2017/08/16 6:21:10

Nurota sayyidlari

loading...

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega bo‘lib xalq orasida doimo alohida mavqega ega bo‘lganlar.

Sayyid (arab-janob) avlodlari islomda «xulofo ar-roshidin» (to‘g‘ri borgan halifalar), dindorlar orasida «choryorlar» deb atalgan. Quraysh qabilasining hoshimiylar xonadonidan Muhammad payg‘ambarning amakivachchasi dastlabki to‘rt xalifadan (hazrati Abu Bakr, hazrati Umar, hazrati Usmon, hazrati Ali) to‘rtinchisi Hazrati Ali ibn Abu Tolib va Muhammad payg‘ambarning qizi bibi Fotimadan to‘g‘ilgan imom Hasan va imom Husayn hamda ulardan tarqalgan avlodlar hisoblanadi.

Sayyidlar deyarli barcha musulmon mamlakatlarida mavjud bo‘lib, Eronda ko‘p tarqalgan. Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda ular “to‘ralar”, tojiklar orasida “eshonlar” (fors-tojikcha “ular”) deb ataladi. Sayyidlar Muhammad payg‘ambar (s.a.v) avlodlari davomchilari bo‘lgani uchun janob payg‘ambarimiz hayoti faoliyati to‘g‘risida biroz to‘xtalishni lozim ko‘rdik.

Janob payg‘abarimizning otasi Abdulloh, onasi esa Ominadir.

Muhammad (s.a.v) 570-yilda Makka shahrida to‘g‘ilgan. Muhammad alayhissalomning nasl-nasabi Ibrohim alayhissalomning o‘g‘li Ismoilga taqaladi.

Payg‘ambarimizning bolalik yillarida bir g‘aroyib voqea yuz beradi. U bolalar bilan o‘ynab yurgan vaqtlarida g‘oyibdan oq kiyimli ikki kishi paydo bo‘lib Muhammadning ko‘kragini ochib undan qora nuqta, shayton vasvasasini olib tashlashadi.

Zoti oliylari Muhammad alayhissalom 25 yoshida Xadicha bonuga uylanadi. Xadicha bonu payg‘ambarimizdan ikki o‘g‘il va to‘rt qiz ko‘radi. To‘ng‘ich o‘g‘li Qosim ikki yoshida, ikkinchi o‘g‘li Abdulloh go‘dakligida vafot etadi. Qizlari Zaynab, Ruqayya, Umm-Kulsum va Fotima bo‘lib, ulardan faqat oxirgisi payg‘ambar avlodini davom ettiradi.

Muhammad alayhissalom do‘st-birodarlariga sadoqatli, tabiati yoqimli, xatti-harakati va fe’l-atvori bilan namuna, shirinsuxan inson bo‘lgan. U katta-kichikning, yon-atrofdagilarning hurmatiga sazovor iymoni mustahkamligidan uni “Al-Amin” (ishonchli) “sodiq” (sadoqatli) deb chaqirishgan.

Muhammad (s.a.v)ga dastlabki vahiy kela boshlaganda ular 40-yoshda edilar. Vahiy kela boshlagan birinchi kun Islom tarixida “Laylat ul-qadr” (Qadr kechasi) deb ataladi. Shu kundan boshlab janob payg‘ambarimiz-Ollohning rasuliga aylanadi va yillar davomida ularga Ollohning so‘zi-Qur’oni karim suralari nozil bo‘lib turadi. Muhammadga birinchilardan bo‘lib Xadicha bonu, Ali ibn Abu Tolib, asrandi o‘g‘li Zayd ibn Xoris iymon keltirishadi. Muhammad payg‘ambar (s.a.v) o‘zini xudodan vahiy olayotganini e’lon qiladi. Ko‘p o‘tmay Makkaning eng nufuzli savdogarlaridan Abu Bakr, az-Zubayr, Talxa, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Abdar-Raxmon, ibn Afv, Usmon ibn Affop payg‘ambar ta’limotiga qo‘shiladilar.

Muhammad payg‘ambar jamoasiga jasur jangchilar sifatida tanilgan Hamza bilan Umarning qo‘shilishi jamoaning mavqeini oshiradi. Muhammad payg‘ambar (s.a.v) odamlarni Islom diniga da’vat etishni boshlaydi.

Muhammad payg‘ambar (s.a.v) Arabistonda mavjud bo‘lgan majusiylikni tanqid qilib unga yagona xudo to‘g‘risidagi Islom ta’limotini qarshi qo‘ydi. U 622 yil 22 sentyabrda Madinaga kelib musulmonlar jamoasiga asos soldi va dastlabki musulmon davlatini barpo qildi. U umri davomida Qur’oni karimni xalqqa bamisoli mash’al qilib tortiq qildi.

Muhammad payg‘ambar (s.a.v) hayotining so‘nggi yillarida tuzgan Arab davlati mustaqil davlatga aylandi. Muhammad payg‘ambar (s.a.v) 632 yilning o‘rtalarida, ya’ni 6-oyning 27-kunida 63 yoshida bandalikni bajo keltirdi.

Muhammad payg‘ambar (s.a.v) vafot etgach davlatni xalifalar boshqardilar. Shuning uchun bu davlat tarixda “Arab xalifaligi” deb nom olgan.

Xalifa Usmon davrida Arab xalifaligi hududi kengayib u Suriya, Falastin, Misr, Shimoliy Afrika, Iroq davlarini o‘z ichiga oldi. Islom dini VIII asrda O‘rta Osiyoda, IX-X asrda Tataristonda, X-XII asrlarda Boshqirdistonda tarqaldi.

Tarixiy manbalardan bizga ma’lumki, arablar tomonidan O‘rta Osiyoni (Movarounnahr) fath etish 651-yilda boshlangan. Ular o‘sha yili Marvni ishg‘ol qilishdi. 673-674 yillarda Ubaydulloh ibn Ziyod qo‘shinlari shaharlarga hujum uyushtirishdi. 676 yili Sayyid ibn Usmon boshliq arab qo‘shinlari Buxoroni fatx etishdi. Ular Samarqandni ololmasdan qaytishda Termizni ishg‘ol qilishdi. Belazuriyning yozishicha, xalifa Muoviya 680-683 yillari Salim ibn Ziyod qo‘shinlari Xo‘jandgacha yetib kelishdi.

Uzoq davom etgan urushlar oqibatida O‘rta Osiyo arablar tomonidan zabt etildi.

O‘rta Osiyo shaharlari fatx etilgach, o‘lkaga Islom ilohiyotchilari, diniy rahnamolar-sayyidlar kelib Islom dinini keng ko‘lamda yoyish, xalq ongiga singdirish, mustahkamlash hamda diniy nazorat o‘rnatishda asosiy rol o‘ynadi.

Arablar Markaziy Osiyo va O‘zbekistonga islom dinini olib kirdi. Islom dini bilan birgalikda aholi orasida arab tili, islom madaniyati keng targ‘ib etildi. Islom ilohiyotchilari, tobeinlar, sayyidlar targ‘ibot- tashviqot ishlarini keng ko‘lamda olib bordilar. Ular O‘rta Osiyoning eng asosiy shaharlari Marv, Termiz, Buxoro, Samarqand, Nur, Arbinjon, Tavavis, Binket, Taraz va boshqa ko‘plab-qishloqlarda islomni da’vat qilib masjid-madrasalar qurilishiga katta e’tibor berdilar.

Qadimgi Nur aholisining islomni qabo‘l qilishi qanday kechganligi haqida tarixiy manbalarda hozircha biror-bir ma’lumot uchratmadik. Faqatgina “Qutayba 709 yilda Buxoroga kelganida arablar Buxoro shahristonining bir qismiga, ya’ni “Attoroi darvozasi”gacha bo‘lgan joylarda arab qabilalarining “robi’a” va “mudar” urug‘larini joylashtirdi,”- degan ma’lumot bundan qariyb 1300 yil oldin Nur Buxoro vohasida mashhur bo‘lganligi va Buxoro darvozalaridan biri Nur nomi bilan yuritilganining guvohi bo‘lamiz. Shuningdek, Belazuriyning yozishicha, 671-yilda Basra va Kufa shaharlaridan 50 mingga yaqin arablar O‘rta Osiyo shaharlariga yuborildi. Ular oilalari bilan kelishib shahar va qishloqlarda yashay boshladilar. Narshahiyning yozishicha, Qutayba Buxoroni olgach mahalliy xalq xonadonida ikkiga bo‘lib, ularni yarmisiga arablarni joylashtirdi. At-tabariyning yozishicha, yuqoridagi ahvol Samarqandda ham qaytarildi.

Buxoroga arablar kelib qanday joylashgan bo‘lsa, Buxoroning Nurida ham xuddi shunday holat bo‘lganligini tasavvur qilsa bo‘ladi. Sababi Nuratoning eng katta guzarlaridan biri qadimdan “Guzari arab” (Arabguzar) deb nomlanadi. Nur chashmasining bir arig‘i o‘tadigan bu obravda o‘tmishda arablar dastlab kelib o‘rnasha boshlashgan. Ushbu guzarda yashaydigan Nurotaning yirik avlodlaridan bo‘lgan –“arabho”, “soqiboyonho” (laqabi “po‘k”) antropologik jihatdan arabiy hamda turk-tojik tashqi ko‘rinishiga ega. Arabguzardagi dastlabki mahalla Sayyidato mahallasi bo‘lib, bu mahallada qadimdan “Sayyid” avlodlari istiqomat qilib kelishadi. Nurota sayyidlari taqvodorligi, islomiy fikrlarining chuqurligi, e’tiqodi, sharqona lutflari bilan ajralib turishadi. Ular nihoyatda ko‘rkam, chehralarida “nuri Muhammadiy” balqib turadigan va xalq orasida “karomatli eshonbobolar” degan izzat-hurtatga ega. Ularning o‘zlari va ota-bobolari haqida xalq orasida turli rivoyatlar yuradi.

Xalq orasida mashhur bo‘lgan islom dinining Nurotadagi rahnomolaridan bo‘lmish Muhammad payg‘ambar (s.a.v) avlodlari vakillari- zabardast eshonbobolar- Nusratillaxon, Boboxon, Rajabxon, Amonxon, Lutfilloxon, Jalolxon, Madadxon, Abdurasulxon, Mansurxon, Abdulfayzxon, Islomxon, Sayyidjon, Atoxon, Halimxon, Eshoni Sudur (Tursunxon), Karomatxon, Haydarxon, Muhammadjon, Ibrohimxon, Rajabxon, Ahmadxon, Mo‘minxon, Istamxonlarni Nur xalqi nihoyatda izzat hurmat bilan nomlarini tilga oladi. Ahmadjon eshon boboning aytishlaricha, Nurga dastlab kelgan eshon bobo (Sayyid) Nusratillaxon bo‘lib, ul zot Turkistondan kelgan ekanlar. Eshoni Nusratillaxon, eshoni Akbarxon va eshoni Rajabxonlarning qabrlari Sayyidato mahallasidagi Sayyidlar avlodiga mansub xilxona-mozorotdadir.

Hozirgi Nurqalasining shimoliy-g‘arb tomonidan Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy qabristonida (Xo‘jai Jahon) Nurato Sayyidlari qabristoni joy olgan. Unda eshoni Mansurxon (1337 hijriyda vafot etgan) u kishining o‘g‘illar eshoni Sayyidxon (1887-1949) eshoni Atoxon (1897-1961) eshoni Halimxon (1908-1970)lar qo‘yilgan. Shuningdek ushbu qabristonda eshoni Qodirxonlar ham dafn etilgan. Mazkur qabristonda yana Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniyning ramziy qabri ham bor. Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy haqida Sayyid Nasriddinxon Mo‘minxon o‘g‘li quyidagi rivoyatni aytib berdilar:

Ulug‘ bobokalonimiz Sayyid Atoxon Mansurxon o‘g‘li shunday rivoyatni so‘zlab berganlar:

Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy Nurotaning (Shayx Abdulhasan Nuriy) ziyoratiga kelib 40 kun chillada o‘tirganlar. Ammo Nur ota ul zotga yo‘l bermaganlar. Bir kuni Xuja Abduxoliq G‘ijduvoniy tush ko‘rganlar. Tushlarida oppoq libos kiygan, chehralaridan nur yog‘ilib turgan Nur ota-“savob ish qil”,-deb buyurib turganmish. Shunda ul zot ushbu mozorot yaqinida quduq qazdirgan (hozir bu quduq Sayyid Ahmadxon eshon hovlisida). Shundan so‘ng Xo‘jai Jahon Nur boboning ziyoratiga borgan. Muqaddas chashma suviga tushgan. Shunda eshon bobolardan biri “Qani o‘g‘lim osmonga qarangchi”,- degan. Xo‘jai Jahon chashma ichidan turib qo‘llarini panjara qilib qarab birdaniga yetti qavat osmonni ko‘rgan ekanlar. Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy yashagan joyga eshon bobolar ramziy qabr qurganlariga ko‘p yil bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘zbek musulmonlarining islom tarixini o‘rganish, tadqiq etish bilan birgalikda Muhammad payg‘ambar (s.a.v) hayoti, turmush tarzi, nasl-nasabini o‘rganish ehtiyoji paydo bo‘ladi. Qur’oni karim, hadislar chop etilib, Muhammad Rasulullohning pokiza, mo‘’tabar va ibratli hayoti uning muborak siymosi qaytadan tiklanmoqda.

Ma’lumki kuchli, qudratli davlat kuchli ma’naviyat zaminida vujudga keladi. Yurboshimiz Islom Karimovning bevosita sa’yi harakati bilan mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ma’naviy va madaniy merosimizni tiklash davlat siyosatining ustuvor masalasiga aylandi. “Avesto”ning 2700 yilligi jahon miqyosida nishonlandi. Sohibqiron Amir Temur, Imom al- Buxoriy.Imom Motrudiy, Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshbandiy, Imom at-Termiziy va boshqa ko‘plab buyuk ajdodlarimiz siymosi tiklandi.

Har bir inson o‘z e’tiqodi va diniga amal qilish, o‘zining diniy an’ana, urf-odatlarini bajo keltirish huquqiga ega. Islom dini barcha illatlardan poklanishga, yuksak axloqiy va ma’naviy fazilatlarni qayta tiklashga ko‘maklashadi. Islom dining targ‘ibotchilari, avloddan avlodga yetkazuvchilari-sayyidlar tarixini o‘rganish, ularning shajaralarini tiklash, ularning ibratli tomonlarini, amallarini xalqimizga yetkazish muhim ahamiyatga egadir. Bu ezgu ishlar dinimizni, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklashda, kishilarda odob, axloq, halollik, rostgo‘ylik, poklik singari umuminsoniy fazilatlarni takomillashtirishda, yosh avlodni komil inson etib tarbiyalashda nihoyatda zarurdir.

“Nurato tarixidan sahifalar” kitobidan

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

12

Navoiy viloyati tarkibidagi Qiziltepa tumani: rivojlanish istiqbollari

Xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti sovrindori professor Toji Qorayevning istiqlol sha’niga bitilgan «Mustaqillik yaxshi, mutelik yomon» ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>