2017/10/24 12:04:40

Qiziltepa tumani sovet hokimiyati davrida (1925/1935 – 1991 yillar)

loading...

O‘zbekiston SSR Sovetlarining 1925 yil 13-17 fevralda Buxoroda bo‘lgan 1-qurultoyida “O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini tashkil etish to‘g‘risida Deklaratsiya” qabul qilindi. Qurultoyda respublika hokimiyatining oliy organlari rasmiylashtirildi.

Fayzulla Xo‘jayev O‘zbekiston SSR XKS raisi va Yo‘ldosh Oxunboboyev O‘zbekiston SSR MIK Prezidiumi raisi qilib saylandi. Respublika siyosiy hayotida O‘zbekiston Kommunistik partiyasi (1925 yil 6-12 fevralda Buxoroda tuzilgan) yetakchi rol o‘ynagan. O‘zbekiston Kompartiyasining 1-ta’sis syezdida Vladimir Ivanov va Akmal Ikromov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti mas’ul kotiblari qilib saylangan.

Buxoroda bo‘lib o‘tgan ushbu qurultoylarda SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi M.I.Kalinin qatnashadi va nutq so‘zlaydi. “Butunittifoq oqsoqoli” deb o‘z davrida aytilgan M.I.Kalinin Buxoro shahriga borishdan avval 1925 yil 5 fevralda Qiziltepa temir yo‘l stansiyasida to‘xtab o‘tadi. Ushbu holat va M.I.Kalininning Qiziltepada kutib olinish marosimi manbalarda quyidagicha tasvirlangan.

1925 yili 2 yanvarda Buxoro Xalq sovet Respublikasi qaroriga asosan G‘ijduvon uyezdi inqilobiy qo‘mitasining Butunittifoq oqsoqoli M.I.Kalininni Qizilepada kutib olish bo‘yicha majlis bo‘ladi. Unda Vang‘ozi, Vobkent, G‘ishti, Shofirkon volostlari inqilobiy qo‘mitasi rahbarlari, kasaba va qo‘shchi soyuzlari, raislari, komsomol sekretarlari qatnashadilar.

Yig‘ilish Qiziltepada ikki kun davom etadi. Unda M.I.Kalininni kutib olish bo‘yicha ishchi guruhi tuziladi, kun tartibi belgilanadi. Qiziltepa temir yo‘l bekati Kogon tomondan 300 metr, Samarqand tomondan 250 metr masofada gilam bilan yopiladi. Bir hafta xalq sayli uyushtiriladi. Bu yerda 8ta novvoyxona va 10 ta choyxona tashkil etiladi. 5 fevral kuni soat 12 larda M.I.Kalinin O‘zbekiston rahbarlari F.Xo‘jayev, A.Ikromov, Y.Oxunboboyev, A.Rahimboyev, Nusratilla Maxsum ishtirokida kelishadi. Miting bo‘lib, Kalinin unda nutq so‘zlaydi. U o‘z nutqida sovet hokimiyatini maqtaydi, ayniqsa, uning ayollarni ozod qilish borasidagi siyosatini ko‘kka ko‘taradi. Kalinin nutqini Fayzulla Xo‘jayev o‘zbekchaga o‘girib turadi.

O‘zbekiston SSR tashkil qilingandan keyin respublika davlat boshqaruvi organlari Ittifoq organlari tartibida va ulardan andoza olingan holda tuzilgan. Bu ittifoqdosh respublikalarning Markazdan turib boshqarishning eng oson va oddiy, shu bilan birga mustahkam va ishonchli shakli edi. Barcha qaror va ko‘rsatmalar Markazda qabul qilinib, ittifoqdosh respublikalarga, shu jumladan, O‘zbekiston SSRga bajarish uchun jo‘natilardi. Qiziltepa tumanida ham butun sovet davrida ahvol shunday bo‘lgan.

Sovet hokimiyatini mustahkamlash uchun joylarda sovet (sho‘ro) idoralari XX asr 20-yillaridan boshlab tuzila boshlanadi. Qiziltepa qishloq soveti 1926 yilda tuzilgan. Vang‘ozi qishloq soveti 1928 yil tashkil etilgan va uning birinchi raisi Rahim Shirinov bo‘lgan. Vang‘ozida 1928 yilda «8 mart» nomli birinchi kolxoz (jamoa xo‘jaligi) tashkil topgan. Uning birinchi raisi Ro‘zi Yo‘li degan batrak bo‘lgan. G‘ardiyon qishloq sho‘rosi 1929 yilda tashkil etilgan. 1931 yilda bu yerda 5ta kolxoz bo‘lgan.

1928 yildan boshlab kollektivlashtirish (jamoalashtirish) davrida mulkdorlar mulki tortib olinadi. Ularning yerlari davlat ixtiyoriga o‘tkaziladi. Buning natijasida qishloqlar xarobaga aylanadi. Ba’zi qishloqlar umuman yo‘qolib ketadi. Masalan, Vang‘ozi hududida XIX asr oxirlarida inqilobgacha yuzta qishloq bo‘lgan. 1925 yildagi ro‘yxatda esa atigi 15ta qishloq yozilgan.

Vang‘ozidagi Novvoyon qishlog‘i atrofi besh paxsa devor bilan o‘ralgan. Kirish-chiqish uchun 2 ta darvoza bo‘lgan. Undagi 7 ta novvoyxonada pishirilgan shirmoy kulchalar Samarqandu Chorjo‘y bozorlarida sotilgan. Hatto bu shirmoy kulchalar Buxoro amiriga yetkazilgan. Sovet hokimiyati yillarida qishloqning tadbirkori Fozilbek otib tashlangan. Fatullabek Toshkent turmasi (Toshturma)da o‘lgan. Qolgan mulkdorlaru hunarmandlar ham surgun qilinib, qishloq vayronaga aylantirilgan. Boshqa qishloqlarda ham ahvol shunday bo‘lgan.

Qozonda sovun pishirgan ham, tandirda non yopgan ham, usta-duradgor, etikdo‘z ham mulkdor tamg‘asi ostida bor-budi tortib olingan. O‘zi otuvga yoki surgunga hukm qilingan. Ayniqsa savodli kishilarga qiron keltirilgan. Kalomullohni bilganlarning boshi olingan. Qur’oni karim va arab yozuvidagi barcha kitoblar yoqib yuborilgan. Qolganlarini odamlarning o‘zlari qo‘lga tushmaslik uchun pana-pastqamlarga ko‘mib tashlashgan.

Arabonda birinchi kolxoz 1929 yilda Demascha qishlog‘ida tashkil etilgan. 1930 yildan yoppasiga jamoalashtirish boshlangan. Kolxoz raislari batraklar va yo‘qsil kishilardan qo‘yilgan. Bu “raislar” savodsiz bo‘lib, dehqonchilik va ish yuritishni bilmagani uchun ekin yerlari ham xarobaga aylangan. Paxta hosildorligi gektariga 2-3 sentnerga tushgan. G‘allachilik ham izdan chiqib, qimmatchilik va qahatchilik avj olgan.

Keksa o‘kituvchi Amriddin bobo Bahriddinov hikoyasidan: 1930 yilda yer islohoti boshlandi. Dastlab Arabon va Zarmitan hududida bitta kolxoz tuzilib, Ibrohim Xoliqov uning raisi edi. O‘sha yili paxta hosildorligi gektariga 3 sentnerdan bo‘ldi. Keyingi yili kichik xo‘jaliklar tugatilgan edi…

Sovet hokimiyati davrida o‘zbek xalqi 1920 yilgacha savodsiz edi, degan uydirma siyosat yuritilardi. Bu adolatdan emas, albatta. Amir Olimxon hukmronligining oxirgi davrida Vang‘ozidagi madrasada 500 kishi o‘qigan. Har bir qishloqda kamida bittadan masjid bo‘lgan. Masalan, Vang‘ozida yuzta, Toshrabotda ellikta, So‘fiyon qishlog‘ida beshta, Arabondagi hozir yo‘qolgan Charmgaron qishlog‘ida 7 ta masjid bo‘lgan. Vang‘ozidagi Toshmasjid yonida madrasa faoliyat ko‘rsatgan. Bu madrasa va masjidlarda Buxoro madrasalarida o‘qib kelganlar bolalarga ta’lim berganlar va savod o‘rgatganlar. Birgina Mug‘jin qishlog‘i atroflaridagi hududda 18 ta masjid bo‘lgani uchun “Mug‘jinning 18 masjidi” iborasi hali ham xalq og‘zida yuritiladi. Biroq ular sovet hukumati tomonidan buzib tashlangan, qolganlari omborxona va nurixonaga aylantirilgandi.

Butun mamlakatda bo‘lganidek, Qiziltepa tumanida ham «xalq dushman»larini yoppasiga yo‘qotish boshlanadi. Buning uchun turli ig‘vogarliklardan foydalanilgan.

Qorabek Maqsudov hikoyasi: 1929 yil 8 mart kuni Vang‘ozida majlis bo‘lishi va unga borishni kolxoz raisi Ro‘zi Yo‘li menga tayinladi. Ammo akam Fatullabek majlisga bormaslikni men va ukam Ahmadbekka uqtirdi. O‘sha kechqurun majlisga borgan yuzga yaqin kishini Buxoro turmasiga haydab ketishdi. Keyin bilsam, o‘sha kuni hamma kolxozlarda ham janjal uyushtirilgan va shu bahonada bizga o‘xshaganlar hibsga olingan ekan. O‘shanda hibsga olinganlarning deyarli hammasi uzoq yurtlarga surgun qilinib, qaytib kelmadi. O‘shanda Fatullabek akamni uch yilga qamatishdi. Azob-uqubatlardan olti oyga bormasdan u Toshturmada (Toshkent qamoqxonasida) vafot etdi. Ehtimol, o‘ldirilgandir. Boshqa yurtlarga qochib ketgan 4-5 kishi omon qoldik, xolos…

Tarixdan ma’lumki, 1925-1929 yillarda O‘zbekiston SSRda yer-suv islohotining ikkinchi bosqichi o‘tkazilgan. Bu islohot joylarda shart-sharoit va tayyorgarlik darajasiga qarab 3 bosqichda amalga oshirilgan. Birinchi bosqich 1925-1926 yillarda Farg‘ona, Toshkent, Samarqand viloyatlarida bo‘lgan. Ikkinchi bosqichda 1927 yil Zarafshon viloyati (Buxoro va O‘rta Zarafshon okruglari)da yer-suv islohoti o‘tkazilgan. Uchinchi bosqich – 1928-1929 yillarda Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm okruglarida islohot amalga oshirilgan. Qabul qilingan dekretlar asosida belgilangandan ortiq yerlar, ish hayvonlari va mehnat qurollari tortib olingan. Boylar, yirik savdogarlar, ulamolar va boshqa mulkdorlarning yerlari va butun mol-mulki musodara qilingan. Keyinchalik qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirish amalga oshirilib, kolxoz va sovxozlar tuzilgan. Biroq sovet hokimiyati o‘ziga to‘q dehqon xo‘jaliklarini quloq (mushtumzo‘r) sifatida tugatish siyosatini olib borgan.

Bu holat hozirgi Qiziltepa tumani hududida ham davom etadi. 1926-1935 yillarda tuman hududi Zarafshon viloyati (1927 yildan Buxoro okrugi)ning G‘ijduvon tumani tarkibida bo‘lgan. Avval ham yozib o‘tilganidek, 1935 yil 9 fevralda alohida Qiziltepa tumani tashkil qilingan.

Xullas, hozirgi Qiziltepa tumanida ham avvaliga 1928-1929 yillarda yirik jamoa xo‘jaliklari (kolxozlar) tuziladi. Lekin bir-ikki yilda tortib olingan mulkdorlarning yeri, ho‘kiz, omoch, poza va boshqa anjomlari, binolari asosida qurilgan yirik kolxozlar tarqatilib, kichik-kichik jamoa xo‘jaliklar (kolxozlar) tashkil qilinadi.

1930-1940 yillarda tumanda oltmishdan ortiq shunday xo‘jaliklar tuzilgan. Masalan, Toshrabotda 21ta, G‘ardiyonda 7ta, Bo‘stonda 11ta, Vang‘ozida 12ta, Zarmitanda 9ta, Arabonda 7ta, Oqoltin hududida 6ta shunday xo‘jaliklar tuzilgan. Albatta dehqonchilik qo‘l kuchiga asoslanganligi, buning ustiga xo‘jalik rahbarlarining yetarli savod va tajribaga ega emasligi oqibatida paxta, don va boshqa ekinlar hosildorligi juda ham pasayib ketgan. 1930 yilda tuman hududiga birinchi traktorlar keltirilgan. Vang‘ozida traktorni birinchi bo‘lib To‘la Tumanov boshqargan. Odamlar dastlab traktor bilan yer haydashga qarshilik qilishadi.

Qiziltepa qishloq soveti 1926 yilda, Vang‘ozi qishloq soveti 1928 yilda, G‘ardiyon qishloq soveti 1929 yilda, Zarmitan qishloq soveti 1928 yilda tashkil topadi. Boylardan tortib olingan mehmonxonalar qishloq sovetlariga idora qilib beriladi.

Sovet hokimiyati o‘zining dastlabki kunlaridan dinni, nafaqat Ro‘za hayiti va Qurbon hayitini, hatto Navro‘z bayramini, milliy urf-odat va an’analarni ham qatag‘on qiladi. Arab imlosi bekor qilinadi. O‘n yilda alifbo arab imlosidan lotin grafikasiga va undan keyin kirillchaga aylantiriladi. Bunday holatda tabiiy ravishda yoppasiga savodsizlik boshlanadi.

Birinchi sovet maktabi Qiziltepa temir yo‘l stansiyasida ishlovchilar bolalari uchun (ular asosan rusiyzabon kishilar bo‘lishgan) 1922 yilda Yenukidze nomi bilan ochiladi. Keyinchalik Gagarin nomini olgan bu maktab 1979 yili Sadriddin Ayniy nomli (hozirgi 5-maktab)ga qo‘shiladi. 1924 yili M.Gorkiy nomli 1-maktab, Alisher Navoiy nomli 27-maktab, Abu Rayhon Beruniy nomli 25-maktab, Zarmitanda 15-maktab tashkil topadi.

Yaqin-yaqingacha G‘afur G‘ulom nomi bilan yuritilgan 26-maktab 1926 yilda, Abdurauf Fitrat nomli 20- maktab 1927 yilda, Ibn Sino nomli 12-maktab, H.Olimjon nomli 29-maktab, Muqimiy nomli 22-maktab, Eshto‘xta Sachoqov nomli 21-maktab, Sobir Rahimov nomli 9-maktab 1928 yilda tashkil topgan. 1930 yilda Furqat nomli 28-maktab, Bobur nomli 23-maktab, Sh.Rajabov nomli 4-maktab, Murod Qobilov nomli 14-maktab, Xorazmiy nomli 24-maktab ochiladi. Bu maktablar sovet davrida boshqa nomlar bilan aytilgan. Hozirgi vaqtda maktablarni tartib raqami bilan aytish urfga kirdi. Bu maktablarning hammasi quloq qilinganlardan tortib olingan mehmonxonalar yoki boshqa yashash binolarida ochilgan.

Katta yoshdagilar uchun chala savodlilikni bitirish maktablari ham ochilgan. Savodli kishilar kam bo‘lganligidan o‘qituvchilar mahalliy rahbarlar va aholiga partiya va hukumat qarorlarini tushuntirish, odamlarni yangi tuzumga targ‘ibot qilish bilan ham shug‘ullanishgan.

1935 yilda tumanda ikki feldsher: Hoshim Safarov va O‘roq Rajabov ishlashgan. 1939 yili vrach Yevdokiya Semyonovna Kuchina rahbarlik qilgan 50 o‘rinli kasalxona ochilgan.

Ikkinchi jahon urushining boshlanishi va Germaniyaning SSSRga hujumi shunday ham azob chekayotgan odamlar hayotini yanada og‘irlashtirgan. Erkaklar frontga jo‘natildi. Urushga borganlardan yomg‘irdek yog‘ilib kelgan «qora xat»lar, ajal sharpasi qishloqlarni butunlay vayron va odamlarni abgor qiladi. Tumanda yashovchi cholu kampirlar, bolalar va ayollar kecha-kunduz mehnat qilib, topgan-tutgan yegulik hamda bor kiyim-kechaklarini frontga jo‘natishgan. Mudofaa zayomlari, oshqovoq palagidan boshlab har bir ko‘chat va daraxt, echki, qo‘y va boshqa chorva mollariga solingan soliqlar xalqning tinkasini quritgan bo‘lsa-da, «Hamma narsa front uchun, hamma narsa g‘alaba uchun!» shiori odamlarni tunu kun ishlashga safarbar etgan. Odamlar och-nahor bo‘lishsa-da, ish normalarini 1,5-2 hissaga bajarib, urushdagilarga ko‘mak berish uchun jonfidolik bilan mehnat qilganlar.

Shunga qaramasdan 1940 yilda tumanda 10200 gektardan atigi 13500 tonna paxta yetishtirilgan bo‘lsa, 1941 yili 9427 gektardan 11652 tonna paxta hosili olingan. Paxtaning yalpi hosili 1942 va 1943 yillarda bor-yo‘g‘i 5-5,7 ming tonnani, 1944 va 1945 yillarda esa 7-8 ming tonnani tashkil etgan.

1942 yilning fevralida frontga yordam idorasiga Vang‘ozi qishloq sho‘rosidagi Dmitrov nomli jamoa xo‘jaligi a’zolari Azim Qambarov bitta ko‘rpa va 10 rubl pul, Malik Rajabov bitta qo‘y terisi va ko‘ylak, Aziz Sharipov bitta fufayka, Kuybishev nomli jamoa xo‘jaligi hisobchisi Sattor Safarov 2ta ko‘ylak va bitta chopon, Vang‘ozi qishloq sho‘rosidagi Stalin nomli maktab o‘qituvchilaridan Safar Rajabov bitta fufayka, Fayzi Yo‘ldoshev bitta shim, Haydar Isoqov bitta ko‘ylak, Ahmedov bitta ko‘ylak va shim berganlar. Bu raqamlar hozirgi dorilomon va to‘qchilik sharoitida kulgili tuyulishi mumkin. Lekin odamlar bir necha kun non yemagan, kunjara yeb ochlikdan damlab o‘lgan, kiyinishga kiyimi bo‘lmagan urush davrida bu katta muruvvatgina emas, balki chinakam vatanparvarlik ham edi.

Dushmanga qarshi jang uchun zavodlarda tayyorlanayotgan tank, samolyot, o‘q-dori uchun qiziltepaliklar ham oxirgi mablag‘larini hadya qilishgan. Front korxonalarida ishlovchilar uchun bir hovuch mayiz, bir kosa quritilgan o‘rik (turshak) bo‘lsa ham ular topshirishgan.

Fashizmga qarshi kurashga 6311 nafar qiziltepalik safarbar etilgan. Ularning 1412 nafari janglarda halok bo‘lib, jasadlari o‘zga yurtlarda qolib ketgan. Urushga ketganlarning 2721 nafari bedarak yo‘qolgan. Faqat ularning 2178 nafari turli darajada jarohatlar olib jonajon Qiziltepaga qaytgan. 2010 yil may oyigacha 64 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi tumanimizda hayot edi…

Ha, to‘rt yil davom etgan urushning har yilida 1578 nafar Qiziltepa o‘g‘loni frontga safarbar bo‘lgan. Ularning ota-onasi, sevikli yori, farzandlari, qavmu qarindoshlari, do‘stu birodari bo‘zlab yig‘lab qolgan. Endigina 17-18 yoshga kirgan urush u yoqda tursin, miltiqni ham ushlab ko‘rmagan, unga bo‘yi ham yetmagan, o‘q tovushini eshitmagan o‘spirinlar ham qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jangga kirgan va qurbon bo‘lgan, ayrimlari bedarak yo‘qolgan. Ular hayotga kelib nimani ko‘rdi?!

Muhammad Bozorov, Hamro Rajabov, Vali Latipov, Islom Salimov, Ismoil Rajabov, Hamro Rajabov, Juma Namozov, Asad Mamedov, Bozor Salomov, Narzulla Rahimov, Fayzulla Do‘stov, Yangi Narziyev, Tursun Narziyev, Nazar Saidov, G‘afur Karimov, Nishon Hayitov… Bu ro‘yxatni yana ko‘p davom ettirish mumkin.

Ikkinchi jahon urushida tug‘ishganlari bilan janggohlarda qolganlar ham bo‘ldi. Uch aka-uka Orif, Odil, Haydar Obidovlar; ota-o‘g‘il Muhammad va To‘xta Gulov, aka-ukalar Muxtor va Sherqul G‘aniyev, Sohib va Farmon Nazarov, G‘afur va Xalil Majidovlar… Bu ro‘yxatni ham yana ko‘p davom ettirish mumkin.

Urushda dushmanga qarshi kurashganlarning har biri qahramon. Front ortida jafo chekib jonfidolik ko‘rsatgan har bir insonning hayot yo‘li ibratga loyiq.

Nihoyat, 1945 yil 9 mayda uzoq kutilgan g‘alaba kuni yetib keldi. La’nati urushda qariyb butun oilasini yo‘qotganlar ham, tul qolgan ayollar ham, farzand dog‘ida kuygan ota-onalar ham, hamma-hamma shodlikdan g‘am-alamlarini bir zum bo‘lsa-da unutib, xursandchilik nashidasini tuydilar. Ammo urush odamlar qalbiga solgan yaralar bu olamni tark etganlar ruhidan hecham ketgan emas!

Urushdan keyingi yillarda kimsasiz qolgan qishloqlarni tiklash, xalq xo‘jaligini rivojlantirish uchun yana og‘ir mehnat davom etadi. Sovet hukumati bu yillarda o‘z xalqi manfaatlarini o‘ylash o‘rniga jahon sotsialistik sistemasini kengaytirish bilan ovora bo‘ldi hamda qashshoqlik va og‘ir hayot davom etaverdi. 1952 yili kichik jamoa xo‘jaliklari birlashtirilib, yirik jamoa xo‘jaliklari (kolxozlar) tashkil topadi. Ammo bu yillarda ham ocharchilik davom etdi. Ayrim odamlargina tariq palov, bug‘doy palov yeydigan bo‘lishdi, xolos.

Stalin shaxsiga sig‘inishga qarshi ko‘rilgan choralar tufayli nohaq qatag‘on qilinganlarning oqlanishi odamlar ruhiyatiga ozroq ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Shuning uchun paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish keskin ko‘paydi. Qiziltepa ilg‘or tumanlar qatoridan joy ola boshladi. Xo‘jaliklar iqtisodi mustahkamlanganidan katta klublar, boshqaruv idoralari, maktablar uchun yangi binolar qurildi.

Avval tashkil etilgan maktablar va 1942 yili ochilgan 16-sonli (Ulug‘bek nomli), 1947 yilda ochilgan 17-sonli (Nizomiy nomli), 1957 yilda ochilgan 2-sonli (Abdulla Qodiriy nomli) va 13-sonli (“Zarafshon”), 1967 yili ochilgan 11-son (Oxunboboyev nomli) maktablar uchun binolar qurildi va foydalanishga topshirildi. 1962 yilda Bo‘ston qishlog‘ida pionerlar uyi ochiladi. Hozir bu maskan tuman o‘quvchilar ijodiyoti markazi sifatida yoshlarga xizmat qilyapti.

Qishloq xonadonlari radiolashtirildi, elektr tarmoqlari tortildi. Tuman hududidagi tuproq yo‘llarga tosh-shag‘al tashlanib, ular asfaltlashtirila boshlandi.

Abdukarim Iskandarov (1937 yildan), M.Nabiyev (1944 yildan), Rahmat Xo‘jayev (1944 yil martdan), Orif Abzalov (1946 yil maydan), Toshnazar Metinboyev (1949 yil sentyabrdan), Abdulla Abbosov (1951 yildan), Tursun Sharipov (1959 yil dekabr – 1962 yil fevral), Xoliq Abdullayev (1962 yil fevraldan) Qiziltepa tuman partiya qo‘mitasi (raykomning) 1937-1962 yillarda birinchi kotiblari bo‘lib ishladilar. Qiziltepa tuman hududi 1962 yilda G‘ijduvon tumaniga qo‘shiladi. 1962 yildan to 1970 yil 7 dekabrgacha, ya’ni Qiziltepa tuman qayta tashkil etilmaguncha hududning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida deyarli rivojlanish bo‘lmaydi.

Tuman qayta tashkil etilgan vaqtda – 1970 yil dekabrda uning markazi bo‘lgan Qiziltepa posyolkasida 700 kishi yashagan. Hamma joyda karvonsaroylar bo‘lib, ular G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent tumanlari va shu yerdagi xo‘jaliklar yuklarini tushirish, saqlash va jo‘natish uchun xizmat qilgan. Posyolkada temir yo‘l bekati idorasi, paxta tozalash zavodi va qishloq xo‘jaligi ta’minoti tashkiloti bo‘lgan.

1971 yili Qiziltepa shahrida yangi paxta tozalash zavodi qurilib, ishga tushirildi. Bu zavodda ayni vaqtda turli millat vakillaridan besh yuzdan ziyod kishi ahil oila bo‘lib ishlashadi. Zavod bir yilda 40000 tonna paxta xom ashyosini qayta ishlash quvvatiga ega. Uning mahsulotlari dunyoning ko‘plab mamlakatlariga eksport qilinyapti. Zavodga kiraverishda Sadriddin Ayniyga esdalik lavhasi o‘rnatilgan. Buyuk yozuvchi Qiziltepa paxta tozalash zavodida muayyan muddat tarozibon bo‘lib ishlagan edi.

Qiziltepa tumani partiya qo‘mitasi (raykomi) qishloq xo‘jaligi ta’minoti tashkiloti binosining oltita xonasida 1973 yilgacha ish yuritgandi. Tashkilotlar yotoqxonalarda, hovlilarda joylashtirilgan. Qiziltepaning hozirgi qiyofasini u davrda hecham tasavvur qilib bo‘lmasdi. Ichimlik suv ham, oqar suv ham tuman markazida yo‘q edi. Bir shamol tursa, cho‘l tomondan tuproq yog‘ilib kelardi. Ammo o‘sha vaqtdagi rahbarlar tuman markazining bosh rejasini juda uzoqni ko‘zlab tuzganlar. Bunda, albatta tuman me’mori Farhodjon Saidov va Buxoro viloyati bosh me’mori Nasim Sharipovning xizmatlari muhim ahamiyat kasb etgan.

Bugun Qiziltepa temir yo‘l stansiyasidan Tavois aylanma yo‘ligacha ikki tomonda saf tortib qurilgan binolar qirq yilda bunyod etilgan bo‘lsa-da, birortasi hozirgacha buzilmagani ham bosh rejaning puxta bo‘lganidandir.

Tuman qayta tashkil etilishi tufayli aholining tashabbuskorligi oshgandi. Shu bilan birga, Qiziltepa tumani partiya qo‘mitasi (raykom)ning birinchi kotibi Mahmud Miroqov, ijroqo‘m raisi Ivan Grigoryevich Skorikov, tuman partiya qo‘mitasi kotiblari Soli Saidov va Umid Sattorov, tuman ijroqo‘mi raisi o‘ribosari Zubayda Ahrorova rahbarligida ichki imkoniyatlarni ishga solish, qishloq xo‘jaligi bilan birga sanoatni rivojlantirish, yangi suv inshootlari, maktab, bog‘cha, shifoxona, sutchilik fermalari qurish, yo‘llarni asfaltlashtirish uchun juda katta tashkilotchilik ishlari amalga oshirilgandi. Odamlarni birlashtirish uchun hasharlar o‘tkazilib, musobaqaning ta’sirchan kuchidan foydalanildi. Yosh kadrlar rahbarlik lavozimlariga jalb etildi.

Tashkiliy-xo‘jalik ishlari o‘z samarasini bera boshladi. 1971 yilda 25 million donagacha g‘isht ishlab chiqaradigan zavod ishga tushirildi. Parrandachilik fabrikasi parhez go‘sht yetishtirishni yiliga 750 tonnaga yetkazdi. Uning ishchilari uchun har biri 16 kvartirali 5ta uy qurildi. Shu yili Qiziltepa shahrida qurilgan zamonaviy dehqon bozori ham foydalanishga topshirildi.

Qiziltepa tumani dalalari 1975 yilgacha Zarafshon daryosi suvi bilan sug‘orilgan. Shu yili nihoyatda keskin qurg‘oqchilik bo‘lib, suvsizlikdan daraxtlar quridi. Bir marta ham suv ichmagan g‘uza paykallari bo‘ldi. O‘sha yili yozida Amu – Buxoro mashina kanalining 2-navbati ishga tushirildi. Aslida 244 kilometr uzunlikdagi Amu – Buxoro mashina kanali qurilishi XX asrda O‘zbekistonda amalga oshirilgan eng ulkan suv inshooti bo‘lib, u 1962 yilda boshlangan edi. «Qizil tong» gazetasining 1972 yil 30 dekabr sonidagi maqolada shunday satrlar bor: «Cho‘lga suv boshlab kelganlarga avlodlarning havasi kelsin. Biz bu yerga ikki yil umrimizni bag‘ishladik. Izlarimiz asrlargacha so‘nmasdir».

1975 yilning ayni jazirama issiq kunlarida cho‘l shamoli olovdek yonar, qizigan tuproqni ayovsiz to‘rt tomonga sochardi. Lekin odamlar matonat bilan vatanparvarlik burchlarini bajarishardi. Amu – Buxoro mashina kanali qurilishida Sotsialistik Mehnat Qahramoni ekskavatorchi Juravlyov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan binokor Jalol Muhiddinov, aka-uka Xayriyevlar, minglab boshqa odamlar ham tinimsiz ishladilar.

Buxoro viloyat partiya qo‘mitasining 1-kotibi Qayum Murtazoyev, viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi Kamol Xayrullayev navbatma-navbat shu yerda bo‘lib, ishning borishi bilan shaxsan shug‘ullanishardi. Bu ulkan qurilishda ishlovchilarning yashash, ovqatlanish, hatto madaniy dam olish sharoitlarini shaxsan nazorat qilishardi. Navoiy viloyati tashkil etilgach, viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi Ubayt Asatov O‘rtacho‘l qo‘riqlarini o‘zlashtirishda ko‘p tashkilotchilik qildi.

Buxoro vohasidagi ekin maydonlarini sug‘orishda Amu – Buxoro mashina kanalining qurilishi muhim rol o‘ynadi. Bu kanal Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idan, Chorjo‘y shahri (Turkmaniston)dan 12 km yuqoridan boshlanadi. Qizilqumdan o‘tib Buxoro vohasiga suv beradi. Kanalning birinchi navbati 1965 yilda, ikkinchi navbati 1976 yilda qurilgan. Amudaryodan Qiziltepa markazigacha 240 km, umumiy uzunligi 400 km. Suvni maksimal ko‘tarish balandligi 111 metr, maksimal suv o‘tkazish imkoniyati 270 m 3/s. Amu – Buxoro mashina kanalining birinchi navbati ishga tushirilgach, Buxoro viloyatida boshqa manbalardan sug‘orib kelingan 136500 gektar yerni Amudaryo suvi bilan sug‘orish mumkin bo‘ldi, Amudaryo havzasidagi 377 ming gektar ekin yerni suv bilan ta’minlanishini yaxshilash, 23800 gektar yangi yerlarni sug‘orish imkoni tug‘ildi.

Amu – Buxoro mashina kanalining ikkinchi navbati tugaydigan 191-kilometrda Qiziltepa nasos stansiyasi qurildi. U kanalning ikkinchi navbatidan Zarafshon daryosiga suv uzatadigan ikkinchi pog‘ona hisoblanadi. Qiziltepa nasos stansiyasining yuqori qismida suv sathini ta’minlash uchun To‘dako‘l botig‘iga suv tashlaydigan inshoot qurilgan. Amu – Buxoro mashina kanali ikkinchi navbatining ishga tushirilishi 15500 gektar yangi yerlarni o‘zlashtirish, Amudaryo suvi bilan Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlaridagi 77000 gektar sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotini yaxshilash imkonini yaratdi.

Mashina kanali qurilib foydalanishga topshirilishi bilan ikki yuz ming gektardan ortiq Buxoro va Navoiy viloyatlari yerlarining suv ta’minoti yaxshilandi. Tumanimizdagi Amu – Buxoro mashina kanali boshqarmasi tuzilganiga 2009 yilda 30 yil to‘ldi. Uning tasarrufida 1- va 2- Qiziltepa nasos stansiyalari orqali suv 70 metr balandlikka ko‘tarib beriladi.Ulkan stansiyalar, to‘g‘onlar va boshqa inshootlarni 453 kishilik jamoa ishlatadi. 2009 yili olingan har kubometr suvga 20 so‘m xarajat qilingan. Davlat boshqarma faoliyatini yuritish uchun 50,6 milliard so‘m sarflagan. Sharof Rashidov nomidagi boshqarma Buxoro va Navoiy viloyati dalalarini kanallar orqali suv bilan ta’minlash uchun xizmat qiladi.

Qiziltepa tumani dalalariga Amu – Buxoro mashina kanalining Xarxo‘r, Shofirkon tarmoqlari orqali oqib keluvchi suvidan foydalaniladi. O‘rtacho‘l va Navoiy kanallari qo‘riq yerlarga Amudaryo suvini beradi.

Amudaryo suvining keltirilishi madaniy yerlarni suv bilan ta’minlabgina qolmasdan, O‘rtacho‘l va Malikcho‘lni o‘zlashtirishga keng imkoniyat yaratdi. 2009 yilda tumanda tayyorlangan paxta va bug‘doyning ancha qismi qo‘riq yerlarga to‘g‘ri keldi. Bundan tashqari minglab qo‘y-qo‘zi, qoramollar yaylovlarda boqilyapti. Sabzavot hamda poliz mahsulotlari, dag‘al xashak bu yerlarda yetishtirilmoqda.

Xullas, Amu – Buxoro mashina kanali Buxoro vohasining hayot qon tomiri sifatida Qiziltepa tumani dalalarini ham obihayot bilan ta’minladi. Amudaryo va Zarafshon suvi Qiziltepa yerlarini gullatib yashnatdi.

Ubayt Asatov (1936 – 1993) Buxoro va Navoiy viloyatlari ijroiya qo‘mitasining raisi lavozimlarida ishlagan vaqtida Qiziltepa tumanidagi O‘rtacho‘l massivini o‘zlashtirish, yangi o‘zlashtirilgan yerlarda sovxozlar tashkil qilish, bu yerlarni sug‘orish uchun kanallar qazdirish, sug‘oriladigan ekin maydonlarining irrigatsiya va melioratsiya holatini yaxshilash uchun katta ishlarni amalga oshirdi. Tashkilotchi va uddaburon rahbar shofirkonlik U.Asatov nomini hozirgacha qiziltepaliklar alohida bir mehr bilan tilga oladilar.

Afsuski, U.Asatovning jo‘shqin faoliyati ayni gullagan davrida to‘xtatildi. “Paxta ishi” va “o‘zbeklar ishi” munosabati bilan Moskvadan yuborilgan T.Gdlyan va V.Ivanov guruhi tomonidan U.Asatov 51 yoshida qatag‘on qilingan. U 1985 yil 22 sentyabrda qamoqqa olingan. 1986 yil 22 oktyabrda 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. O‘zbekiston SSR Prezidenti I.A.Karimovning topshirig‘i bilan O‘zbekiston Oliy sudi Prezidiumi 1990 yil 7 sentyabrda bu ishni qayta ko‘rib chiqib, 13 yillik muhlatni 7 yilga keltirdi. U.Asatov 1991 yil 20 martda ozodlikka chiqdi. U qisqa muddat Buxoro tibbiyot instituti prorektori lavozimida ishladi. U.Asatov 1993 yil 8 sentyabrda o‘zi tug‘ilgan Mahallai Qozi qishlog‘ida vafot etgan va Bibikabo‘tpo‘sh qabristonida dafn etilgan. Adolatsizlik qurboniga aylangan U.Asatov faqat o‘limidan so‘ng – 1996 yil 20 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining qaroriga binoan to‘la oqlandi.

Mansabni muhtaram aylagan inson haqida u oqlangach, “Qonun himoyasida” jurnalida professor Oxunjon Safarov va dotsent Is’hoq Mardonov maxsus maqola bilan chiqishgan.

1975 yil fevralda Qiziltepa tuman partiya qo‘mitasi 1-kotibligiga I.G.Skorikov tayinlandi. Lekin avval ta’kidlanganidek, shu yil keskin qurg‘oqchilik yili bo‘lib, paxta tayyorlash rejasi yetmish foizga ham yetmay qoldi. 1976 yil noyabrda tuman partiya qo‘mitasi 1-kotibligiga Nusrat Hikmatov tayinlandi. U rahbarlikning dastlabki davridan yangi bog‘lar yaratish, yo‘llar, maktab va bog‘chalar qurilishiga, yangi yerlarni o‘zlashtirishga katta e’tibor berdi. Vang‘ozidagi 40 gektarli «Bog‘i Farovon», shuningdek boshqa xo‘jaliklardagi yirik bog‘lar uning davrida bunyod etilgandi. O‘n ming o‘rinli «Do‘stlik» stadioni, tuman markazidagi istirohat bog‘i, tuman tarixi muzeyi, temir yo‘l bekati, «Nafosat» madaniyat saroyi, «Dehqonobod» jamoa xo‘jaligi markazidagi madaniyat saroyi, zamonaviy uy-joylar, parrandachilik fabrikasining ikkinchi navbati, sut zavodi, asfalt ishlab chiqaruvchi korxonalar, ingichka tolali paxtani qayta ishlovchi zavod hamda boshqa yirik inshootlar ham shu davrda qad rostladi. 1978 yilda 6-sonli (S.Rajabov nomli), 1980 yilda 31-sonli (T.Uzoqova nomli), 1983 yilda O‘rtacho‘lda 34-sonli (Mashrab nomli) maktablar ochilib, ularga yangi binolar qurilgan. Ayni vaqtda Navoiy va Samarqand viloyatlarining ko‘p ming nusxada gazetani ofset usulida nashr etadigan «Adast» korxonasi ham 1983 yil iyun oyida “Qizil tong” (hozirgi «Qiziltepa tongi») gazetasining bosmaxonasi sifatida O‘zbekistonning qishloq tumanlarida birinchi bo‘lib ish boshlagandi.

Mustaqillik yillarida bu bosmaxonada bir oyda Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyat gazetalari besh yuz ming nusxagacha nashr qilindi.

O‘sha yillari ingichka tolali paxtaga yaxshi haq to‘langanligi va tuman asosan shu nav xom ashyo yetishtirishga ixtisoslashtirilgani uchun xo‘jaliklar iqtisodi juda ham mustahkamlandi. Bu holat tumanda qurilish-obodonchilik ko‘lamini kengaytirishga imkoniyat yaratdi. Iqtisodning mustahkamlanishi aholi turmush darajasining yaxshilanishiga ham zamin yaratdi. Hatto har bir mexanizator va suvchi, pillachi yillik daromadi hisobiga XX asr elliginchi yillarida qurilgan pastak hovlilar o‘rnida XX asr 80-yillari o‘rtalarida ko‘p xonali hovlilar qurib, yengil mashinalar sotib oldi hamda farzandlarini institutlarda o‘qitdi.

O‘rtacho‘l va Malikcho‘l qo‘riq yerlarining keng miqyosda o‘zlashtirilishi, paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ko‘paytirish bilan birgalikda aholini ish bilan ta’minlanishini ham yaxshiladi. O‘rtacho‘lda “Zarbdor”, “Farg‘ona”, “O‘rtacho‘l yulduzi”, “Selina”, “Komsomolobod”, “Andijon”, “Bobur”, Sulaymon Murodov nomli hamda 1, 2, 3 – sovxozlar tuzildi. Ushbu kitob mualliflaridan biri 1983 yilda O‘rtacho‘ldagi “Farg‘ona” sovxozida faoliyat ko‘rsatgan edi. Shuningdek, Malikcho‘l va G‘amxo‘rda uzumchilik va asalarichilik sovxozlari tashkil etildi. Qo‘riq yerlarni o‘zlashtirishda faollik ko‘rsatgan Xudoyor Sulaymonov, Fayzulla Pochchayev, To‘yi Mamanov, Jo‘raqul Do‘stov, Shukur Qo‘ldoshev, Jabbor Karimov, Bahriddin Qambarov, Qosim Muqimov, Norqul To‘xtayev, Muxtor Asadov, Atira Husenova, Izzatulla Sa’dullayev, Farmon Hamroyev, Latif Ahmedov, Ra’no Valiyeva, I.Rajabov, R.Safarov kabi yuzlab insonlar xizmatini xalq unutmaydi.

Nusrat Hikmatov “paxta ishi”da ayblanib ishdan olingach, tuman partiya qo‘mitasini bir yilcha Farg‘ona vodiysidan kelgan N.S.Xolmatov boshqardi. 1987 yildan Qiziltepa tuman partiya qo‘mitasini Mardon Shamsiyev boshqardi. U 1992 yil martdan tumanning birinchi hokimi bo‘ldi. Uning rahbarligi davrida Gdlyan va Ivanovlar hamda ular gumashtalarining tergov-surishtiruv ishlari («paxta ishi» va «o‘zbeklar ishi») davom etdi. Shu bilan birga bu paytda mahalliy kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi orasida jipslik va ishchanlik ruhini yaratish, intizomni mustahkamlash asosiy vazifa hisoblandi. Sanoatni rivojlantirish va aholini ish bilan ta’minlash maqsadida Rossiya shaharlari bilan hamkorlikda kichik sexlar, kimyoviy tolalarni kalavalash korxonasi, meva-sabzavotlarni qayta ishlash korxonalari ishga tushirildi.

Xo‘jaliklar markazlarida istirohat bog‘lari tashkil etildi. 1986 yil 36-maxsus maktab internati, 1989 yili 35-sonli (Bolta Turdiyev nomli) maktab, bog‘chalar, yo‘llar ishga tushirildi.

Qiziltepa tumani qayta tashkil etilgan – 1970 yil dekabridan O‘zbekiston Respublikasida hokimlik boshqaruvi tashkil etilguncha I.Skorikov, Q.Asadov, M.Shamsiyev, Sh.Islomov, I.Nuraliyevlar tuman ijroqo‘miga rais bo‘ldilar.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>