2017/10/24 12:07:08

Qiziltepa tumanidagi tarixiy shahar va qishloqlar

loading...

qadimXushartitepa. Bu yodgorlik Husharti qishlog‘i (G‘ardiyon qishloq fuqarolar yig‘ini) hududida joylashgan. U IV-V asrlar bilan davrlanadi. Uning bir qismi qabristonga aylantirilgan.

Bu yerda Bova Husharti ismli avliyoning mozori bo‘lgan. Uning avvalgi nomi noma’lum. Bu yodgorlik yangi yo‘l o‘tkazilishi tufayli ikkiga bo‘lingan.
Totiyontepa. Bu yodgorlik Totiyon qishlog‘i (G‘ardiyon) hududida joylashgan. Hozirgi vaqtda buzib tashlangan.
Xomrabottepa. Bu yodgorlik Totiyon qishlog‘ining sharqiy qismi va Xomrabot qishlog‘ining g‘arbida bo‘lgan. Hozir butunlay yo‘qotilgan.
Bo‘stontepa. Bu yodgorlik Bo‘ston qishlog‘i markazida joylashgan. Arxeolog olimlar bu yodgorlikni Sug‘diyonaning dastlabki shaharlaridan hisoblashadi va uning yoshini 2800 yil bilan sanalashadi. Qal’a quyi tomonidagi qabristonni o‘z davrida podsholik qabristoni bo‘lgan, degan taxminlar bor. Bu qabristonda Xoja Boyazid Bistomiyning ramziy qabri mavjud. 1990 yilda jamoatchilik kuchi bilan jome’ masjidi va maqbara qurildi. Maqbara va masjid o‘rtasida quduq bo‘lib, mahalliy aholi undan suvi shifobaxshligi uchun foydalanishadi.
Mang‘ittepa – II. Bu yodgorlik Mang‘it qishlog‘i yuqorisida, Mang‘ittepa III yodgorligi esa qishloqning shimoli-g‘arbida joylashgan. Har ikkalasi ham milodiy V asr bilan davrlanadi.
Xojag‘oyibtepa. Bu yodgorlik Po‘sxo‘r qishlog‘i (Vang‘ozi q.f.y.) shimolida joylashgan. Avliyo G‘oyib ota shu yerda g‘oyib bo‘lgan, degan rivoyat ham bor. Yodgorlik V asr bilan davrlanadi. Hozir qabristonga aylantirilgan.
Childuxtarontepa. Bu yodgorlik Vang‘ozi qishlog‘i shimol tarafida joylashgan. U V asr bilan davrlanadi. Bu yerda 40 ta hur qiz makon topgan degan rivoyat bor. Ayni vaqtda qabristonga aylantirilgan.
Mirhoshimtepa. Bu yodgorlik Vang‘ozi qishlog‘i janubida, hozirgi «Vang‘ozi agroeksport» korxonasi hududida joylashgan. U V asr bilan davrlanadi.
Novvoyontepa – I. Bu yodgorlik Novvoyon qishlog‘i markazida, Novvoyontepa-II (Vang‘ozi q.f.y.) va Novvoyontepa-III (Novvoyon qishlog‘i)ning shimoli-sharqida joylashgan. Novvoyontepa-I V asr bilan davrlanadi. Har uchala tepalik xarobaga aylangan.
Novvoyon qishlog‘i ahli qadimdan shirmoy kulcha pishirish bilan shug‘ullangan. Qishloq atrofi o‘tmishda besh paxsa devor bilan o‘ralgan. Uchta kirish-chiqish darvozasi bo‘lib, Novvoyontepa-I ustida zodagonlar yashashgan.
Ishlonko‘ptepa. Bu yodgorlik Ishlonko‘p qishlog‘ining (bu ham Vang‘ozida) g‘arbi-janubida joylashgan. U V asr bilan davrlanadi. Hozir qabristonga aylantirilgan.
Kesakxo‘rtepa-1,2,3. Bu yodgorliklar Kesakxo‘r qishlog‘i (Vang‘ozi q.f.y.) hududida joylashgan. Kesakxo‘rtepa-I yodgorligi VI asr bilan davrlanadi.
Talolaktepa. Bu yodgorlik Kesakxo‘r qishlog‘i (Vang‘ozi q.f.y.)ning janubi-sharq tomonida joylashgan. U V asr bilan davrlanadi.
Xartozontepa (Asbobtepa). Bu yodgorlik Xartozon qishlog‘i (Vang‘ozi q.f.y.) hududida joylashgan. U IV asr bilan davrlanadi.
Hoshimotepa. Bu yodgorlik Kesakxo‘r qishlog‘i janubi-g‘arbida joylashgan. U IV-V asr bilan davrlanadi.
Revartuntepa I-II. Bu yodgorlik Revartun qishlog‘i (Zarmitan q.f.y.) hududida joylashgan. Davriy sanasi noma’lum. Uning yaqinida Gulhovuz ziyoratgohi bor.
Ko‘lishifotepa. Bu yodgorlik Arabon qishlog‘i hududida joylashgan. O‘tmishda shahar sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Davriy sanasi IV asr. Hozir qabristonga aylantirilgan.
Taliumartepa. Bu yodgorlik Taliumar qishlog‘i (Vang‘ozi q.f.y.) hududida joylashgan. Davriy sanasi IV asr.
Arabontepa. Bu yodgorlik Arabon qishlog‘i (Arabon q.f.y.) quyisida joylashgan. Davriy sanasi V asr.
Qarsiyomontepa. Bu yodgorlik shu nomli qishloqning janubida (Vang‘ozi q.f.y.) joylashgan. Davriy sanasi IV asr.
Emaktitepa. Bu yodgorlik Emakti qishlog‘i (Zarmitan q.f.y.) hududida joylashgan.
Sinjametantepa. Bu yodgorlik Sinjametan qishlog‘i (Zarmitan q.f.y.) hududida joylashgan. Shahar sifatida faoliyat ko‘rsatgan bu yodgorlik V asr bilan davrlanadi. Sug‘d tilida mitan (misan) atamasi uy, qo‘nalg‘a, manzilgoh ma’nosini bildirgani uchun bu nomni yodgorlikning qadimgi nomi deyish mumkin. Bundan tashqari o‘zbek halqi tarkibida mitan urug‘i mavjud. Hozir qabristonga aylantirilgan. Bu yerda Hazrat Imlo ziyoratgohi bor.
Qudaxontepa. Bu yodgorlik bizning davrgacha saqlanib qolmagan. A.Yu.Yakubovskiy hisobotlarida qayd etilishicha, u Bo‘ston qo‘rg‘onidan 1 km. g‘arbda, So‘fiyon va Bo‘lakrabot qishloqlari o‘rtasida bo‘lgan. Unda hayot IV-XII asrlarda davom etgan.
Avg‘onontepa. Bu yodgorlik Avg‘onon qishlog‘ining shimolida, Novvoyon qishlog‘ining g‘arbida joylashgan. U V-VIII asrlar bilan davrlanadi.
Qo‘rg‘ontepa. Bu yodgorlik Zarmitan qishlog‘i markazida joylashgan. Davriy sanasi aniqlanmagan.
Sa’dvaqqostepa. Bu yodgorlik Shohrud kanali yoqasida, Zarmitan qishlog‘i yuqorisida joylashgan. Uning arki a’losiga Shahriston kelib tutashgan. Shuning uchun Zarmitan qal’asi ushbu yodgorlik o‘rnida bo‘lgan, degan fikrlarga asos bor. Zarmitan qal’asi markazida Jome’ masjidi bo‘lgan.
Hozir Zarmitan qishlog‘i Qiziltepa – Kogon yo‘liga yaqin Azizobod qishlog‘ining shimoli-g‘arbida joylashgan. Qishloq nomi haqida har xil fikrlar bor. Bu yerda o‘zbek xalqi tarkibiga kirgan mitan urug‘i yashagan. Qishloq nomi shu urug‘ nomidan kelib chiqqan.
«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»da mitan (mo‘yton) urug‘i o‘zbek va qoraqalpoq xalqi tarkibiga singib ketganligi aytiladi . XX asr 20-yillarida, hatto Samarqand viloyatidagi bitta tuman Mitan tumani deb yuritilgan. Ayni paytda Ishtixon tumanidagi shaharcha Mitan nomi bilan aytiladi. Mitanlar Zarafshon vodiysida, xususan, Karmana va uning atroflarida yashaganlar. Shunga asosan qishloqning Zarafshon daryosi qirg‘og‘ida (Sa’dvaqqostepa o‘rnida) bo‘lganini hisobga oladigan bo‘lsak, unga qiyosan Zarmitan bo‘lgani ehtimoldan xoli emas.
Zarmitanda azaldan Buxoro vohasidagi eng mashhur qatiq tayyorlanadi. Bu borada ham quyidagi rivoyat og‘izdan-og‘izga ko‘chib yuradi:
Xoja Bahouddin Naqshband shu qishloqning sharq tomonida hozirgi Qiziltepa – Kogon yo‘li shimolida yashagan paytlar u kishining buzog‘i Zarmitan tomonga ketsa, odamlar keltirib berishar ekan. Shuning uchun ul zot «Zarmitan zarga aylansin», deb duo qilarkanlar. Haqiqatan bu qishloq odamlari chorva molini juda yaxshi parvarishlashadi. Sigirlarni yaxshi boqib, ularning serqaymoq sutidan kosalarda qatiq tayyorlashgan. Kosani to‘ntarganda ham qatiq to‘kilmagan. Buning uchun sutni past olovda uzoq pishirib, har bir kosaga alohida qo‘r (achitqi) solishgan. Hozirgi vaqtda ham aholi chorva moli boqish va savdosi bilan shug‘ullanadi, qatiq tayyorlab sotadi va bundan ko‘p daromad oladi. Zarmitan qatig‘i Buxoro, Samarqand va Toshkent shahrlariga ham olib ketiladi. Shunga asosan qishloq ahlini eski chorvador o‘zbeklar (turkiylar) avlodi, ya’ni mitan urug‘i vakillari deb aytish mumkin. Ayni vaqtda zarmitancha qatiqni boshqa qishloqlarda ham tayyorlashyapti.
Sa’dvaqqostepaning shimoli-sharqida Arabxona qishlog‘i bor. Bu qishloqda arablar avlodi yashashadi.
Xojamozortepa. Bu yodgorlik Zarmitan qishlog‘ining janubida va Rohobod qishlog‘ining shimolida joylashgan. Davriy sanasi noma’lum.
Pushtikalontepa. Bu yodgorlik Zarmitan qishlog‘i g‘arbida joylashgan. Davriy sanasi aniqlanmagan.
Husbuddintepa. Bu yodgorlik Husbuddin qishlog‘ining yaqinida joylashgan. Davriy sanasi V asr. Qishloq nomini Xosbadan shaklida ham talqin qilishadi. Bu qishloqda mashhur Husbuddin o‘rigi yetishtiriladi.
Mozortepa. Bu yodgorlik ham Husbuddin qishlog‘ining janubi-sharqida joylashgan. Qabristonga aylantirilgan. Davriy sanasi noma’lum.
Varozuntepa. Bu yodgorlik Varozun qishlog‘ining g‘arbida joylashgan. Ayni vaqtda qabristonga aylantirilgan. Davriy sanasi V asr.
Chorbog‘tepa. Bu yodgorlik Chorbog‘ qishlog‘ining janubiy qismida joylashgan. Davriy sanasi noma’lum. Qabristonga aylantirilgan.
Kattatepa (Damastepa). Bu yodgorlik Damas qishlog‘ining chekkasida, Shohrud kanali yoqasida joylashgan. Hozir qabristonga aylantirilgan bu yodgorlik V-VIII; X-XII asrlarda shahar sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Arxeologlarning xulosalariga ko‘ra, Damas o‘rniga Kattatepa emas, hozirgi Kogon tumani hududidagi Taytaltepa mos keladi. Undagi hayot tanazzulga yuz tutgach, aholisi 8 km yuqoridagi Kattatepa yaqinida Damas qishlog‘iga asos solishgan. Kattatepa shahar xarobalari esa Buxoro vohasining yana bir qishlog‘i Sharg‘ o‘rniga mos keladi. Bu aholi makoni Sam’oniy, Yoqut Hamaviy, Muqaddasiy, Beruniy, ibn Havqal, Narshaxiy asarlarida Sharg‘, Jarg‘, Jargar, Jurg nomlari bilan qayd etilgan. Qadimgi davrlarda bu yerda qish davri 10 kun katta bozor faoliyat ko‘rsatgan. Unga uzoq o‘lkalardan savdogarlar kelishgan. Sharg‘ shaharmonand qishlog‘i o‘zining shinni qo‘shib tayyorlangan holvasi, tuzlangan balig‘i, qorako‘l terisidan tikilgan pocha-po‘stini, bo‘z matolari, yog‘och va misdan tayyorlangan buyumlari bilan mashhur bo‘lgan. Keyinchalik bozor juma kunlari o‘tkazilgan. Bu bozorda tayyorlangan mahsulotlar uzoq-uzoqlarga olib ketilgan. Damastepa yonida shu nomdagi ziyoratgoh bor. Sharg‘da islom davrida Buxoro shahridagidek Jome’ masjidi qurilgan. Biroq unda faqat bir marta juma namozi o‘qilgan. Masjid buzilib, yog‘ochlari Buxoroga olib ketilgan.
Uzoq tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yo‘li Buxoro vohasida Sharg‘ (Damas-Kattatepa) orqali Zarmitan, Vang‘ozi, Mang‘ittepa, Qiziltepa, Bo‘ston, Hushartitepa, Abu Muslimtepa orqali Karmanaga o‘tgan. Vohadagi jahon bozori dastavval Sharg‘, keyin Tavois, undan so‘ng Vang‘ozida bo‘lgan. Vang‘ozi bozori juma kuni o‘tgani uchun uning Sarbozor degan nomi ham bo‘lgan. Shunday qilib, tumanimiz hududida miloddan avvalgi va milodiy eraning dastlabki davrida ham jahon bozori faoliyat ko‘rsatgan.
Buyuk ipak yo‘lining G‘ijduvon – G‘ishti yo‘nalishidan o‘tuvchi qismi mashhur Toshrabot orqali chiqqan. Bu o‘lkamizning gullab-yashnaganidan dalolat beradi.
Qo‘lbatepa. Bu yodgorlik Qo‘lba qishlog‘i sharqida (Arabon q.f.y.) joylashgan. Hozir butunlay qabristonga aylantirilgan bu yodgorlik V asr bilan davrlanadi.
Avazbobotepa. Bu yodgorlik Qo‘lba qishlog‘i g‘arbida joylashgan. Yodgorlik V asr bilan davrlanadi. Qo‘lba qishlog‘i va u bilan yaqin Konsurun qishlog‘i hududidagi quduqlarda Nurota chashmalaridagidek baliqlar bo‘lgan. Sho‘rolar davrida odamlar sig‘inib kelmasligi uchun bu quduqlar ko‘mib tashlangan.
Buyuk ipak yo‘lining Qiziltepa-Karmana yo‘nalishidagi mashhur karvonsaroyi Raboti Malik Qoraxoniylar davlati davrida (XI asrda) qurilgan. Arxeolog olimlar fikricha, Raboti Malik qadimda ko‘chmanchi chorvadorlarning shu hududdagi manzilgohi vazifasini bajargan. Raboti Malikdan tashqari yana bir karvonsaroy mavjud bo‘lib, u Kuyuktepa deb atalgan.
Qadimda Buyuk ipak yo‘lining bir tarmog‘i o‘tgan Kuyuktepa ustida hozir molxona qurilgan. Raboti Malik hududida esa xalqaro aeroport, Navoiy erkin industrial iqtisodiy zonasi barpo etilyapti. Tarix aylanishini qarang-a!

 “Qiziltepa tarixi” kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>