2018/10/20 5:49:19

Tekina begim yoxud Amir Temurning volidasi haqida

loading...

Taniqli davlat va jamoat arbobi, sohibqiron Amir Temur haqida so‘nggi yillarda ko‘p kitoblar yaratilmoqda. Temuriylar davri tarixiga oid turli manbalar nashr etildi.

Kitobning ushbu faslida so‘z Amir Temurni dunyoga keltirgan muhtarama zot, uning volidasi bo‘lgan Buxoroning soliha va oqila qizi Tegina Mohbegim [Takina Xotun; Tekina begim] haqida boradi.

O‘rta asr manbalari, masalan, Fosih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida keltirilishicha, Tegina Mohbegim (1318-1353) Buxoro ulamolarining peshvosi mavlono Sadr ash-shari’a Ubaydulloh al-Buxoriy ibn Toj ash-shari’a Mahmud ibn Ahmad al-Mahbubiy al-Buxoriyning qizi bo‘lgan. U Buxoroyi sharifda 1318 yilda dunyoga kelgan. Manbalarda bu mo‘’tabar ayolning ismi ko‘proq Takina Xotun shaklida keltiriladi. Turkiy halqlarda Xotun so‘zi hukmdor ayollar va malikalar, podshohlarning onalari va mo‘’tabar zot ayollar nomiga qo‘shib ishlatilgan. Takina Xotun Buxoroning yirik islom ulamolari xonadonida taqvodor qiz bo‘lib ulg‘aygan. Uning bobosi Abu Abdulloh Umar “Toj ash-shari’a” (“Shariat toji”), otasi Ubaydulloh “Sadr ash-shari’a” (“Shariat ulug‘i”), amakisi Mahmud “Burhon ash-shari’a” (“Shariat hujjati”) kabi mo‘’tabar unvonlarga sazovor bo‘lgan.

Tegina Mohbegim balog‘at yoshiga yetganda uning husni jamoli, xulq-atvori va odobining ovozasi yetti iqlimga tarqaladi. Turli yurtlardan kelgan sovchilar bu soliha qiz tarbiyalangan xonadon turumini tinmay qoqishadi. Nihoyat, 1334 yili – 16 yoshida Tegina Mohbegim Kesh (Shahrisabz) amiri Muhammad Tarag‘aybekka uzatildi. Bu qutlug‘ nikoh natijasida oradan ko‘p o‘tmay sohibqiron Amir Temur dunyoga keladi. Keyinchalik yaratilgan “Qissai Temur” (“Malfuzoti Temuriy”), “Temur qissasi” va toshkentlik tarixchi Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma” (1908) asarida Takina Xotun hayotining kelinlik davri haqida ayrim ma’lumotlar mavjud. “Temurnoma”da bo‘lajak sohibqiron Amir Temurning 1336 yil 9 aprelda tavallud topish tafsilotlari taqdirning ilohiy hukmi sifatida tasvirlangan. Yosh Temurning kelajakda sohibqiron bo‘lishini bilgan dushmanlari bo‘lajak sohibqiron va uning onasini yo‘qotish uchun tinmay urinishsa-da, Tangri taoloning amri bilan ona-bola sog‘-salomat qolishadi. Amir Temurning kelajakda buyuk inson bo‘lib yetishuvida onasining hissasi katta bo‘lgan. Biroq Amir Temur 17 yoshga kirganida onasi Takina Xotun (1353), 24 yoshga kirganida otasi Muhammad Tarag‘aybek (1360) Kesh shahrida vafot etishgan. Takina Xotun vafot etganida atigi 35 yoshli soliha ayol bo‘lgan.

Mashhur tarixchi olimlar Farhod Qosimovning “Temuriylar davrida Buxoro” hamda Sulaymon Inoyatovning “Amir Temur Raboti Malikda” va “Sohibqiron va temuriylar nazari tushgan diyor” nomli tarixiy asarlarida Amir Temur (1336 – 1405) va temuriylar faoliyatining ayrim qirralari, ularning Buxoro va Karmanadagi bunyodkorlik faoliyati yoritilgan.

Biz ushbu mulohazalarga qo‘shilgan holda shuni ta’kidlab o‘tmoqchimizki, Amir Temurning volidasi Tegina begimning bobosi mavlono “Toj ash-shari’a” (“Shariat toji”) Abu Abdulloh Umar 1309 yil 28 sentyabrda Karmanada vafot etgan.

Sohibqiron Amir Temur keyinchalik onasi va otasi dafn etilgan Keshdagi oilaviy xilxona ustida muhtasham maqbara qurdirgan. Katta o‘g‘li Jahongir Mirzo 1376 yili 29 yoshida vafot etgach, uni ota-onasining qabri yonida dafn etgan. Onasi xotirasiga atab, Kesh shahrida mashhur Oqsaroyni bunyod ettirgan va Buxorodagi Chashmai Ayyub maqbarasini ta’mirlatgan. Xullas, Amir Temur butun umr mobaynida onasi xotirasini e’zozlab o‘tgan.

2018 yilda Buxoroning soliha farzandi Tegina Mohbegim tug‘ilgan kunga 700 yil to‘ladi. Biz Takina Xotunning yetti yildan keyin nishonlanadigan ushbu yubileyini bu muhtaram zot – AYOL va ONA hayoti va faoliyati to‘g‘risida yoziladigan muhim tadqiqotlar va badiiy asarlar bilan kutib olsak, buyuk Amir Temur onasi haqidagi tasavvurlarimiz muayyan darajada oydinlashar edi.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>