2017/10/24 12:01:36

Qiziltepa tumanidagi qadimiy tepaliklar

loading...

QiziltepaQorovultepa. Bu yodgorlik Zarafshon daryosi etagida, tuman markazidan 22 km shimoli-sharqda joylashgan. Unda hayot miloddan avvalgi I asr – milodiy I asrda boshlangan.

Sharqiy devor yaqinida yer sathidan 1,5 metr balandlikda, eni 6 metr bo‘lgan tepalik saqlanib qolgan.
Do‘rmontepa. Bu yodgorlik shu nom bilan ataladigan qishloqning sharqiy qismida joylashgan. Davriy sanasi miloddan avvalgi I asr bilan belgilangan.
Azizontepa. Bu yodgorlik Qal’ai Azizon qishlog‘idan 50 metr shimolda joylashgan. Bu qadimgi shahar yodgorligidir. Uning g‘arb kunjagida Xoja Azizon xonaqosi joylashgan. Davriy sanasi milodiy eraning IV-V; VII-VIII va XIII-XIV asrlari bilan belgilangan.
Sayiltepa. U Xoja Hasan qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Andoq qishlog‘ining g‘arbiy qismida joylashgan. O‘tmishda katta shahar bo‘lgan. Bu yodgorlik hozirda deyarli buzib tashlangan. Nomidan ma’lumki, bu makonda qadimda katta sayillar bo‘lgan. Sayiltepada taxminan uch ming yil oldin Navro‘z bayrami katta tantana bilan nishonlangani haqida ma’lumotlar bor.
G‘amxo‘rtepa – I. Bu yodgorlik G‘amxo‘r qishlog‘i hududida joylashgan. U deyarli buzib tashlangan. Undagi topilmalar ilk o‘rta asrlar (V – VIII asrlar)ga tegishli.
G‘amxo‘rtepa – II. Bu yodgorlik ham G‘amxo‘r qishlog‘i hududida joylashgan. Davriy sanasi milodiy eraning V – VII asrlariga tegishli. Ushbu yodgorliklar o‘rnida ilk o‘rta asrlarda Zarafshonning o‘ng qirg‘og‘idagi mudofaa qal’alari joylashgan va ular Kanpirak devorning mudofaa qudratini yanada oshirgan.

Ganchtepa (Toshrabot–2). Bu yodgorlik tuman markazidan 16,5 kilometr shimoli-sharqda, Zarafshon daryosining chap qirg‘og‘ida, qir ustida joylashgan. U ham mudofaa istehkomi vazifasi uchun qurilgan. Bu yerdan o‘q otish shinaklari, o‘qotar qurollar topilgan. Yodgorlikning g‘arbiy, janubiy va sharqiy devorlari bo‘ylab aylanma mudofaa yo‘laklari bo‘lgan. U ham Kanpirak devorining mudofaa qudratini oshirgan. Davriy sanasi V – VIII asrlar bilan belgilanadi.
Elmirzatepa (Toshrabot-1). Bu yodgorlik tuman markazidan 13 km shimoli-sharqda, Abu Muslimtepadan 3 km g‘arbda joylashgan. Ilk o‘rta asrlarda mudofaa istehkomi bo‘lgan mazkur inshoot bevosita Kanpirak devor tizimi tarkibiga kirgan.
Abu Muslimtepa [Abomuslimtepa]. Bu yodgorlik mudofaa qudrati nihoyatda kuchli qal’a sifatida Kanpirak devor tizimida faoliyat ko‘rsatgan. U tuman markazidan 12 km shimolda, Mayta qishlog‘ining shimoliy qismida joylashgan.
Abu Muslim qal’asi nafaqat kichik mavze uchun, balki butun Buxoro vohasi uchun g‘oyatda muhim strategik hududda joylashgan. Aynan ana shu yerdan, ya’ni Zarafshon daryosining o‘ng qirg‘og‘idan Abu Muslim kanalidan tashqari yana to‘rtta shoh ariq boshlanadi. Bundan tashqari, daryo o‘zanini ham hisobga oladigan bo‘lsak, vohaning asosiy obihayot tarmog‘ining bosh qismi shu yerga mujassamlanganini anglash qiyin emas. Bu mazkur joy qadrini yanada oshiradi. Chunki o‘tmishda kim bu qal’aga egalik qilsa, vohaning suv tarmoqlari tasarrufidagi barcha hududlarga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Shuning uchun bu yer kuchli mudofaa tizimi orqali qo‘riqlangan.
Abu Muslimtepa ikki asosiy qismdan iborat. Uning birinchi qismida soqchilar xizmati va turmushi uchun mo‘ljallangan ark, ikkinchi qismida arkka tutashib ketgan katta shahar mavjud bo‘lgan. A.Yu.Yakubovskiy xulosalari bo‘yicha qal’a o‘z faoliyatining ilk davrida faqatgina mudofaa ishlari bilan cheklanib qolmagan, balki bu yerda cho‘l xalqlari bilan faol ravishda savdo-sotiq olib borilgan.
Abu Muslim qal’asining yoshini miloddan avvalgi I asr bilan (ya’ni Kanpirak devordan 500-600 yil oldin) davrlashadi. Shunday ekan, uning ilk nomi o‘zgacha bo‘lgan. Negaki, Abu Muslimning Movarounnahrdagi hukmronlik davri 750-755 yillarga to‘g‘ri keladi. Yodgorlikning shimoliy qiyaliklari Zarafshon daryosi qirg‘og‘iga borib taqalgan. Unga yaqin joydan Abu Muslim kanali boshlanadi. Qal’a sharqi-janubida Abu Muslim qabristoni bor. Unda uzunligi 16 va 12 metrli ikkita maqbara bor. Mahalliy qariyalarning fikricha, qabrlarning biri Abu Muslim maqbarasi, ikkinchisi Polvon Ahmad maqbarasi degan rivoyat bor.
Shahri Vayron. Yodgorlik qadimgi shahar xarobalari bo‘lib, u tuman markazidan 4 km shimoli-g‘arbda joylashgan. U milodiy eradan avvalgi I asr yoki milodiy eraning I asri bilan davrlanadi. Shaharning sharq tomon devoriga parallel holatda 8 m. masofada Kanpirak devor o‘tgan. Shahri Vayron ilk davrlarda 4 gektarni tashkil qilgan va g‘oyat katta hajmli Arki a’lo (Ark) sifatida xizmat ko‘rsatgan. Arxeolog olim R.Z.Ravshanovning tadqiqotlari bo‘yicha Shahri Vayron arablar bosqinigacha zardushtiylar uchun diniy markaz vazifasini bajargan. Ungacha Shahri Vayronning nomi Sug‘dacha bo‘lgan.
Narshaxiyning yozishicha, Tavois Buxoro viloyatlaridan, avvalgi nomi Arqud bo‘lgan. Arablar birinchi marta bu yerda tovusni ko‘rib, bu qishloqni “Zot ut-tavois” – “Tovuslar egasi” deb ataganlar. Uning asl nomi unutilgan va Tavois nomini olgan. V.V.Bartold va A.Yu.Yakubovskiylar qachonlardir boy shahar Shahri Vayron tasarrufida hozirgi Tavois va Arabxona qishloqlari mavjud bo‘lib, bu yerda tovuslar bo‘lgan, degan xulosaga kelishgan.
Tavois Kanpirak devorining ichkarisida joylashgan. Unda islom davrida qudratli qal’a, mahobatli Jome’ masjidi, obod bozor bo‘lgan. Tavois viloyat maqomiga ega bo‘lgan.
O‘ktamsavobtepa. Bu yodgorlik Xomrabot qishlog‘ining shimoli-sharqiy qismida – Shahri Vayrondan janubroqda joylashgan. U milodiy eraning IV asri bilan davrlanadi.
A.Yu.Yakubovskiy va V.A.Shishkin bu yodgorlikni bir vaqtlar Tavois shahri yaqinidagi karvonsaroy deb taxmin qilishgan. Uning sharqiy tomonida bir qancha qurilish inshootlari qoldiqlari, xususan, mavsumiy bozor, hovuz yoki sardoba, hatto boshqa bir karvonsaroy o‘rni ham aniqlangan. Bu joyda ekin yerlarni o‘zlashtirish ishlari amalga oshirilganligi sababli, inshoot xarobalari hozirgi davrgacha saqlanib qolmagan. O‘tmish madaniy tariximiz yodgorliklariga bo‘lgan bunday vahshiyona munosabatlar, afsuski, keyinchalik ham davom etdi.
Mang‘ittepa – 1. Bu yodgorlik Mang‘it qishlog‘i hududida, Qiziltepa – Kogon yo‘li yoqasida joylashgan. Ammo bu qishloqning ilk nomi boshqacha bo‘lgan. Chunki bu qishloq ilk o‘rta asrlarda o‘z taraqqiyotining cho‘qqisiga erishgan.
Mang‘it qishlog‘ining g‘arb tomonida, uncha uzoq bo‘lmagan masofada Vang‘ozi qishlog‘i joylashgan. Ta’kidlash kerakki, qishloq nomi qadimiy asosga ega. Vang‘ozi atamasi sug‘dcha bo‘lib, u sug‘d tilidagi «bag‘n» («ibodatxona») va «zi»/«ze» bo‘g‘ini esa («joy, o‘rin») ma’nolarini anglatib, ibodatxona o‘rni yoki ibodatxona joylashgan yer demakdir. Bu esa zardushtiylik davriga borib taqaladi.
Arxeolog olimlar o‘rtasida Mang‘ittepa avvalgi Vang‘ozi o‘rniga to‘g‘ri keladi, degan taxminlar ham bor. Shuningdek, Vang‘ozi qishlog‘i Tavois o‘rniga to‘g‘ri keladi, degan fikrlar ham ilgari surilgan.
Vang‘ozi qishlog‘i qadimgi Sug‘dda ham o‘zining yuksak madaniyatiga ega bo‘lgan. Bu madaniyatni u Turk xoqonligi davrida ham saqlab qolgan. Bu yerda islomdan keyin dusinja (ikki sinchli) mahobatli masjid, uning yonida cho‘pkori minora qurilgan.
Oqsochtepa yodgorligi. Bu yodgorlik vohaning chegara mavzeida qudratli mudofaa istehkomlariga ega bo‘lgan kuchli harbiy qal’a sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Uning janubi-g‘arbida o‘lchamlari 40×40 m2 shaklidagi arki a’lo joylashgan. Qal’aning sharqiy tomonidan 800 m masofada Kanpirak devori o‘tgan. Qal’a IV-V asrlar bilan davrlanadi. Undan so‘nggi o‘rta asrlarda ham Buxoro amirligining qal’asi sifatida foydalanilgan. Oqsoch qal’asi yonida Oqsochbibi va Nurobod ziyoratgohlari bor. Bu ziyoratgohlar 2009 yil navbahorlik tadbirkor G‘ulom Obloqulov va Oq oltin qishloq fuqarolar yig‘ini ahli ko‘magida obod qilindi.
Xoja Ajvanditepa. Bu yodgorlik o‘tmishda shahar sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U Ajvandi qishlog‘ining sharqi-janubida joylashgan. Bu yodgorlik V asr bilan davrlanadi. Xoja Ajvanditepa yonida tumanda eng katta qabriston, mahobatli sag‘ana mavjud. Sag‘ana atrofining old tomoni naqshinkor paxsa devor bilan o‘ralgan. Ikki qismdan iborat bu inshootning bir qismi ustida hozir ikkita gumbaz bor. Mustaqillik yillarida yodgorlik va sag‘ana ta’mirlandi. Peshayvonli masjid binosi qurildi. Bunga Fayzulla Yavqochev va Sattor Jumayevlar alohida hissa qo‘shishdi.
Lavandoqtepa. Bu yodgorlik tuman markazining janubi-g‘arbida, Ayronchi qishlog‘i yaqinida joylashgan. Unga milodiy eraning I asrida asos solingan va harbiy istehkom sifatida foydalanilgan. Hozirgi vaqtda bu inshootdan ham hech narsa qolmagan.
Xulosa shundan iboratki, yuqorida bayon etilgan qal’a-shaharlar Kanpirak devordan oldin bunyod etilgan va qo‘riqchi qal’a-shahar vazifasini bajargan. Kanpirak devor qurilgandan so‘ng ular yagona mudofaa tizimi sifatida uning tarkibiga qo‘shib olingan.

“Qiziltepa tarixi” kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>