2018/09/23 1:39:45

Toshmasjid me’moriy majmuasi (XVI asr)

loading...

Vang‘ozi [Vang‘oze] qishlog‘i haqida. Vang‘ozi qishlog‘ining vujudga kelishi va bir necha marta qayta nomlanish tarixi qadimiyligi va qiziqarli ekanligi bilan e’tiborni o‘ziga tortadi.

Chunki bu qishloq faqat Buxoro vohasida emas, balki Turkiston mintaqasida ro‘y bergan ko‘pgina muhim tarixiy voqealar bilan uzviy bog‘liq hisoblanadi.

XVI asr boshlarida bu qishloqni Bagazi-dih yoki Vaganzi [Vag‘onze] deb nomlaganlar. Bu haqda tarixchi olim Fazlulloh ibn Ro‘zbehon o‘zining “Mehmonnomai Buxoro” asarida yozib o‘tgan. “Mehmonnomai Buxoro” asarida yozilishicha, 1509 yil 30 yanvarda Buxoro xoni Muhammad Shayboniyxon va uning jiyani Ubaydullaxon (Ubaydulla Sulton) katta qo‘shin bilan Vaganzi [Vang‘oze]dan G‘ijduvonga jo‘nab ketgan. Shayboniyxon 16 fevralda G‘ijduvonga, 18 fevralda Arquqda bo‘lgan. N.Xanikovning yozishicha, bu qishloq ilgari “Buxorodan uncha uzoq bo‘lmagan Zarafshon daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan shahar edi. Buxoro amirligi davrida Vaganza [Vang‘oze] qishlog‘i Komi Abu Muslim tumanining markazi bo‘lgan.

Qishloq qariyalarining aytishlaricha, Vang‘ozida XIX – XX asr boshlarida asos aylanasi taxminan 2 km bo‘lgan aylana devor bilan o‘ralgan yagona darvozali mustahkam qal’a-qo‘rg‘on bo‘lgan. Qal’a ichida qorovulxona, ma’muriy binolar, qozixona, mirshabxona, qamoqxona kabilar mavjud bo‘lgan ekan. Shuningdek, bu qishloqda, savdo rastali bozor, qator turarjoy va diniy inshootlar qad ko‘targan bo‘lib, hozirda ulardan XVI asrda pishiq g‘ishtdan qurilgan baland minorali Toshmasjid va Qo‘rg‘on masjidlari bizgacha yetib kelgan.

Yaqin davrlarga qadar Vang‘ozi qishlog‘idagi bu inshootlarning qurilish sanasi va kim tomonidan qurilganligi ma’lum emas edi. Ayrim tadqiqotlarda Toshmasjidni XVI asrga oid va Abdullaxon II tomonidan qurdirilgan deyilsa, boshqalarida undagi minorani XVIII asrda barpo etilganligi ta’kidlanadi.

Badriddin Kashmiriyning “Ravzat ar-Rizvon va hadiqat al-g‘ilmon” nomli asaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshmasjid va minora 1583 – 1586 yillari mashhur din peshvosi Xoja Sa’d Jo‘yboriy tomonidan qurdirilgan.

Abdullaxon II hamda Xoja Muhammad Islom va Xoja Sa’duddin. XVI asrda Buxoro vohasida shayboniylar sulolasi hukmronligi davrida madaniyat, san’at va me’morchilik gullab-yashnadi. Ushbu sulola ichida qudratli bo‘lgan Abdullaxon II (hukmronlik davri: 1583 – 1598) va uning tarafdorlari, xususan, uning diniy ustozi, xojagon tariqati yetakchisi Xoja Sa’d Jo‘yboriy tomonidan Buxoro va uning atrofida, ayniqsa, Abdullaxon II ning otasi Iskandarxon dastlab hukmronlik qilgan Karmana viloyatida ko‘plab jamoa va tijorat binolari qurdirilgan.

Xoja Sa’d Jo‘yboriy to‘g‘risida to‘xtab o‘tishdan oldin ikki og‘iz so‘z uning otasi Xoja Muhammad Islom (1493 – 1563) to‘g‘risida. U manbalarda ko‘proq Xoja Islom Jo‘yboriy nomi bilan mashhur bo‘lgan Jo‘ybor xojalarining mashhur namoyandasi, Buxoro shayx ul-islomi hisoblanadi.

Xoja Islom Jo‘yboriy Buxoro xonlari Ubaydullaxon va Abdullaxon II ning piri. U yoshligidan naqshbandiya tariqati asoslarini puxta o‘rgangan. Maxdumi A’zam unga ustozlik qilgan. Xoja Islom keyinchalik naqshbandiylik tariqatini keng targ‘ib qilganligi uchun Piri Shastiy unvoniga ham sazovor bo‘lgan. U yoshligidan davlat va siyosat ishlariga faol aralashgan.

Xoja Islom Jo‘yboriy Abdullaxon II ning markazlashgan davlat tuzish yo‘lidagi qattiqqo‘l siyosatini qo‘llab-quvvatlagan. Buxoro xonligidagina emas, balki butun musulmon sharqida uning nufuzi baland bo‘lgan. Hindiston, Eron, Koshg‘ar, Badaxshon hukmdorlari u bilan xat yozishib turishgan. Movarounnahrdagi siyosiy jarayonlarda Maxdumi A’zam vafoti (1542 yil)dan so‘ng markaziy siymo (yirik diniy ulamo) sifatida asosiy rol o‘ynagan.

Buxoro xonligida shu davrda qurilgan ko‘plab me’moriy obidalar (masjidlar, madrasalar, hammomlar, sardobalar, ustaxonalar, savdo rastalari va kanallar, xonaqoh va b.) ota-o‘g‘il Xoja Islom Jo‘yboriy va Xoja Sa’duddin nomlari bilan bog‘liqdir. Xoja Islomning Gavkushon va Jo‘ybor madrasalarida 8000 jildlik ulkan kutubxonasi bo‘lgan. U saxovatli va muruvvatli inson bo‘lgani uchun Buxoro xalqi tomonidan Qutbul g‘avs (Madadkor qutb), ya’ni avliyo deb e’zozlangan.

Xoja Muhammad Islomning o‘g‘li Xoja Sa’duddin (1531 – 1589) ko‘proq Xoja Sa’d va Xojai Kalon Xoja nomlari bilan mashhur bo‘lgan. Otasi vafoti (1563 yil)dan so‘ng uning o‘rniga Abdullaxon II tomonidan Buxoro shayxulislomi qilib tayinlangan. Abdullaxon II uning fatvosisiz birorta jiddiy ishga qo‘l urmagan. Xoja Sa’dga Qutblar qutbi va Sayyidlar panohi unvonlari berilgan. Xoja Sa’d ham otasi kabi katta yer-suv va ko‘chmas mulk egasi bo‘lgan. Abdullaxon II unga hatto Badaxshon viloyati va Vaxsh hududining katta qismini hadya etgan.

O‘z faoliyati, shuningdek, muridlarning in’omlari evaziga Xoja Sa’d yanada davlatmand bo‘lgan. Uning tashabbusi bilan ko‘plab xayriya va tijorat inshootlari bunyod etildi. Xususan, uning rahnamoligida karvonsaroy, sardoba, madrasa, hammom singari inshootlardan tashqari Buxoro vohasining turli qishloqlarida (Qorako‘l, Xoja Peshku, Zandana va boshqalar) ko‘plab masjid va minoralar qurilgan hamda ta’mirlangan. Ulardan Buxorodagi Gavkushon va Jo‘ybor madrasalari, minorali Xoja Kalon jome masjidi, shuningdek, Vang‘ozi qishlog‘idagi Toshmasjid va Vang‘ozi minorasi bizgacha saqlanib qolgan mahobatli me’moriy inshootlardan hisoblanadi.

Vang‘ozi qishlog‘idagi me’moriy majmua. San’atshunos olima Mavluda Yusupovaning tadqiqotlarida yozilishicha, Toshmasjid XVI asrda qurilgan, lekin buzilib ketgan madrasa va hammomdan iborat me’moriy majmuaning markaziy binolaridan hisoblangan. Majmua tekis joyda joylashgan, uning sharq tomonidan ariq oqib o‘tgan, shimol tomonida yo‘l bor, majmuaning janub tomonida esa qabriston joylashgan.

Majmua tarkibida qabriston, shuningdek, madrasa va hammomning mavjudligi Buxoro vohasining o‘rta asrlar me’morchiligi taraqqiyotiga tayanib, quyidagi xulosaga kelish imkonini beradi. Ya’ni qabristonga avliyo dafn etiladi. So‘ngra tavof joyiga aylangan qabriston atrofida me’moriy majmua vujudga keladi. Bu joy hovli o‘rtasida (hozir maydon) hovuz joylashgan so‘fiylar markazi ham bo‘lishi mumkin, eski masjid esa, so‘fiylar uchun xonaqoh vazifasini o‘taganligi shubhadan holi emas. Majmuaga kiruvchi binolar yuz yillar davomida bir necha marta qayta qurilgan, ularning bir qismi buzilib ketgan.

Mazkur majmua tarhi (plani) 1949 yilda arxitektor A.Balayev o‘lchovlari asosida chizilgan. Unga ko‘ra majmua janub va g‘arb tomondan G shaklidagi qator binolardan iborat bo‘lgan. G‘arbiy qismda Toshmasjid, madrasa, chizmada mozor deb yuritilgan qalin devorli xona, keyinchalik qurilgan tahoratxona va hammom joylashgan. Toshmasjidning janubiy tomonida uning old qismi bo‘ylab olti yog‘och ustunli ayvon barpo etilgan. Ayvonning g‘arbiy devorida mehrob joylashganligi, uning yozgi masjid sifatida xizmat qilganligini belgilaydi. Maydonning janubi-g‘arbiy burchagida chiroyli baland minora salobat to‘kib turibdi. Janubiy tomonda beshta yog‘och ustun-ayvonli madrasa binosi joylashgan. Mahalliy qariyalarning gapiga ko‘ra, masjidga tutash madrasa ichki hovlisiz ikki qavatli bino ko‘rinishida bo‘lgan va u 1935 yilda buzib yuborilgan. Shuning uchun ham A.A.Balayev 1949 yildagi majmuaning umumiy rejasida madrasaning tarhini keltirmagan holda, faqat uning joyini belgilagan, xolos.

Madrasa inshootining tashqi me’moriy yechimi haqida eski fototasvir tasavvur beradi. Suratda minoraning orqasida – 1930 yillari buzib tashlangan va mahalliy qariyalar aytib o‘tganidek – ikki qavatli ko‘pgumbazli inshoot ko‘rinib turibdi.

1980 yili bir qator inshootlarning buzilib ketishi yoki qayta qurilishi oqibatida tadqiqotchilar bu yerda faqat hammom bo‘lganligini aytishadi, janubda joylashgan maktabning eski binosini esa ayvonli madrasa sifatida talqin etadilar.

Toshmasjidning O‘rta Osiyo me’morchiligidagi ahamiyati. Masjid binosini qurilish konstruksiyalari va tarixiy yechimi o‘ziga xos, shuningdek, O‘rta Osiyoda pishiq g‘ishtdan ishlangan ustun-gumbazli mahobatli inshootlar rivojining cho‘qqisi deyish mumkin. Bu XVI asr Masjidi jome’ (Jome’ masjidlari) uchun noyob ko‘rinish edi. Negaki, bu davr va bu hududda asosan keng ichki hovlili an’anaviy me’morchilik tarzidagi Jome’ masjidlari qurilgan.

Ta’kidlash joizki, O‘rta Osiyo Jome’ masjidlari ikki xil ko‘rinishda bo‘lgan. Ulardan, hovlili kompozitsiya asosida yirik rejada qurilgan Jome’ masjidlari, ayniqsa, XV-XVI asrlarda keng tarqalgan. Bunda ichki to‘rtburchak hovli atrofini pishiq g‘ishtdan qurilgan gumbaz-ustunli galereya o‘rab turgan. Binoning old tomonida bezakdor peshtoq, hovli ichida gumbazli masjid zali maqsura, uning qibla devorida esa boy bezatilgan mehrob joylashgan.

Markaziy Osiyoda eng yirik hisoblangan Buxorodagi Arslonxon minorali (XII asr) Kalon Jome’ masjidi (XII, XV-XVI asrlar), shuningdek, Xoja Sa’d Jo‘yboriy qurdirgan Gavkushon minorali Xoja Kalon masjidlari (XVI asr) yuqorida ko‘rsatilgan reja asosida qurilgan.

Ikkinchi turdagi Jome’ masjidlari ichki hovlisiz, yirik, usti yopiq ko‘p ustunli (ustunlar o‘rmoni) birgina yirik xonadan iborat bo‘lgan bino ko‘rinishida bo‘lgan. Bunday qurilmalarning ikki xildagi yechimini kuzatish mumkin. Birinchi holatda yog‘och ustunlar bostirma ko‘rinishidagi yassi yog‘och tomlarni ko‘tarib turgan bo‘lsa, ikkinchi holatda ko‘p gumbazli, g‘ishtin tomni ravoqlar yordamida g‘ishtin ustunlar ko‘tarib turgan.

Ikkinchi turdagi Jome’ masjidlari vohada, ayniqsa, XV-XVI asrlarda kam qurilgan noyob imoratlar bo‘lib, ular asosan mahobatli g‘ishtin ustun-gumbazli konstruksiyalar yordamida tiklangan. Bu kabi imoratlar Buxoro vohasida X-XII asrlarda ham barpo etilgan. Ana shunday masjidlardan Buxorodagi Mag‘oki Attoriy (X-XII asrlar) va Karmana shahri yaqinidagi Hazora qishlog‘idagi Deggaroniy (XI asr) masjidlari hozirgacha saqlanib qolgan.

XVI-XVII asrlarda davlatning iqtisodiy va madaniy ravnaqi davrida qadimiy an’analar davom ettirilgan holda, Buxoro shahrida pishiq g‘ishtdan bir nechta ustun-gumbazli mahalla masjidlari (Qulbobo Ko‘kaldosh – XVI asr, Mag‘oki Attoriy – XVI asrda qayta qurildi) va Jome’ masjidlari (Mag‘oki Ko‘rpa – XVII asr) qurildi.

Buxoro vohasining aholi istiqomat qiladigan turli joylarida esa ustun-gumbazli umumqishloq masjidlari qurilib, ular ham mahalla va ham Jome’ masjidi vazifasini bajargan. Bunday masjidlar pishiq g‘ishtdan mahobatli gumbaz ustunlik qilib qurilganligi tufayli qishloq aholisi ularni Toshmasjid deb ataganlar. Xususan, G‘ijduvon tumanidagi Gajdumak qishlog‘i (XV asr), Vang‘ozi qishlog‘i (XVI asr), Vobkent tumanidagi Pirmast qishlog‘i (XVI asr) va boshqa qishloqlarda qurilgan ko‘plab toshmasjidlar shular jumlasidandir. Vang‘ozi qishlog‘idagi Toshmasjid o‘zining jonli-manzarali hajmiy kompozitsiyasi, takomillashgan tarhi va konstruksiyalari bilan ajralib turadi.

Vang‘ozidagi Toshmasjid va minoraning qurilishi tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar Badriddin Kashmiriyning “Rivzat ar-Rivzon va hadiqat al-g‘ilmon” tarixiy asarida keltirilgan. O‘zbekiston FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan bu asarni islomshunos olim Baxtiyor Bobojonov topgan va tarjima qilgan: “Vang‘ozi qishlog‘ida sinchli masjid bo‘lgan va u vaqt o‘tishi bilan nurab tushgan. Xoja Sa’d Jo‘yboriy esa ushbu masjidni buzdirib, uning o‘rniga pishiq g‘ishtdan yangi masjid va uning yonida baland minora qurdirgan”.

Badriddin Kashmiriy asarida birinchi masjidning me’moriy tuzilishi qanday bo‘lganligi haqida aniq ma’lumot berilmagan. Ammo izohlanishiga ko‘ra, uni XVI asrga kelib eskirib qolgan qo‘shsinchli yirik inshoot bo‘lgan ekanligini tasavvur qilish mumkin. Taxminan 1580 yili Xojai Kalonxoja masjidni qayta qurish haqida ko‘rsatma bergan. Eski sinchlar olib tashlanib, uning o‘rniga yangi ko‘p ustunli zal qurilgan. Endi ushbu binoning konstruksiyalari to‘laligicha pishiq g‘ishtdan ko‘p ustun va ko‘p gumbazli qilib barpo etilgan edi. Masjid qurilishiga “olti yil vaqt ketdi va u hijriy 993 yili (1585-1586 y.) tugatilgan”.

Masjidning me’moriy qurilmasi. Vang‘ozidagi Toshmasjid baland (taxminan 70 sm) supaga qurilgan va old tomoni bo‘ylab cho‘zilib ketgan mahobatli binodir. Uning ko‘rkam hajmiy-makoniy kompozitsiyasining markaziy qismida baland peshtoq va yirik moviy gumbaz ajralib turadi. Masjidning 24×40 m kattalikdagi umumiy binosida 2 ta yirik va 16 ta bir xildagi mayda gumbazlar bilan yopilgan yagona xona bor. Binoning ichki qismida markaziy (o‘rta) va unga ikki tomonidan tutashgan yon bo‘lmalari ajralib turadi. Binoning o‘rta bo‘lmasida: mahobatli peshtoq; asos aylanasi 3,8 m gumbaz bilan yopilgan dahliz; asos aylanasi 5 m yirik moviy gumbaz bilan yopilgan masjidning markaziy qismi joylashgan. Peshtoq qarshisidagi orqa-g‘arbiy devorda ravoqli mehrob bo‘lib, u Makkaga tomon yo‘nalgan. Ikki yon tomondagi bo‘lmalar bir-biriga o‘xshash bo‘lib, uchta mustahkam ustunga o‘rnatilgan sakkiz gumbazli bir xil qismlardan iborat. Asos aylanasi 3,2 m bo‘lgan 16 ta bir xildagi kichik gumbazlar burchaklarida qalqonsimon bag‘alli ravoqlarga tayangan. Masjidning barcha devorlariga (markaziy peshtoqdan tashqari) yana 4 tadan qo‘shimcha eshik o‘rnatilgan, faqatgina, an’anaga ko‘ra yopiq sahnli mehrobli devor bundan mustasnodir.

Masjidning bosh qismi sharqqa qaratilgan bo‘lib, kirish joyi baland peshtoqlidir. Ushbu peshtoqning ikki tomonini uncha chuqur bo‘lmagan ravoqsimon toqchalar, peshtoq tepa sathini esa epigrafik naqshli gorizontal panno-kitoba bezab turadi. Binoning to‘rttala tarz (fasad) devorlari g‘ishtin sathga ega. G‘arbiy orqa tarz devori burchaklarida guldasta shaklidagi minorachalar o‘rnatilgan. Ushbu tarzning markazida mehrob chuqurligi darajasida bo‘rtma hajm, uning ikki tomonida esa, cho‘qqili ravoqsimon tuynuklar joylashgan.

1970 yillarda ham bino devoridagi mozaik pannolar, ichki qismida esa, xususan, “mehrobning muqarnasli bezaklari, shuningdek, ganch o‘ymakorligi va qirma usulidagi bezaklar (girix va gultuvaklar)” mavjud bo‘lgan.

Mustahkam ustunlar bilan bo‘lingan binoning ichki qism devorlari va toqlari ganch bilan suvalgan. Masjid zali katta gumbazning baland poyigumbazidagi tuynuklar orqali yaxshi yoritilgan. Bu esa xonaning ichki qismida yorug‘lik va soya o‘yinini hosil qiladi. Tuynuklarga ganch panjaralar o‘rnatilgan. Eshiklar o‘yma bezaklar bilan, mehrob tokchasi esa naqshlar bilan bezatilgan. Bino 29x29x5 sm o‘lchovli to‘rtburchak pishiq g‘ishtdan qurilgan. Pollariga g‘isht yotqizib terib chiqilgan.

Vang‘ozi minorasi. Toshmasjid yonidagi 24 m balandlikdagi ko‘rkam minora e’tiborni tortadi. Bezaklari va tuzilishiga ko‘ra, u XII asrda barpo etilgan Vobkent minorasiga o‘xshab ketadi. Vang‘ozidagi bu minorani qurilish sanasi haqida turli fikrlar mavjud. Bu borada ayrim mualliflarning fikrlari bir-biriga o‘xshash. Bizning taxminimizga ko‘ra, ular minoraning qurilish sanasini emas, balki uni keyingi ta’mirlangan davrini ko‘rsatadilar. Xususan, V.Nilsen minorani XVIII asrda qurilgan deydi. A.Balayevning chizmasidagi “Azizobod minorasi – 1294” yozuvidan esa boshqa sana kelib chiqadi. Fikrimizcha, Azizobod inshootning o‘tgan asr o‘rtalaridagi nomlanishi bo‘lsa kerak, 1294 raqami esa ehtimol hijriy yil bo‘lib, u hozirgi hisob bo‘yicha 1877 yilga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari mahalliy qariyalarning aytishiga qaraganda, XVIII-XIX asrlarda Vang‘ozi va Vobkent shahridagi minoralar bir usta tomonidan ta’mirlangan ekan. Nazarimizda, bu ta’mirlash ishlari Vang‘ozi minorasining muqarnasli sharafalari ustida ham olib borilgan, chunki hozirda ushbu muqarnaslar g‘ishtlarning boshqacha tusida, sodda hamda yirikroq qilib ishlangan. Ushbu ta’mir sanasi balkim minora bezaklariga kiritilgan bo‘lib, bu sanani ko‘pchilik tadqiqotchilar, jumladan, A.Balayev ham qurilish yili sifatida talqin etganlar.

Deyarli dastlabki ko‘rinishida saqlanib qolgan bu minora Buxoro vohasida ushbu tipdagi qurilmalar uchun xos bo‘lgan qadimgi an’analar asosida qurilgan eng go‘zal mumtoz inshoot namunasidir.

Minoralar qadimdan Jome’ masjidlarining ajralmas qismlaridan sanalgan va azon chaqirish uchun mo‘ljallangan. Ular, shuningdek, muhim shaharsozlik ahamiyatiga ham ega bo‘lgan, shahar va qishloqlar ko‘rinishiga joziba baxsh etib, masjid, bozor, madrasa kabi binolarni mujassam etgan. Shaharning jamoa markazi manzilini belgilovchi bir mo‘ljal vazifasini ham o‘tagan.

O‘rta Osiyoda dumaloq shakldagi, yuqoriga qarab ingichkalashib boruvchi ravoqli qafasa (fonus) bilan yakunlanuvchi minoralar an’anaviy bo‘lgan. Inshootning yuqoriga tomon ingichkalashib borishi, yaxshi o‘ylangan ichki tizim konstruksiyalari va baquvvat poydevor uning mustahkamligini ta’minlaydi. Qurilma jihatdan minora ichki ustun, uning atrofidagi aylanma zina va halqa tarzidagi tashqi devordan iborat. G‘ishtin zinalar va ularning qirrasi bo‘yicha yotqizilgan yog‘och to‘sinlar ichki ustun va tashqi devorni tutashtirib, konstruksiyalarni mustahkam birlashtiradi. Aylana zina orqali minoraning yuqorisida joylashgan ravoqsimon tuynukli qafasaga ko‘tarilgan, muazzin bu yerdan turib azon aytgan.

Buxoro vohasidagi minoralar uchun o‘zagidan biroz chiqib turuvchi ravoqli qafasalarning mavjudligi va ularning yuqoriga qarab kengayib boruvchi muqarnasli sharafasi xos bo‘lgan. XII asrdan keyin bunyod etilgan, barcha, hattoki ulardan eng yiriklari bo‘lgan Xoja Sa’d tomonidan XVI asrda qurdirilgan Buxorodagi Gavkushon va Vang‘ozidagi minoralar ham XII asrga mansub bo‘lgan Arslonxon (Minorai Kalon) va Vobkent minoralaridan 2-2,5 marta kichikroqdir. Gavkushon minorasi (1579-1580 y.) tashqi ko‘rinishi va mutanosibligiga ko‘ra Arslonxon minorasiga ko‘proq o‘xshaydi, uning balandligi 19,5 metr, pastki qismi asos aylanasi 4,8 metrdir.

Vang‘ozida 1585-1586 yillarda Toshmasjid yonida qurilgan minora XVI asrda bunyod etilgan shu tipdagi inshootlar orasida eng balandidir. Uning balandligi – 24 m, pastki qismi asos aylanasi – 3,8 m, poydevori toshdan terilgan. Bino o‘zagi olti qatorli bo‘rtma g‘ishtin belbog‘ bilan, uning tepasidagi sakkiz ravoqli qafasasi esa, pastki va yakunlovchi qismida muqarnasli sharafalar bilan bezatilgan. Shunisi qiziqarliki, Buxoro shahridagi Gavkushon minorasi Arslonxon minorasining kichik nusxasi, Vobkent shahri yaqinidagi Vang‘ozi qishlog‘i minorasi esa Vobkent minorasining kichraytirilgan nusxasidir. Bu esa Buxoro vohasiga mansub mintaqaviy me’morchilik maktabi doirasida o‘ziga xos mahalliy xususiyatlar borligi haqida gap yuritishga ijozat beradi.

Muhandis A.Asanovning tadqiqotlariga ko‘ra, O‘rta Osiyodagi barcha minoralar inshoot mustahkamligini ta’minlovchi va inson tana o‘lchovlariga bog‘liq bo‘lgan qator doimiy o‘lchovlarga ega bo‘lgan. Masalan, tashqi devor eng yupqa joyi qalinligi kamida 1-1,5 g‘ishtli qilib terilgan (niqobi bilan 30-40 sm qalinlikda bo‘lgan), fonusning balandligi kamida 1-2,5 m balandlikda, minoraning yuqori qismi asos aylanasi esa 2,1-2,2 m dan kam bo‘lmagan.

Buxoro vohasida minoralar qurilishida ushbu talablarni bajarishdan tashqari, ular mustahkam poydevorga o‘rnatilgan va maqbul mutanosiblikka erishilgan. Shuning uchun O‘rta Osiyoda XII-XVI asrlarga mansub minoralardan faqat Buxoro vohasida mavjudlarigina o‘zining dastlabki balandligini deyarli saqlab qolgan.

San’atshunos olima Mavluda Yusupova o‘z tadqiqotida Vang‘ozi qishlog‘idagi me’moriy majmuaning vujudga kelish bosqichlari va me’moriy yechimi bo‘yicha dastlabki xulosalarni berdi. Ushbu qishloqning tarixi, uning ayrim me’moriy yodgorliklari tarixi bo‘yicha kelajakda har tomonlama tadqiqotlar davom ettirilishi tabiiy.

Toshmasjid yonida qozixona va yopiq bozor binolari qurilgan. Vang‘ozida uzoq yillar davomida qozixona faoliyat ko‘rsatgan. Yopiq bozor yonida badavlat yahudiy va hind savdogarlari yashashgan. Islom shariatiga asosan musulmonlarga foizga pul qarz berish, ya’ni sudxo‘rlik qilish ta’qiqlangani uchun yahudiy va hindlar sudxo‘rlik bilan shug‘ullanishgan.

Mutaxassislar Toshmasjid va minora majmuasini o‘zining qurilishi va san’at me’morchiligi nuqtai nazaridan Markaziy Osiyodagina emas, balki musulmon mamlakatlari uchun ham katta ahamiyatga ega, deb baholamoqdalar. Biroq sovet hokimiyati davrida boshqa tarixiy yodgorliklar qatori Vang‘ozidagi madrasa, qozixona va yopiq bozor buzib tashlangan. Toshmasjiddan ma’danli o‘g‘itlar saqlanadigan ombor sifatida foydalanilgan. 1977 yilda majmua 9000 rublga qisman ta’mirlangan. 1982 yilda o‘sha paytdagi «Moskva» kolxozi va Qiziltepa tumani rahbarlari (T.Safarov va N.Hikmatov), O‘zbekiston SSR Madaniyat ishlari vaziri G‘.Najimov e’tibori bilan Toshmasjid qisman ta’mirlanib, unda muzey tashkil etildi.

Istiqlol tufayli Toshmasjid ham qayta yoshardi. 2002 yilda bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Toshmasjidni ham alohida tilga olgach, viloyat hokimi B.Ro‘ziyevning farmoyishiga binoan uni asosli ta’mirlash ishlari boshlandi. Bu maqsadda jamg‘arma tuzildi. Jamg‘armaga viloyat va tuman tashkilotlari, aholining besh yuz million so‘mga yaqin mablag‘i yig‘ildi. Viloyat hokimi B.Ro‘ziyev va tuman hokimi Sh.Nabiyev qurilish borishini muntazam nazoratga olishdi. Besh oy deganda majmua go‘zal qiyofani kashf etdi. Xullas, noyob me’moriy yodgorliklarga ega bo‘lgan O‘zbekistonning XVI asrga mansub yana bir qadimgi ziyoratgohi qayta tiklandi.

“Qiziltepa tarixi” kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>