2018/12/17 10:59:13

Matbuotning sehrli kuchi (“Qiziltepa tongi” gazetasi tarixidan)

loading...

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘rsatish va Prezidentimiz Farmonlari hamda amaldagi qonunlarni targ‘ibot qilish hamda ijrosini ta’minlashda 2010 yilda 75 yoshga to‘lgan “Qiziltepa tongi” tuman gazetasining muhim o‘rni bo‘lyapti.

Gazeta har hafta nashr kuni – jumada obunachilar va erkin narxda oluvchilarga yetib bormoqda. Tahririyatda muharrir va uning o‘rinbosari Bahodir Egam, shuningdek, Istam Hasan, Qobil Maqsudov, Ro‘zigul Jumayevadan iborat kichik jamoa ishlashiga qaramasdan gazeta mazmuni keng, ommabop va mavzular dolzarb. Boisi shundaki, tahririyat atrofiga yuzdan ortiq jamoatchi muxbirlar jipslashgan. Ular maktablarning 3-4-sinf o‘quvchilaridan boshlab 80-90 yoshga kirgan nuroniy otaxon-onaxonlargacha.

Bundan tashqari, tahririyat O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Tarix, Til va adabiyot, Arxeologiya, Sharqshunoslik institutlari, Buxoro Davlat universiteti, Buxoro tibbiyot instituti, Navoiy Davlat pedagogika instituti, Samarqand Davlat universiteti olimlari va professorlari bilan ijodiy hamkorlikka ega. Xullas, bu hamkorlik o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.

Gazetaning o‘tkir mavzulari, sondan songa o‘tuvchi kitobcha holatidagi chiqishlari, hikmatlari muxlislar e’tiborini qozonganidan uning nusxasi ham yildan-yilga ko‘paymoqda. Ayni paytda “Qiziltepa tongi” gazetasi 11500 nusxada chop etilmoqda.

Shu o‘rinda tuman gazetasining tarixi xususida qisqacha to‘xtalib o‘tsak foydadan xoli bo‘lmaydi.

Qiziltepa tumani 1935 yil 9 fevralda tashkil topgach, o‘sha yilda ilk bor “Sovet paxtasi uchun” nomi bilan tuman gazetasi chiqa boshladi. Gazeta tuman G‘ijduvon tumaniga qo‘shilgach, 1962-1970 yillarda nashr qilinmadi. Demak, gazeta nashrining 45 yili sovet davriga, 20 yili mustaqillik davriga to‘g‘ri keladi. Tuman ahlining o‘y-fikr, orzu-istaklari gazeta sahifalaridan hamisha joy olgan. Biroq uning tahririyat va ijodiy jamoasi zamon ta’sirida har bir davr siyosatini yuritishga majbur edi. Uning dastlabki sonlarida tumandagi o‘zgarishlar, kolxozlar faoliyati, “bosmachi” va quloqlarga qarshi kurash ruhidagi maqolalar ham o‘sha davr siyosati talabi bilan e’lon qilingan. Ayrim maqolalarda turli lavozimlarda turgan sobiq “bosmachilar”ni jazolashga da’vat qilingan. Masalan, gazetaning 1940 yil 27 dekabrda chiqqan 66-sonida Hamroyevaning “Bosmachi Uzoqov kolxoz ferma mudirligidan haydalsin!” nomli maqolasida quyidagi fikrlar mavjud:

“Arabon qishloq sovetiga qarashli Kalinin nomli kolxozning ferma mudiri Razzoq Uzoqov ferma mudiri bo‘lib olishi bilan jamoat mulkiga xiyonat qila boshladi. Uzoqov bundan muqaddam 1927 yilda bosmachilar bilan birgalashib sovet hukumatiga qarshi o‘q otib kelgan kishi. Shu ish bo‘yicha qo‘lga tushib, 8 yilga kesilib ketgan kishi edi.

Uzoqov qamoqdan qaytib kelishi bilan kallavaram kolxoz raisi Rahmonov bu jinoyatchi Uzoqovni kolxozni umumlashgan chorva mollariga ferma mudiri qilib tayinlagan…”.

Tuman Buxoro viloyati tarkibida 1970 yil 7 dekabrda qayta tashkil qilingach, tuman gazetasi 1971 yil sentyabrda “Qizil tong” nomi bilan qayta chiqa boshladi. Bu paytda gazetaga g‘ijduvonlik taniqli shoir va jurnalist Murod Xalil (1928 – 1983) muharrirlik qildi. Shungacha gazetaga M.Rahimov, S.Yoqubov, H.Shakarov, Jabbor Hojiyev, Rauf Qodirov, Ne’mat Abdullayev, Bozor Yo‘ldoshevlar muharrirlik qilishgan.

Qiziltepa ijodiy muhitini shakllantirishda XX asrning 70-yillarida “Qizil tong” gazetasining muharriri bo‘lib izchil faoliyat ko‘rsatgan ajoyib jurnalist va shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Murod Xalilning munosib hissasi bor. Bu fidoyi inson tahririyatda o‘ziga xos mahorat maktabini yaratib ketdi. Murod Xalil G‘ijduvon tumanining Yavojin qishlog‘ida 1928 yilda tug‘ilgan. Samarqand Davlat universitetida tahsil ko‘rgan. So‘ngra “Buxoro haqiqati” gazetasida bo‘lim mudiri lavozimida ishlagan.

Uning hayotlik davrida “Ergash olov”, “Sog‘inib keldim”, “Davr qo‘shig‘i”, “Zar chashma”, ”Muhabbat yolqini”, “Oltin lahzalar” kabi asarlari chop etilgan. Murod Xalilning vafotidan so‘ng uning o‘g‘li, tumandagi maorif fidoyisi Fazliddin Xalilov sa’y-harakatlari bilan Toshkent shahrida taniqli ijodkorning “Dunyo sig‘di bag‘rimga” saylanmasi (2008) hamda “Zarafshon” romani (2010) chop etildi.

Tumanda ma’naviy-ma’rifiy muhitni shakllantirish, yosh ijodkorlarni tarbiyalashda uzoq yillar “Buxoro haqiqati” va “Do‘stlik bayrog‘i” viloyat gazetalariga bosh muharrirlik qilgan Umid Sattorovning hissasi ham katta. Umid Sattorov 1937 yili Vang‘ozi qishlog‘ida tug‘ilgan. Hozirgi 12-maktabni tugatgandan so‘ng Buxoro Davlat pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan. Mehnat faoliyatini G‘ijduvon va Karmana tuman gazetalarida boshlab, respublika radiosining Buxoro viloyati bo‘yicha muxbiri, 1970-1977 yillarda tuman partiya qo‘mitasining mafkura ishlari bo‘yicha kotib bo‘lib ishladi. 1977-1979 va 1989-1997 yillarda “Qizil tong” (hozirgi “Qiziltepa tongi”) gazetasiga muharrirlik qildi. O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi Umid Sattorov “O‘n mashoyix hikoyati”, “Boyazid Bistomiy”, “Vang‘ozilik qishloqdoshlarim mening”, “Daryo bo‘yida”, “Nasihat”, shuningdek hammualliflikdagi “Qiziltepa” kabi o‘ndan ortiq risolalar muallifi. U 2008 yilda vafot etgan. Umid Sattorovdan keyin gazetaga Klara Bozorova muharrirlik qildi.

Sayfiddin Berdiyev, G‘iyos Saidov, Mardon Jalil, Qudrat Keldiyorov, Razzoq Hakimiy, Boboqul Mansuriy, Manzura Xolovaning ijodiy an’anasini XX asr oxiri va XXI asr boshlarida Jahongir Ismoilov, Halima Ahmedova, Aziz Said, Sanobar Allayeva davom ettirib, Qiziltepa ijod bo‘stonini o‘zlariga xos muattar gullar bilan jilolantirdilar hamda Navoiy va Buxorodagi adabiy jarayonning ravnaqiga munosib hissa qo‘shdilar. Bugungi kunda ham qadimdan boshlangan ilmu ijodga e’tiqod qizg‘in davom etmoqda va tobora ravnaq topmoqda.

Fattoh Sattorov, Toshpo‘lat Fayzullayev, Po‘lat Murodov, Nuriddin Adizov, Nuriddin Muzafarov, Ahtam Rajabov, Husen Muzaffarov, Mahmud Xalilov, Shavqiddin Shamsiyev, Zulxumor Muzaffarova, Zinnatulla Isoqov, Klara Bozorova, Istam Hasan, Ilhom Islomov, Nozik Qo‘ziyeva, Oysuluv G‘oziyeva, Ergash Atoyev, Ergash Temirov, Zayniddin Bozorov, Safar Baqoyev, Ubaydulla Fuzuniy, Amin Qo‘rchiyev, Zulxumor Xolova, Karomat Ostonova, Suvon Turdiyev, Usmon Haydarov, Xalil Jamilov, Mustafo Murtazoyev, Xurshid Yoqubov, Qutli Qobilov, Mansur Aslonov, Jamoliddin Ahtamov, Gulnora Vahobova, Zarifa Mahmudova safini yosh ijodkorlar – Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari Muhabbat Temirova, Xurshida Narziyeva, Nazokat Muhammedova, shuningdek, Zebo Qutliyeva, Mehrigiyoh Bozorova, Kamoliddin Rahmatov, Gulruh Shodiyeva, Orzigul Ochilova, Shahnoza Ro‘ziyeva, Yulduz Rasulova, Alisher Oripov, Shahnoza Mahmudova, Ulug‘bek Karimov, Mohlaroyim Shukrullayeva hamda boshqalar to‘ldirib, ijod pillapoyalarining mashaqqatli yo‘llaridan ildamlashmoqda.

Tahririyatning yosh ijodkorlar maktabi ayni vaqtda shoir, jurnalist Bahodir Egam (Egamov) rahbarligida jo‘shqin faoliyat olib bormoqda. Bahodir Egam O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi. U G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan, bugungi kunda Qiziltepa shahrida yashab ijod qilmoqda.

Yuqorida ta’kidlanganidek, «Qiziltepa tongi» tahririyati bilan yuzlab yosh ijodkorlar hamkorlik qilayotganining o‘zi ham tumanda ilmu ijod naqadar gullab-yashnayotganidan, gazeta mavzularining rang-barang va dolzarbligidan dalolat beradi.

Mustaqillik yillarida, xususan, 1998 yildan keyin «Qiziltepa tongi» gazetasining qiyofasi butkul o‘zgardi. Gazeta tuman ahlining minbariga aylandi. Tahririyat ijodiy jamoasi jamoatchi muxbirlar faoliyatini oshirish uchun har yili 5-6 xil tanlovlar e’lon qilmoqda. G‘oliblar har chorakda munosib taqdirlanib borayotganidan xatlar oqimi yil sayin ko‘paymoqda. Gazeta narxini arzonlashtirish va obunachilarga vaqtida yetkazish uchun obunaning 90 foizi tahririyat orqali tashkil etilib, tahririyat xodimlari tomonidan obunachilarga yetkazilyapti. Uning narxi ham boshqa tuman gazetalari narxidan 2-3 marta arzon. 2005 yil 25 sentyabrda tuman hokimi Shabon Nabiyevning qarori bilan «Qiziltepa tongi» gazetasining 70 yilligi keng nishonlandi. Yubiley munosabati bilan gazetaning faoliyati to‘g‘risida “Kichik qalamning og‘ir yuki” nomli risola 2005 yilda chop etildi.

«Qiziltepa tongi» gazetasi markaziy nashrlar bilan bo‘ylasha oladi», – degan edi taniqli shoir va adib Dushan Fayzi Zarafshoniy.

Gazeta 1983 yildan buyon “Qiziltepa tongi” gazetasi bosmaxonasi nomi bilan tashkil etilgan, ayni vaqtda Mohila Sharopova rahbarligida “Adast” xususiy korxonasida ofset usulida nashr etilyapti.

Mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar avvalo mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulug‘vor islohotlar samarasi. Shu bilan birga tuman ahlining mehnatsevarligi, ahilligi, Vatan ishiga sadoqati, mamlakatimiz kuch-qudratini oshirish yo‘lidagi g‘ayrat-shijoati natijasi, albatta!

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

1

Navbahor yengil sanoat kasb-hunar kolleji bu bilimlar o’chog’i

Navbahor yengil sanoat kasb-hunar kolleji O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 29-oktyabrdagi “Umumiy o‘rta va ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>