2017/12/11 7:14:29

Qiziltepa atamasi qanday paydo bo‘lgan?

loading...

muzeyBuxoroning boshqa sug‘orma yerlari kabi Zarafshon daryosi qirg‘oqlari yerlari ham qoramtir rangda. Biroq Toshrabotu Bo‘ston va Vang‘ozidan cho‘l hududi tomon yerlar tuprog‘i qizg‘ish rangda, Ko‘ktog‘ tomonda esa baland-past tepaliklar qip-qizil tuproqdan iborat.

Shuning uchun aholi qadimdan bu joylarni Qiziltepa deb atab kelgan. Tuman markazining shimoli, O‘zbekiston katta yo‘lining ustidan o‘tuvchi Toshrabot ko‘prigining quyisi, Tavois qishlog‘i sharqida Qiziltepa tarixiy yodgorligi saqlanib qolgan. Bu yodgorlik tabiiy balandlik qir ustida bunyod etilgan.
Qiziltepa. Bu yodgorlik A.Yu.Yakubovskiy rahbarligidagi ekspeditsiya tomonidan o‘rganilib, tuman markazining shimoliy chekkasida joylashganligi aniqlangan. XX asrning 30-yillarida yodgorlik aylanmasining umumiy uzunligi 230 metrni, balandligi 11-12 metrni tashkil etgan. Janub va g‘arb tomondan Kanpirak devor unga yaqinlashib kelgan. Uning bitta darvozasi shu yerda bo‘lgan. Yodgorlik qadimda katta savdo hamda harbiy strategik ahamiyatdagi qal’a – shahar sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U milodiy IV-V asrlar bilan davrlanadi. Taxminlarga ko‘ra, yodgorlikda hayot to‘xtagandan so‘ng uning aholisi Navbog‘ qishlog‘iga ko‘chgan.
A.Yu.Yakubovskiy tafsilotlariga qaraganda, yodgorlikka janub va g‘arb tomondan Kanpirak devor yaqinlashib kelgan va uning bitta darvozasi shu yerda bo‘lgan. U yerdan IV – V asrlarga oid sopol idish parchalari topilgan. Kanpirak devorning IV asrda bunyod etilganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, uning Abu Muslimtepa, Shahri Vayron, Oqsochtepa, Lavandoqtepa kabi bu istehkom doirasida katta savdo va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qal’a va markaz sifatida faoliyat ko‘rsatgani aniq bo‘ladi.
Arablar bosqini davrida badaviylar bu yerdagi shaharsozlik madaniyatining o‘ta rivojlanganini ko‘rib hayratda qolgan bo‘lsalar, 1878 yili temir yo‘l qurish rejasini tuzgan ruslar ham Qiziltepani e’tibordan chetda qoldirmaydilar. Chunki bu hududda tashib ketiladigan yer usti va yer osti boyliklari ko‘p bo‘lgan. Yana Qiziltepa strategik ahamiyatga ham ega. Qiziltepadan hozirgi G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Konimex, Navbahor tumanlarini temir yo‘l bilan bog‘lash mumkin edi. U vaqtlarda temir yo‘l poyezdlari parovozlar yordamida harakatga keltirilgan. Qiziltepa temir yo‘l stansiyasiga Zarafshon daryosidan eng yaqin masofadan suv keltirish mumkin bo‘lgan. Shuning uchun Qiziltepa stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan va u 1888 yil amalga oshirilgan. Xullas, 1888 yilda Qiziltepa hududiga temir yo‘l izlari yotqizilgan va Qiziltepa stansiyasi qurilgan. Stansiya temir yo‘l vokzali bekati, temir yo‘l ustaxonasi, suv saqlash minorasi hamda aholi xonadonlaridan iborat bo‘lgan. Aynan shu sana bilan Qiziltepa toponimi (temir yo‘l stansiyasi, keyinchalik tuman va shahar nomi)ni tarix sahifalariga muhrlash boshlangan.
Ayni vaqtda Qiziltepa temir yo‘l stansiyasi ikkinchi darajali stansiya sirasiga kiradi.
1935 yil 9 fevralda O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining rahbarlik idoralarini quyi idoralarga yaqinlashtirish va ular bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida yirik va hududi tarqoq rayonlarni ajratish to‘g‘risidagi 8-sonli qarori qabul qilindi. Bu qarorga asosan O‘zbekiston SSRda 17 ta yangi rayon (tuman) tashkil etilgan. Ulardan biri bo‘lgan Qiziltepa rayoniga G‘ijduvon rayoni tarkibidagi Arabon, Varozun, Zarmitan, Vang‘ozi, Qiziltepa, Bo‘ston, G‘ardiyon, Xoja Hasan, Qal’ai Azizon qishloq sovetlari olib berilgan. Qaror bilan tuman markazi qilib Qiziltepa temir yo‘l stansiyasi belgilangan. Keyinchalik tuman markazi Qiziltepa temir yo‘l stansiyasidan Bo‘ston qishlog‘i (posyolkasi)ga ko‘chgan. Biroq Qiziltepa tumani 1962 yili G‘ijduvon tumaniga qo‘shilgan.
O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 1970 yil 7 dekabrdagi 1811-qarori bilan Qiziltepa tumani qayta tashkil etildi. Shu qaror bilan Qiziltepa temir yo‘l stansiyasi tuman markazi qilib qayta belgilangan. Tumanda ko‘p yillar mas’ul lavozimlarda ishlagan I.G.Skorikovning guvohlik berishicha, o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov tuman markazini belgilash, uni qayta qurish masalalari bilan aynan Qiziltepaning o‘zida bo‘lib shug‘ullangan va tegishli topshiriqlarni bergan. Chunki u vaqtda Qiziltepa temir yo‘l stansiyasi kichik vokzal binosi, asosan temir yo‘lchilar istiqomat qiladigan xonadonlar, bitta maktab, xo‘jaliklar saroylari, ikkita savdo do‘koni, bitta novvoyxona, aftoda bozorchadan iborat bo‘lgan, xolos.
O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 1979 yil 6 noyabrdagi 586-raqamli qarori bilan esa xalq deputatlari Buxoro oblast Soveti ijroiya qo‘mitasining iltimosi qondirilib, Qiziltepa rayonining ma’muriy markazi bo‘lmish Qiziltepa shahar posyolkasi rayonga bo‘ysunuvchi shahar kategoriyasiga o‘tkazildi.

“Qiziltepa tarixi” kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>