2018/04/21 12:58:04

Mahmud ibn Vali Buxoro tumanlari to‘g‘risida

loading...

XVII asrda Burg‘ozi (Komi Abu Muslim) tumanidagi o‘zgarishlar

Mashhur tarixchi va geograf olim, sayyoh Mahmud ibn Vali (u taxminan 1595 yilda Balxda tug‘ilgan) yoshligida turli fanlardan saboq olgan.

Uning otasi Mir Muhammad Vali asli farg‘onalik (kosonlik) bo‘lib, shayboniylardan Pirmuhammadxon I davrida (1546 – 1547 y.) Balxga kelib qolgan edi. Mahmud ibn Valining amakisi Muhammad Poyanda (1602 yili vafot etgan) Samarqand hokimi Boqi Muhammadxon (ashtarxoniylar sulolasidan bo‘lgan birinchi Buxoro xoni; hukmronlik davri: 1601 – 1605) devonida xizmat qilgan, akasi amir Abulboriy esa fiqh, tafsir va tib ilmini yaxshi egallagan olim kishi edi. Mahmud ibn Vali ashtarxoniylardan Nadr Muhammadxon (1606 – 1642 yillarda Balx hokimi; 1642 – 1645 yillarda Buxoro xoni) xizmatiga kirdi va to umrining oxirigacha uning kutubxonasida kitobdor bo‘lib ishladi.

Mahmud ibn Vali Hindiston, hozirgi Shri Lanka va Movarounnahr bo‘ylab sayohat qilgan. Bu sayohatlari asosida u ensiklopedik tavsifdagi asosiy asari yetti jilddan iborat “Bahr al-asror fi manoqib al-ahyar” (“Olijanob insonlar jasorati xususida sirlar dengizi”) asarini 1634 – 1640 yillar orasida yozgan. “Bahr al-asror”ning ayniqsa VI jildi alohida qimmatga ega. Unda XVII – XVIII asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyo, Mo‘g‘uliston, Dashti Qipchoq va Shimoliy Afg‘oniston tarixi keng va atroflicha yoritilgan.

Movarounnahrda ham sayohatda bo‘lgan va ma’lum muddat yashagan Mahmud ibn Vali o‘zining asosiy asari – “Bahr al-asror…” (qisqacha “Sirlar dengizi”)da Buxoro vohasidagi shahar va qishloqlar, tuman va rustoqlar to‘g‘risida muhim ma’lumotlar keltiradi.

Mahmud ibn Valining yozishicha, “Buxoro xonligi (Movarounnahr)ning poytaxti bo‘lgan Buxoro shahrining atroflari [tarixiy Buxoro viloyati] bilimdon kishilarning aytishlaricha, avvallari quyidagi o‘nta tumandan iborat bo‘lgan: birinchisi Harqonrud tumani, hozirgi paytda G‘ijduvon (tumani); ikkinchisi Komod, hozirgi paytda Vobkan (Vobkent) tumani; uchinchisi Torob (hozirgi tuman nomi Ohugir), to‘rtinchisi Rudi shahar, uni yana Poyi Rud deb ham atashgan, beshinchisi Komi Abu Muslim, hozirgi paytda Burg‘ozi (nomi) bilan mashhur, oltinchisi Shopurkom, (hozir) Qishloqi kalon deb ham aytishadi, yettinchisi – Samjon, (hozirgi paytda) Romitan nomi bilan yuritiladi, sakkizinchisi Sultonobod, to‘qqizinchisi Xudfar, (hozirgi paytda) Zandane nomi bilan aytiladi, o‘ninchisi Xayrobod”.

Shu narsa diqqatga sazovorki, Mahmud ibn Vali Buxoro viloyati tumanlari orasida beshinchi bo‘lib tilga olgan Komi Abu Muslim tumani u Movarounnahrga sayohat qilgan XVII asr birinchi choragida Burg‘ozi nomi bilan yuritilgan ekan. Oradan ko‘p o‘tmay tumanning nomi Vang‘ozi shaklini oladi. Burg‘ozi (Burgazi) va Vang‘ozi (Vangaze) so‘zlari makrotoponimlar (tuman va shahar nomlari) bo‘lib, ayrim fikrlarga qaraganda, bu tarixiy atamalarning ildizi shu hududda azaldan yashagan sug‘diylarning sug‘d tiliga borib taqaladi.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>