2018/06/22 4:24:40

Qiziltepa tumanidagi maktab va kollejlar faoliyati

loading...

Mamlakatimizda «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» va «Ta’lim to‘g‘risida»gi yangi qonunning qabul qilinishi yosh avlodni ta’lim-tarbiya qilishga mo‘ljallangan islohotlarga asos soldi.

Kasb-hunar kollejlari

Tumandagi kasb-hunar kollejlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 13 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 204-sonli va 1998 yil 23 sentyabrdagi “1999-2005 yillarda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining moddiy texnika bazasini rivojlantirish hamda mablag‘ bilan ta’minlash dasturi to‘g‘risida”gi 406-sonli qarorlari asosida tashkil etildi.

Qiziltepa qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji

Tumandagi bu dastlabki kollej 2001 yilda 7,8 gektar maydonda qurilgan yangi zamonaviy binoda ish boshladi. Kollejda o‘quv xonalaridan tashqari 100 o‘rinli yotoqxona, 150 o‘rinli ishlab chiqarish ustaxonasi, 240 o‘rinli oshxona, 60 o‘rinli qiroatxona, majlislar va sport zali mavjud bo‘lib, mashg‘ulotlarni hamda madaniy-ommaviy va sport tadbirlarini o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Kollejda qishloq xo‘jaligi mashinalari va jihozlariga xizmat ko‘rsatish mexanigi; transportlarda yuk tashish va boshqarishni tashkil etish; kompyuter va uning tarmoqlarini ta’mirlash hamda sozlash bo‘yicha texnik; kichik zootexnik; axborot-resurs markazi mutaxassisi; tikuv, trikotaj ishlab chiqarish texnik-texnologi; qishloq xo‘jalik mahsulotlarini konservalash texnik-texnologi; o‘simlikshunos fermer-chorvador; buxgalter; payvandlash-jihozlash mexanigi mutaxassislari tayyorlanadi.

Kollejni hozirgacha 11 ta yo‘nalish bo‘yicha 1850 nafar yoshlar tugatdi. Ayni vaqtda 808 nafar yigit-qiz unda o‘qiyapti. Kollejni tashkil etishda 2001-2006 yillarda unga rahbarlik qilgan Jalol Bafoyev xizmat qildi. Yigit-qizlarni zamon talablariga mos o‘qitish va qasb-hunar o‘rgatishda Inobat Nurova, Asror Ahrorov, Gullola Siddiqova, Ruxsora Ravshanova, Dilfuza Temirova, Anvar Azimov kabi ustozlarning o‘z o‘rni bor.

Qiziltepa yengil sanoat kasb-hunar kolleji

1980 yilda o‘z faoliyatini boshlagan kasb-hunar maktabi negizida bu kollej 2004 yil 27 yanvarda tashkil qilindi. Kollej uchun barcha qulayliklarga ega ikki qavatli bino qurib berildi.

Kollejda tikuvchilik va trikotaj ishlab chiqarish texnologiyasi; informatika va axborot texnologiyasi; suv, gaz ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini montaj qilish va ta’mirlash; elektr tarmoqlarini va jihozlarini montaj qilish hamda ta’mirlash; moliya; qishloq xo‘jaligi mashina va jihozlarini ishlatish hamda texnik xizmat ko‘rsatish; avtomobillarga texnika xizmati ko‘rsatish yo‘nalishlarida yoshlarga bilim berilib,kasb-hunar o‘rgatilyapti. Kasb-hunar kolleji Navoiy Davlat pedagogika instituti hamda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutlari bilan hamkorlikka ega.

Qiziltepa qurilish va uy-joy, kommunal xizmat kolleji.

O‘zbekiston mustaqilligining 15 yilligi tantanalari kunlarida go‘zal Vang‘ozida Bog‘i Farovon bag‘rida bu kollej ochildi. 540 o‘rinli kollej binosida yoshlarni o‘qitish va kasb-hunar o‘rgatish uchun kulay sharoitlar yaratilgan. O‘quv-laboratoriya xonalari, zallar, sport maydonlari, oshxona ular xizmatida. Kompyuter sinf xonasi, ingliz va rus tili lingafon xonalari; fizika, kimyo, biologiya laboratoriya xonalarida barcha sharoit mavjud. Axborot-resurs markazi, shuningdek, 13 ta fan, 7 ta kasbiy va 8 ta sport to‘garagi ham yoshlar xizmatida.

Kollejda 147 kishi mehnat qiladi. Ularning 98 nafari oliy ma’lumotli. O‘kituvchi va kasb-hunar ustalari o‘quv-tajriba jarayoni bilan birgalikda yoshlarni iqtidoriga qarab o‘qitish, oliy o‘quv yurtlariga kirishga tayyorlash bilan ham shug‘ullanadilar. Shuning uchun kollej o‘quvchilari turli tanlovlarda muvaffaqiyatli qatnashib, institutlarda o‘qishni davom ettirish baxtiga muyassar bo‘lyaptilar.

2010 yilda Mehriddin Odilov «Eng iqtidorli yosh iste’molchi» respublika tanlovi g‘olibi bo‘ldi. Maftuna Sultonova ingliz tilidan fan olimpiadasida respublikada 4-o‘rinni egalladi. Ochilova Gulsanam shaxmat bo‘yicha mamlakat musobaqasida qatnashdi. «Do‘ppi tikdim, ipaklari tillodan», «Zulfiyaxonim qizlari», «Urush bo‘lmasin jahonda» ko‘rik-tanlovlarida ham o‘quvchilar faol qatnashishyapti. O‘quv-tarbiya jarayonini yaxshilashda J.Malikov, F.Asadov, U.Ahmedov, S.Teshayeva, G.Hamdamova, S.Kamolova, R.Berdiyev, Islomov kabi o‘qituvchilarning ulushi katta.

Qiziltepa maishiy xizmat kasb-hunar kolleji

2004 yilda Bo‘ston qishloq fuqarolar yig‘inining G‘oyibon mahallasi hududida yangi kollej qurilishi boshlanib, u 8 oyda bitkazildi. 2005 yil 2 sentyabrda bu binoda savdo va umumiy ovqatlanish kasb-hunar kolleji o‘z faoliyatini boshladi. Ikki gektar maydonni egallagan bu kollejning loyiha quvvati 900 o‘rinli bo‘lib, 49 ta o‘quv xonasiga ega. Dastlabki yili 7 yo‘nalishga ega bo‘lgan bu kollej 2007 yili Qiziltepa maishiy xizmat kasb-hunar kollejiga aylantirildi.

Hozirgi vaqtda kollejda savdo, kompyuter tarmoqlari va ofis jihozlaridan foydalanish, elektroenergetika, buxgalteriya, tikuvchilik, ishlab chiqarish, moliya, turizm va mehmonxona biznesi, boshlang‘ich ta’lim, jismoniy tarbiya va bolalar sporti, avtotransport vositalariga xizmat ko‘rsatish, maishiy xizmat ko‘rsatish, maishiy xizmat mashinalari ta’mirlovchisi, sartaroshlik san’ati va dekorativ kosmetika, tibbiy-ijtimoiy yordam, marketing kabi 15 yo‘nalishda 1486 nafar talaba o‘qimoqda. Ularga 144 nafar o‘qituvchi va murabbiy ta’lim-tarbiya va kasb -hunar o‘rgatyapti.

Kollejdagi axborot-resurs markazida 26 nafar oliy va o‘rta-maxsus ma’lumotli mutaxassis faoliyat ko‘rsatmoqda. Kollejda 15 ta fan to‘garaklari, 18 ta kasbiy va badiiy to‘garaklar ishlab turibti. Kollejda o‘qiyotganlar respublika va viloyat miqyosidagi ko‘plab tanlovlar ishtirokchilari bo‘lishmoqda.

Qiziltepa agroservis kasb-hunar kolleji

Navoiy viloyat hokimligi o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasining 2002 yil 23 yanvardagi 21-sonli buyrug‘i bilan mavjud Qiziltepa biznes maktabi negizida bu kollej tashkil etilgan. Ungacha mazkur o‘quv yurti 1978 yil 14 sentyabrda Buxoro viloyati ijroiya qo‘mitasining qarori bilan Qiziltepa tuman qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashtirilgan 194-bilim yurti, 1984 yildan A.Iskandarov nomli 12-kasb-hunar bilim yurti, 1991 yildan 26-, 1992 yildan 12-, 1993 yildan 1995 yilgacha 8-bilim yurti, 1995 yildan biznes maktabi sifatida faoliyat yuritgandi.

2002 yilda uning binosi qayta ta’mirlandi. Ta’mirlash va jihozlash uchun davlat tomonidan 885 million so‘m mablag‘ sarflandi.Bunda mavjud ma’muriy bino, yotoqxona, oshxona, sport zali, majlislar xonasi, kutubxona qayta ta’mirlandi. Qurilishi tugallanmagan uch qavatli 500 o‘quvchiga mo‘ljallangan 20 ta sinf xonalari bitkazildi. Ustaxonalar majmuasi, qozonxona va chiqindi suvlarni uzatish inshooti qurildi. Futbol, voleybol va basketbol maydonlari tayyorlandi.

Janubiy Koreya Respublikasi krediti hisobidan 44 million so‘mlik o‘quv jihozlari olindi. Dars samaradorligini oshirish, tarbiya jarayonini zamon talablari darajasida tashkil etishga ko‘mak beradigan fizika, kimyo, biologiya, elektrotexnika, informatika xonalari, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishga imkoniyat beradigan lingofon kabinetlari tashkil qilindi. Fan laboratoriyalari va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Kollejda avtomobillarni ta’mirlash va chilangarlik ustaxonalari, 4 ta TTZ traktorlari, 1 ta minitraktor va boshqa texnikalar mavjud. U 14 gektarli o‘quv-dala xo‘jaligiga ega.

Kollejda 984 o‘quvchi 3 yillik guruhlarda quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qimoqda: qishloq xo‘jaligi mashina va jihozlaridan foydalanishda texnik xizmat ko‘rsatish; o‘simlikshunoslik va chorvachilik bo‘yicha fermer xo‘jaliklarini tashkil etish; tikuvchilik ishlab chiqarish; buxgalteriya; moliya; kompyuter tarmoqlari va ofis jihozlarini ta’mirlash hamda sozlash; elektr tarmoqlari va jihozlardan foydalanish; veterinariya; xo‘jalik huqukiy faoliyati; avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish; gidromeliorativ ishlar, mashina va jihozlarini ishlatish; yonilg‘i moylash materiallaridan foydalanish.

Kollejda 100 o‘rinli yotoqxona, oshxona, katta va kichik sport zallari, kutubxona talabalar ixtiyorida. Kollej pedagog va pedagog-muhandislari tomonidan bir qancha uslubiy qo‘llanmalar va tavsiyalar ishlab chiqilib, ta’lim-tarbiya jarayonida foydalanilyapti. Bu borada, ayniqsa Shohista Ataboyeva, Muqaddas Tosheva, Abdurauf Turdiyev, G‘ayrat Suyunov, Sadoqat Kenjayeva, Mahbuba Vahobova, Jamila Ziyodullayeva, Nafisa Qahhorovalar faollik ko‘rsatyapti.

Ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish va yosh avlod tarbiyasidagi samarali mehnatlari uchun Rohat Shonazarova «Shuhrat» medaliga sazovor bo‘ldi. Mardon Farmonov, Muqaddas Toshevalar «Kasb-hunar ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Turli yillarda jamoani Rahmat Saidov, Zubaydulla Toshev, Turob Muhammedov, Farmon Ostonov, Dilorom Fayzullayeva. Maqsuda Nasullayeva, Jalol Bafoyev, Mardon Farmonov boshqardilar.

Qiziltepa agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji

2004 yil 2 sentyabrda Revartun iqtisodiyot kasb-hunar kolleji negizida bu kollej tashkil etildi. Revartun iqtisodiyot kasb-hunar kolleji 2003 yil 3 noyabrda tuman hokimining qarori bilan ochilgan edi.

Kasb-hunar kolleji jahon standartlari talablariga javob beradigan binolar, o‘quv jihozlari, eng so‘nggi rusumdagi kompyuter texnikasi, yangi pedagogik texnologiyalarga ega. Bu maskanda o‘ndan ortiq yo‘nalish bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. O‘tgan davrda 1500 yigit-qiz bu bilim dargohini tugatdi.

Kollejda o‘quv, kasb-hunar o‘rganish bilan birgalikda yoshlarning axloqiy tarbiyasini takomillashtirish, ularni milliy an’analar, mustaqil O‘zbekistonga faxr-iftixor ruhida tarbiyalash maqsadida turli savol-javoblar, davra suhbatlari, tanlovlar, ijodiy uchrashuvlar muntazam o‘tkazilib turiladi. Voyaga yetmaganlarning oilaviy sharoitlari, ularning kollej, oila va mahalladagi faoliyati o‘rganilib, tartibbuzarlik va jinoyatchilik yo‘liga kirmaslik chora-tadbirlari belgilanib amalga oshirilyapti. Kollejda axborot-resurs markazi bo‘lib, unda 34900 nusxa kitob bor. Ayni vaqtda kollejda 926 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

Shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, bugungi kunda kasb-hunar kollejlarida yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanish, uning qadriga yetish talab darajasida emas. Bunga ota-onalar va kasb-hunar kollejlari pedagog-murabbiylari, qolaversa, ularda o‘qiyotgan o‘quvchilarda, shuningdek bu sohaga ma’sul boshqa mutasaddilarda kelajak oldidagi mas’uliyatni sezmaslik sabab bo‘lmoqda.

Xalq ta’limi

Maktab inson uchun kerakli binolarning eng muhtashamidir, degan ekan donishmandlardan biri. Olimlar va fozillar yurti bo‘lgan Qiziltepada mustaqillik yillarida maktab va maorifga e’tibor yanada oshdi.

«2004-2009 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 9 iyuldagi qarori bu boradagi sa’y-harakatlarni keskin rivojlantirdi.

Dasturga asosan tumandagi 38ta umumta’lim o‘rta maktablaridan 31, 32, 17, 21, 10, 28, 35, 30, 3-sonli maktablarni rekostruksiya qilish, 18, 26, 29, 20, 23, 12, 8, 24, 37, 25, 36, 2, 38, 22-sonli maktablarni mukammal ta’mirlash, 7, 6, 4, 33, 11, 16, 34, 14-sonli maktablarni joriy ta’mirlash belgilandi va amalga oshirildi. Byudjet mablag‘lari hisobidan 32, 10, 19, 30, 35-sonli maktablar uchun yangi zamonaviy sport zallar qurildi. Maktablardagi 9 ta sport zal mukammal ta’mirlandi. «G‘uncha», «Sitora», «Orom» bog‘chalari mukammal ta’mirdan chiqarildi. 2004-2009 yillarda maktab umummilliy dasturi asosida qurilish-montaj ishlari uchun 4.222.588.000 so‘m byudjet mablag‘lari sarflandi.

Tumandagi tashkilotlar, jismoniy shaxslar va ota-onalar tomonidan bu maqsadda 300 million so‘mlik homiylik yordami ajratildi. Tadbirkor A.Xoliqov 9-maktab uchun 12×24 kvadrat metr hajmdagi umumiy qiymati 140 million so‘m bo‘lgan sport zalni o‘z mablag‘laridan qurib topshirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 21 oktyabrdagi «2005-2009 yillarda umumta’lim maktablarini mebel, zamonaviy o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari bilan jihozlash dasturi to‘g‘risida»gi 493-sonli qarori asosida maktablarga o‘quv sinf jihozlari, kompyuter jamlanmalari, sport anjomlari va boshqa ashyolar olib berildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «2005-2009 yillarda umumta’lim maktablari uchun darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar nashr etish dasturi to‘g‘risida»gi 548-sonli qarorini bajara borib, ta’lim muassasalarini ijara tizimi darsliklari bilan ta’minlash 99,1 foizdan oshdi.

Umummilliy dasturda qo‘yilgan vazifalar asosida umumta’lim maktablarini kadrlar bilan ta’minlash, o‘qituvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimi yaratildi. Ular mehnatini rag‘batlantirish chora-tadbirlari ko‘rildi. Ayni vaqtda 40 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 3 maktabdan tashqari ta’lim muassasasi, 24 ta maktabgacha ta’lim muassasasida 2299 pedagog mehnat qilmoqda. Ularning 87,8 foizi oliy ma’lumotli, 4,6 foizi oliy toifali, 15,5 foizi 1-toifali, 36,8 foizi 2-toifali o‘qituvchilardir. Ular attestatsiyadan o‘tib, o‘quv-tarbiya jarayonini davlat ta’lim standartlari talabi darajasiga ko‘tarish yo‘lida izlanib mehnat qilmoqda.

Davlat ta’lim standartlari, modernizatsiya qilingan o‘quv dasturlarini amaliyotga joriy etish uchun 2004-2005 o‘quv yilidan boshlab hududiy sinov maydonchalari tashkil etilib, faol o‘qituvchilar eksperimentator qilib tayinlandi. Ularning faoliyati tuman, viloyat va respublika miqyosida ommalashtirildi. Ilg‘or pedagoglarning tajribalarini ommalashtirish maqsadida seminarlar, konferensiyalar, «Eng yaxshi ma’ruza», «Eng yaxshi dars ishlanmasi», «Eng yaxshi tavsiya», «Eng yaxshi pedagogik tajriba», «Eng yaxshi fan o‘qituvchisi», «Yil o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovlari tashkil etildi.

Mamlakat hukumatining 2005 yil 25 dekabrdagi 275-sonli «Xalq ta’limi xodimlariga haq to‘lashning takomillashgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori o‘qituvchilar ish faoliyatida ijobiy o‘zgarishlar yasadi. Xususan, ilg‘or mehnat jamoalarida o‘qitish jarayonida yangiliklarga intilish, o‘quvchilarning bilimga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish uchun yangi usullarni qo‘llashga intilish ro‘y berdi.

O‘quvchilarni ma’naviy tarbiyalash, ular ongiga milliy g‘urur va vatanparvarlik g‘oyalarini singdirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning «Milliy g‘oya targ‘iboti va samaradorligini oshirish to‘g‘risida»gi 2006 yil 25 avgustdagi 451-qarori asosida maktablarda «Oila, mahalla, maktab» markazi tashkil etildi.

Mustaqillik kuni, Navro‘z umumxalq bayrami, Xotira va Qadrlash kuni, Konstitutsiya kuni, Bilimlar kuni, O‘qituvchilar va murabbiylar kuni va boshqa tarixiy kunlarni sharaflash, milliy an’analarni ardoqlash maqsadida ommaviy tadbirlar, milliy sport musobaqalari, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish an’anaga aylandi. Bu boradagi faoliyatlar, xususan, davlat rahbari I.Karimovning «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asari 2008 yilda nashr etilgandan so‘ng muntazam tus oldi.

«Prezident asarlari bilimdonlari», «Umid nihollari» kabi tanlovlar, «Iqtidorli va iste’dodli bolalarning sehrli dunyosi» festivali yoshlar faolligini oshirishga muhim omil bo‘lyapti. Yoshlarning ommaviy sport bilan shug‘ullanishi uchun umumta’lim maktablaridagi sport zallaridan tashqari 145 ta sport maydoni, uchta o‘yingohdan ham foydalanish imkoniyati bor.

O‘quv-tarbiya jarayoni samaradorligining oshirilayotgani mustaqillik yillarida uch nafar qizimiz – Muhabbat Temirova, Xurshida Narziyeva, Nazokat Muhammedovalarning Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganligi, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan yosh olimlar va salohiyatli rahbar kadrlar tobora ko‘payayotganidan ham bilish mumkin.

Ta’lim-tarbiya ishlarini yaxshilashda, ayniqsa 1, 5, 12, 13, 14, 15, 27, 37- maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablar jamoalarining hissasi katta. Yosh avlod ta’lim va tarbiyasiga alohida hissa qo‘shgan o‘qituvchilar hukumat mukofotlari bilan taqdirlanyaptilar. Shuningdek, har yili 1 oktyabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni tumanda keng nishonlanyapti.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni komil insonlar qilib tarbiyalash borasida tumanimizning ayrim joylarida olib borilayotgan ishlar qo‘yilayotgan vazifalarga to‘liq javob bermaydi. Butun faoliyati davomida birorta ham olim, yetuk rahbar, xalq xo‘jaligining dongdor xodimini yetishtirmagan bilim jamoalari bor. Bu ham iqtidorli yoshlarni tarbiyalashga e’tibor sustligidan dalolat beradi.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

1

Navbahor yengil sanoat kasb-hunar kolleji bu bilimlar o’chog’i

Navbahor yengil sanoat kasb-hunar kolleji O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 29-oktyabrdagi “Umumiy o‘rta va ...

1 Fikr

  1. Feruza Islomovna

    Qiziltepada faoliyat yuritayotgan barcha ustoz va murabbiylarga ta’zim bajo keltiraman.Ayniqsa Ahrorova Feruza Opa,Ruziyeva Zamira,E’tibor Opa ,Rajabov Zoir aka,rahmatli Umedov Domla,rahmatli Habibova Sabohat opa,nemis tili ustozim Ne’matov Domla ,Sayyora Teshayevnadan bir umr minnatdormiz.Hurmat bilan 1998 -yil bitiruvchilari!

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>