2017/10/24 12:04:04

Navoiy viloyati haqida nimalarni bilasiz?

loading...

Navoiy
Navoiy viloyati
– Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1982 yil 20 aprelda Buxoro va qisman Samarqand viloyatlari hududlaridan tashkil etilgan.

1988 yilda maʼmuriy birlik sifatida tugatilib, 1992 y. boshida qayta tiklandi. Shimoliy va shimoliy-sharqdan Qozogʻiston, janubiy-sharqdan Jizzax, Samarqand, janubdan Qashqadaryo, janubiy-gʻarbdan Buxoro viloyatlari bilan chegaradosh. Maydoni 111,0 ming km². Aholisi 802,3 ming kishiga yaqin (2003). N.v. tarkibida 8 qishlok tumani (Konimex, Navbahor, Navoiy, Nurota, Tomdi, Uchquduk, Xatirchi, Qiziltepa, 5 shahar (Zarafshon, Qiziltepa, Navoiy, Nurota, Uchquduq), 8 shaharcha (Konimex, Langar, Malikrabot, Muruntov, Tinchlik, Shalqar, Yangirabot, Gʻozgʻon) va 53 qishlok fukarolari yigʻini bor (2003). Markazi — Navoiy sh. Tabiati. N.v.ning hududi tabiiy sharoitiga koʻra, 3 qismga boʻlinadi: viloyatning shim.-gʻarbiy qismini Qizilqum choʻli egallagan — bu yerda berk botiqlar (Karaqota, Moʻlali, Mingbulok), eol qumli tekisliklar va qoldik togʻlar (Ovminzatogʻ, Yetimtogʻ, Boʻkantov, Tomditov va h.k.) bor; jan.sharqiy qismini Nurota togʻ tizmalarining gʻarbiy qismi past va oʻrtacha balandliklardagi togʻlar (Qoratogʻ, Oktogʻ va b.) hamda togʻlararo botiqlar (Nurota botigʻi va b.) egallagan; Zarafshon daryosi vohasining oʻrta qismida viloyatning paxtachilik zonasi oʻrnashgan. N.v.dagi togʻlar, asosan, silur, devon, toshkoʻmir, bur, paleogen, neogen davrlari jinslaridan tuzilgan. Tekislik va qumliklar toʻrtlamchi geologik davrdagi kompleks tabiiy omillar taʼsirida oʻzgargan. Muruntovda oltin, Ovminzatogʻ shim.da grafit topilgan. Viloyatda volfram, fosforitlar, kvars qumi, sement, ohaktoshning zaxiralari mavjud. N.v.da mineral shifobaxsh, shoʻr va yer osti chuqur suv zaxiralari aniqlangan. Chunonchi, Tomdibulok, Qaraqota, Chingildi atroflaridan topilgan suvlardan xoʻjalikda keng foydalanilmoqda. Viloyat seysmik jihatdan 7 balli zilzila zonasiga kiradi. Qizilkum choʻli tufayli iqlimi keskin kontinental choʻl iqlimi: yozi uzoq, quruq. issik, iyulda oʻrtacha t-ra 27,2—29,6°, kumda oftobda t-ra 60—70° gacha koʻtariladi. Yanv.da oʻrtacha t-ra — 1,9° dan —0,6° gacha. Choʻl va yaylovlarda, vohalarda iqlim oʻrtacha. Yogʻin, asosan, bahor va qishda yogʻadi. Yillik yogʻin 125–282 mm. Vegetatsiya davri 177—212 kun. N.v.ning asosiy suv manbai — Zarafshon daryosi. Zarafshondan Konimex kanali chikarilgan. N.v.ni suv bilan taʼminlashda Quyimozor, Toʻdakoʻl suv omborlari, Konimex kanalining ahamiyati katta. Viloyatning shim. va gʻarbiy katta qismi koʻchma qum barxanlari, unda-bunda uchraydigan gilli choʻllardan iborat. Astragal, shuvok, shoʻra, isirik, qamish, zarpechak, saksovul, yulgʻun, va b. choʻl oʻsimliklari oʻsadi. Choʻl tuproqlarida chirindi kam, ohak, gips, eruvchi tuzlar koʻp. Choʻl oʻsimliklari, ayniqsa, shoʻra, shuvoq kabilar qorakoʻl qoʻylari va b. mollar uchun ozuqa boʻladi. Bukantovda va Mingbuloq botigʻida qobon, boʻri, chiyaboʻri, tulki, uzun dumli mushuk, choʻl mushugi, boshqa yerlarda malla yumronqoziq, kalamush, sichqon, sugʻur, sassiqkoʻzan, jayron, kaltakesak, turli xil ilonlar, toshbaqa, qushlardan tuvaloq, qorabovur, olabovur, qirgʻovullar, qargʻa, hakka, musicha, chumchuq uchraydi.

Qizilqum choʻlida pastak koʻhna togʻlar, Mingbuloq botigʻi, shuningdek, Qaraqota havzasi, shoʻrxok tekisliklar va pastliklar, qator qum tepalari alohida manzara kashf etgan. Yaylovlarda chorva boqiladi. Saksovul, qandim, cherkez, singren, oqpechak, selin, efemer va shoʻralar chorva mollari uchun ozuqa.
Aholisining koʻpchiligini oʻzbeklar (63,3%) tashkil etadi. Shuningdek, rus (13,5%), qozoq (11,5%), tatar (2,6%), ukrain (1,4%), qoraqalpoq (1,4%), tojik (1,3%), ozarbayjon (0,9%), belorus (0,2%) va b. millat vakillari yashaydi. 1 km² ga oʻrtacha 7 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar — 319,7 ming kishiga yaqin, qishloq aholisi — 482,6 ming kishidan ziyod (2003).

Xoʻjaligi. Sanoatining yetakchi tarmoqlari energetika, konchilik (oltin va b. metallar qazib olish), metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati korxonalaridan iborat. Yirik korxonalari: Navoiy kon-metallurgiya k-ti, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, “Navoiyazot” i. ch. birlashmasi, “Qizilqumsement”, “Elektrkimyo”, “Nurotamarmar” korxonalari, mahalliy sanoat konserni. 

Eksport qilinadigan mahsulotlarning aksari qismini paxta tolasi, ammiak selitrasi, kimyoviy tola, sulfat ammoniy, ortoaminofenol tashkil qiladi. Chetdan xalq isteʼmoli mollari, kalsiy karbid, kaustik soda, tiomochevina, tikuv uskunalari, tibbiy texnika, yuk va yengil avtomobillar, avtobuslar va ularga ehtiyot qismlar, xoʻjalik uskunalari keltiriladi.

Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoklari — paxtachilik, gʻallachilik; shuningdek, bogʻdorchilik, tokchilik, sabzavotchilik, pillachilik, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish bilan ham shugʻullaniladi. Chorvachiligi koʻp tarmokli. 228 ming donadan ziyod qorakoʻl terisi tayyorlanadi (2003). N.v. qorakoʻl teri tayyorlash boʻyicha respublikada 1-oʻrinda turadi. Q.x.da foydalaniladigan yerlar maydoni 9266,2 ming ga, haydaladigan yer mayd. 111,1 ming ga, yaylovlar 9137,5 ming ga (2003). Barcha ekin mayd. 112,6 ming ga, shu jumladan, paxta 39,4 ming ga, don ekinlari 42,0 ming ga, kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari 1,4 ming ga yerga ekiladi. Yerning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 2,6 ming km kollektor drenaj tarmoqlari, 138 zax qochirish qudugʻi qurilgan. N.v.da dehqonchilik maydonlari AmuBuxoro mashina kanali Navoiy, Oʻrtachoʻl, Amu, Sumbul, Mayna tarmoklari hamda Zarafshon daryosidan suv oladigan Toss, Shovot, Chovli, Oʻng va Chap qirgʻoq, Navkar, Konimex kanallari orqali suv bilan taʼminlanadi. 32 yirik suv chiqarish elektr nasos st-yalari ishlab turibdi. N.v.da 75 shirkat, 4 ming fermer xoʻjaliklari mavjud.

.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>