2017/11/18 1:56:05

Qiziltepa tumanining tashkil topishi va ma’muriy-hududiy bo‘linishi tarixi

loading...

Hozirgi O‘zbekiston Respublikasi hududi XX asr boshlarida ma’muriy jihatdan Rossiya imperiyasining Turkiston general-gubernatorligi (Turkiston o‘lkasi) hamda Rossiyaga qaram bo‘lgan Buxoro amirligi va Xiva xonligiga bo‘lingan edi.

Turkiston general-gubernatorligida asosiy ma’muriy-hududiy birliklar oblast (viloyat), uyezd, volost (bo‘lis), uchastka va oqsoqolliklardan iborat bo‘lgan. Turkiston o‘lkasi Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Yettisuv, Zakaspiy oblastlari va Amudaryo bo‘limiga ajratilgan. Xiva xonligi 20 beklik, 2 noiblik va poytaxt Xiva shahriga bo‘lingan. Beklik va noibliklar, o‘z navbatida, aminlik va masjid qavmlaridan iborat bo‘lgan. Bu davrda Buxoro amirligi hududi 29 viloyat (ba’zi manbalarda 27 yoxud 32 viloyat; ayrim manbalarda shu miqdordagi bekliklar)ga, viloyatlar tumanlar va amloklarga, amloklar qishloqlarga yoxud mavzelarga ajratilgan. Poytaxt Buxoro shahri va uning atrofidagi 11ta tuman (asosan hozirgi Buxoro viloyati hududi, faqat bitta tuman – Komi Abu Muslimdan tashqari) alohida ma’muriy birliklar hisoblangan. Ana shu 11ta tuman tarkibida hozirgi Qiziltepa tumani hududi o‘rnida Komi Abu Muslim (ba’zi manbalarda Vang‘ozi) tumani ham bo‘lgan. Tumanning ma’muriy markazi XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Vang‘ozi qishlog‘ida joylashgan.

Buxoro atrofidagi tumanlarda ma’muriy hokimiyat qozining qo‘lida bo‘lgan. Qozilar Buxoro amirligi Qozikaloniga bo‘ysungan. Mahalliy tarixchi Abdurahmon Tamkin Buxoriyning yozishicha, ushbu 11ta tumandan ikkitasi: Shimoliy Rud va Janubiy Rud tumanlari faqat 1915 yili tuzilgan bo‘lib, bu tumanlarning hududi Buxoro shahri atroflaridan iborat bo‘lgan.

Buxoro amirligi qo‘shbegisining arxivi hujjatlarida keltirilishicha, XX asr boshlarida Buxoro shahri atroflaridagi 11ta tuman quyidagicha bo‘lgan:

“Janubiy Rud, Komot (Vobkand), Komi Abu Muslim (Va(n)g‘onze), Qorako‘l, Pirmast, Samjon (Romitan), Xayrobod, Harqon Rud (G‘ijduvon), Xutfar (Zandani), Shopurkom, Shimoliy Rud”.

Qo‘shbegi arxivi hujjatlari 726ta turli ro‘yxatlar bo‘lib, unda aholi punktlari (qishloqlar, mavzelar va b.) ko‘rsatilgan. Bu hujjatlar Buxoro amirligi qo‘shbegisining mahkamasi kotiblari tomonidan 1914-1916 yillarda tayyorlangan. Komi Abu Muslim tumani qo‘shbegi arxivi hujjatlarida 5ta ro‘yxatdan iborat bo‘lgan. Taqqoslash uchun shuni aytish lozimki, hozirgi Qiziltepa tumaniga yaqin bo‘lgan hududlar: Harqon Rud (G‘ijduvon) tumani 9ta ro‘yxat, Shopurkom tumani 3ta ro‘yxat, Pirmast tumani 6ta ro‘yxat, Komot (Vobkand) tumani esa 6ta ro‘yxatdan iborat bo‘lgan.

Qo‘shbegi arxivi hujjatlarida Buxoro amirligidagi 27ta viloyat nomlari ham keltirilgan. Bu hujjatda tilga olingan 4ta viloyat: Karmina (Karmana), Nur (Nurota), Xatirchi, Ziyovuddin viloyatlari hozirgi Navoiy viloyatining hududiga to‘g‘ri keladi.

Buxoroga qizil armiya bosqini natijasida 1920 yil 2 sentyabrda amirlik tuzumi tugatildi. Amirlik hududida yangi hokimiyat o‘rnatilib, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil topdi. 1920 yil kuzida sobiq Buxoro amirligidagi ma’muriy-hududiy bo‘linishning sxematik kartasiga ko‘ra, u 15ta viloyatga, viloyatlar 56ta tumanga bo‘lingan. Bu viloyatlar ichida dastlabki uchta viloyat: Buxoro, Nurota va Karmina (Karmana) viloyatlari bo‘lib, Buxoro viloyati tarkibiga Abu Muslim, Bahouddin, Vobkent, G‘ijduvon va Qorako‘l tumanlari, Nurota viloyati tarkibiga Jo‘sh va Nurota tumanlari, Karmina viloyati tarkibiga Ziyovuddin, Karmina va Xatirchi tumanlari kirgan.

Shu narsa diqqatga sazovorki, ushbu muhim hujjatda Abu Muslim tumani (hozirgi Qiziltepa tumani) birinchi bo‘lib tilga olinadi. 1920 yili Abu Muslim tumani xuddi amirlik davrida bo‘lgani singari Buxoro viloyati tarkibiga kirtilgan. Shuningdek, hozirgi Qiziltepa tumanining ayrim qishloqlari (masalan, Toshrabot va b.) bu paytda Harqon Rud (hozirgi G‘ijduvon) tumani tarkibida bo‘lgan.

Buxoro amirligidagi amloklar va boshqa kichik ma’muriy birliklar orasida Komi Abu Muslim tumanidagi ko‘plab qishloqlar uchraydi. Komi Arabi va Komi Mirjonali, Komi Zarmitan (28-ro‘yxat), Komi Janavardor (27-ro‘yxat), Bo‘ston, Tavoisi Bolo, Tavoisi Poyon, Shahrobod (25-26-ro‘yxatlar) va boshqa qishloqlarning nomlari ushbu hujjatlarda keltiriladi.

Xullas, yangi tashkil topgan Buxoro Xalq Sovet Respublikasida 1920 yil kuzida dastlabki ma’muriy-hududiy bo‘linish o‘tkazilib, u viloyatlar, tumanlar, kentlar, amloklar va qishloqlarga bo‘lindi. 1920 yil 2 oktyabrda Eski Buxoroda tayyorlangan bir hujjatda Buxoro shahri atrofidagi 8ta tuman (Bahouddin, Xoja Bo‘ston, G‘ijduvon, Vobkent, Shopurkom, Pirmast, Zandani, Xargo‘sh tumanlari) qatorida ikkinchi bo‘lib Xoja Bo‘ston (hozirgi Qiziltepa tumani) tilga olinadi. O‘sha hujjatda yozilishicha, Buxorodagi yangi hokimiyat vakillari tomonidan 1920 yil 23 sentyabrda Xoja Bo‘ston tumanida uchta: Vang‘ozi, Azizobod, Bo‘ston revkomlari (inqilobiy qo‘mitalari) tashkil qilinadi. Shu narsa xarakterli holki, bitta hujjatning o‘zida tumanning nomi ikki shaklda: Xoja Bo‘ston va Vang‘ozi tumanlari tarzida keltirilgan.

1923 yili BXSRning ma’muriy bo‘linishiga tuzatishlar kiritilib, 8ta viloyat (Buxoro, Karmina, Nurota, Chorjo‘y, Qarshi, Shahrisabz, Sherobod, Karki), 28ta tuman va Sharqiy Buxoroga ajratilgan. O‘sha yili Sharqiy Buxoroning o‘zida ham ma’muriy bo‘linish ilk marta o‘tkazilib, u 6ta viloyat (Sariosiyo, Boysun, Dushanbe, Ko‘lob, Qo‘rg‘ontepa, G‘arm) va 20ta tumanga taqsimlangan edi.

Biroq Buxoro Respublikasidagi ma’muriy – hududiy bo‘linish mavjud ijtimoiy – siyosiy va iqtisodiy vaziyatga binoan tez – tez o‘zgarib turgan. Butun Buxoro MIK qarori bilan 1924 yil 1 oktyabrda Buxoro Respublikasida ma’muriy – hududiy bo‘linish qayta o‘tkazilib, viloyatlar o‘rnida 5ta okrug tuzildi. Okruglar o‘z navbatida 15ta viloyat, 48ta tuman, 195ta kent va ko‘plab qishloqlarga bo‘lindi. Qishloqlarda oqsoqolliklar o‘rnida qishloq jamoalari (keyinchalik qishloq sho‘rolari) tuzishga kirishildi.

Hozirgi Buxoro va Navoiy viloyatlari hududlaridan tashkil topgan Zarafshon okrugi 3ta viloyat (Buxoro, Karmina, Nurota), 8ta tuman (Qorako‘l, Bahouddin, Vobkent, G‘ijduvon, Karmina, Ziyovuddin, Xatirchi, Nurota) va 2202ta qishloqdan iborat bo‘lgan.

O‘rta Osiyoda milliy – hududiy chegaralanish o‘tkazilishi natijasida 1925 yil 17 fevralda O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (O‘zSSR) tuzildi. O‘zbekiston SSRning dastlabki poytaxti Buxoro shahri bo‘lgan. 1925 yil aprelda poytaxt Samarqandga ko‘chirilgan (1930 yil 20 sentyabrda O‘zbekiston SSRning poytaxti Samarqanddan Toshkentga ko‘chirilgan). O‘zSSR dastlab 7 viloyat (Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Zarafshon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm), alohida Konimex rayoni va Tojikiston ASSR hamda 23ta uyezd va 241ta volostga bo‘lindi (O‘z navbatida Tojikiston ASSR 7ta uyezd va 36ta volostga ajratilgan).

Zarafshon viloyati va alohida Konimex rayonidagi aholi punktlari haqida 1925 yili chiqarilgan maxsus kitobda bu hududning 1925 yildagi ma’muriy bo‘linishi haqida muhim ma’lumotlar mavjud. Zarafshon viloyati 1925 yili quyidagi 4ta uyezd: Buxoro, G‘ijduvon, Karmana, Nurota uyezdlariga hamda alohida Konimex rayoniga bo‘lingan. Buxoro uyezdida 6ta volost, 21ta qishloq jamoasi, 884ta qishloq, G‘ijduvon uyezdida 7ta volost, 22ta qishloq jamoasi, 639ta qishloq, Karmana uyezdida 7ta volost, 21ta qishloq jamoasi, 394ta qishloq, Nurota uyezdida 3ta volost, 73ta qishloq, alohida Konimex rayonida 4ta volost bo‘lgan.

Buxoro uyezdidagi 6ta volost quyidagilardan iborat bo‘lgan: Olot, Bahouddin, Qorako‘l, Seplon, Xayrobod volostlari hamda O‘rtacho‘l qishloq jamoasi. G‘ijduvon uyezdidagi 7ta volost esa quyidagicha edi: Vang‘ozi, Vobkent, G‘ijduvon, Gajdumak, G‘ishti, Lenin (Shofrikent), Peshku volostlari. G‘ijduvon uyezdi tarkibida birinchi bo‘lib tilga olingan Vang‘ozi volosti (hozirgi Qiziltepa tumani hududi)da 1925 yili 4587ta uy xo‘jaligi (xonadon) va ularda yashovchi aholining miqdori 17653 nafar kishi bo‘lgan. Xullas, bu paytda G‘ijduvon uyezdida hammasi bo‘lib 39682ta xo‘jalik bo‘lib, ularda ro‘yxat bo‘yicha 166265, aslida esa 210251 nafar kishi yashagan.

Vang‘ozi volostida 1925 yili quyidagi 4ta qishloq jamoasi bo‘lgan: Azizobod, Bo‘ston, Vang‘ozi, Zarmitan. Azizobod qishloq jamoasida 14ta qishloq, Bo‘ston qishloq jamoasida 23ta qishloq, Vang‘ozi qishloq jamoasida 14ta qishloq va Zarmitan qishloq jamoasida 6ta qishloq bo‘lgan. Demak, Vang‘ozi volostida o‘sha yili hammasi bo‘lib 57ta qishloq bo‘lib, ulardagi 4587ta xo‘jalik (xonadon)da 17653 nafar kishi yashagan.

Azizobod qishloq jamoasi hududiga Oqburut, Arabon, Varazun, Jo‘yrabot, Dimast, Dodburun, Imakti, Qatag‘on, Konsurun, Qo‘lba, Xojabibi, Xos Budun, Chorbog‘ Mahmud qishloqlari kirgan bo‘lib, bu qishloqlardagi 851ta xonadonda 3167 nafar kishi istiqomat qilgan. Bu qishloqlarning aholisi asosan o‘zbeklar bo‘lib, faqat Arabon va Oqburut qishloqlarida qisman arablar, Dimast, Konsuruv, Kulba qishloqlarida qisman tojiklar yashagan. Azizobod qishloq jamoasida qishloqlar aholisi Mirjali, Arabi, Demast, Qatag‘on, Chorvoq kabi ariqlarning suvidan dehqonchilik uchun foydalangan. Azizobodda katta bozor bo‘lgan.

Bo‘ston qishloq jamoasi hududiga Ajvandi, Ayronchi, Aksak, Bo‘lakrabot, G‘ardiyon, G‘ishti, G‘oyibon, Qasri Ashurak, Kosagaron, Qo‘zibian, Mayta, Maran, Mullatosh, Multuqchi, Navgonda, Navbog‘, So‘fiyon, Taliyaxob, To‘tiyon, Urganji, Xo‘shrabot, Xugarti, Yuksuk kabi qishloqlar kirgan. Bu qishloqlardagi 2145ta xonadonda 8231 nafar kishi yashagan. Qishloqlarning asosiy aholisi o‘zbeklar bo‘lib, faqat G‘oyibon va Kosagaron qishloqlarida qisman arablar yashagan. Aholi Ajvandi, Aksak, Taliyaxob, G‘ishti, Navbog‘, Joybaland, Mayda, Maron, Mullatosh, Multukchi, Yuksuk, So‘fiyon, To‘tiyon, Xushrabot, Abomuslim kabi ariqlar suvidan ichgan. Eng katta bozor Bo‘stonda bo‘lgan.

Vang‘ozi qishloq jamoasi hududi tarkibiga Arabon, Asyob, Qasriomon, Qo‘rg‘on, Lo‘bloxo‘r, Mahalla, Mugjin, Po‘lat, Pustur, Tojikon, Talimir-umar, Toshmachit, Uzbor, Ishlonko‘p qishloqlari kirgan. Bu qishloqlardagi 1033ta xonadonda 3990 nafar kishi yashagan. Eng katta bozor Vang‘ozi qishlog‘ida bo‘lgan.

Zarmitan qishloq jamoasi hududi tarkibiga Avganak, Barimum, Zarmitan, Qasri Mag‘mur, Revatun, Ruhobod qishloqlari kirgan. Bu qishloqlardagi 558ta xonadonda 2265 nafar kishi yashagan.

1926 yil 29 sentyabrda O‘rta Osiyoda, jumladan, O‘zbekiston SSRda ma’muriy-iqtisodiy rayonlashtirish amalga oshirilib, viloyatlar tugatildi. 1927 yil 1 yanvarda ularning o‘rniga 10ta okrug (Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Andijon, Qo‘qon, Xo‘jand, Buxoro, O‘rta Zarafshon, Samarqand), bitta avtonom respublika (Tojikiston ASSR), 87ta tuman va 1746ta qishloq sho‘rosi tashkil etildi. Biroq 1926 yil 29 sentyabrda O‘zbekistonda tashkil etilgan dastlabki 87ta tuman tarkibida alohida Qiziltepa tumani bo‘lmagan. Bu paytda hozirgi Qiziltepa tumani hududi Buxoro okrugining G‘ijduvon tumani tarkibida bo‘lgan.

1929 yili Tojikiston ASSR ittifoqdosh respublikaga aylantirilgach, O‘zbekiston SSR tarkibidan chiqib, SSSR tarkibiga kirdi. 1930 yil 17 avgustda okruglarga bo‘linish ham bekor qilindi. 1930 yil oxirida O‘zSSR tarkibi 9ta shahar (respublika poytaxti Toshkent shahri ham), 84ta tuman, 1696ta qishloq sho‘rosidan iborat edi. 1932 yil 27 iyunda Xorazm okrugi, 1935 yil fevralda esa Qashqadaryo va Surxondaryo okruglari qayta tiklandi. 1936 yilda Qoraqalpog‘iston ASSR hududi RSFSRdan olinib, O‘zSSR tarkibiga kiritildi. O‘zSSRning ma’muriy-hududiy bo‘linishi uning 1937 yilda qabul qilingan Konstitutsiyasida rasmiylashtirildi. Bu vaqtga kelib O‘zSSR tarkibida bitta muxtor respublika, 3ta okrug, 109ta tuman, 22ta shahar, 16ta shaharcha va 1392ta qishloq sho‘rosi bo‘lgan.

Xalq xo‘jaligini rivojlantirishga tezkor rahbarlik qilish uchun 1938 yilda O‘zSSRda yangi ma’muriy-iqtisodiy rayonlashtirish amalga oshirildi. 1938 yil 15 yanvarda O‘zSSR tarkibida Buxoro, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari tuzildi. 1941 yil 6 martda Andijon, Namangan va Surxondaryo viloyatlari, 1943 yil 20 yanvarda Qashqadaryo viloyati tashkil etildi. Barcha viloyatlarda bir qancha yangi tumanlar (jumladan, 1935 yilda Qiziltepa tumani) va qishloq sho‘rolari (selsovetlar) tuzildi. Keyinchalik Mirzacho‘lni o‘zlashtirish munosabati bilan 1963 yil 16 fevralda Sirdaryo viloyati tuzildi. 1973 yil 29 dekabrda Jizzax viloyati, 1982 yil 20 aprelda Navoiy viloyati tashkil qilindi. Bu paytda Buxoro viloyati tarkibida bo‘lgan Qiziltepa tumani hududi yangi tuzilgan Navoiy viloyatiga kiritildi. Biroq keyinchalik O‘zbekistonda “viloyatlarni yiriklashtirish” bahonasida ayrim viloyatlar tugatildi, jumladan, 1989 yil may oyida Navoiy viloyati hududi avval Samarqand, keyin Buxoro viloyatlari tarkibiga qo‘shib yuborildi. Xayriyatki, O‘zSSR rahbariyatining bu volyuntaristik xatosi O‘zbekiston Respublikasidagi yangi siyosiy rahbariyati tomonidan tuzatildi va 1992 yil 27 yanvarda Navoiy viloyati avvalgi chegarasida qayta tiklandi.

Qiziltepa tumani mustaqil tuman sifatida dastlab 1935 yil 9 fevralda asosan hozirgi G‘ijduvon tumani hududining bir qismida tashkil qilindi. Bu haqda shu sanada O‘zbekiston SSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining “Yangi ma’muriy tumanlar tuzish to‘g‘risida” qarori chiqqan. Bu qarorga binoan O‘zbekistonda yangidan 17 tuman (Xo‘jabod, Tentaksoy, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Tayloq, Jomboy, Qiziltepa, Dehqonobod, Sho‘rchi, Kitob, Bog‘ot, Paxtakor, Oqqo‘rg‘on, Jondor, Forish, Chinoz, Beshkent) tashkil qilingan. Bu qarorda jumladan shunday deyiladi:

“Rahbariy organlarni quyi kengashlarga yaqinlashtirish, ular bilan aloqani mustahkamlash, O‘zbekiston SSRni yirik chegarali va tarqoq hududlarini iqtisodiy mustahkamlash maqsadida quyidagi ma’muriy rayonlar tashkil etilsin:

Qiziltepa tumani. Markazi – Qiziltepa temir yo‘l stansiyasi. G‘ijduvon tumani tarkibidagi Arabon, Varazun, Zarmitan, Vang‘ozi, Qiziltepa, Bo‘ston, G‘ardiyon, Xo‘ja Hasan, Qal’ai Azizon qishloq sho‘rolari bu rayon tarkibiga kiritiladi.

O‘zbekiston SSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi uchun: Sh.Karimov.

O‘zbekiston SSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi kotibi uchun U.Aminov.

№8. 1935 yil 9 fevral. Toshkent shahri”.

Qiziltepa tabiati

Tuman hududi Zarafshon vodiysining janubi-g‘arbidagi kambar tekislikda Qiziltepa va Oftobachi platolari orasida, Hazora darasi bo‘ylab ketgan Zarafshon daryosining ikki qirg‘oq havzasi, Shohrud va Abu Muslim shohariqlari orasidagi hududlarda joylashgan. Shimoldan tuman hududiga Qizilqumning kichik bir qismi kirib kelgan. Voha Zarafshonning chap sohili bo‘ylab Malikcho‘l, Qiziltepa, Quyimozor adirlari, sharqdan va janubdan Qarnob cho‘li bilan tutashgan. Bu uning iqlimiga katta ta’sir qiladi. Harorati keskin o‘zgaradi. Yozi jazirama issiq bo‘lib, tez-tez garmsel esadi. Iyul oyida o‘rtacha harorat 28,3º, ba’zan 44ºga ham yetadi. Yanvar oyida o‘rtacha harorat – 0 – 4º, ba’zan – 24 – 30º bo‘ladi. O‘rtacha yog‘ingarchilik yiliga 177 mm. Vegetatsiya davri 212 kun.

Tuman tuproqlari och bo‘z, o‘tloqi bo‘z, qumoq bo‘z. Yovvoyi o‘simliklardan qamish, ro‘vak, bug‘doyiq, sho‘rajriq, kampirson, itgunafsha, suvrang, volg‘ul va boshqalar o‘sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo‘ri, tulki, quyon, chiyabo‘ri, jayron, yovvoyi cho‘chqa, jayra; qushlardan so‘fito‘rg‘ay, chumchuq, chug‘urchiq, zarg‘aldoq, qirg‘ovul, loyxo‘rak, o‘rdak; sudralib yuruvchilardan har xil ilonlar va kaltakesaklar, toshbaqa, echkemar; kemiruvchilardan ko‘rsichqon, qumsichqon, tipratikan, kallamush ko‘p. Umuman olganda tuman tabiati juda boy va rang-barang, dehqonchilik hamda chorvachilik uchun qulay.

Qiziltepa tumani 1962 yil 24 dekabrda yana G‘ijduvon tumaniga qo‘shilgan. 1970 yil 7 dekabrda Qiziltepa tumani qaytadan tashkil etilgan. Qiziltepa tumani hududi shimoldan Konimex, Navbahor tumanlari, shimoli-sharqdan Karmana tumani, sharqdan Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari, janubdan Buxoro viloyatining Kogon tumani, g‘arbdan Buxoro, Vobkent va G‘ijduvon tumanlari bilan chegaradosh. Qiziltepa tumanining maydoni 2,2 ming km2, aholisi 132.087 kishi (2011). Tumanda 1 shahar (Qiziltepa), 8ta qishloq fuqarolar yig‘ini (Arabon, Bo‘ston, Vang‘ozi, G‘ardiyon, Zarmitan, Oqoltin, Xoja Hasan, Yangihayot) bor. Markazi – Qiziltepa shahri. Qiziltepa shahri aholisi – 12.222 kishi (2011).

Shunday qilib, hozirgi Qiziltepa tumani hududi XX asr davomida ko‘plab o‘zgarishlarga uchradi. Mintaqada keskin siyosiy jarayonlarning yuz berishi, turli ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar ushbu hududning ma’muriy bo‘linishiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>