2018/08/20 1:08:54

Sovet tuzumi qatag‘on siyosatining qiziltepaliklar qismatiga ta’siri

loading...

O‘zbekiston SSRda siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy hayotning barcha sohalari ustidan Markazning qattiq nazorati kuchaya borgandi. Tazyiq ko‘rsatish mexanizmi avj olib, o‘ng og‘machilar va turli muxolifatlar fosh etilgan hamda ularga qarshi keskin kurash olib borilgan.

XX asrning 30-yillari o‘rtasiga kelganda butun mamlakatda bo‘lgani singari O‘zSSRda ham ommaviy qatag‘onlar avj olgan. Yirik davlat va jamoat arboblari, partiya va xo‘jalik rahbarlari, ziyolilar, ruhoniylar va harbiylar bilan birgalikda oddiy kishilar – ishchilar va kolxozchilar ham qatag‘on qilindi.

1937-1939 yillarda to‘qib chiqarilgan soxta ayblovlar bo‘yicha O‘zbekistonda 41000 nafardan ortiq kishi xibsga olinib, ulardan 37000 nafardan ortig‘i jazolandi. 6920 nafar kishi esa otib o‘ldirishga hukm qilindi. Faqat davlat va jamoat arboblari, yozuvchi, shoir va olimlardan 5758 nafar kishi qamoqqa olinib, ulardan 4811 nafar kishi otib tashlangan edi. Bu ma’lumotlar respublikamiz miqyosida qizil terror qanchalik keng miqyosda shafqatsiz ravishda amalga oshirilganligining yaqqol isboti hisoblanadi.

Bu jarayonlar Buxoro vohasining, jumladan, Qiziltepa tumani hududini ham chetlab o‘tmadi. Qiziltepa tumanidan yuzlab kishilar mudhish qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lishdi. Shuningdek, O‘zbekistonda yer-suv islohoti va kolxozlarni tashkil qilish davrida ham ko‘p qiziltepaliklar qatag‘on qilindi.

1930 yilda O‘zbekistonda maxsus ko‘chirilgan quloq oilalari uchun 19 ta maxsus sovxoz tashkil etilgan. Bu maxsus sovxozlarning biri “Hazorbog‘” sovxozi (hozirgi Surxondaryo viloyati Denov tumani hududida) bo‘lgan. Bu joyga XX asr 30-yillarda ko‘plab quloq qilinganlar surgun qilinib keltirilgan. Ular “Hazorbog‘” savxozida mislsiz og‘ir sharoitda yashab, mehnat qilishgan. O‘sha surgun qilinganlarning ayrimlari hozirgi paytda ham Hazorbog‘da istiqomat qilishadi. Ular ichida qiziltepaliklar ham ko‘p bo‘lgan. Professor Rustambek Shamsutdinov 2003 yil 26 aprelda Hazorbog‘da istiqomat qilayotgan Pirim Hasanovning xonadonida bo‘lib, undan otasi haqidagi xotiralarni yozib olgan. Bu xotira R.Shamsutdinovning “Qishloq fojeasi: jamoalashtirish, quloqlashtirish va surgun” kitobida quyidagicha keltirilgan:

“Otam Hasan Mavlonboy o‘g‘li, onam Hoji aya Haqberdiyeva bo‘lib, biz 6 og‘a-ini edik. 1930 yili yer, ot-ulov, mol-mulk, echki, hamma narsani olib Qiziltepadagi Rovonbek ko‘liga surgun qilishgan. Butun xo‘jalikni 1931 yil 3 oktyabrda Hazorbog‘ mehnat qishlog‘iga ko‘chirib olib keldilar. 18 jon edik. Katta akam Ro‘zi santexnik, Mirzo traktorchi, Mamarajab ishchi bo‘lib ishlagan. Men o‘sha 1931 yili ozroq ishladim… Biz 1950 – 1952 yillarda oqlandik. Keyin otam ozgina aravakashlik qildi…”.

Hazorbog‘ qishlog‘iga surgun qilinganlar orasida Qiziltepa tumanining Oqsoch qishlog‘idan Jo‘raboy Bahromov ham bo‘lgan. U ham surgunda ko‘p mashaqqatlar chekkan.

Bu paytda O‘zbekiston SSRda maxsus 12 ta quloqlar posyolkasi bo‘lgan. Ulardan birinchisi Shofirkon tumanidagi Jilvon degan joyda 52 xo‘jalikdan tashkil topgan. Ikkinchi posyolka 1930 yil avgustda Qoraqalpoq degan joyda 70 xo‘jalikdan tashkil qilingan. O‘sha yili uchinchi va to‘rtinchi posyolkalar G‘ijduvon tumanining Rayonobod degan joyida 73 xo‘jalikdan, Ko‘lodina degan joyda 101 xo‘jalikdan tashkil topgan. Bu quloq posyolkalarida qiziltepaliklar ham bo‘lgan.

Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, Qiziltepa tumanidan faqat 1937 yil 10 avgustdan to 1938 yil 1 yanvargacha 70 kishi soxta ayblar bilan ozodlikdan mahrum etilgan. Ushbu katta terror 1938 yilning noyabr oyigacha davom etgan. Quyida qiziltepalik qatag‘on qurbonlaridan ayrimlari haqida ma’lumotlar keltirib o‘tmoqchimiz:

Bahriddin Najmiddinov – 1868 yil Qiziltepa tumani Zarmitan qishloq sovetidagi Rohobod qishlog‘ida tug‘ilgan. U 10 yil muddatga mehnat tuzatuv lageri (MTL)ga jazoni o‘tashga hukm qilingan.

Narzulla Ochilov – 1901 yilda Qiziltepa tumanidagi Zarmitan qishlog‘ida tug‘ilgan. Unga 10 yil qamoq jazosi berilgan, muddati 1937 yil 20 avgustdan.

Idris Husainov – 1899 yilda Qiziltepa tumanidagi Oqsoch qishlog‘ida tug‘ilgan, otuvga hukm qilinib, unga tegishli mol-mulk musodara etilgan.

Otaqul Nurov – 1897 yilda Qiziltepa tumanidagi Arabxona qishlog‘ida tug‘ilgan. Kolxozchi, quloq qilingan. U otuvga hukm etilgan va mol-mulki musodara qilingan.

Rahmon Vosiyev – 1899 yilda Qiziltepa tumanidagi Toshrabot qishlog‘ida tug‘ilgan. 1932 yilda tumandan quloq sifatida surgun qilingan. Surgun joyidan qochgan. U hibsga olingan paytda kolxozchi bo‘lgan. U 10 yil muddatga MTLga hukm qilingan va jazo muddati 1937 yil 15 noyabrdan hisoblangan.

Tosh Husainov – 1912 yilda Qiziltepa tumanidagi Mayta qishlog‘ida tug‘ilgan. Qo‘rboshining jiyani. U 1933 yilda 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu gal u otuvga hukm qilingan va mol-mulki musodara etilgan.

Azim Hamroyev – 1914 yilda Qiziltepa tumanidagi Bog‘iazim qishlog‘ida tug‘ilgan. 1935 yilda “bosmachilik” harakatida qatnashganlikda aybdor deb topilib, qamoqqa olingan. U 10 yil muddatga mehnat tuzatuv lageriga jazoni o‘tashga hukm qilingan.

Ashur Eshov – 1913 yilda Qiziltepa tumanidagi Vang‘ozi qishlog‘ida tug‘ilgan. Hibsga olingan vaqtda kolxozda yashagan. U 10 yil muddatga mehnat tuzatuv lageriga jazoni o‘tashga hukm qilingan.

Berdi Qodirov – 1909 yilda Qiziltepa tumanidagi Bobodo‘g‘i qishlog‘ida tug‘ilgan, hibsga olingan paytda kolxozchi. U 10 yil muddatga mehnat tuzatuv lageriga jazoni o‘tashga hukm qilingan.

Xoliq Xudoynazarov – 1903 yilda Qiziltepa tumanidagi G‘ardiyon qishlog‘ida tug‘ilgan. Sobiq quloq, u surgunda yashiringan. U 10 yil muddatga mehnat tuzatuv lageriga jazoni o‘tashga hukm qilingan.

Salim Yo‘ldoshev – 1907 yilda Qiziltepa tumanidagi Zarmitan qishlog‘ida tug‘ilgan, sobiq “bosmachi”. Hibsga olingan vaqtda kolxoz raisi. U otuvga hukm qilingan va mol-mulki musodara etilgan.

Qiziltepa tumanidan 1937 – 1938 yillarda qatag‘on qilingan kishilardan yana biri Tesha Ne’matov bo‘lgan. U 1901 yilda Qiziltepa tumani Zarmitan qishloq sovetiga qarashli Rohobod qishlog‘ida tug‘ilgan. Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darib tashlangach, u Buxoroda ochilgan olti oylik kichik qizil komandirlar tayyorlash kursida 1921 yili o‘qiydi. U keyinchalik qizil armiya safida chekistlar otryadida xizmat qiladi. 1937 yilda qamoqqa olinadi. Bundan avval ham 1922 yil va 1933 yilda ikki marta qamoqqa olingan va qisqa muddat ozodlikdan mahrum qilingan edi. Bu gal Tesha Ne’matov o‘n yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan. U Nogayevo qamoq lagerida 1940 yil 10 iyulda vafot etgan. Rohobodlik chekist taqdiri to‘g‘risida huquqshunos va jurnalist Fayzulla Qilichev sud ocherki yozgan.

Bo‘stondagi klubda 1937 yil kuzida bo‘lgan O‘zbekiston SSR Oliy sudi maxsus kollegiyasi Qiziltepa tumani partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Abdukarim Iskandarov, ikkinchi kotib Ahmad Rahmatov, ijroqo‘m raisi Bozor Ikromov, tayyorlov komissarligining tumandagi vakili Nusrat Sharipov, MTS direktori Ahmad Ne’matov, uning siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ahad Asadov, Quyimozor paxta qabul qilish punkti mudiri Qudrat Ortiqov, «Yangi yurish» kolxozi raisi Fayzi Otamurodov, Toshrabot hududidagi kolxozlar partiya tashkilotchisi Boboqul Yo‘ldoshevlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan «xalq dushmanlari»ni «fosh etish»ga bag‘ishlangan ishni bir hafta ko‘radi. Ungacha hamma joylarda mitinglar o‘tkazilib, «Xalq dushmanlariga o‘lim!» deya qarorlar qabul qilinadi. Ularga «trotskiychi» va «Fayzulla Xo‘jayevning dumi» tamg‘asi bosiladi. Lekin ularning nima aybi borligini hech kim bilmaydi. Sud Abdukarim Iskandarov, Bozor Ikromov, Ahmad Ne’matov, Nusrat Sharipov va Ahmad Rahmatovlarni oliy jazo – o‘lim jazosiga huqm qiladi. 18 oktyabrda ular Buxoro shahridagi qabristonlarning birida vahshiylarcha otib tashlanadi. Qolgan 4 kishiga 10 yil muddatga qattiq rejimli qamoq jazosi beriladi.

Xullas, yuqorida ta’kidlanganidek sovet hokimiyati yillarida faqat rahbar xodimlar emas, balki oddiy insonlar – dehqonlar, kolxozchilar, ishchilar ham qatag‘ondan omon qolishmagan. Ba’zi odamlar hali ham sig‘inib maqtaydigan sovet tuzumi siyosatining asl mohiyati ana shu emasmikan?!

Murtazobobo Bozorov hikoyasi:

Rahmatli otam Odilbek Buxoro madrasalaridan birida o‘qishni tugatib, Dushanbe masjidida imom bo‘lganlar. Inqilobdan so‘ng diniy kitoblar yo‘qotilib, masjidlar yopilib, ma’lumotli kishilar qamatila boshlangach, oilasini Xatirchi tumani Uchqora qishlog‘iga olib ketadi. U yerda ham otamni qamatishadi. Bizni otam men qirq kunligimda onam bilan Toshrabotga jo‘natadi. Xo‘jaqo‘rg‘onlik qarindoshimiz Bozor bobo bizlarni o‘z qaramog‘iga oladi. «Quloqning o‘g‘li» deb ta’qibga olmasliklari uchun menga o‘z familiyasini beradi. Otam qabrini hali ham izlayman.

Muqaddas buvi hikoyasi:

Otam Mansurbek madrasani tugatgan savodxon inson edilar. Qamatib yubormasliklari uchun Novvoyon qishlog‘idan Kogon tumani Ko‘lishog‘olon qishlog‘iga ko‘chib keldik. Lekin bu yerda bo‘lganimizni ham kimdir organga xabar bergan. Bir kuni otamizni qo‘llariga zanjir bog‘lab olib ketishdi. Shu-shu qaytib kelmadilar. Iloho dushmanlarning uyi kuysin!

Xudoynazar Jumayev hikoyasi:

Buxoroda sovet hokimiyati o‘rnatilgach, ming-minglab savodli, hunarli odamlar qatori bizning oila ham qatag‘onga uchradi. Bobom Hamid oqsoqol 1930 yili Sibirga surgun qilindilar. Otam Xo‘janazar bobo, volidai muhtaramam Mukarram bibi, singlim Hojibegim va meni G‘ardiyondan avval Qizilqum etagidagi Talisang cho‘liga, so‘ng Surxondaryodagi «Hazorbog‘» degan kimsasiz sovxozga olib borib tashlashdi. Bu yerda Buxoro va Samarqand viloyatlaridan, Turkistondan surgun qilingan 900 ga yaqin odam og‘ir, ayanchli mehnatga mahkum qilingan edi…

Amriddin bobo Bahriddinov hikoyasi:

Otam Bahriddin Najmiddin o‘g‘li 1870 yili Rohobodda tug‘ilgan. Iymon-e’tiqodli, halol-pokiza, ishbilarmon odam edi. Avval bir gektar yerda dehqonchilik qilgan. Keyin oyim Salomat Shukrullayeva bilan turmush qurishgach, ona bobom yana bir gektar yerlarini yosh oilaga beradilar. 1928 yili ota-onamiz yana 2 gektar yer sotib oladilar. To‘rt gektar yerda ular jiyanu hamqishloqlarimiz bilan ishlay boshlaydilar. Kolxozlashtirish boshlandi-yu, oilamiz boshiga ham balo-qazo yog‘ilib keldi. Yer, ot-ulov, ho‘kiz, eshak – hammasi tortib olindi. Avval boshqalarga yordam bergan otam endi o‘zlari himoyaga muhtoj bo‘lib qoldilar. Oilada 10 jon qiynalib qoldik. Bundan, albatta otam norozi edilar. 1932 yili bizni Zarmitandan Andijondagi «Savay» sovxoziga surgun qilishdi. It azobini tortdik. 1935 yili masjidlar buzildi, kitoblar yoqildi. Bundan otam noroziligi yanada oshdi. 1936 yili otam kolxozga kirmasdan yakka xo‘jalik bo‘lib ishlash uchun respublika hukumatiga murojaat qildi. 1937 yil 23 martda otamni olib ketishdi. Qaytib kelmadilar.

Bizga «quloq», «sovet hokimiyatining dushmani» deya bermagan azoblari qolmadi. Yaqinda bilsam, SSSR Ichki ishlar xalq komissari Nikolay Yejovning 1937 yil 30 iyuldagi «Sobiq quloqlar, jinoyatchilar va sovetlarga qarshi boshqa unsurlarni qatag‘on qilish to‘g‘risida»gi 00417-buyrug‘iga muvofiq O‘zbekistondan reja bo‘yicha 750 kishi otilishi, 1000 kishi surgun qilinishi kerak ekan. To‘rt oy davom etgan bu operatsiya jarayonida 10700 kishi qamoqqa olinadi, qatag‘on qilinganlardan 1376 nafari otiladi, ulardan yana 4548 kishi surgun qilinadi.

1930 yil 10 avgustda Zagvozdin (rais), Ikromov va To‘rabekov (a’zo)dan iborat O‘zbekiston «uchligi»ning birinchi yig‘ilishi bo‘lib, 80 kishi otuvga hukm qilinadi. Ulardan biri mening otam bo‘lgan. Nihoyat, 1989 yilda otam begunoh deb topilib, o‘limidan so‘ng oqlandi.

Otam nomini oqlash uchun, hayotdan o‘z o‘rnimni topish uchun ko‘p harakat qildim. Men ham vaqti kelib jamiyatda obro‘-e’tibor topdim. Lekin sovet hukumatining otamga, oilamizga ko‘rsatgan jabr-jafosini hech ham unutolmayman.

Muhiba Ne’matova hikoyasi:

Mening bobom Ahmadjon Ne’matov qizil armiya tomonidan Buxoro amirligi bosib olinguncha Vang‘ozidagi Toshmasjid madrasasida o‘qigan ekanlar. U kishi dong‘i ketgan o‘ymakor usta padari buzrukvorlari Ne’matulla maxsumdan bu hunarning siru sinoatlarini o‘rganadilar. Bobom yangi turmush boshlangach, bor kuch-g‘ayrati va bilimini sotsialistik turmushni mustahkamlashga bag‘ishlaydilar. Kolxozga rais, MTSga direktorlik qiladilar va odamlarni texnika bilan ishlashga o‘rgatadilar. Ana shunday jonfido odam 1937 yilning qora kunlaridan birida «madaniy inqilob dushmani», «Fayzulla Xo‘jayevning dumi» degan soxta ayblov bilan otib tashlangan. Oila a’zolari – buvim Musharraf aya va farzandlari Hikmatjon, Ibodjon, Ubaydullajon zor-zor yig‘lab, ota mehriga zor bo‘lib o‘tganlar va ta’na-malomatlar bilan mashaqqatli hayot kechirganlar.

Nihoyat, 1957 yil 8 aprelda oilamizga “Ahmad Ne’matovga nisbatan O‘zbekiston SSR Oliy sudining 1937 yil 11-17 oktyabrda qo‘zg‘atilgan jinoiy ish O‘zbekiston SSR Oliy sudi Prezidiumining 1956 yil 10 noyabrdagi qarori bilan to‘xtatildi”, degan bir parcha qog‘oz keldi.

Oilamizning yigirma yillik azobini, haqoratlar, ta’na dashnomlar jabri tovonini kim to‘laydi? Nahotki ularning qiymati ushbu bir parcha qog‘ozdagi javob bilan belgilansa?!..

“Xalq dushmani” deb qamashlar urush davrida ham, urushdan keyin ham davom etgan. Siyosatga qarshi gapirganlar, tuzumdan norozi bo‘lganlarga turli tuhmatlar uyushtirilib, yo‘qotib yuborilgan.

Markazning jazo choralari XX asr 80-yillarida yana o‘z qilichini yalang‘ochladi. Bu gal “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” to‘qib chiqarildi. Aslida mamlakatdagi yutuqlarni ko‘z-ko‘z qilish uchun qo‘shib yozish yuqoridan tashkil etilgan bo‘lsa-da, uning azobini oddiy paxta brigadiri ham tortdi. Gdlyan va Ivanov, ularning tumandagi gumashtasi Urin o‘z sheriklari bilan besh yil odamlarga katta jabr yetkazdi, topgan-tutganlarini tortib oldi. 1976-1985 yillar tuman partiya qo‘mitasi 1-kotibi bo‘lgan N.Hikmatov aybiga iqror bo‘lmasa-da, qamoqqa hukm qilindi. To‘g‘ri, keyinchalik N.Hikmatov oqlandi. U Buxoro viloyatida rahbarlik lavozimlarida ishladi. Ammo berilgan qiynoqlar, ruhiy azoblar uning hayotdan erta ketishiga sabab bo‘ldi. O‘sha vaqtda tergov berganlarning ko‘pchiligi yetkazilgan azob-uqubatlardan erta xazon bo‘lishdi. Bular hammasi Moskvaning slavyan bo‘lmagan millatlarni ezish, ulardan yetishib chiqayotgan iqtidorli kadrlarni qiron qilish siyosatining ifodasi edi.

Qatag‘on davri qurbonlari va ularning fojiali qismatlari to‘g‘risida ko‘p to‘xtalish mumkin. Sovet hokimiyati yillarida qatag‘on qilingan qiziltepaliklar o‘zbek xalqi boshiga qattol tuzum solgan dahshatlarni yana bir bor bizga eslatib bugungi barkamol avlodni xushyorlik va ogohlikka da’vat etadi.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>