2018/06/22 4:13:25

Ko‘li Malik va G‘ijduvon jangi (Ubaydullaxonning ikki jangdagi g‘alabasi)

loading...

Ubaydullaxon (1486-1540) shayboniylar sulolasining vakili sifatida 1533-1540 yillarda Buxoro xoni bo‘lgan yirik davlat arbobi, mohir sarkarda va iste’dodli shoir hisoblanadi.

Uning to‘liq ismi-sharifi Abulg‘oziy Ubaydulloh Bahodirxon ibn Mahmud Sulton ibn shoh Budog‘ Sulton ibn Abulxayrxon bo‘lib, u Mahmud Sultonning o‘g‘li va shayboniylar sulolasining asoschisi Muhammad Shayboniyxonning jiyani.

Ubaydullaxon hayotida, xususan, uning harbiy faoliyatida favqulodda vaziyatlar juda ko‘p bo‘lgan. U oz sonli qo‘shini bilan bir necha marta dushmanlari ustidan hayratlanarli tarzda ajoyib yutuqqa erishgan. Ajalning ming bir zarbasi va taqdir o‘yinlariga chap berib, nafaqat o‘zi va lashkari muhofazasini, balki ota yurt – Turkiston mustaqilligini ham saqlab qola olgan. Biz 1512 yilda Ubaydullaxonning Buxoro atroflarida o‘tkazgan ikkita jangi haqida so‘z yuritmoqchimiz. Bu janglar nafaqat turkiy xalqlar harbiy san’ati tarixida, balki jahon harbiy san’ati tarixida ham o‘chmas iz qoldirgan. Asrlar davomida muarrixlar bu ikki jangga o‘z munosabatlarini bildirib, Ubaydulla Sultonning harbiy mahorati va sarkardalik iste’dodiga qoyil qolishgan.

Birinchi jang. Ko‘li Malik jangi (1512 yil 28 aprel)

1510 yil dekabrda Marv atrofida Muhammad Shayboniyxon (1451-1510) Eron shohi Ismoil I Safaviy (1487-1524) bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lgach, Shayboniyxon asos solgan davlatning qayta tiklanishi, qaror topishi va mustahkamlanishida Ubaydullaxonning xizmatlari katta bo‘lgan. Dastlab safaviylar qo‘shinining Movarounnahr ichkarisiga bostirib kirishidan cho‘chigan Ubaydullaxon va Shayboniyxonning o‘g‘li Muhammad Temur Sulton shoh Ismoil I bilan elchilar almashib, sulh tuzishga uringanlar. Bu paytda Ismoil I Safaviylar davlatining siyosiy manfaatlarini ko‘zlab, temuriyzoda Bobur Mirzo (1483-1530)ga Movarounnahrni shayboniylardan tortib olishiga yordam bermoqchiligini aytib, uni jang qilishga undaydi.

Muhammad Shayboniyning vafotidan so‘ng shayboniylar sulolasining xoni Ko‘chkunchixon (hukmronlik davri: 1510-1530) ning asosiy noibi (1510 yildan) va Buxoro hokimi (1504 yildan) sifatida Ubaydulla Sulton, ya’ni Ubaydullaxon dushmanga qarshi kurashga otlangan. Ubaydulla Sulton Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy maqbarasi yonida 1512 yil 7 aprelda qurultoy chaqirib, Movarounnahrni qaytarib olishga muvaffaq bo‘lsa bir umr dindor hukmdor bo‘lib qolishga qasamyod qiladi va o‘z qo‘shini bilan harbiy yurishga otlanadi. Uni faqat Muhammad Temur Sulton va Jonibek Sulton kabi shayboniy sultonlari qo‘llab-quvvatlaydi.

1512 yil aprel oyining oxirida cho‘l tarafdan Yettiquduq va To‘rtquduq orqali G‘ijduvonga kelgan Ubaydullaxon boshchiligidagi qo‘shin Buxoro shahriga hujum qilib, uni qamal qiladi. Buxoro dorug‘asi Shirim tog‘oyi (Shirimbek) bu haqda Samarqandda turgan Boburga xabar yetkazadi.

Hasanxoja Nisoriyning «Muzakkiri ahbob» («Do‘stlar yodnomasi») tazkirasida yozilishicha, Bobur 60000 kishilik qo‘shin bilan Samarqanddan yo‘lga chiqib, Buxoroga yaqinlashadi. Hofiz Tanish Buxoriyning yozishicha, Ubaydulla Sulton atigi 2600 nafar saralangan yigiti (Nisoriyning tazkirasida uning qo‘shini 3000 nafar deb ko‘rsatilgan) bilan Buxoro atrofidagi Ko‘li Malik qirg‘og‘ida turgan Bobur lashkariga to‘satdan hujum qilgan. Bu jang 1512 yil 28 aprelda bo‘lib, u tarixga Ko‘li Malik jangi sifatida muhrlangan.

Jang boshlanishidan oldin Ubaydulla Sulton harbiy hiyla ishlatgan. U o‘zining xufiyalari orqali Boburning katta qo‘shin bilan Buxoroga kelayotganligini eshitgach, Buxoro qamalini to‘xtatgan va go‘yo qochgandek bo‘lib Xorazm yo‘li tomonga chekingan. Bu holni ko‘rgan Buxoro dorug‘asi «o‘zbeklar qochdi», deb Boburga xabar yetkazgan. Bobur esa katta miqdordagi qo‘shin bilan bamaylixotir Buxoroga yaqinlashadi. Sal yuqorida aytib o‘tilganidek, Ubaydullaxon atigi 2500-3000 nafar askari bilan Bobur lashkariga to‘satdan hujum qilgan. Qattiq va omonsiz to‘qnashuvdan so‘ng Bobur lashkari tor-mor keltirilgan. Bobur avval Buxoroga, ertasi kuni Samarqandga chekinadi va vaziyat mushkulligini sezib bir kundan so‘ng oilasini olib Hisor tomonga ketadi.

Ikkinchi jang. G‘ijduvon jangi (1512 yil 24 noyabr)

Ko‘li Malik jangida (1512 yil 28 aprel) qozongan shonli g‘alabadan keyin Ubaydulla Sulton (Ubaydullaxon) Buxoro va Samarqandni egallagan edi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Eron shohi Ismoil I Safaviy yuborgan Najmi Soniy boshchiligidagi 80000 kishilik safaviylar qo‘shiniga suyangan Bobur, Hofiz Tanish Buxoriyning yozishicha, 1512 yil kuzida G‘uzor va Qarshini egallaydi.

Tarixchilarning yozishicha, Qarshi mudofaasi bartaraf etilgach, shahar xalqi eronliklar tomonidan qirg‘in qilingan. Qarshida 15000 kishi qilichdan o‘tkazilgan. Ularning ichida mashhur shoir va tarixchi Kamoliddin Binoiy (1453-1512) ham bo‘lgan. Movarounnahr ahli bundan dahshatga tushib, shialar (eron qizilboshlilari) va Bobur qo‘shiniga nisbatan nafrati oshgan va ularga qarshi kurashga Ubaydullaxonni da’vat etgan. Muarrixlarning yozishlariga ko‘ra, Bobur hamda Ismoil I oldida nufuzli bo‘lgan Amir G‘iyosiddin Muhammad ibn Amir Yusuf va hatto ayrim qizilbosh amirlari (bu paytda shialar qizilboshlilar deb atalgan) ham Qarshi shahri ichida hazrat Ali avlodiga mansub sayyidlar borligini bahona qilib, qirg‘inbarot o‘tkazmaslikni eronliklar sarkardasi Najmi Soniydan iltimos qilishganida, u bu fikrlarga quloq solmagan.

Najmi Soniy qo‘shini Qarshidagi «g‘alaba»dan sarmast bo‘lib, G‘ijduvonni qamal qilishga kirishadi. Ubaydulla Sulton va Jonibek Sulton Karmanaga, Ko‘chkunchixon va Muhammad Temur Sulton Miyonkolga chekinib, hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ko‘rishgan.

Turkiston shahridan yetib kelgan Ubaydulla Sultonning piri va ustozi Mir Arab unga jang oldidan ko‘rsatmalar berib va qo‘shinni ruhlantirib, shayboniy sultonlarini G‘ijduvon ustiga boshlaydi.

Sultonlar qo‘shini yetib kelmasdan oldin, G‘ijduvondagi oz sonli mudofaachilar qal’adan chiqib, dushman qo‘shini bilan ahyon-ahyonda jangga kirib turishgan. Biroq harbiy jang rejasini puxta amalga oshirgan Ubaydullaxon o‘zining oz sonli harbiy dastasi bilan 918 yil 3-ramazonda yakshanba kuni, ya’ni milodiy 1512 yil 24 noyabrda G‘ijduvon yaqinidagi Zarangaron qishlog‘ida Najmi Soniy qo‘shini ustiga to‘satdan hujum qiladi. G‘ijduvon jangida Ubaydullaxon boshchiligidagi qo‘shin Najmi Soniy va Bobur rahbarligidagi harbiy kuchlarni to‘lg‘ama usulida yenggan. Jang chog‘ida g‘anim kuchlarini qanotlardan aylanib o‘tish, yon va orqa tomondan zarba berish harbiy san’at tarixida to‘lg‘ama usuli deb nomlanadi. «Boburnoma»da bu jangni Bobur beklaridan biri Sayyid Hasan O‘g‘loqchi «G‘ijduvon urushida o‘ldi», deb faqat bir joyda tilga olib o‘tgan. Dushman sarkardasi Najmi Soniy hatto kiyimni kiyishga ham ulgurmay, otga o‘tirib qochayotganida Ubaydullaxon jangchilari tomonidan o‘rab olingan va o‘ldirilgan. Bu mag‘lubiyatdan so‘ng Bobur esa Xurosonga ketishga majbur bo‘lgan va u Movarounnahr taxtini egallash orzusidan uzil-kesil voz kechgan. Shu narsa xarakterli holki, «Boburnoma»da aynan Ko‘li Malik jangi va G‘ijduvon jangi bo‘lib o‘tgan 1512 yil voqealari qismi yo‘q. Boburning yozishicha, bu davr voqealari yozilgan bo‘limlar jang harakatlari paytida yo‘qolgan.

Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” asarida G‘ijduvon jangi tafsilotlari va Ubaydullaxonning jasorati, shayboniylarning qayta hokimiyatga kelish tafsilotlari quyidagicha tasvirlanadi:

“… Shayboniynasab xoqonlardan shijoatnishon Abulfath Jonibek sulton Ubaydullaxon bilan ittifoqlashish uchun shoshilinch (ravishda) Buxoroga keldi. Temurxon, Po‘lod sulton va Abu Sa’idxon ham Samarqanddan Buxoroga jo‘nadilar. Bular Jonibek sulton hazratlari va saodat nishonli Ubaydullaxon bilan qo‘shilib, hammalari birga dushmanni daf’ qilish uchun harakat qilmoqchi edilar. Ammo dushman (ularning) hujum xabarini eshitib, (ularning) yo‘lini to‘sib chiqqan edi. (Shu sababdan) sultonlar jam bo‘la olmadilar. Samarqand lashkari G‘ijduvon qal’asiga yashirinib, istehkom qildi. Buxorodan Jonibek sulton va Ubaydullaxon Tangrining inoyatiga tamoman tavakkal qilib, dushman qarshisiga (qarab) yo‘naldilar. G‘ijduvonning sharqida (joylashgan), G‘ijduvonga tobe’ bo‘lgan Zarangori yonida islom sipohi va kofir lashkari bir-biri bilan muqobil bo‘ldilar… Najm(i) (Soniy)ning tole’ yulduzi kuydi va (u) o‘sha jangda boshini yerga qo‘ydi. Bobur podshoh mag‘lub va parishon holda “alfiror” (oyati)ni o‘qib qochish shevasini ilgari surib jangdan yuz o‘girdi. Ba’zi fozillar mo‘minlarning xalos bo‘lish tarixini (Ko‘chkunchi)xon hazratlariga yetkazdilar. Movarounnahr mamlakatlari ikkinchi marta Shayboniy xoqonlari tasarrufiga kirdi”.

Shayboniylar bu jangda katta o‘lja va ko‘p sonli asirlarni qo‘lga kiritishgan. Katta miqdordagi qizilboshlilar qo‘shinidan (taxminan 80000 kishi) faqat oz sonli shialargina Eronga qaytishgan. 1513 yil yanvarda shayboniy sultonlarining Xurosonga harbiy yurishlari boshlangan. G‘ijduvon jangi Movarounnahrni Eron safaviylari – qizilboshlilar diniy istibdodidan saqlab qolgan va Turkistonda shayboniylar hukmronligini uzil-kesil qaror toptirgan hodisa sifatida tarix sahifalariga yozilgan.

Shonli g‘alabadan keyin Ubaydulla Sulton Buxoroni egallab, keyin Samarqandga keladi va o‘z nomiga xutba o‘qittiradi. Ubaydulla Sultonni, xususan, samarqandlik ulamolar eronlik shialar (qizilboshlilar) zulmidan qutqarganligi uchun qizg‘in olqishlashgan. Tarixchi Fazlulloh ibn Ro‘zbehon (1457-1521)ning «Suluk al-muluk» asari muqaddimasida yozishicha, «Ubaydullaxon odob yuzasidan o‘zini xuddi o‘ljasini taqsimlab bermoqchi bo‘lgan ovchiday tutdi va katta amakisi (Ko‘chkunchixon)ga bosh xonlik maqomi va poytaxt Samarqand taxtini berdi, Movarounnahrning boshqa yerlarini ham qarindoshlariga bo‘lib berdi». Masalan, Ubaydulla Sulton Toshkent viloyatini Sevinchxojaxonga, Samarqand viloyatini Muhammad Temur Sultonga, Miyonkol viloyatini Jonibek Sultonga berib, o‘ziga Buxoro va Qarshi viloyatlarini olib, Buxoro shahriga yo‘l olgan.

Xulosa qilib aytganda, Ubaydulla Sulton (Ubaydullaxon) 1512 yilning sakkiz oyi mobaynida o‘zaro birlashgan tashqi dushman (Eron safaviylari) va ichki dushman (temuriyzoda Bobur) kuchlariga qarshi bo‘lgan ikki jang (Ko‘li Malik jangi va G‘ijduvon jangi)da porloq g‘alabaga erishgan. Buxoro vohasida bo‘lgan bu janglarda Ubaydullaxon oz sonli harbiy kuchlarga tayanib, o‘zidan taxminan 20 marta ortiq bo‘lgan dushman lashkarlarini mag‘lubiyatga uchratgan. Afsuski, haligacha Ubaydullaxonning bu ikki jangi O‘zbekistondagi oliy harbiy o‘quv yurtlarida yetarlicha o‘rganilmagan, bu jang O‘zbekistondagi harbiy tarixga oid kitoblarda tahlil qilinmagan. Ubaydullaxon g‘olib kelgan bu janglarning harbiy ahamiyatidan tashqari, uning siyosiy ahamiyati ham juda katta bo‘lgan. Ubaydullaxon ushbu g‘alabalari evaziga Movarounnahrni shia mazhabidagi Eron safaviylari istibdodidan saqlab qolgan. Bu uning Turkiston tarixidagi eng buyuk xizmati hisoblanadi.

Eronda hokimiyatni 1501 – 1736 yillarda boshqargan Safaviylar sulolasi vakillari turkiy qavm bo‘lishgan. Bu sulolaga safaviya tariqatining asoschisi shayx Safiuddin Is’hoq (1252 – 1334; sulola uning nomi bilan atalgan) avlodi Ismoil I Safaviy asos solgan. Safaviylar islomning shia yo‘nalishiga e’tiqod qilishgan. Davlatning asosiy tayanchi Erondagi ko‘chmanchi turkiy [turkman] qabilalar birlashmasi – qizilboshlilar qo‘shini bo‘lgan.

 «Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>