2018/10/17 4:58:21

Qosim Shayx Azizon Karmananing buyuk zotlaridan

loading...

qosimshayx    Markaziy Osiyo tarixida alohida mavqega ega bo‘lgan davrlardan biri – bu shayboniylar hukmronligi davridir. Bu davr bir asr davom etib, shu davr tarixida chuqur iz qoldirgan

shayboniyzodalardan biri – Abdullaxon binni Iskandarxon binni Jonibekxondir. U 1534 yilda Karmana yaqinidagi Ofarinkentda (hozirgi Xatirchi tumani atrofida) tug‘ilib, hayotining ko‘p qismi Karmana bilan bog‘liqdir. Abdullaxon va uning otasi Iskandarxon davrida Buxoro xonligi, jumladan, uning ajralmas qismi bo‘lgan Karmana ham rivojlangan, obod mavzelardan biriga aylangan. XVI asrning ikkinchi yarmida Buxoro poytaxtga aylanib, gullab-yashnashida mamlakat hukmdori Abdullaxonning xizmatlari salmoqli bo‘lgan bo‘lsa, zabardast hukmdorning xarbiy-siyosiy muvaffaqiyatlarida esa Karmanalik mashhur sufiy hazrat qutb ul-avliyo Qosim Shayx Azizonning hissasi beqiyosdir. Markaziy Osiyo tarixidan ma’lumki, har bir hukmdorning bir necha diniy ustozi – piri bo‘lgan. Buxoro hukmdori Abdullaxonning mashhur Jo‘ybor xo‘jalaridan bo‘lgan bir necha pirlaridan biri qosim Shayx Azizondir. Qosim Shayx XVI asrning yirik ma’naviy barkamol shayxlaridan edi. Jo‘ybor shayxlari mamlakat poytaxti Buxoroda yashaganlar, Qosim Shayx esa Karmanada umrguzaronlik qilgan. Qosim Shayx XVI asr ma’naviy-siyosiy hayotida muhim o‘rin egallab, shu davr mamlakat tasavvufining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, u kishining ma’naviy silsilasi Xo‘ja Axmad Yassaviyga borib taqaladi. Qosim Shayxning anchagina muridlari ham bo‘lgan.qosimshayx3 Masalan, Samarqand yaqinidagi Ashobod qishlog‘ida yashab o‘tgan Xazrat Shayx Olim Azizon va shu viloyatning Sayid Ohu qishlog‘idan bo‘lgan Xazrat Pirimlar u kishining mashhur muridlaridan hisoblangan. Abdullaxon mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir masalalarni hal qilishda qiynalgan vaqtlarida doimo Qosim Shayxga murojaat qilib turgan. U kishi esa shohga zarur maslahatlar berib, muxolif tomonlar o‘rtasidagi turli nizolarni bartaraf qilishda yordam qilgan. Masalan, Buxoro hukmdori shayboniyzoda Abdulazizxon 1550 yilda vafot etgach, shayboniylar sulolasining turli vakillari o‘rtasida Buxoro taxti, Karmana va Miyonkol uchun kurash boshlanib ketadi. 17 yoshli Abdullaxon shu murakkab vaziyatda o‘zini qo‘llab-quvvatlash va ko‘mak berishini so‘rab Qosim Shayxga murojaat qiladi. Shayx uni duo qilib, ko‘p payt mudofaada turishni maslahat beradi. Shunday yurishlardan biri – Karmana qo‘rg‘oni uchun bo‘lgan 12 kunlik janglardan so‘ng Abdullaxon dushman bilan tinchlik sulhi tuzadi va qon to‘kilishining oldini olib ko‘p kishini o‘limdan asrab qoladi. Bu bevosita Qosim Shayx Azizon maslahati bilan bo‘ladi. XVI asrning ikkinchi yarmida Abdullaxon tasarrufidagi Shahrisabzga Turkiston hokimi Bobosulton da’vogarlik qilganda, ma’lum harbiy-siyosiy vaziyatni hisobga olib va ortiqcha qon to‘kilishining oldini olishga urinib, Qosim Shayx Azizon uni da’vogarga vaqtincha bo‘lsada, topshirishni xonga maslahat beradi va bu maslaxat ham amalga oshadi. 1569 yilda Turkiston va Samarqand hukmdorlari Dabusiya va Karmanani egallab, Abdullaxon qo‘shinlari bilan kurashni G‘ijduvonning G‘ishti yaylovlarida davom ettirayotganlarida Buxoro hukmdori Abdullaxonning qo‘li baland keladi va uning raqiblari Qosim Shayxga murojaat qilib, xon bilan yarashtirib qo‘yishni so‘raydilar. Shayx jangu jadallardan madori qurigan, bosqinchilar joniga tekkan aholiga xayri-xoh bo‘lib, ularni yarashtirib qo‘yadi. Qosim Shayx Azizon 1576-1577 yillarda bir-biri bilan kurashib turgan uch hukmdorni – Xorazm shohi Xoji Muhammadxonni, Qipchoq dashtidan qozoq, Eshimxon va Abdullaxonni Karmanada bir kigiz ustida o‘tirg‘izib, sulh to‘zishga erishganligi «Abdullanoma»-da qayd etilgan. Qosim Shayx hayotida bunday holatlar ko‘p marta bo‘lgan. Qosim Shayx Azizon xalq, manfaatlarini butun umri davomida himoya qiladi. U kishi soliqchilar tazyiqiga yo‘l qo‘ymaydi, mamlakat farovonligi, tinchligi va osoyishtaligi uchun umr bo‘yi kurashadi. Xofiz Tanish ibn Muhammad Buxoriyning «Abdullanoma» asarida Qosim Shayx haqida «Ul xazratning kimyo xosiyat xayollarida butun valiyat jamiyatini birlashtirmoq, turli tabaqadagi xalqlarning yaxshi kun kechirmog‘i, mamlakat va mulkning osoyishtaligi, yaxshilarga himmat va iltifot ko‘rsatmoq bo‘lgan», deyilgan so‘zlar bor. Qosim Shayxning «Raddi shiya» (Shia dinini rad etish) asari borligini XX asrning boshida yashagan nemis olimi, sharqshunos Brokelman eslatadi. Qosim Shayxning asari borligini boshqa olimlar ham tilga oladi. Afsuski, bu asarlar tarix qa’rida yo‘qolgan. qosimshayx1Qosim Shayx salkam 80 yoshni qarshilab turganida, 1581 yilda vafot etadi. U kishi Karmanada dafn etilgan. 2003 yilda allomaning tavalludiga roppa-rosa 500 yil to‘ldi. Qosim Shayx Azizonga atab o‘sha davr shoiri Mushfiqiy marsiya yozgan. Qosim Shayx maqbarasida u kishi haqda yozilgan tosh bo‘lgan. Abdullaxon Qosim Shayxga atab qurdirgan maqbara toshlari ham chor mustamlakachilari tomonidan tashib ketilgan. Qosim Shayx maqbarasi yonidagi ziyoratxona ichida, mehrob yonida katta ko‘k tosh (onikis) bo‘lib, odamlar unga sig‘inganlar. Bu tosh ham Leningradga olib ketilgan. Qosim Shayx to‘g‘risidagi ma’lumotlar asrlardan asrlarga ko‘chib, bizning davrimizgacha yetib keldi. Shayx to‘g‘risidagi ma’lumotlar Xofiz Tanish al-Buxoriyning «Abdullanoma» («Sharafnomayi shohiy»), Hasan-xuja Nisoriyning «Muzakkiri ahbob», Xazrat Olim Shayx Azizonning «Ma’maot min nafaqat ul quds», Muhammad Tohir Eshon Xorazmiyning «Tazkirat ul-avliyo» («Tazkirai Tohir Eshon»), Sayid Muhammad Nosiriddinning «Tuhfat az-zoirin» asarlarida uchraydi. Muxammad Tohir Eshon «Tazkira»si Qosim Shayx to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarni beribgina qolmay, shayx ma’naviy silsilasi davomchilari, ya’ni xalifalari haqida ham so‘z yuritadi. Ushbu me’morchilik majmuiga Qosim Shayx honaqosi, dahma ziyoratxona va Buxoro Amiri Abdullaxon qabri kiradi. Abdullaxon davrida bunyod etilgan Qosim Shayx xonaqosining sharqiy tomonida Qosim Shayx sag‘anasi bor. Sag‘ana o‘rni taxminan 5-6 metr atrofida bo‘lib pishiq g‘isht bilan terilib chiqilgan, balandligi 1,5 – 2 metr. Dinga qarshi kurash ta’sirida sag‘ana cho‘kib, xaroba holiga keltirilgan, biroq Qur’oni Karim oyatlari yozilgan marmartosh bo‘laklari hozirgacha saqlangan.

qosimshayx2Honaqoh taxminan 15-20 yil ichida qurub bitkazilgan. Honaqoh uch tomonining tashqi ko‘rinishi kungurador qilib bezatilgan qurilmadan yasalgan. Honaqoh katta gumbazli masjid hamda o‘nta bir – biriga tutash bo‘lgan hujralar va ayvondan iborat. Honaqoh gumbazining balandligi 14 metrdan iborat. Qosim Shayx honaqosining sharqiy tomonida Qosim Shayx sag‘anasi bor. Sag‘ana marmar toshlar bilan va “Abdullaxon g‘ishti” deb ataluvchi toshlar bilan terilib chiqilib ayrim joylari Qur’oni Karim oyatlari bilan yozilgan marmar toshlar bilan qoplangan. Hozir bu toshlarning ba’zilari saqlanib qolgan. 1910-1911 yillarda Buxoro amiri Olimxon otasi Amir Abdulaxatxonning qabrini Qosim Shayx dahmasi yoniga unga monand qilib qurdirgan. Ikkinchi honaqoh Qosim Shayx honaqohidan 300 yil keyinroq qurilgan bo‘lsada yaxlit bir-biriga monand ulkan bir yodgorlik majmuasi tashkil qilingan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>