkil qiladi. Qiziltepa tumanida yashovchi barcha millat vakillari birgalikda mehnat qilib, O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyotiga o‘z munosib hissalarini qo‘shib kelyaptilar.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>