2018/10/15 10:17:17

Tarixiy asarlarda Tavoisning tavsifi

loading...

muzey2Milodiy VI asrning o‘rtalariga kelib, Eftaliylar davlati tanazzulga uchray boshlagan. Buyuk Turk xoqonligining Eftaliylar davlati ustidan qozongan g‘alabasi (563 – 567 yillarda har ikki qudratli turkiy davlat o‘rtasidagi janglar Buxoro ostonalarida bo‘lib o‘tgan edi)dan so‘ng O‘rta Osiyoda xoqonlik hokimiyati o‘rnatildi.

VI asrning 60-70-yillarida hozirgi O‘zbekiston hududida bir nechta alohida mulklar bo‘lib, ular rasman Buyuk Turk xoqonligiga bo‘ysungan. Bu paytda Zarafshon, Qashqadaryo va Amudaryo kabi yirik daryolarning havzasida 9 ta alohida mustaqil mulk mavjud bo‘lib, ularning har biri shahar va dehqonchilik tumanlariga ega bo‘lgan. Har bir ma’muriy birlikning o‘z nomi bo‘lib, ular quyidagilardan iborat: Maymurg‘, Ishtixon, Kushaniya, Buxoro, Vardona, Naxshab, Amul, Andxoy va Samarqand . Samarqand va Buxoro hokimlari yuqoridagi 9 ta mulk (kichik podsholik) orasida eng qudratlisi sanalgan. Asosan tarixiy Sug‘d viloyatida mavjud bo‘lgan bu 9 ta mulk Sug‘d konfederatsiyasi tarkibiga kirgan hamda Buyuk Turk xoqonligiga rasman bo‘ysungan.
Sug‘d (Sug‘diyona)ning mahalliy hukmdorlari Farg‘ona, Xorazm va Chochning mustaqil hukmdorlari bilan birlashgan edilar. Yirik siyosiy birliklar ma’lum muddatlarda shaharlardan birida o‘z qurultoylarini o‘tkazib turganlar.
Sug‘d davlati (Samarqand Sug‘di)ning hududiga o‘sha vaqtda hozirgi Panjikentdan Karmanagacha bo‘lgan yerlar kirgan. Buxoro esa VI asr oxiridan boshlab mustaqil mulklar ittifoqidan iborat alohida birlashma sifatida Samarqandga bo‘ysunmay qolgan. Uning podshosi buxorxudot unvoni sohibi bo‘lib, turkiy elarsloniylar sulolasi vakillari buxorxudotlar bo‘lgan. VII asr boshlaridan boshlab Buxoro vohasida boshqa bir mulk – Vardonaning nufuzi oshib ketadi. Vardonaning podshosi vardonxudot unvoni sohibi bo‘lib, Narshaxiyning yozishicha, u shahzoda Shopurning avlodlaridan sanalgan.
Buxorxudotlar podsholigi tarkibiga asosan Buxoro shahri, hozirgi Romitan, Jondor, Kogon, Qorako‘l, Olot tumanlari kirgan bo‘lsa, vohaning shimolida tashkil topgan Vardonxudotlar podsholigiga asosan poytaxt Vardona (Vardonze) shahri, hozirgi Shofirkon, Peshko‘, Vobkent, G‘ijduvon, Qiziltepa tumanlarining hududi kirgan. VII asr oxiri va VIII asr boshlarida – arablar hujumi arafasida Buxoro vohasida siyosiy hokimiyat uchun bo‘lgan kurashda buxorxudotlar ustidan vardonxudotlar g‘olib chiqqan. Bu fikrni ham Narshaxiy o‘z asarida keltirib o‘tadi.
Xullas, ilk o‘rta asrlarda hozirgi Qiziltepa tumani hududi Vardonxudotlar podsholigi tarkibida bo‘lib, u Sug‘d konfederatsiyasining uzviy qismi edi. Arablar Buxoro vohasini bosib olgunlariga qadar (VIII asr boshlarigacha) bu hudud Arqud deyilgan. Arablar mintaqani bosib olgach, bu tuman (manbalarda Buxoro viloyatlaridan biri) hududi Tavois deb nomlangan. IX – XI asrlarda yashab o‘tgan mahalliy (o‘zbek) hamda fors va arab tarixchilaridan Narshaxiy, Tabariy, Ibn al-Asir, Ibn Xurdodbeh va boshqalarning tarixiy asarlarida Tavois tavsifi keltiriladi.
Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far ibn Zakariyya al-Xattob ibn Sharik Narshaxiy (qisqacha Narshaxiy) ushbu tarixchilarning peshvosi bo‘lib, u Buxoro yaqinidagi Narshax qishlog‘ida (hozirgi Vobkent tumani hududida) 899 yili tug‘ilgan. Tarjimai holiga oid ma’lumotlar kam. Somoniylar saroyida kotiblik qilgan. Narshaxiy 943 – 944 yillarda mashhur “Buxoro tarixi” (“Tahqiqi viloyati Buxoro”) nomli asarini arab tilida yozib, uni Somoniylar amiri Nuh ibn Nasr (hukmronlik davri: 943 – 954 y.)ga bag‘ishlagan. Narshaxiyning o‘g‘li Abu Bakr Mansur va nevarasi hadisshunos olim Abu Rafi Ali ibn Mansur ibn Muhammad ibn Ja’far asarni arab tilida davom ettirishib, Mansur ibn Nuh (hukmronlik davri: 997 – 999 y.), ya’ni so‘nggi Somoniylar davrigacha to‘ldirishgan. Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy (1069 – 1142)ning “Kitob al-qand” (“Samarqandiya”) va Abu Sa’d as-Sam’oniy (1113 – 1167)ning “Kitob al-ansob” asarlarida Narshaxiy haqida ma’lumotlar mavjud. Narshaxiy o‘z tug‘ilgan qishlog‘ida 60 yoshida 959 yili vafot etgan. Xullas, Buxoroning ko‘hna Narshax qishlog‘i Narshaxiy nash’u namo topgan maskan hisoblanadi .
Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarining “Buxoro va unga qo‘shiladigan joylar” nomli to‘rtinchi bobida Karmina (Karmana), Nur (Nurota), Tavois, Iskajkat, Sharg‘, Zandana, Vardona, Afshina (Afshona), Barkad, Romtin (Romitan), Varaxsha, Baykand (Poykent), Farab (Forob) singari 13 ta Buxoro qishloqlari va shaharlariga maxsus to‘xtab o‘tilgan. Shunisi xarakterliki, bu o‘rinda faqat Tavois viloyat sifatida tilga olingan. Tavois viloyati hududiga taxminan hozirgi Qiziltepa tumani to‘g‘ri keladi. Narshaxiyning Tavois viloyati haqidagi fikrini birlamchi tarixiy manba bo‘lganligi uchun ushbu o‘rinda to‘liq keltirib o‘tishni lozim topdik:
«Yana Tavois. Bu Buxoro viloyatlaridan bo‘lib, asl nomi Arquddir. Unda boy va zebu ziynatni sevuvchi kishilar yashaganlar. Zebu ziynatga berilganligidan har bir kishi ziynat uchun uyida bitta yoki ikkita tovus saqlagan. Arablar (bu yerga kelishdan) ilgari tovusni ko‘rmagan ekanlar, bu yerda ko‘p tovuslarni ko‘rib, u qishloqni “Zot ut – tavois” – “Tovuslar egasi” deb ataganlar, uning asl nomi esa unutilgan; undan keyinroq “zot” so‘zini tashlab tovus deb qo‘ya qolganlar. Unda masjidi jome bor, u katta bir shahristonga ega, qadimgi vaqtlarda (har) kuz faslida u joyda o‘n kun bozor bo‘lar edi. U bozorda shunday rasm bor ediki, (boshqa bozorlardan surilib qolgan) har qanday nuqsonli qullar, chorva mollari va boshqa aybli qoldiq narsalar bo‘lsa hammasi bu bozorda sotila berar va ularni qaytarib berishning hech iloj – imkoni bo‘lmas edi; na sotuvchi va na oluvchining hech bir sharti qabul qilinmas edi. Har yili (shu o‘n kunda) bu bozorga masalan, Farg‘ona, Choch va boshqa joylardan kelgan savdogarlar va turli hojatmandlardan o‘n mingdan ortiq kishi hozir bo‘lishar va ko‘p manfaat topib qaytar edilar. Shu sababli bu qishloqning aholisi boy kishilar edilar va boyliklari dehqonchilik tufayli emas edi. Tavois Samarqandga boradigan katta yo‘l ustida bo‘lib, undan Buxorogacha yetti farsangdir» .
Narshaxiy yozib qoldirgan ma’lumotlarga tayanib, shuni aytish mumkinki, dastlab Tavoisning nomi Arqud bo‘lgan. Milodiy era boshlarida bu yerda zardushtiylarning muqaddas otashkadasi va otashgoh bo‘lgan. Ma’lumki, otashkada zardushtiylik dini ibodatxonasi hisoblanib, u dastlab diniy marosim va ibodatlarni bajarish maskani bo‘lgan. Asta – sekin otashkadalarning vazifasi o‘zgarib borib, jamoa yig‘inlari va boshqa tadbirlar o‘tkaziladigan joyga aylangan. Bino oldida doimo olov yonib turadigan otashkada maydoni bunyod etilgan. Otashkadalar diniy udum va marosimlarni o‘tkazadigan manzil bo‘lish bilan birgalikda ma’naviy va ma’rifiy ishlar markazi ham hisoblangan. Otashgoh (olovxona) esa zardushtiylar sig‘ingan, doimiy olov yonib turadigan maxsus bino sanalgan. Otashgohlar qavm raisi tomonidan tayinlangan ozarbon (otashbon) tomonidan qo‘riqlanib, nazorat qilib turilgan. Xullas, Tavoisda joylashgan ushbu otashkada va otashgoh bir necha yuz yillar davomida mavjud bo‘lgan.
Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at – Tabariy (qisqacha Tabariy; 839, Tabariston [Eron]ning Amul shahri – 923 yil, Bag‘dod) mashhur tarixchi, faqih va filolog hisoblanadi. U mahalliy zodagon oilasida tug‘ilgan. Amul shahrida dastlabki ta’limni olgan. So‘ngra Ray, Bag‘dod, Basra, Kufaga borib, zamonasining mashhur ulamolariga shogird tushgan. 867 yil Misrga borganida u yetuk olim sifatida e’tirof etilgan.
Tabariy fiqh va tarix ilmlarini mukammal egallab, bu ilmlar va Qur’on, hadislar bo‘yicha arab tilida 20 dan ortiq asarlar yozgan. “Tarix ar-rusul va-l-muluk” (“Payg‘ambarlar, podshohlar va xalifalar tarixi”; u “Tarixi Tabariy” nomi bilan mashhur) asarida qadimgi Eron podshohlari, Rim va Vizantiya imperatorlari, xalifalik hududidagi yurtlar (xususan, Xuroson va Movarounnahr)ning 915 yilgacha bo‘lgan tarixi o‘z ifodasini topgan. Asarda Turkiston xalqlarining arab bosqinchilariga qarshi kurashi va qo‘zg‘olonlar (Buxoro, Vardona, Tavois, Samarqand va Farg‘onadagi janglar; Abu Muslim harakati, Muqanna qo‘zg‘oloni, Rofe ibn Lays qo‘zg‘oloni va h.k.) ham ko‘rsatilgan .
“Tarixi Tabariy” asari bizgacha to‘liq yetib kelmagan. Bu asarni buxorolik tarixchi va davlat arbobi Abu Ali Muhammad Bal’amiy (974 yil vafot etgan) qayta ishlab va yangi ma’lumotlar bilan boyitib, fors tiliga tarjima qilgan. Bal’amiy asari “Tabariy – Bal’amiy tarixi” nomi bilan mashhur.
Arab lashkarboshisi Qutayba ibn Muslim (660 – 715) Amudaryodan o‘tib, Buxorxudotlar podsholigiga bostirib kirgan davrda Arqud qishlog‘i yonida maxsus qarorgoh – harbiy lager qurgan. Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at – Tabariy tomonidan yozilgan “Tarix ar – rusul va-l-muluk” asarining hijriy 91 yil (milodiy 709 – 710 yil) voqealari tasvirlanganda bu xususda so‘z boradi. Tabariyning yozishicha, bu qishloqda zardushtiylarning otashkada va otashgohidan tashqari ko‘plab tovuslar ham bo‘lgan. Arablar ilk marta bu yerda tovusni ko‘rishgach, qishloqqa “Zot ut – tavois” (“Tovuslar egasi”) deb nom berishgan .
Ibn Xurdodbeh nomi bilan mashhur bo‘lgan Abulqosim Ubaydulloh ibn Abdulloh (820 – 913) mashhur geograf va tarixchi bo‘lib, u Eronda tug‘ilgan. Bag‘dodda ma’lumot olgan. Jibal viloyati (Eronning shimoli-g‘arbida) aloqa mahkamasi boshlig‘i vazifasida ishlagan. Ibn Xurdodbehning arabcha bizgacha yetib kelgan ilk geografik bayoniy uslubdagi “Kitob al-masolik va-l-mamolik” (“Yo‘llar va mamlakatlar haqida kitob”) asarida, jumladan, Kaspiy dengizi bo‘yidan to G‘arbiy va Sharqiy Turkistongacha bo‘lgan hududdagi mamlakatlar va ularning aholisi, shaharlar orasidagi masofa, yo‘llar, aholidan olinadigan soliqlar haqida muhim ma’lumotlar bor.
“Kitob al-masolik va-l-mamolik” asarining 15-faslida Buxoro vohasi, shuningdek, Karmana va Tavois viloyatlari to‘g‘risida quyidagi muhim ma’lumotlar mavjud:
“Amul [hozirgi Turkmanobod]dan to Balx daryosi [Amudaryo] qirg‘og‘igacha 1 farsang , Farabr [Forob] kechuvigacha ham 1 farsang, keyin Xisn Umm Ja’far qasridan cho‘lgacha 6 farsang, u yerdan Baykand [Poykent]gacha 6 farsang, so‘ngra Buxoro devorining darvozasigacha 2 farsang, Mastin qishlog‘igacha 1,5 farsang, Buxorogacha 1,5 farsang. Amuldan Buxoroga [hammasi bo‘lib] – 19 farsang. Buxoroda qal’a-qo‘rg‘on [Ark]bor; Buxoro viloyati shaharlaridan: Karmina [Karmana], Tavovis, Bamijkas , Vardona, Baykand (savdogarlar shahri) va Farabr [Forob].
Buxorodan Shark [Sharg‘] qishlog‘igacha 4 farsang, u yerdan Tavovisgacha 3 farsang, u yerdan Kukshibag‘angacha 6 farsang. Bu joydan janub tomonda as-Sin tog‘lari joylashgan. Kukshibag‘andan Karmina [Karmana]gacha 4 farsang, undan nari Dabusiyagacha 5 farsang, Arbinjon [Rabinjon]gacha 5 farsang, Zarmanagacha 5 farsang, Alkama qasrigacha ham 5 farsang, Samarqand shahrigacha 2 farsang. Buxorodan Samarqandgacha [hammasi bo‘lib] 39 farsang” .
Bu ma’lumotlarga ko‘ra, Tavois qishlog‘i Buxoro shahridan 7 farsang uzoqlikda joylashgan bo‘lib chiqadi.
Ibn al-Asir nomi bilan mashhur bo‘lgan arab tarixchisi Izzuddin Abulhasan Ali (1160, Suriya – 1234, Mosul) Iroqning Mosul va Bag‘dod shaharlaridagi madrasalarda tahsil ko‘rgan, so‘ng ilm talabida Shom (Suriya)ga safar qilgan. U yerdan qaytgach, butun umrini uzlatda tarixga doir asarlar yozish bilan o‘tkazgan. Eng yirik va muhim asari – “Al-Komil fit-ta’rix” (“Tarix bo‘yicha mukammal asar”) bo‘lib, u 12 jilddan iborat. Unda islom olamida insoniyat tarixining ilk davrlaridan 1230 yilgacha bo‘lgan voqealar, xususan, Xuroson va Movarounnahrning XII asr va XIII asrning birinchi choragidagi tarixi yilma-yil bayon qilingan. Asarning mo‘g‘ullar istilosiga bag‘ishlangan so‘nggi jildlari qimmatli manba hisoblanadi.
“Al-komil fit-ta’rix” asarining hijriy 482 yil (milodiy 1089 – 1090 yillar) voqealari bayonida, Saljuqiylar sultoni Malikshoh I (hukmronlik davri: 1072 – 1092) Movarounnahrga yurishi jarayonida hozirgi Qiziltepa tumani hududi Tavois [Tavovis] nomi tilga olinadi. Asarning “Samarqandning ikkinchi marta egallanishi” bobida shunday ma’lumotlar bor:
“Sulton Malikshohga Samarqandda tartibsizliklar bo‘lganligi va jikil [qavmi] boshlig‘i Ayn ad-Davlaning o‘ldirilishi haqida xabar yetgach, u Samarqandga qaytadi. Sulton Malikshoh Buxoroga kelganda, Samarqandni bosib olgan Ya’qub Farg‘onaga qochib ketdi va so‘ngra o‘z mulkiga yetib bordi. Uning qo‘shini sultonga tobe’lik izhor qildi. Sultonni Tavovis qishlog‘ida kutib olishdi. Sulton Samarqandga kelgach, uni egalladi va u yerga hokim qilib Abrani tayinladi va Ya’qub izidan ta’qib qilishga kirishdi. Sulton O‘zganda to‘xtab, qo‘shinni Ya’qub izidan jo‘natdi. Sulton Koshg‘ar podshosiga odam yuborib, u Ya’qubning birodari bo‘lgan, o‘ziga yordam berishni va Ya’qubni unga qaytarishni so‘radi…” .
Demak, Tavois qishlog‘ining mavqei Saljuqiylar va Qoraxoniylar davrida (XI – XII asrlar) ham baland bo‘lgan. 1090 yilda sulton Malikshohni bu yerda maxsus kutib olinishi Tavoisni Buxoro va Samarqand o‘rtasidagi shahar va qishloqlarda alohida nufuzga sazovor bo‘lganligini anglatadi.
Tavois tavsifi keltirilgan tarixiy va geografik manbalar orasida “Kitobi hudud al-olam minal mashriq ilal mag‘rib” (qisqacha: “Hudud ul-olam” – “Olam chegaralari”) nomli tarixiy-geografik asar muhim o‘rin tutadi. Noma’lum muallif tomonidan fors tilida 982 – 983 yillarda Juzjon viloyatida yozilgan “Hudud ul-olam” asari shu viloyat hokimi amir Abul Xoris Muhammad ibn Ahmadga bag‘ishlangan. Bu asar o‘z zamonasida ham, XIX asr oxirigacha ham shu nom bilan hech qaysi manbada qayd etilmagan. Asar boshqa nom bilan mashhur bo‘lganligi ta’kidlanadi. Asarning yagona qo‘lyozma nusxasini Abdulfozil Gulpoygoniy 1892 yili Buxorodan topgan.
“Hudud ul-olam” asari jami 60 bob (maqola)dan iborat bo‘lib, muallif yerning obod qismini 51 viloyatga bo‘lgan. Asarda O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekistonga doir geografik, etnografik ma’lumotlar ko‘plab uchraydi. Xususan, Buxoro, Poykend, Sug‘d, Tavois, Karmana, Kushoniya, Samarqand, Kesh, Termiz, Kot, Farg‘ona, Shosh hamda boshqa shahar va viloyatlar ta’rifi keltirilgan.
“Hudud ul-olam” asarining “Movarounnahr nohiyati va undagi shaharlar haqida so‘z” nomli bobida Buxoro shahri (tarixiy viloyati) va unga qarashli shahar va qishloqlar to‘g‘risida muhim ma’lumotlar bor. Bu o‘rinda ushbu asarning Buxoroga tegishli qismini to‘liq keltirib o‘tmoqchimiz:
“Bu [Movarounnahr] shunday nohiyatki, uning sharqiy hududi – Tibat hududiga tutash, janubi – Xuroson, g‘arbi – G‘uz va Xallux [Qarluq], shimoli ham Xallux hududi [bilan chegaradosh]. Bu katta va obodon nohiyat, noz-ne’matlari mo‘l; Turkistonning eshigi va savdogarlar [gavjum] joy. [U yerdagi] odamlar jangovar, zafar qozonuvchi, mergan va pokdin. Bu adolat hukmron nohiyat erur. Uning tog‘larida kumush va oltin konlari va qimmatbaho toshlar juda ko‘p, turli ma’danlar, rux kuporosi, nargimusili oltingugurt, oltingugurt va navshodir (nashatir) ham tog‘dan [qazib] olinadi.
Buxoro Movarounnahrdagi eng katta va obod shahar, Mashriq podshosi [Somoniylar davlati]ning poytaxti. [Havosi] nam joy, mevalar va oqar suvlar ko‘p. Odamlari mergan va zafar qozonuvchi. U yerda yaxshi jun gilam-palos, sholcha va joynamoz tayyorlanadi, pashmin va sho‘ra (ham) ishlab chiqariladi (va uni boshqa) joylarga olib ketadilar. Buxoro hududi o‘n ikki farsangga o‘n ikki farsangdir va uning gir atrofi uzluksiz devor bilan o‘rab olingan va uning hamma rabotlariyu qishloqlari ana shu devor ichkarisida.
Mu’kon [Mug‘kon], Xujodiy, Dando‘na [Zandane], Bo‘mikas [Bumijkas, Numijkas, Numijkat], Madyomijkas, Jazg‘ankas – Buxoro hududidagi minbarli shaharchalar va obodon joylardir, ekinzorlari ko‘p.
Farab [Forob] – Jayxun [daryosi] bo‘yidagi shaharcha, daryo mirining qarorgohi o‘sha yerda, atrofi cho‘l.
Baykand [Poykent] – shaharcha, uning mingga yaqin raboti bor, yeri yaxshi; u yerda Buxorodan keltirib dafn etilgan gurxonlarning [Qoraxitoy hukmdorlarining] qabr-sag‘analari bor.
Sug‘d – nohiyat, mashriq nohiyatlari ichida undan xurramroq joy yo‘q . Oqar suvlar va daraxtlar ko‘p, havosi sog‘lom, odamlari mehmondo‘st va quvnoq, noz-ne’mat farovon va obod joy; yumshoq tabiatli, diyonatli odamlar ko‘p.
Tavovis – Buxoroga qarashli shaharcha, Sug‘d sarhadida; unda har yili bir kun bozor bo‘ladi va ko‘p xalq yig‘iladi.
Karmina, Dabusiy, Rabinjon – Sug‘ddagi shaharchalar, [Buxorodan] Samarqandga boradigan yo‘lda; obod [joylar], noz-ne’mat, oqar suvlar va daraxtlar [ko‘p].
Kushoniy – Sug‘ddagi eng obod shahar” .
Demak, “Hudud ul-olam” asari yozilgan X asr oxirlarida Tavois gullab-yashnagan. Bu paytda Somoniylar davlatiga qarashli Tavois shahrida hayot qaynagan, qadimgi va ilk o‘rta asrlardagi mashhur bozor bu paytda ham o‘z nufuzini yo‘qotmagan. “Hudud ul-olam” asarida bundan tashqari tog‘lar, daryolar, dengizlar, cho‘llar va qumliklar haqida ham so‘z ketadi. Asarning “Daryolar haqida so‘z” nomli bobida Buxoro daryosi (o‘rta asrlarda Zarafshon daryosi shunday nomlangan) haqida quyidagicha fikrlar mavjud:
“Yana biri Buxoro daryosi. O‘rta Butamon [Zarafshon tizmasi tog‘laridan] to‘rt daryo boshlanadi, olti farsang masofa oqib borgach, to‘rttalasi birlashib batiha (ko‘l) bo‘ladi va uni Daryoj(ch)a ataydilar. Undan bir daryo boshlanadi; Sarushana, Samarqand va Sug‘d hududidan oqib o‘tadi. Buxoro [viloyati] o‘rtasidan oqib, [suvining] bir qismi Buxoroning ekinlariga sarf bo‘ladi va yana bir qismi esa Ovozai Baykandga borib quyiladi” .
Xullas, Ibn Xurdodbeh, Tabariy, Narshaxiy, Ibn al-Asirning asarlari va noma’lum muallifning “Hudud ul-olam” asarida (IX – XIII asrlar) Tavois tarixiga oid muhim ma’lumotlar mavjud. 

“Qiziltepa tarixi” kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>