2018/12/10 12:34:22

Nurotaning nur qal’asi

loading...

NurotaTadqiqodchilarning fikricha, Nur qal’asi O‘rta Osiyoda islomga qadar qurilgan antik me’moriy yodgorliklardan biri sanaladi. Mahalliy xalq ushbu obidani «Qal’ai Iskandariy» deb Iskandar nomi bilan bog’laydi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, xalq og’zida Iskandar haqida ko‘plab rivoyatlar yuradi. Darhaqiqat Iskandar Zulqarnayn bosqinchilarining izi qolgan Nur qal’asi Movarounnaxr tarixining zarxal saxifalarini tashkil etadi.
Nur – qadimdan Buxoro va Samarkand voxasiga kirish uchun Jizzaxdan so’ng ikkinchi darvoza xisoblangan va o‘zining istehkomlari bilan mashhur bo‘lgan. Tarixiy asarlarni o‘rganar ekanmiz, Nurato harbiy strategik ahamiyatga molik yirik savdo nuqtasi bo‘lib ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.
Nurato tizma tog’lari qadimgi So‘gdiyona va Buxoro vohasini mustahkam devorday to‘sib turgan. Shuning uchun qadimgi Zarafshon vodiysiga olib kiradigan ikki yo‘l – Jizzax yakinidagi Temir darvoza va Nurda xarbiy istexkomlar qurilgan.
O‘tmishda Nur orqali katta xarbiy va madaniy axamiyat kasb etgan tosh yo‘l o‘tgan. Bu tosh yo‘l orqali karvonlar Buxoroga, undan so‘ng Janubiy Qozog’iston va Yettisuvga chiqqan.
Nur Buxoroning shimolidagi chekka shahar bo‘lib, u madaniy o‘troq aholi va ko‘chmanchi xalqlar yashaydigan xududning chegarasida joylashgan. Shu tufayli qadimgi tosh yo‘l orqali Nurga ko‘plab karvonlar kelib to‘xtagan. Savdo-sotiq rivojlangan. Aytishlaricha karvonlar asosan Nur yaqinidagi Pashshot degan manzilgoxda to‘xtagan va u yerda katta bozor bo‘lgan. Nur orqali o‘tgan qadimgi tosh yo‘lni Buyuk ipak yo‘lining bir tarmog’i deb atash haqiqatdan uzoq emas. Karvonlar Nurda nafaqat savdo, balki shifobaxsh suv g’amlab olish uchun ham to‘xtagan. Xuddi ana shu yo‘l orqali Buxoroga Chingizxon qushini ham o‘tgan.
Rivoyatlarga qaraganda, Chingizxon uzoqdan tog’ tepasiga qurilgan Nur qal’asini ko‘rib taysallangan, shaxarni o‘rab turgan Pirosta devorlari hakida eshitgach, shaxarga kechasi hujum qilishni buyurgan. Shaxarliklar mast uyquda yotganlarida Nurga mo‘gullar kirgan. Shaxar axolisi esa har vaqtdagiday Nurga biror katta karvon kirgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan. Maxalliy xalq tilida saqlanib qolgan rivoyatni «O‘zbekiston xalqlari tarixi» (I jild «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1992) kitobidagi ma’lumot to‘ldiradi:
«… qish payti edi. Chingizxon suvsiz cho‘lni eng qiska yo‘l bilan bosib o‘tdi. Yo‘lida Zarnuk degan qal’a uchradi… shu yerda bir sotqin topilib yo‘lboshchilik qilishga va mo‘gullarni Zarafshonning o‘ng soxilidagi Nur shaxriga eng qisqa yo‘l bilan olib o‘tishga va’da berdi. Binobarin mo‘gullarning Nur devorlari ostida paydo bo‘lishi shu qadar kutilmagan hodisa ediki, axoli avvaliga karvon keldi deb o‘yladi. Keyin qarshiliksiz taslim bo‘ldi. Shaxar talandi va 1500 dinor tovon to‘lashga majbur qilindi. Nurdan Buxoroga bir qadam edi. 1220 yil fevralida mo‘gullar Buxoroning devori ostida turishardi».
Xerman Vamberining yozishicha, Chingizxon Nurga turkman qulovuzlarining yordami bilan kirgan va u kelgan yo‘l ko‘p zamonlargacha «xon yo‘li» deb atalgan.
X.Vamberi yozadi: 1220 yil yanvar oyida Chingizxonnning oldingi muntazam qo‘shinlari Nurga yaqinlashdi. Qal’aga hujum qilish uchun Toxir Baxodir ismli yo musulmon, yo turk raxbarligida Nur atrofidagi o‘rmonlarda uzun narvonlar yasaldi. Shahar atrofida mahalliy xalqning bog’lari bo‘lib, Nur axolisi baxor kirib kelishi bilanoq o‘z chorbog’lariga ko‘chib borishgan. Mo‘gullarning kelishi shaxarliklar uchun kutilmagan holat bo‘lgan. Nuratoliklar mo‘gullarni savdo karvoni deb o‘ylagan, xatolarini anglaganlarida, mo‘gullar shaxarga yaqinlashgan edi. Mo‘gullar narvonlarni otda va ko‘lda ko‘tarib shaxar devoriga qo‘ydilar. Toxir Baxodir nuratoliklarga: xaqiqatan xam kuchli mo‘gul xoni keladir. Agarda shaxar axolisi kirashilik kilmasa, u bir necha kun qoladi, – dedi. Ko‘p o‘tmay Nur shaxri darvozalari ochildi. Mo‘gullar shaxarga kirdilar. Shu vaqtda Bismillaxon Nurda bek edi. Buyruqqa muvofik shaxar axolisi shaxardan chiqarildi. Mo‘gullar uylarni taladilar. Ammo odamlarni o‘ldirmadilar. Chingizxonning buyrugi bilan shaxar Subutoy baxodirga topshirildi. Nur xalqi Chingizxonga 1500 dinor soliq to‘ladi. Chingizxon Nurdan so‘ng Buxoroga ketdi. Chingizxon Buxoroda ko‘z ko‘rib, qulok eshitmagan vaxshiyliklarni qildi.
Chingizxonning Nurga kelganligi to‘grisida Abulgozi Baxodirxonning «Shajarai turk» asarida xam ma’lumot keltiriladi:
«… Chingizxon Zarnukni olgach, Nurga keldi. Nur xalqi qal’aga qamaldilar. Undan elchilashib xalq qal’adan chiqib yaxshi peshkashlar bilan kelib xonni ko‘rdi. Xon xam ul xalqqa inoyat shafqat qilib xukm qildikim, «sen xalq o‘zingga yetgulik urug’ va ko‘sh xo‘kizingni olib qal’adan chiqgil. Qolgan molingni lashkar talasin». Xalq qal’adan chiqdi. Qolgan mollarini xonning lashkari talab oldi.
Nur qal’asi Buxoro va Samarqand yo‘lidagi istexkom bo‘lib shaxar o‘rta asrlarda «Nuri Buxoro» deb ham yuritilgan.
Nur qasrini, – deb yozadi arxeolog B.O‘roqov, – Iskandariya xam deyishadi. Chunki uni Iskandar qurdirgan. Nur qasri uning arkidan janubda, undan 150 metr uzoqlikda Oqtov cho‘qqilarining biri ustida qurilgan.
Akademik V.A.Nilson (1953 yil), akademik Ya.G.Gulomov (1968 yil) tomonidan olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasi shuni ko‘rsatadiki, qal’aning ostki madaniy qatlami eramizdan oldingi asrlarda bino bo‘lgan. 1974 yil arxeolog O.M.Rostovsev boshchiligida qal’ada qazish ishlari amalga oshirilgan. Eramizning I va IV asrlariga oid arxeologik ashyolar topilgan.
Nur qal’asi mashxur nur chashmasining ustki qismida suv boshiga egalik qilish, dushman qamaliga bardosh berish maqsadida qurilgan. Qal’aning ichki qurilishlari yaxshi saqlanmagan. Qal’aning eng baland minorasi bo‘lgan kuzatuv maskanidan to‘rt tomon yaqqol ko‘rinib turgan. Kuzatuv punkti 26×26 metrni tashkil etadi. Kuzatuv punkti va ark 12 metrli usti yo‘lak bo‘lgan qalin paxsa devor bilan tutashtirilgan. Devorning qalinligi taxminan 14-16 metrgacha bo‘lgan.
Qal’a qurilish tarixiga ko‘ra o‘ziga xosdir. U yetti qaroqchi yulduz turkumiga mos ravishda 7 ta minora va ularni birlashtiruvchi yo‘laklar bilan birlashtirilgan. Eng janubdagi va tog’ning yuqorisidagi minora kutb yulduziga mos qilib qurilgan, u asosiy minora bo‘lib, u yerda Nur beklarining qarorgoxi joylashgan.
Nur chashmasining bir qism suvi qal’aning ostidan oqib keladi. Maxalliy otaxonlarning aytishlaricha, agar qal’a dushman tomonidan o‘rab olinsa qal’adagilar xech suvsiz qolishmagan. Taxminan qal’aning o‘rtalarida askarlar maxsus zina bilan tushib, qal’a ostidan oqib o‘tayotgan chashma suvidan olib chiqishgan.
Nur qal’asining asosiy me’moriy inshootlari IV-VII asrlarda qayta tiklangan. VIII asrlarda Nur qala’si arablar tomonidan buzib tashlangan va Somoniylar davrida yana qayta tiklangan. Nur qal’asi XVII asrlarda yanada mustaxkamlanib, qadimgi poydevor ustiga yana kuzatuv punktlari qurilgan. Qal’a asosan xom g’isht va toshdan qurilgan.
Nur qal’asi ko‘plab lashkar va axolini o‘z ximoyasiga olgan. Somoniylarning dushman tomonidan tor-mor etilgan oxirgi vakili Muntasir Nurga kelib joylashgan va 1004 yilga kelib Dabusiyadagi dushmanga karshi xujum uyushtirgan.
1451-1457 yillarda Nur xokimi Pirko mo‘gul, 1463 yilda Muxammad Jo‘ki, (Ulugbekning nokobil farzandi Abdullatifning o‘gli), 1458-1462 yillarda Nursaidbek bo‘lgan. Ular xam shu qal’adan turib Nurni idora etganlar.
Nur qal’asi Markaziy Osiyodagi ko‘pchilik antik yodgorliklar qatoridagi hali to‘la o‘rganilmagan tarix xazinasi bo‘lib, u o‘z sirlarini xali batamom ochgan emas. Kelajak avlod bu ko‘xna tarix xazinasining kalitini qo‘lga kiritsa ajab emas. Zero Iskandar Zulqarnaynga qarshi O‘rta Osiyo xalqlarini mardonavor kurashga otlantirgan so‘gd baxodiri Spitamen va uning safdoshlari siymosini yaratib, bobolar ruxini shod etsak degan orzuimiz bor.

“Nurato tarixidan sahifalar” kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>