2017/10/24 12:05:44

Mo‘g‘ullarning Buxoroga bosqini va unga qarshi kurash (Mahmud Torobiy qo‘zg‘oloni va Karmana jangi)

loading...

Tarixdan ma’lumki, XIII asr boshlarida Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ullar qo‘shini yurtimiz hududlariga bostirib kirib, obod shahar va qishloqlarimizni vayron qilishgan.

Bu paytda Buxoro vohasi ham Xorazmshohlar davlatiga qarashli edi. XI – XII asrlarda esa Buxoro Qoraxoniylar va Saljuqiylar davlatlari tarkibida bo‘lgan.

Xorazmshoh Alouddin Muhammad tomonidan Buxoro mudofaasi uchun amiroxur Ixtiyoriddin Kushlu va Inonchxon (O‘g‘ul Hojib) rahbarligi ostida 30000 kishilik qo‘shin ajratilgan. Buxoroda bulardan tashqari Hamid Pur, Sevinchxon va Ko‘kxonlar bor edi. Chingizxon va uning kichik o‘g‘li Tulixon mo‘g‘ullarning asosiy kuchlari bilan Buxoro shahrini 1220 yil fevralda qamal qilishgan. Buxoro amirlari uch kunlik qamaldan so‘ng mo‘g‘ullar halqasini yorib o‘tib, Xurosonga ketishga qaror qilishgan. Biroq mo‘g‘ullar Buxoro qo‘shinini pistirmaga tushirib, tor-mor keltiradilar, faqat Inonchxon ozgina qo‘shin bilan qamalni yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ladi. Himoyachilarsiz qolgach, shahar aholisining bir qismi taslim bo‘lishga qaror qilib, Chingizxon huzuriga qozi Badriddin boshchiligidagi vakillarini jo‘natgan. Biroq shaharliklar va qo‘shinning bir qismi (400 jangchi) yana 12 kun davomida Buxoro Arkiga yashirinib, bosqinchilarga qarshi qahramonona kurashni davom ettiradi. Shahar butkul vayron qilinib, yondirib yuborilgach, aholining bir qismi qirib tashlangan, qolganini boshqa shaharlarni olishda qamal ishlarida foydalanish uchun haydab ketishgan. Chingizxon Tovush bosqoqni Buxoro hokimi etib tayinlagan.

Movarounnahr va Xorazm bosib olingandan keyin ham o‘zbek xalqining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi ozodlik kurashi va qo‘zg‘olonlari muttasil davom etib turgan. Shunday kurashlar ichida 1238 yili Buxoroda Mahmud Torobiy boshchiligidagi mo‘g‘ullarga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olon muhim ahamiyat kasb etadi.

Dastlab qo‘zg‘olonga rahbarlik qilgan Mahmud Torobiy xususida. U Buxoro yaqinidagi Torob qishlog‘idan (hozirgi Jondor tumani hududida) bo‘lib, hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Mahmud Torobiy g‘alvirchilik bilan shug‘ullangan, ayni paytda bemorlarni ko‘chiriq orqali davolaydigan tabib va duoxon ham bo‘lgan. U xalq o‘rtasida kuchli nufuzga ega, tasavvuf g‘oyalari bilan tanish shaxs edi. Buxoroda mo‘g‘ullarga qarshi boshlangan qo‘zg‘olonga mashhur ulamo Shamsuddin Mahbubiyning taklifi bilan rahbarlik qilgan. Uning tabib va duoxon opasi, Muhammad va Ali nomli ikki ukasi bo‘lib, ular ham bosqinchilarga qarshi faol kurashganlar.

Qo‘zg‘olonchilar Mahmud Torobiy boshchiligida Buxoroga yurishadi va shahardagi Malik Sanjar qasri (1206 yilda Buxoroda hunarmandlar tomonidan xorazmshohlarga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olon rahbari bu qasrni qurdirgan)ni egallab, uni o‘zlariga qarorgoh qilib olishgan. Ularning rahbari Mahmud Torobiy iste’dodli tashkilotchi, mohir harbiy qo‘mondon bo‘lib, o‘z dadilligi va jur’ati bilan tarqoq qo‘zg‘olonchilarni ortidan ergashtira olgan. Ular safiga Buxoroda ko‘plab tarafdorlar va maslakdoshlar kelib qo‘shiladi. Alouddin Otamalik Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy” (1260) nomli mashhur asarida yozilishicha, yirik tasavvuf shayxi va aqoid ulamosi Shamsuddin Mahbubiy qo‘zg‘olonchilarning g‘oyaviy rahnamosi sifatida qo‘shin va xalq o‘rtasida katta tashviqot ishlarini olib borgan.

Buxoro va atrof viloyatlardagi xalq ommasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qo‘zg‘olon dastlab muvaffaqiyatli davom etadi. Qo‘zg‘olonda Vardona va Tavois aholisi ham faol ishtirok etgan. Qo‘zg‘olonchilar Buxoro shahri shimolidagi Abu Hafs tepaligiga mustahkam o‘rnashib olganlar. Ular mo‘g‘ul bosqinchilari va yog‘iy xizmatiga o‘tgan mahalliy ma’murlarni o‘ldirib, mol-mulkini beva-bechoralarga taqsimlab berishadi. Buxoro butunlay qo‘zg‘olonchilar qo‘liga o‘tadi. Mahmud Torobiy shahardagi Robia saroyiga joylashadi va uni sulton qilib ko‘tarishadi. Bosh sadr Burhoniddin uning talabi bilan Shamsuddin Mahbubiyni shahar sadri etib tayinlaydi.

Mo‘g‘ul qo‘shinlari va bosqoqlar bu paytda Karmanaga qochib, shoshilinch kuch to‘play boshlaydilar. Qo‘zg‘olonchilar mo‘g‘ullarni quvib, Karmanagacha boradilar. Karmanada har ikki tomon o‘rtasida shiddatli jang bo‘ladi. Biroq bu jangda qo‘zg‘olonning yo‘lboshchilari: Mahmud Torobiy va Shamsuddin Mahbubiy ham halok bo‘lishadi. Qo‘zg‘olonchilarga Mahmud Torobiyning ikki ukasi: Muhammad va Ali rahbarlik qila boshlashadi. Yangi rahbarlar ham tashkilotchilik va dushmanga nisbatan nafratlarini namoyon qilishadi. Mo‘g‘ullar ularga qarshi Eldiz Nuyon va Chekan Qurchi boshliq yangi kuchlarni tashlashadi. Karmana yaqinidagi Raboti Malik (hozirgi Navoiy viloyati Karmana tumani hududi)da bo‘lgan shiddatli jangda ko‘pchiligi qurol-yarog‘siz bo‘lgan qo‘zg‘olonchilar mag‘lubiyatga uchraydi, ulardan 20000 kishi, jumladan, Muhammad va Ali ham halok bo‘ladi. Qo‘zg‘olon shafqatsizlarcha bostiriladi. Mo‘g‘ul bosqoqlari Buxoroga kirib, shahar va uning atrofidagi kishilarni talashga va o‘ldirishga kirishadilar. Xo‘jandda turgan mo‘g‘ullar noibi Mahmud Yalavochning bu yerga kelishi bilan Buxorodagi qirg‘in to‘xtatiladi. U talangan va vayron etilgan shahardan hech qanday soliq yig‘ib bo‘lmasligiga Chingizxonning o‘g‘li – ulus hukmdori Chig‘atoyni ishontira oladi.

Xullas, Mahmud Torobiy mo‘g‘ullarga qarshi Buxoro va Karmana o‘rtasida bo‘lgan jangda halok bo‘lgan. U tug‘ilgan qishlog‘i – Torobda dafn etiladi. Qabri ustida XIII asrda qurilgan daxma XX asr 80-yillari O‘zbekistonda islom diniga qarshi ommaviy kurash boshlanganda mahalliy sovet idoralari rahbarlarining buyrug‘i bilan buzib tashlanadi.

Mahmud Torobiy haqida mashhur yozuvchi Oybek “Mahmud Torobiy” opera librettosi va dostonini (1944), “G‘alvirchi” pyesasini, rus adibi A.Deych bilan hamkorlikda rus tilida “Xalq qalqoni” pyesasini, taniqli adib Mirkarim Osim “Mahmud Torobiy” qissasini, yozuvchi Asad Dilmurod esa “Mahmud Torobiy” tarixiy romanini (1998) yozgan. Buxoro viloyati Jondor shaharchasida Mahmud Torobiyga haykal o‘rnatilgan.

Shunday qilib, qadimda va ilk o‘rta asrlarda, shuningdek, Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar davlatlari davrlarida obod shahar va hayot gavjum bo‘lgan Tavois aynan Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ullar hujumidan keyin (XIII asrning ikkinchi choragida) tanazzulga yuz tutdi. Temuriylar davrida u o‘zining avvalgi shon-shuhratini tiklay olmadi. Tarixchi va geograf olim Hofizi Abru (1361 – 1430) o‘z asarida bu davrda Tavois shahrining xarobalari saqlanib qolganligini yozadi. Demak, XV asr boshlarida ham (mo‘g‘ullar bosqinidan keyin 200 yilcha vaqt o‘tgach), Tavois tiklana olmagan.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>