2018/12/17 10:12:00

Somoniylar sulolasining etnik ildizi hamda bu davrda Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy hayot

loading...

Somoniylar hukmronlik qilgan IX – X asrlarda muazzam bir turkiy davlatning poytaxti bo‘lgan Buxoro misli ko‘rilmagan darajada gullab-yashnagan va Sharqning muhim, siyosiy, madaniy, iqtisodiy va diniy markazlaridan biriga aylangan.

Somoniylarning ajdodlari Somonxudot orqali mashhur turkiy sarkarda Bahrom Chubinga borib taqaladi.

Tarixdan ma’lumki, somoniylar sulolasi 819 – 1005 yillarda faoliyat ko‘rsatgan. Ular 874 – 999 yillarda Somoniylar davlatini boshqarganlar. Movarounnahr va Xurosonda hukmronlik qilgan somoniylar sulolasining oilaviy nisbasi, ya’ni nomi ularning bobokaloni bo‘lmish Somonxudot (VII – VIII asrlar) bilan bog‘liq. Somonxudotning etnik kelib chiqishi va tug‘ilgan yurti to‘g‘risida turli ma’lumot va fikrlar mavjud. Abu Bakr Narshaxiy va Hamza Isfahoniy (X asr) keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, Somonxudot Balx viloyatidagi Somon qishlog‘idan, arab geografi Muqaddasiy (946 – 1000)ning ma’lumotiga ko‘ra esa, u Samarqand viloyatidagi Somon nomli qishloqdan bo‘lgan. “Sa’diya” nomli asar (XVII asr)da yozilishicha, uning asl ismi Arquq bo‘lib, Farg‘onadan Termizga ko‘chib kelgan va u yerda Somon nomli qishloqqa asos solgan. O‘rta asrlarda Buxoro, Farg‘ona, Tohariston, Xuttalon va boshqa viloyatlarda ham Somon nomli qishloqlar bo‘lganligi qayd etilgan. Bu ma’lumotlar Somon toponimi o‘rta asrlarda Turkiston mintaqasi va undan tashqari yerlarda ham keng tarqalgan joy nomi bo‘lganligidan dalolat beradi.

Narshaxiy, Beruniy, Gardiziy, Ibn Xavqal kabi tarixchilarning asarlari va “Hudud ul-olam”dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Somonxudot sosoniylar davridagi (sosoniylar sulolasi Eron davlatini 224 – 651 yillarda boshqargan) mashhur turkiy sarkarda Bahrom Chubinning to‘rtinchi yoki beshinchi pog‘onasidagi avlodi bo‘lgan. Bahrom Chubinning kelib chiqishi turkiy qabilalar bo‘lgan eftaliylar bilan bog‘liq. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Bahrom Chubinning bobolari sosoniylar xizmatidagi o‘g‘uz turklaridan bo‘lgan. Bahrom Chubin 590 yilda sosoniylar Eroniga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan. U turklar bilan ittifoq tuzib, qo‘shinga ko‘plab turk askarlarini qabul qiladi va sosoniylar poytaxti Ktesifonga yurish qilgan. Xusrav II Parviz o‘z poytaxtidan qochib, Vizantiya imperatori Mavrikiy oldiga boradi. Sosoniylardan hokimiyatni tortib olib, Bahrom Chubin bir yil taxtda o‘tiradi va hatto o‘zining surati tushirilgan tangalar chiqarishga ham ulguradi. 591 yilda arman, gruzin va vizantiyaliklarning Xusravga sodiq qolgan fors qo‘shinlari bilan birlashgan harbiy kuchlari Armanistondagi Balarat daryosi yonida Bahrom Chubin askarlarini mag‘lubiyatga uchratadilar. Mag‘lubiyatga uchragandan keyin Bahrom Chubin sharqqa qochib, Farg‘onaga Turk xoqoni huzuriga kelgan va turkiy malikaga uylanib, umrining oxirigacha o‘sha yerda qolib ketgan.

Manbashunos va sharqshunos olim Shamsiddin Kamoliddinning yozishicha, Bahrom Chubin Barmuda ismli turk xoqonining do‘sti va maslahatchisiga aylanadi. Bahrom Chubin turk xoqoni El-tegin (Parmuda; Barmuda; Nilixon)ning qiziga uylangan edi. Rivoyatga ko‘ra, sayrga chiqqan xoqonning qiziga vahshiy hayvon hamla qiladi. Bahrom Chubin uni xalos qilgani uchun xoqon unga o‘z qizini erga beradi va unga podshohlikni ato etadi. Turk xoqoni El-Tegin esa buddaviy diniga e’tiqod qilgan bo‘lib, 588 yilda Turk xoqonligi tarkibiga endigina kiritilgan Toxariston va Gandxara hokimi qilib tayinlangan. U Kashmirda buddaviy ibodatxona qurdirgan va Buxoroga buddaviy dinini olib kelgan.

Bahrom Chubin esa oradan ma’lum muddat o‘tgach (taxminan 692 yili) Xusrav II Parviz tomonidan turklar ichiga yuborilgan ayg‘oqchi josus tomonidan zaharlab o‘ldirilgan. Bu haqda mashhur olim L.N.Gumilyov o‘zining “Qadimgi turklar” kitobida aytib o‘tadi.

Shuning uchun Bahrom Chubinning avlodlari o‘zlarini podshohlar oilasiga mansub deb hisoblaganlar va Sosoniylar davlatidagi shahanshohlar oliy taxtiga da’vogarlik qilganlar. Sh.Kamoliddinning yozishicha, Somonxudotning shajarasida keltirilgan ajdodlaridan ko‘pchiligining (Juba, Jamchan, Tamg‘as va boshqalar) ismlari turkiy bo‘lgan. Shunisi diqqatga sazovorki, turkiylarning rivoyatlarida Somonyabg‘u, ya’ni Somonxudot turkiylarning O‘g‘uzxondan keyingi davrlarda yashagan ajdodlari qatorida tilga olinadi.

Xullas, Somoniylar davlatining asoschisi amir Ismoil Somoniy (849 – 907; hukmronlik davri: 874 – 907)ning bobokaloni Somonxudot mashhur lashkarboshi Bahrom Chubinning avlodi bo‘lib, Ismoil Somoniyning qonida ham bobokalonlari Somonxudot va Bahrom Chubin singari turkiy qon oqqan.

Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida keltirilishicha, O‘rta Osiyoga arablar bostirib kirgandan keyin Somonxudot (VII – VIII asrlar) Balx viloyatidan Marvga, xalifaning Xurosondagi noibi (amiri) Asad ibn Abdulloh al-Qushayriy (738 yil vafot etgan; 724 – 727 va 737 – 738 yillarda Xuroson noibi bo‘lgan) huzuriga boradi (725 yili) va undan dushmanlariga qarshi kurashda yordam berishini so‘raydi. Somonxudot Asad ibn Abdulloh yordamida Balxni qaytarib olgach, uning qo‘lida islom dinini qabul qiladi (Somonxudot bundan oldin zardushtiylik yoki buddaviylik diniga e’tiqod qilgan).

Keyinchalik Somonxudot o‘g‘il farzand ko‘rganida, Asad Qushayriyni do‘st tutganidan uning sharafiga o‘g‘liga Asad ismini beradi. Narshaxiyning yozishicha, “Amir Ismoil Somoniyning bobosi shu Asad hisoblanadi. Ismoil Asadning [aslida Ahmadning] o‘g‘li, Asad Somonxudotning o‘g‘li, Somonxudot esa Bahrom Chubin malikning avlodlaridandir”.

Tavois viloyati IX – X asrlarda Somoniylar davlati tarkibiga kirgan. Bu paytda Tavois viloyatida ham katta obodonchilik ishlari olib borilgan. Bu yerda masjid, xonaqoh va madrasalar qurilgan, Zarafshon daryosidan suv oluvchi yangi ariqlar qazilgan.

Tavois qishlog‘idan o‘rta asrlarda ko‘plab ulamolar va muhaddislar yetishib chiqqan. Taniqli tarixchi olim va geograf Abdulkarim Sam’oniy (1112 – 1167)ning 1156 yili Samarqand shahrida yozilgan “Kitob al – ansob” (“Nisbalar kitobi”) nomli asarida Movaraunnahr va Xurosondagi tarixiy va geografik nomlar, tarixiy shaxslar, viloyatlar, shaharlar, qishloqlar, daryolar, ko‘llar, tog‘lar, urug‘ va qabila boshliqlari, olimlar va muhaddislar to‘g‘risidagi ma’lumotlar alifbo tarzida berilib, ularga ancha batafsil izohlar keltirilgan.

So‘nggi o‘rta asrlarda Tavois ikki qishloqqa: Tavoisi Bolo va Tavoisi Poyonga bo‘lingan. XIX – XX asrlarda bu mavze Xoja Bo‘ston deb nomlandi. Bu hududda ilk o‘rta asrlarga oid Shahri Vayron va Abu Muslim tepaliklari xarobasi hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Bugungi kunda Tavois qishlog‘i Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Bo‘ston qishloq fuqarolari yig‘ini hududiga kiradi. Qishloqqa kiraverishda tovusga haykal qo‘yilgan edi…

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>