2018/10/15 10:22:37

Odnoklassnikidan voz kechishning 16 ta sababi

loading...

 okSo’nggi yillarda Facebook va Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlardan o’z profillarini butunlay o’chirib tashlash istagida bo’lganlar soni ancha ortgan.

Barcha foydalanuvchilarning o’zlariga yarasha turli sabablari bo’lishiga qaramasdan eng asosiy sabab sifatida kishilar shaxsiy hayotining sirliligi va shaxsiyligiga bo’lgan tahdid olinayapti. Men kichik shaxsiy izlanishimni o’tkazdim va bugungi kunda O’zbekiston aholisining ko’pchiligi foydalanadigan Odnoklassniki saytining foydalanuvchilarga nisbatan salbiy jihatlarini topishga harakat qildim. Mening fikrimcha hoziroq Odnoklassnikidagi profilingizni butkul o’chirib, bu ijtimoiy tarmoqni umrbod tark etishingizga quyidagi eng yaxshi, asosli sabablar bor:

1. SHAXSIYATINGIZ XAVF OSTIDA. Odnoklassniki saytida deyarli hamma narsa ochiqcha: rasmlaringiz, videolaringiz, shaxsiy yozishmalaringiz (fikr bildirishlarda), do’stlaringiz, turli aloqalaringiz va mansubligingiz (guruhlar nuqtai nazaridan). Sizning bu ma’lumotlaringizdan har qanday foydalanuvchi (eng daxshatlisi, kim ekanligini hech qachon bilolmay qolishingiz ham mumkin!!!) o’zi istagan maqsadda foydalanishi mumkin. Odnoklassniki bilan Sizning barcha shaxsiy jihatlaringiz to’liq ommaviy tusga kirgan.

2. VAQTINGIZ BEKORGA KETADI. Agar Odnoklassniki orqali biror jiddiy tijorat (masalan, biznesingizni reklama qilish, tarafdorlar orttirish va ma’lum tashviqot olib borish) bilan shug’ullanmas ekansiz, bu saytda Sizning vaqtingiz samarasi 0 ga teng. Hoziroq bunday bekorchilikdan vos keching va foydaliroq biror ish bilan shug’ullaning. Bu Sizning hoziringiz va kelajagingiz uchun ancha foydali. «Vaqting ketdi – naqding ketdi», degan maqol bekorga aytilmagan.

3. OILA A’ZOLARINGIZDAN YIROQLASHASIZ. Odnoklassniki Sizning vaqtingiz va e’tiboringizni oila a’zolaringizdan tortib oladi. Ijtimoiy tarmoqning turli ko’ngilochar jihatlariga mukkasidan ketsangiz o’zingiz uchun qadrli bo’lgan oila a’zolaringiz diydori, suhbati va mehridan bebahra qolishingiz mumkin. Shu o’rinda shaxsan o’zim Odnoklassniki saytida o’qigan bir status yodimga tushdi: «…uyda svet o’chib qoldi. Odnoklassnikiga kira olmay oila bilan bir dasturxon atrofida o’tirdim. Anchadan beri oilam bilan choy ichmagandim. Ko’p o’zgarishlar bo’lib ketibdi. Opam turmushga chiqib ketibdilar. Dadam yangi ishga o’tibdilar. … Buvim ko’rinmaydilarmi?..»

4. SABLIY OQIMLARGA TUSHIB QOLASIZ. Ijtimoiy tarmoqlarni g’arazli maqsadlarda ishlatayotgan guruhlar juda ko’p. Siz turli statuslarga klass bosish, guruhlarga qo’shilish, muhokamalarda ishtirok etish asnosida o’zingiz bilmagan holda qaysidir salbiy oqim girdobiga tushib qolishingiz mumkin. Unutmang, hozirgi vaqtda internetda mafkuraviy urush juda qizg’in kechmoqda. Vayronkor g’oyalarga qul bo’lib qolmang!

5. MOLIYAVIY ZARAR KO’RASIZ. Hech bir jiddiy ish bilan shug’ullanmay, kun davomida ijtimoiy tarmoqlarda o’tirish bilan vaqtini bekor o’tkazadigan kishilar nafaqat biror foydali ish bilan shug’ullanib foyda ko’rish imkoniyatidan cheklanishadi, balki turli keraksiz xarajatlarga ham tushib qolishadi. Ijtimoiy tarmoqlarning deyarli ma’no anglatmaydigan xizmatlarini harid qilishga mukkasidan ketish har qanday kishi uchun zarardan boshqa narsa emas.

6. SOG’LIGINGIZNI YO’QOTASIZ. Ijtimoiy tarmoqlarda soatlab «sayr qilish», bir joyda qotib o’tirish nafaqat tanangizdagi qon aylanishini sekinlashtiradi, balki harakatsizlik natijasida kelib chiqishi mumkin bo’lgan turli kasalliklarga ham sabab bo’lishi mumkin. Soatlab bitta displeyga tikilib o’tirish inson tanasidagi eng qadrli a’zolardan bo’lgan ko’z gavharining zaiflashuviga olib keladi. Hayotdagi har narsadan qimmatli bo’lgan sog’ligingizni ijtimoiy tarmoqlarning sohta ko’ngilochar mashg’ulotlariga sotmang!

7. XAVFSIZLIGINGIZ KAFOLATLANMAGAN. Odnoklassniki sayti xavfsizlik jihatidan talabga javob bermaydi. Saytning hozirgacha ham yopilmagan «teshik»lari juda ko’p. Agar bu ijtimoiy tarmoq qurilishiga mutaxassis web-usta ko’zi bilan qaray olganingizda edi, hech qachon shaxsiy ma’lumotlaringizni bu qadar yomon himoyalangan serverga chiqarishga rozi bo’lmasdingiz.

8. ZEHNINGIZ O’TMASLASHIB QOLADI. Bir daqiqaga o’zingizni Odnoklassnikidan chetdagi kishi, deb tasavvur qiling-da, yozilayotgan muhokamalar, chop etilayotgan rasmlar va odamlarning bir-birlariga bo’lgan munosabatlarini kuzating. Birorta aqlli fikrni topa oldingizmi? Birorta ma’noli fotosurat bormi? Siz topa olgan aqlli fikrlar va ma’noli fotosuratlar saytda mavjud bo’lgan jami ma’lumotlarning necha foizini tashkil etadi? Kishi har doim o’zidan bir pog’ona yuqorida bo’lganlar jamoasiga qo’shilishga harakat qilishi kerak. O’zingiz xulosa chiqaring.

9. HAYOTDAGI MAQSADLARINGIZGA ERISHA OLMAY QOLASIZ. Ijtimoiy tarmoqlarda vaqtingiz bekor o’tishi haqida yozdim. Shu bilan bir qatorda tarmoqlarga haddan ortiq bog’lanib qolish Sizni o’z oldingizga qo’ygan, hayotdagi muhim maqsadlaringizni bajarishdan chalg’itishi, to’sib qolishi mumkin. E’tiboringizni arzirli bo’lib ko’rinayotgan ishdan olib, haqiqatdan ham arzirli bo’lgan ishga qaratishga urinib ko’ring.

10. TURLI KO’NGILSIZ HOLATLARGA TUSHIB QOLISHINGIZ MUMKIN. Hozirda ko’pchilik ijtimoiy tarmoqlarga uyali telefonlar yordamida kiradi. Ko’chada, jamoat joylarida qo’l telefoniga (yoki boshqa bir mobil qurilmasiga) mahliyo bo’lgan holda kishi o’zi bilmagan tarzda ko’ngilsiz holatlarga tushib qolishi mumkin. E’tiborning chalg’ishi natijasida jamoat joylarida atrofidagi kishilarga e’tiborsiz yurish naqadar xurmatsizlik bo’lishi mumkin bo’lsa, transport vositalari harakatlanadigan joylarda bu holatning mavjudligi shu qadar xavfli tus olishi ham mumkin.

11. SOG’INMAYSIZ. Agar hoziroq Odnoklassniki saytidagi profilingizni butkul o’chirib tashlasangiz ham bu ijtimoiy tarmoqda orttirgan birorta do’stingizni hech qachon sog’inmaysiz. Chunki tarmoqda ham, haqiqiy hayotda ham birga bo’lgan do’stlaringiz bilan boshqa vositalar yordamida hech qanday chegaralarsiz bog’lanishingiz mumkin bo’ladi. Boshqa, faqat virtual olamda taniydigan «do’st»laringizni esa unutasiz va hech qachon sog’inmaysiz. Sinab ko’ring va buning qanchalik haqiqat ekanligini tushunasiz.

12. ODNOKLASSNIKI SIZNI BAXTSIZ QILADI. Bu gap qizlarga qanchalik ta’luqli bo’lsa, yigitlarga ham shunchalik ta’luqli. Har kim bu gapdan o’zi istagancha ma’noni ajratib olaversin. Men anglatmoqchi bo’lgan ma’no esa quyidagicha: Odnoklassniki tarmog’i statuslar va «chiroyli, hikmatli» so’zlar yozilgan rasmlarga to’la. Shaxsiy kuzatishlarim natijasida bu ma’lumotlarning 80% va undan ko’proq qismi o’qiganingizda Sizni g’amgin, yoki hatto baxtsiz his qilishingizga majbur qiladi. Ishonmasangiz, o’zingiz e’tibor berib ko’ring!

13. ODNOKLASSNIKIGA ISHONCH YO’Q. Siz hech qachon Odnoklassnikiga shaxsiy ma’lumotlaringizni kafolatli tarzda ishona olmaysiz. Men yuqorida aytilgan xavfsizlik «teshik»lari va shaxsiyatingizning daxlsiz emasligi haqida gapirmayapman. Aytmoqchi bo’lganim shuki, Odnoklassniki ma’murlari Sizning ma’lumotlaringiz, shaxsiy, hatto sirli xabarlaringizdan qay yo’sinda foydalanishi mumkinligini hech qachon bila olmaysiz. Ijtimoiy tarmoqda Sizning shaxsiy hayotingiz hech qanday asos bilan himoyalanmaydi.

14. ODNOKLASSNIKI SIZNI KUZATAYAPTI. Har safar statuslaringiz soni ma’lum miqdorga yetsa, yoki ma’lum darajada ball to’play olsangiz, nechtadir video yuklasangiz, qaysidir muhokamada ko’proq qatnashsangiz Odnoklassniki Sizga «sovg’a» sifatida ma’lum darajani taqdim etadi. Ammo, hech o’ylab ko’rganmisiz, tarmoq Sizni avtomatik tarzda, har bir qadamingizni kuzatib bormayaptimi? Shaxsan menga shunday tuyuladi va bu kuzatish kelajakda boshqa harakatlarimni ham kuzatish sifatida foydalnilishiga asos bo’lishi mumkinligi menga hech ham yoqmaydi.

15. HECH KIM SIZ BILAN QIZIQMAYDI. Ko’pchilikning do’stlari orasida hech qachon u kishini tanimagan, bilmagan va hatto biror marta ham gaplashib ko’rmagan virtual do’stlari bor. Hamma ijtimoiy tarmoqda o’z maqsadida foydalanadi. Ammo bor haqiqat shuki, Odnoklassnikida hech kim hech qachon Sizga e’tibor bermaydi. Hech kim Siz bilan qiziqmaydi. Balki ularga Sizning rasmingiz kerakdir. Balki boshqa maqsadda Sizdan foydalanishmoqchidir. Lekin, yodingizda bo’lsin, ijtimoiy tarmoqda hech kim Siz bilan jiddiy qiziqmaydi.

16. IJTIMOIY TARMOQ – ILM DUSHMANI. Men har doim kishilarni ilm olishga, nimadir o’rganishga ruhlantirish uchun harakat qilishni xohlayman. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoq tizimlarining har qancha mukammallik darajasiga erishishi aytilmasin, har qanday holatda ham ular ilm dushmani sifatida o’z o’rnini saqlab qolaveradi. Odnoklassniki bilan birgalikda hech qachon ilm o’rganish mumkin emas: u yerda Sizni nimadir yoki chalg’itadi, yoki yo’ldan uradi, yoki to’xtatib qoladi. Azamat.uz sayti ko’proq abituriyentlar uchun, ilm o’rganuvchi yoshlar uchun ma’lumotlarni jamlashga harakat qilayotganligi uchun ilm o’rganish yoshidagi bo’lganlarga alohida ta’kidlamoqchiman: imkon qadar Odnoklassniki (va boshqa ijtimoiy tarmoqlar)dan chiqib keting. Hayotda o’z o’rningizni topganingizdan so’ng virtual olamda sayr qilishga hali ulgurasiz.

Har kimning o’z tanlovi bor. Har kim o’z yo’lini o’zi tanlaydi.

Maqola azamat.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

OLifCDHaH7esaKv42-croIphFvPCok4a

Issiq havoda issiq choy ichish, bu to‘g‘rimi?

Choy – xalqimizning sevimli ichimliklaridan hisoblanadi. Choy faqat chanqoqbosdi ichimlik bo‘libgina qolmasdan asabni tinchlantiradi, ruhiyatni ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>