2018/12/17 11:06:39

Mang‘itlar sulolasi davrida Komi Abu Muslim tumani va Vang‘ozidagi hayot

loading...

(Ahmad Donish, Mirza Salimbek asarlari va Buxoro qo‘shbegisi arxivi hujjatlari asosida)

Mang‘itlar sulolasi hukmronligi davrida (1756 – 1920 yillar) tumanda hayot avvalgidek bir maromda davom etdi.

Bu davrdagi tarixiy hodisalar mahalliy tarixchi olimlar Ahmad Donish, Mirzo Abdulazim Somiy Bo‘stoniy, Mirza Salimbek, Sadr Ziyo, Sadriddin Ayniy, Fitrat va boshqalarning asarlarida muayyan darajada tasvirlangan. Bu o‘rinda biz ushbu tarixchilardan ba’zilarining hayoti va faoliyati hamda ularning asarlarida Komi Abu Muslim tumani haqidagi fikrlarga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Ahmad Donish (1827 – Buxoro – 1897) Buxorodagi ma’rifatparvarlik harakatining yirik namoyandasi, mashhur tarixchi olim, davlat arbobi, munajjim va musavvir hisoblanadi. U Buxoro shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Nosir Maxdum Shofirkon tumanining Sug‘ut (Sug‘d) qishlog‘idan bo‘lib, Buxoro madrasalarida mudarrislik qilgan.

Ahmad Donish Buxoroda madrasa tahsilini olgach, mang‘it amirlaridan Nasrullohxon (1806 – 1860), Muzaffarxon (1819 – 1885), Abdulahadxon (1859 – 1910) davrlarida saroyda turli lavozimlarda ishlagan. Rossiyaga yuborilgan elchilar tarkibida 3 marta (1857 – 1858, 1869, 1873 – 1874 yillarda) Sankt-Peterburg va Moskvada bo‘lgan. Rossiya safari Ahmad Donishning ilmiy faoliyatida muhim o‘rin tutib, uning davlat va jamiyat haqidagi qarashlarini tubdan o‘zgartirib yuborgan. U Donish taxallusidan tashqari Muhandis, Mir Ahmad, Mirzo Ahmad O‘roq taxalluslari bilan ham ijod qilgan. Xalq o‘rtasida Ahmad Kalla nomi bilan ko‘proq mashhur bo‘lgan.

Ahmad Donishning “Navodir ul-vaqoye’” (“Nodir voqealar”), “Risolai muxtasari az tarixi xonadoni mang‘itiya” (“Mang‘itlar xonadoni saltanati tarixi haqida qisqacha risola”; bu asar “Tarixiy risola” nomi bilan ham mashhur) kabi asarlarida Buxoroda hukmronlik qilgan mang‘itlar sulolasi tarixining qariyb 150 yillik davrini tasvirlaydi. Xususan, “Mang‘itlar xonadoni saltanati tarixi…” risolasida Buxoroda 1756 – 1910 yillarda hukmronlik qilgan mang‘it amirlari Muhammad Rahimxon, Amir Muhammad Doniyolbiy, Amir Shohmurod, Amir Haydar, Amir Husayn, Amir Umarxon, Amir Nasrullohxon, Amir Muzaffarxon, Amir Abdulahadxon faoliyati va shaxsiyati to‘g‘risida muhim ma’lumotlarni keltiradi.

Amir Haydarning o‘g‘li Amir Nasrullohxon o‘z hukmronligi davrida (1827 – 1860 yillar) islom shariati ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilgan. Nasrullohxon jasur va dovyurak kishi bo‘lganligi bois unga bahodurxon va boturxon unvonlari berilgan. Amir Nasrulloh Buxoro taxtiga o‘tirgan 1827 yili dunyoga kelgan mashhur tarixchi va davlat arbobi Ahmad Donishning keyinchalik ushbu asarida yozishicha, “Amir Nasrulloh vazmin va qo‘rqmas, qattiqqo‘l va zukko hukmdor edi. U o‘z hukmronligi davrida el va ulusda fitna chiqarishda nom qozongan, markaziy hokimiyatga qarshi urug‘ va qabilalarning turli isyonlarida qatnashgan yoki ilgarigi amirlarga nisbatan ko‘rnamaklik qilganlarning barchasini jazoladi va yo‘q qildi. O‘z tarafdorlariga esa ko‘p yaxshiliklar qildi va mehribonlik ko‘rsatdi… Uning mulklari kengaygan. Qo‘qondan Kesh (Shahrisabz)gacha bo‘lgan butun mamlakatlar unga bo‘ysungan”.

O‘z davrida ayrim mang‘it amirlarining kaltabin siyosatini keskin tanqid qilgan, mang‘itlar sulolasi to‘g‘risidagi tarixiy risolasida Amir Doniyol (Muhammad Doniyolbiy otaliq)dan boshlab to Amir Abdulahadgacha bo‘lgan sakkizta mang‘it amirlari to‘g‘risida batafsil so‘z yuritgan, rost so‘z va haqiqatni har qanday sharoitda har qanday shaxsga nisbatan ayta olgan, adolatparvarlik g‘oyalari va xolislik tamoyiliga o‘z tarixiy asarlarida ham qat’iy rioya qilgan Ahmad Donishning Amir Nasrulloh haqidagi ushbu fikrlari va mulohazalari bizni chuqur o‘yga toldiradi va tafakkur ummoniga g‘arq qiladi. Zeroki, Ahmad Donishning bu so‘zlari ko‘pchilik tomonidan “qonxo‘r va shafqatsiz” deb baholangan va hanuz baholanayotgan, unga yopishtirilgan turli epitetlar va sifatlashlar hamda tavqi la’natdan hamon qutulolmayotgan Amir Nasrulloh shaxsiyatini o‘rganish va tushunishda o‘ziga xos ochqich vazifasini o‘taydi. Ahmad Donishning mulohazalari Amir Nasrullohdek ziddiyatli va fojiali shaxs xarakterini tushunish va anglashni ancha osonlashtiradi.

Bu davrda yashab o‘tgan boshqa bir buxorolik mashhur tarixchi olim va davlat arbobi, shoir va diplomat Mirza Salimbek (1850-1930) asarlarida ham Vang‘ozi tumani va Qiziltepa haqida muhim ma’lumotlar mavjud.

Mirza Salimbek ibn Muhammad Rahim Buxoro shahrida zodagon oilasida tug‘ilgan. Yaxshi ma’lumot olgach, u dastlab Ziyovuddin viloyati (bekligi) hokimi huzurida kotib (mirza) lavozimida ishlagan. U fors va arab tillaridan tashqari rus tilini ham yaxshi bilgan. Buxoro amirligida Rossiya imperiyasining protektorati o‘rnatilgach, Mirza Salimbek Toshkentda amirlikning savdo vakili sifatida 12 yil yashagan va amirning maxfiy buyruqlarini bajargan (1873-1885). Buxoroga qaytgach, Xutfor va Samjon tumanlarida amlokdor lavozimida ishlagan va miroxur darajasi (rutbasi, chini)ni olgan. Amir Abdulahad jo‘natgan elchilar tarkibida Peterburgda bo‘lgan (1885). Amir Abdulahad davrida Mirza Salimbek xizmat pillapoyalaridan tez ko‘tarilgan. U besh yil davomida Buxoro mirshabi lavozimida ishlagan (1889 – 1893). So‘ngra u to‘qsabo rutbasiga sazovor bo‘lib, 1893 – 1898 yillarda Yakkabog‘ viloyati hokimi lavozimida ishlagan. Mirza Salimbek Yakkabog‘dan tashqari Nurota (1898 – 1902), Boysun (1902 – 1905), Sherobod (1905 – 1909), Shahrisabz (1910 – 1913), Chorjo‘y (1920 yil mart-avgust) viloyatlari hokimi vazifasida 20 yildan ortiq faoliyat ko‘rsatgan. Amir Olimxon (hukmronlik davri: 1910 – 1920) davrida Mirza Salimbek bosh zakotchi (keyinchalik devonbegi) lavozimida amirlikning moliya ishlari bilan shug‘ullangan.

Buxoroga bolsheviklar komissari F.Kolesovning harbiy tajovuzi davrida (1918 yil mart) Mirza Salimbek Buxoro davlati qo‘shiniga qo‘mondonlik qilgan, so‘ngra F.Kolesov bilan muzokaralar olib borgan amirlikning vakillar hay’atiga rahbarlik qilgan. U bolsheviklar bilan 1918 yil 25 martda Qiziltepa temir yo‘l stansiyasida tuzilgan Qiziltepa bitimini Buxoro amiri nomidan imzolagan.

Mirza Salimbek Buxoro amirligiga qizil armiyaning bosqini davrida – 1920 yil 29 avgustda Chorjo‘y viloyati hokimi lavozimida turgan paytida 56 ta turli amaldorlar bilan birgalikda bolsheviklar tomonidan qamoqqa olingan va faqat oradan bir yil o‘tgach, ozod qilingan. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi davrida Buxoro ilmiy jamiyati tashkiloti va BXSR Maorif xalq nozirligining vaqflar bo‘limi (avqof)da ishlagan (1922 – 1924). Buxoro davlat kutubxonasining Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida mehnat qilgan. Buxoro Arki tarixini o‘rganuvchi maxsus ilmiy guruh tarkibiga kiritilgan. U 1930 yil mart oyida Buxoroda vafot etgan.

Mirza Salimbekning “Tarixi Salimiy” asari (bu asar 1917-1920 yillarda yozilgan)da Buxoro amirligining tarixi qadimdan to 1920 yilgacha batafsil bayon qilinadi. Kitobda Buxoroning mang‘it amirlari Muhammad Rahimxon, Muzaffarxon, Abdulahadxon, Olimxon faoliyati, qo‘shbegilar sulolasi, Jo‘ybor xojalari avlodlari haqidagi hikoyatlar, Buxorodagi jadidchilik harakati va Yosh buxoroliklarning mavjud tuzumga qarshi kurashi, shuningdek, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida amirlikda mavjud bo‘lgan lavozimlar, mansablar va unvonlar: qo‘shbegi, qushbegi, amlokdor, zakotchi, mirshab, parvonachi, devonbegi haqida hamda Buxoro amirligining siyosiy-ma’muriy bo‘linishi to‘g‘risida muhim ma’lumotlar keltiriladi.

Asarning salmoqli qismi 1918 yil 25 martda Qiziltepa temir yo‘l stansiyasida Buxoro amirligi va sovet Turkistoni o‘rtasida imzolangan Qiziltepa tinchlik shartnomasi va uning tayyorlash jarayoniga bag‘ishlangan. Bu bitimni muallifning o‘zi Buxoro hukumati nomidan imzolashiga to‘g‘ri kelgan edi. Mirza Salimbek kitobning bu o‘rinlarida sovet hokimiyati va bolsheviklar siyosati o‘zining dastlabki kunlaridan boshlab oddiy xalqqa qarshi qaratilgan shovinistik siyosat ekanligini hamda Buxoro davlatiga nisbatan dushmanona kayfiyat va bosqinchilik siyosatini misollar yordamida ko‘rsatib beradi.

Mang‘itlar davridagi manbalar orasida Buxoro amirligi qo‘shbegi arxivi hujjatlari muhim rol o‘ynaydi. Bu hujjatlar ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxividagi maxsus 126-fondda (Buxoro amirligi qo‘shbegi boshqarmasi) saqlanadi. Bu hujjatlar davriy jihatdan Buxoro amirligini Rossiya imperiyasiga tobe bo‘lgan davriga (XIX asr 60-yillari oxiridan to 1920 yil sentyabr) oid hisoblanadi.

Tarixdan ma’lumki, Buxoro amirligi davrida tarixiy Buxoro viloyati amirlik tarkibida 11 ta tumandan iborat bo‘lib, uni amir nomidan qo‘shbegi – bosh vazir boshqargan. Qo‘shbegi arxivi hujjatlarida ushbu 11 ta tumanning nomi quyidagicha keltiriladi: Janubiy Rud, Komot (Vobkand), Komi Abu Muslim (Vaganze), Qorako‘l, Pirmast, Samjon (Romitan), Xayrobod, Harqon Rud (G‘ijduvon), Xutfar (Zandani), Shofurkom, Shimoliy Rud. Komi Abu Muslim tumanining bu paytda (XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr birinchi choragi) ma’muriy markazi Vaganzi (Vang‘oze) qishlog‘i bo‘lib, tumanda 5 ta amlok mavjud edi.

Demak, Buxoro amirligining so‘nggi davrlariga oid rasmiy hujjatlarda ham hozirgi Qiziltepa tumanining nomi Komi Abu Muslim (Vaganze) shaklida tilga olinadi. Bu o‘rinda Vang‘ozi (Vaganze) qishlog‘i tumanining ma’muriy markazi hisoblangan. 1916 yildagi ro‘yxatlar bo‘yicha Komi Abu Muslim tumani 4 ta kom (ariq)dan iborat bo‘lgan.

Qo‘shbegi arxivi hujjatlarida keltirilishicha, Buxoro amirligida bu paytda quyidagi 27 ta viloyat bo‘lgan: Boysun, Baljuvon, Burdaliq, Darvoz, Denov, Ziyovuddin, Yakkabog‘, Qabodiyon, Qorategin, Karki, Karmina, Qarshi, Kelif, Kitob, Qo‘lob, Qo‘rg‘ontepa, Nurota, Sarijo‘y, Usti, Xatirchi, Hisor, Huzor, Chahorjo‘y, Chiroqchi, Shahrisabz, Sherobod, Shug‘non.

Mazkur hujjatlarda Komi Abu Muslim tumanidagi Komi Arabi va Komi Mirjonali, Komi Jonvardar, Komi Zarmitan amloklari, Abu Yafgan, Azizobod, Ayronchiyi Bolo, Ayronchiyi Poyon, Oq Burut, Oq Masjidi Arab, Oq Soch, Araboni Poyon, Asbobi Bolo, Asbobi Poyon, Afg‘onon, Bobo Xushartiyi Bolo, Vaganza [Vang‘ozi] va boshqa o‘nlab qishloqlarning nomi keltiriladi.

Hozirgi Qiziltepa tumanidagi Toshrabot va unga qarashli qishloqlar bu paytda Tosh Rabok amloki sifatida Harqon Rud [hozirgi G‘ijduvon] tumaniga qarashli bo‘lgan. Hujjatda keltirilgan Tosh Rabotga qarashli Bobo Do‘g‘i dixasi (yirik qishlog‘i), Bobo Do‘g‘iyi Bolo va Poyon mavzesi, Oq Raboti Bobo Do‘g‘i mavzesi, Andoq mavzesi, Amin Qorovul mavzesi bu paytda Tosh Rabot amlokining hududi sifatida Harkon Rud tumani tarkibida bo‘lgan. Shu narsa diqqatga sazovorki, bu paytda Andoqi qishlog‘i Shofurkom tumani (hozirgi Shofirkon tumani)ga, Andoqiyon qishlog‘i [Nahri Sultonobod amloki] Pirmast tumani (hozirgi Shofirkon tumani)ga, Andoq mavzesi [Tosh Rabot amloki] Harqon Rud tumaniga qarashli bo‘lgan. Bundan tashqari, qo‘shbegi arxivi hujjatlarida Qizil Rabot qishlog‘i tilga olinib, bu qishloq Karmina viloyatining Cho‘li va Turkiston amlokiga qarashli Cho‘li mavzesida joylashganligi aytiladi. Shuningdek, bu hujjatda Qizil Tepa toponimi bir joyda Qizil Teppa mavzesi sifatida tilga olinib, bu mavze Dixnov viloyati (hozirgi Surxondaryo viloyati Denov tumani)ga qarashli Qarluq amlokida ekanligi aytiladi. Mazkur Qarluq qishlog‘i ayni paytda Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanining markazi hisoblanadi.

Xullas, Qo‘shbegi arxivi hujjatlari mahalliy tarixchilarning asarlari bilan birgalikda nafaqat Qiziltepa tumani tarixini yozish uchun, balki Buxoro tarixiy viloyatini o‘rganish uchun ham muhim manba hisoblanadi.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>