2018/12/17 10:57:05

Tavois viloyati sug’d davlati tarkibida

loading...

Navoiy viloyatining ma’muriy hududlaridan biri bo‘lgan hozirgi Qiziltepa tumani uzoq o‘tmishda ma’lum va mashhur sanalib, ulkan Sug‘d tarixiy-madaniy mintaqasining muhim va ajralmas tarkibiy qismi hisoblangan.

Sug‘d mintaqasi Zarafshon daryosining butun vodiysi hamda Qashqadaryo havzasi madaniy hududlaridan iborat bo‘lgan.
Qadim va ilk o‘rta asrlarda mazkur tarixiy-madaniy o‘lkada sug‘diy va turkiy xalqlar (o‘zbek xalqining ajdodlari) yashab o‘tganlar va siyosiy-iqtisodiy, madaniy, ma’naviy hayot tarzida o‘z zamonasi uchun yuksak taraqqiyot darajasiga yetganlar.
Sug‘d yoki Sug‘diyona Turonning qadimgi tarixiy-madaniy viloti hisoblangan. Miloddan avvalgi VIII – VI asrlarda bu hududda dastlabki davlat birlashmasi – Sug‘diyona tashkil topgan. Ilk o‘rta asrlardagi arabiy, forsiy, turkiy manbalarda mamlakat nomi Sug‘d shaklida qo‘llanilgan.
Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi bo‘lgan “Avesto”ning “Vandidod” nomli uchinchi daftarining birinchi fargardi (naski)da xudo Ahuramazda yaratgan o‘lkalar sanab o‘tilar ekan, boyligi va ko‘rkamligi jihatidan 16 o‘lka orasida Qadimgi Xorazm (Iyron Vij)dan keyin Sug‘d (Gava) diyori keladi. “Avesto”ning o‘zbek tiliga shoir Asqar Mahkam tomonidan qilingan tarjimasida Sug‘d diyori shunday ta’riflanadi:
“Men – Ahura Mazda – yaratgan ikkinchi sarzamin va go‘zal yurt Sug‘d diyori edi” .
Xuddi shu matn avestoshunos va sug‘dshunos olim Mirsodiq Is’hoqov tomonidan o‘zbek tiliga quyidagicha o‘girilgan:
“Men – Ahura Mazda yaratgan go‘zal va farovon yurtlarning ikkinchisi – Gava. Bu (o‘lkada) sug‘dlar yashaydilar” .
“Avesto”da Sug‘d so‘zi mamlakat nomi sifatida yana bir marta uchraydi. “Ardvi Sura alqovi” yoki “Ardvisura Anahita qasidasi”ning “Obon yasht” (“Ardvisur yasht”) nomli 5-yashtida keltirilishicha, Ardvi [Amudaryo]ning homiysi Ardvi Sura (Ardvisura Anahita) daryoning hayotbaxsh suvlarini Ishkata, Paruta, Mouri [Marv], Sug‘d [Suguda] va Xvarazm [Xorazm] tomon eltadi, deb ta’kidlanadi .
O‘rta asrlarning arab va fors tarixchi va geograflari Sug‘d mintaqasini an’anaviy tarzda uch qismga bo‘lganlar. Xullas, Sug‘d mamlakati uch tarixiy-geografik hududni birlashtirgan. Samarqand Sug‘di [Markaziy Sug‘d], Buxoro Sug‘di [G‘arbiy Sug‘d] va Kesh-Naxshab Sug‘di [Janubiy Sug‘d]. Har uchala qism o‘zaro tabiiy chegaraga ham ega edi: Zarafshon tog‘ tizmalari Samarqand va Kesh-Naxshab o‘rtasini, Karmanadan keyin Malik cho‘li Buxoro va Samarqand Sug‘dini ajratib turgan . G‘arbiy Sug‘d Buxoro vohasining to‘liq hududi hisoblanib, u Qiziltepa, Konimex, Buxoro va Qorako‘l ma’muriy hudud-vohalaridan tashkil topgan.
Buxoro ma’muriy vohasining tarkibidagi hozirgi Qiziltepa tumani aksariyat hollarda Buxorodagi davlat tuzumi va siyosiy voqeliklar ta’sirida bo‘lgan. Tumanning geografik joylashuvi alohida xususiyatga ega bo‘lib, u Buxoro vohasining cho‘l-dasht hududlari bilan tutash eng chekka shimoli-sharqiy qismida joylashgan. Bu holat esa uning qadimgi tarixi, moddiy madaniyatiga sezilarli ta’sir qilgan.
Qiziltepa tumanining qadim o‘tmishda inson tomonidan o‘zlashtirilgan (madaniy) yerlari Hazora darasi bo‘ylab ketgan Zarafshonning ikki qirg‘oq havzasi, Shohrud va Abumuslim shohariqlari orasidagi hududlarda joylashgan. Shimol tomonidan tuman hududiga Qizilqumning Ichkilikqum deb atalmish bir qismi kirib kelgan. Tuman Navoiy viloyatining Konimex, Navbahor va Karmana tumanlari, Samarqand viloyatining Paxtachi tumani, Qashqadaryo viloyatining Muborak tumani va Buxoro viloyatining Kogon, Buxoro, Vobkent, G‘ijduvon tumanlari bilan chegaradosh.
Qiziltepa tumanidagi arxeologiya yodgorliklari 1915 yilda Turkiston arxeologlar to‘garagi a’zosi L.A.Zimin tomonidan qisqacha o‘rganilgan. 1934 yilda sharqshunos olim A.Yu.Yakubovskiy rahbarligidagi ekspeditsiya ish olib borib, yodgorliklarning topografik rejasini tuzgan. Ikkinchi jahon urushining boshlanishi sababli bu ishlar to‘xtab, 1950 yilda vohadagi mozorqo‘rg‘onlarni o‘rganish qayta boshlangan. 1952 yilda taniqli arxeologlar V.A.Shishkin va O.V.Obelchenko tomonidan olib borilgan ishlar qadimgi tarix va arxeologiya fanlariga «Quyimozor va Lavandoq mozorqo‘rg‘onlari» atamasi bilan kirgan. 1960 yilda O.V.Obelchenko Shahri Vayron yodgorligi atrofi hamda qadimgi xalqlardan qolgan mozorqo‘rg‘onlarni qayd etdi va qator ilmiy maqolalar e’lon qildi.
1977 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining akademik A.R.Muhammadjonov rahbarligidagi ekspeditsiya a’zolari «Qiziltepa tumani tarixiy va madaniy yodgorliklarining majmuini tuzish» mavzuida tuman hududida qidiruv ishlarini o‘tkazdi. P.Valiyev, K.Abdullayev, R.Abdirimovlar tomonidan 58ta yodgorlik (qadimgi qurilish inshootlari qoldiqlari) qayd etildi. Xoja Bo‘ston, Shahri Vayron, Oqsochtepada dastlabki qazuv tadqiqotlari o‘tkazildi. Oradan 10 yil o‘tib, Yu.P.Manilov va R.Abdirimov ro‘yxatga olingan yodgorliklarda qayta tadqiqot o‘tkazib, tuman yodgorliklarining masshtab xaritasini tuzishdi .
Achinarlisi shundaki, tuman hududida joylashgan ko‘pgina arxeologik yodgorliklar – qal’a va tepalar sho‘ro davrining mutasaddi rahbarlari tomonidan buzib yuborilgan yoki qabristonga aylantirilib, ularning madaniy qatlami yo‘qotilgan. Natijada bu qal’alar keng qamrovli tadqiqot ishlarini o‘tkazish uchun yaroqsiz holga keltirilgan.
Qiziltepa tumani tarixiy yodgorliklari o‘z ahamiyati va qamrovi jihatidan nafaqat G‘arbiy Sug‘d – Buxoro vohasi, balki butun O‘rta Osiyo mintaqasi uchun katta e’tiborga sazovor. Chunki ilk o‘rta asrlarda Tavois, Komi Abu Muslim va Vang‘ozi (Vang‘oze) nomlari bilan mashhur bo‘lgan tuman hududida juda ko‘p me’moriy obidalar qurilgan. Bu fikr o‘rta asrlarning mashhur tarixchi-geograflari, dunyo miqyosida taniqli turk, xitoy, arab va fors mualliflarining kitoblarida o‘z ifodasini topgan. Ularda e’tirof etilishicha, Buyuk ipak yo‘lining asosiy tarmog‘i bu hududdan o‘tganligi tuman qadimiyatida nafaqat mahalliy va qo‘shni mintaqalar bilan, balki qit’alararo madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar o‘rnatganligidan dalolat beradi.

“Qiziltepa tarixi” kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>