2018/07/18 7:34:00

Toshrabot tarixidan ayrim lavhalar

loading...

Toshrabot Buxoro vohasining qadimgi qishloqlaridan biri hisoblanadi. Uzoq ming yillar davomida bu tarixiy qishloqda ham o‘zbek xalqining ajdodlari istiqomat qilgan va faoliyat ko‘rsatgan.

O‘rta asrlarda Toshrabot va uning atrofidagi 50 dan ortiq qishloq Toshrabot mavzesini tashkil qilgan. Ayni paytda Toshrabot hududida 32 ta qishloq va yigirmaga yaqin tarixiy tepalar mavjud. Toshrabot mavzesi janubidan Zarafshon daryosi oqib o‘tadi. Shu bois qishloq aholisi daryoning o‘ng qirg‘og‘ida yashab, dehqonchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug‘ullangan.

Toshrabotda qadimda toshdan qurilgan rabot mavjud bo‘lgan. Qadimda va o‘rta asrlarda Buxoro vohasida ko‘plab rabotlar qurilgan. Rabot – savdo yo‘llaridagi mustahkamlangan manzil va karvonsaroy hisoblanadi. Tarixdan ma’lumki, miloddan avvalgi II asr – milodiy XV asrlarda Sharq va G‘arb mamlakatlarini ilk bor o‘zaro bog‘lagan qit’alararo karvon yo‘li Buyuk Ipak yo‘li deb aytilgan. Buyuk Ipak yo‘li tarixiy Buxoro viloyatining ko‘plab shahar va qishloqlaridan o‘tgan. Toshrabot qishlog‘i ham ushbu Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan qadimgi tarixiy qishloqlardan biridir.

Toshrabotdagi rabot shu nomli mavzening markaziy qismida joylashgan. Buyuk Ipak yo‘li orqali o‘tgan karvonlar Buxorodan Samarqandga borishda Toshrabotdan o‘tishayotganda albatta ushbu rabotda qo‘nib o‘tishgan. Bu rabotdan Karmana yaqinidagi mashhur Raboti Malikkacha karvonda bir kunlik yo‘l bo‘lgan. Shuningdek, Toshrabot mavzesidagi Qal’ai Azizon qishlog‘ida ham rabot bo‘lgan.

Biz kitobning avvalgi fasllarida Toshrabot mavzesi va bu yerdagi qishloqlar to‘g‘risida to‘xtab o‘tganmiz. Yana shuni ham aytib o‘tish lozimki, Buxoro amirligi davrida Toshrabot [Tosh Rabot] mavzesi Harqon Rud (hozirgi G‘ijduvon) tumani tarkibida bo‘lgan. Bundan tashqari amirlik davrida Karmana [Karmina] viloyati tarkibidagi Harqon amlokligi hududida ham Toshrabot [Tosh Rabot] mavzesi bo‘lgan. Shuningdek, Karmana viloyati Yangiqo‘rg‘on amlokligi tarkibida Hazora va Toshrabot [Tosh Rabot] mavzelari hamda Karmina viloyati Harqon amlokligi Toshrabot [Tosh Rabot] mavzesida Tosh Rabot dehasi (qishlog‘i) ham bo‘lgan. Bu ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Buxoro amirligi tarkibida Toshrabot mavzesi va bu yerdagi qishloqlarning ahamiyati katta bo‘lgan. Biroq bu qishloqlarning aksariyati bu paytda Komi Abu Muslim tumaniga kirmagan. Buxoro qo‘shbegisi arxivi hujjatlarida Tosh Rabot (Toshrabot) toponimi qishloq, mavze, deha (dixa) sifatida ko‘p bor tilga olingan.

Qiziltepa tumani tashkil qilingach (1935 yil), mashhur Toshrabot qishlog‘i va uning atrofidagi boshqa qishloqlar tuman tarkibiga kirgan. Bu paytda qishloqning nomi xalq tilida Toshravot deb talaffuz qilingan. 1978 yilda nashr etilgan “O‘zbek sovet ensiklopediyasi” kitobining 11-jildidagi “Toshravot” maqolasida quyidagicha fikrlar mavjud:

“ToshravotBuxoro oblast Qiziltepa rayoni Xo‘jahasan qishloq sovetidagi qishloq. “Toshravot” kolxozi territoriyasida. Rayon markazi va yaqin temir yo‘l stansiyasi – Qiziltepa (22 km). Aholisi 696 kishi (1977); paxtachilik, pillachilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Zarafshon daryosidan suv ichadi. O‘rta maktab, bolalar bog‘chasi, kasalxona, yozgi kinoteatr, kolxoz traktor parki bor”.

Bu kitobda yana o‘sha paytdagi Buxoro oblast Navoiy rayoni Hazora qishloq soveti va Buxoro oblast Navoiy rayoni Olchin qishloq sovetidagi Toshrabot qishloqlari haqida ham ma’lumotlar bor. Shuningdek, Otbosh tog‘ tizmasi oralig‘idagi Toshrabot karvon saroyi (Qirg‘iziston) xususidagi maqola ham kitobning shu joyida chop etilgan.

Toshrabot mavzesidagi Bobodo‘g‘i qishlog‘i vohaning eng qadimgi qishloqlaridan biridir. Buxoro qo‘shbegisi arxivi hujjatlarida ham bu nom turli shaklda 3 marta tilga olinadi. Qishloqning nomi Harqon Rud tumani Tosh Rabotdagi Bobo-Do‘g‘i [Bobodo‘g‘i] dehasi hamda Harqon Rud tumani Toshrabotdagi Bobo Do‘g‘iyi Bolo va Bobo Do‘g‘iyi Poyon mavzesi sifatida yozilgan.

Dastlab Bobodo‘g‘i qishlog‘i nomining lug‘aviy ma’nosi xususida. “Do‘g‘i” so‘zi o‘g‘uz turklari shevasida “shimol” ma’nosini bildiradi. Bobodo‘g‘i qishlog‘ini faqat Toshrabotning shimolida bo‘lmay, balki butun Buxoro vohasining eng shimolidagi qishloqlardan biri ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, bu so‘zning ma’nosi ancha oydinlashadi.

Bobodo‘g‘i qishlog‘ida yashovchi keksalarning hikoya qilishlaricha, so‘nggi o‘rta asrlarda ham unda 12 ta karvonsaroy bo‘lgan. Shuning uchun Bobodo‘g‘i qishlog‘i Buxoroning 12 darvozasi deb nom olgan. Bobodo‘g‘ida Buxorodagi mashhur tuya bozori bo‘lib, “Tuyang Bobodo‘g‘iga yetdi” maqoli o‘sha paytlarda to‘qilgan. Toshrabotdagi ushbu tuya bozorining dovrug‘i olis-olislarga tarqalgan.

Toshrabotda XX asr boshlarida ham xat-savodli kishilar va ulamolar ko‘p bo‘lgan. Ularning sharofati bilan toshrabotliklar asrlar davomida ajdodlarimiz yaratgan ma’naviy boyliklardan bahramand bo‘lishgan. Biroq sovet tuzumi davrida nafaqat ulamolar, hatto oddiy dindorlar ta’qib va tazyiq ostiga olingan, qatag‘on qilingan yoxud o‘ldirilgan. Ana shunday insonlarning ayrimlari xususida bu o‘rinda to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

“Toshrabot tarixi” risolasida keltirilishicha, Hayit Boynazarov 1864 yilda Bobodo‘g‘i qishlog‘ida tug‘ilgan. Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olgan. Diniy bilimga ega bo‘lganligi uchun 1938 yil 20 martda yashab turgan joyida qamoqqa olingan. Buxoro viloyati sudining sayyor sessiyasi tomonidan unga 1938 yil 7 avgustda O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasiga binoan “aksilinqilobiy tashviqotchi” degan soxta ayb qo‘yilib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Tergov jarayonida u Buxoro shahridagi qamoqxonada saqlangan. Hukmdan keyingi taqdiri aniq emas. Mustaqillikdan keyin, 1992 yil 28 mayda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Hayit Boynazarovni oqladi, ya’ni uning gunohsizligini e’tirof etdi. Shuningdek, bu qishloqlik Mulla Xolmurod ham shu davrda “mulla deb olib ketilgan” va qaytib kelmagan.

Bobodo‘g‘i qishlog‘idagi ana shunday o‘qimishli xonadonlardan yana biri Rajab bobo xonadoni edi. Rajab boboning Bobodo‘g‘i qishlog‘ida XIX asr oxirlarida katta karvonsaroyi bo‘lgan. Bu karvonsaroyga Buxoro vohasining turli tumanlari (G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent va b.), Samarqand atroflari hamda olis qozoq cho‘llaridan, xullas, uzoq-yaqindan kelgan savdo karvonlari doim qo‘nib o‘tgan. Rajab bobo va Mang‘itoy bibi 5 nafar farzandni tarbiyalashgan. Rajab bobo 70 yoshdan oshib, Mang‘itoy bibi 80 yoshdan oshib vafot etgan. Rajab boboning 5 nafar farzandi: Turdi, Hayit, Sayid ismli o‘g‘illari va Himmatoy, Umidaoy nomli qizlari bo‘lgan. Rajab bobo xonadonida to‘ng‘ich farzand hisoblangan Turdi Rajabov (1891 – 1974) dastlab Bobodo‘g‘i va Toshrabotda eski maktabda savod chiqargan. So‘ngra o‘n yildan ortiq vaqt davomida Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Buxoro shahriga qizil askarlar bostirib kirgan davrda u 29 yoshga kirgan navqiron yigit, madrasaning 13 yillik mullavachchasi bo‘lgan. 1920 yil avgust-sentyabr oylari yosh Turdining hayotidagi eng fojiali kunlar edi. Afsuski, bugungi kunda uning o‘sha suronli zamondagi hayoti haqida avlodlari yodida xotiralar saqlanib qolmagan. Uning farzandlari va nevaralarining xabarlarida elas-elas keltirilishicha, Turdi 1920 yil kuzida dastlab ona qishlog‘i Bobodo‘g‘iga qaytib kelgan. Qishlog‘idagi eski maktabda domla bo‘lgan, machitda imomlik qilgan. Tez orada u Mulla Turdi sifatida nafaqat Toshrabotda, balki butun muzofotda ham mashhur bo‘ldi.

XX asr 20-yillari oxirida O‘zbekistonda ulamolarga qarshi yuritilgan siyosat natijasida Mulla Turdi ta’qib va tazyiq ostiga olingan. U bir necha marta o‘z turar joyini o‘zgartirgan. Uning sarson-sargardonlikda kechgan mashaqqatli hayotiga oilasi ham sherik bo‘lgan. Mulla Turdi o‘z oilasi bilan Bobodo‘g‘i qishlog‘idan tashqari Toshrabotning G‘amxo‘r va boshqa qishloqlarida, hozirgi G‘ijduvon tumanida bir muddat yashagan. So‘ngra Shofirkon tumaniga ko‘chib kelib, bu yerdagi Savrak qishlog‘ida istiqomat qilgan. Mulla Turdi XX asr o‘rtalarida Shofirkon tumanida ham nafasi o‘tkir mulla sifatida tanilgan. U 1974 yil 31 mayda Savrak qishlog‘ida vafot etgan va Talija qishlog‘i hududidagi Hazrati Imom Muhammad Qilichota qabristonida dafn etilgan. Ayni paytda Mulla Turdining ikki nafar o‘g‘li: Kenja Rajabov (1941 yilda tug‘ilgan) va Abdurasul Rajabov (1950 yilda tug‘ilgan) Shofirkon tumanidagi Bog‘iafzal va Savrak qishloqlarida yashaydi. Mulla Turdining Muharram (1917-1999), Mukarram (1927-2010), Bibirajab (1953 yil tug‘ilgan) va boshqa qizlari ham bo‘lgan.

Toshrabotlik Mulla Juma mudarris she’r va g‘azallar yozgan. Odamlar uning ijodini maroq bilan o‘qishgan. Vang‘ozilik Mulla Ahmadning xusnixatlari nihoyatda chiroyli bo‘lgani uchun u Mulla Ahmad Qalami taxallusini olgan. U kishi diniy ilmlar bilan birgalikda tabobat va adabiyotdan kuchli bilimga ham ega bo‘lganlar. Mulla Ahmad 1965 yilda vafot etganlar. Professor Toji Qorayevning e’tiroficha, Zarmitanda Hazrat Oxun degan donishmand bir odam ham o‘tgan.

Qiziltepa tumani madaniy hayotining o‘rganilmagan qirralari hali juda ko‘p. Ularni tadqiq etish va xulosalar chiqarish muhim ish. Umid qilamizki, kelajak avlod XXI asrda tuman tarixidagi bu bo‘shliqni to‘ldiradi.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>