2018/11/17 8:51:38

Kolesovning Buxoroga bosqini va Qiziltepa bitimi (1918 yil mart)

loading...

Buxoro amirligi ustidan Rossiya imperiyasining protektorati o‘rnatilgach (1873), amirlik hududida asta-sekin kapitalistik munosabatlar (bozor munosabatlari) kirib kela boshladi.

Bu jarayon amirlik hududida temir yo‘l qurilgach, xususan, kuchaydi. Rossiya imperiyasi 1880 – 1900 yillarda Zakaspiy temir yo‘lini qurdi. Bu temir yo‘lning katta qismi Buxoro amirligi hududidan o‘tgan. 1886 yilda bu temir yo‘lning Qizil Arvot – Chorjo‘y qismi qurildi hamda temir yo‘l amirlik hududidagi dastlabki shahar – Amudaryo yaqinidagi Chorjo‘y (hozirgi Turkmanobod) shahriga yetib keldi. 1886 – 1888 yillarda temir yo‘l Amudaryo sohilidagi Forob shahridan Samarqandgacha yotqizildi. Bu temir yo‘l Buxoro shahridan atigi 12 km uzoqlikdan o‘tdi. Bu joyda Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) shahriga asos solindi. Xullas, temir yo‘l 1888 yilda Yangi Buxoro va Qiziltepaga ham yetib keldi va bu yo‘ldan poyezdlar qatnay boshladi. 1899 yil temir yo‘l Toshkent va Andijonga qadar uzaytirildi. 1907 yilda Kogon – Buxoro yo‘nalishi qurilib, temir yo‘l amirlik poytaxti muqaddas shahar – Buxoroi sharifga ham yetib keldi.

Temir yo‘l qurilishida qatnashgan mahalliy aholiga yevropalik aholiga nisbatan o‘n barobar kam haq to‘langan.

Bu o‘rinda shuni yana alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, Buxoro amirligi hududida temir yo‘l qurilgach, 1888 yilda u tuman hududidan ham o‘tishi munosabati bilan Qiziltepa temir yo‘l bekati (Qiziltepa stansiyasi)ga asos solindi. Bu yerda temir yo‘l stansiyasi, uning yonida ta’mirlash ustaxonasi, kuzatuv va suv saqlash minorasi qurilgan. U vaqtlarda vagonlar parovoz orqali harakatlantirilganligi uchun Zarafshon daryosidan suv tashilib, parovozlar uchun bu suv ishlatilgan. Buning uchun Xarxo‘rdan Bo‘lakrabot va Gumbaz qishloqlari orqali stansiyaga temir yo‘l izlari yotqizilgan. Stansiyada dastlab faqat ruslar yashagan (1930 yilgacha). Stansiya bekati yonida Samara degan aholi maskani ham bo‘lgan. Keyinchalik O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 1979 yil 6 noyabrdagi 586 qarori bilan tuman markazi bo‘lgan Qiziltepa stansiyasi Qiziltepa shahriga aylandi. XX asr boshlarida Qiziltepa stansiyasida paxta tozalash zavodi va boshqa korxonalar qurildi. Stansiya kattalashib va tobora gavjumlashib bordi. Ko‘p o‘tmay stansiya o‘z atrofidagi qishloqlar bilan birlashib, Qiziltepa shahrining markazini tashkil qildi.

Kolesovning Buxoroga bosqini va uning oqibatlari natijasida ma’lum bir muddat Qiziltepa stansiyasi Turkistondagi harbiy va siyosiy jarayonlarning markaziga aylangan.

1917 yil fevral va oktyabrda Rossiya va Turkistonda ro‘y bergan tarixiy voqealar Buxoro amirligining keyingi taqdiriga katta ta’sir ko‘rsatdi. Rossiyadagi inqilobiy voqealar ta’sirida Buxoro­dagi jadidchilik harakati, ya’ni Yosh buxoroliklar partiyasi saflarida ajralish ro‘y berdi. Ular orasidan bir guruh inqilobiy ruhdagi yoshlar ajralib chiqib, o‘z atrofiga savdogarlar va milliy ziyoli­lar­ning qat’iyatli vakillarini to‘plab, amir zulmiga qarshi qurolli kurash yo‘lini tanladilar. Bu guruhni Yosh buxoroliklar partiyasining rahbari Fayzulla Xo‘jayev (1896-1938) boshqardi. Bu siyosiy jarayonlar va harbiy mojarolardan Buxoro amirligidagi Vang‘ozi tumani (hozirgi Navoiy viloyati Qiziltepa tumani) hududi ham chetda qolmadi. Xususan, 1918 yil bahorida Buxoro amirligida bo‘lgan harbiy-siyosiy jarayonlarda Qiziltepa stansiyasi va tuman hududidan o‘tgan temir yo‘l muhim ahamiyat kasb etgan. Kitobning bu qismida so‘z shu haqda boradi.

Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, 1917 yil noyabrda bol­she­viklar va so‘l eserlarning zo‘ravonlik bilan Toshkentda hoki­miyat­ni egallashi natijasida sovet Rossiyasi (Turkiston o‘lkasi ham uning tarkibida bo‘lgan) bilan Buxoro amirligi o‘rtasidagi muno­sa­bat­lar keskin yomonlashdi. Buxoro amirligida siyosiy vaziyat ham keskin­lashdi. 1917 yil 2 dekabrda Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) shahrida bo‘lib o‘tgan amirlik hududidagi rus manzilgohlari Sovetlarning 2-viloyat syezdida amir tuzumini ag‘darib tashlab, hokimiyatni Yosh buxoro­liklarga berishga qaror qilindi.

Yosh buxorolik jadidlarning bir qismi Buxoroda demokratik tartibotlarni o‘rnatish uchun inqilobiy kurash yo‘lini tanladi. Ular amirlik istibdodini ag‘darish uchun Turkistondagi sovet hukumatidan yordam so‘rashga majbur bo‘lishdi. Biroq bu paytda Turkiston Muxtoriyati hukumatini tugatish yo‘llarini izlayotgan Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Soveti (XKS) raisi F.I. Kolesov Buxoro amirligiga hujum qilishga dastlab shoshilmadi. Faqat 1918 yil fevral oyida Turkiston Muxtoriyati hukumati qizil askarlar tomonidan tor-mor qilinib, Qo‘qon shahri qonga botirilgach, Kolesov butun diqqatini amirlikni tugatishga qaratdi.

1918 yil 1 martda Yangi Buxoroga F. Kolesov boshchiligidagi 3500 kishilik qizil askarlar otryadi zambarak va pulemyotlar bilan qurollangan holatda yetib keldi. Fayzulla Xo‘jayev raisligida Yosh buxoroliklarning yetti kishidan iborat inqilobiy qo‘mitasi tuzilib, uning tarkibiga Fitrat, Otaulla Xo‘jayev, Abdulvohid Burhonov, Is’hoq Ag‘darov, Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Fazliddin Maxsum kiritildi. Harbiy harakatlarni boshqarishga Turkiston o‘lkasidagi sovet hukumatining rahbari F. Kolesov mas’ul bo‘ldi.

Yosh buxoroliklar bilan Kolesov o‘zaro maslahatlashib, Buxoro amiri Said Olimxon (1881-1944) nomiga talabnoma matni tayyorlandi. F. Kolesov va Fayzulla Xo‘jayev imzolari bilan Said Olimxonga jo‘natilgan talabnomada Buxoroda so‘z, matbuot va boshqa demokratik erkinliklar joriy qilinishi, amir huzuridagi hukumat tarqatib yuborilib, uning o‘rniga Yosh buxoroliklar Ijroiya Qo‘mitasidan iborat yangi hukumat tuzilishi, amirlikdagi qo‘shin qurolsizlanti­rilishi ta’kidlangan edi. Amir Olimxon 24 soat ichida ushbu talablar­ga rozi ekanligini ma’lum qilsa, u o‘z o‘rnida qoladigan bo‘ldi. Mabodo, Said Olimxon rad javobini beradigan bo‘lsa, qurol kuchi bilan amirlik tugatilishi po‘pisa qilindi.

Amir Said Olimxon o‘z navbatida vaqtdan yutish uchun muzoka­ralar boshladi. U o‘z javob maktubida islohotlarni sekin-asta amalga oshirishi mumkinligini bayon qildi. Bu javobdan qanoatlanmagan Kolesov harbiy harakatlarni boshlashga buyruq berdi, 2 martda Buxoroga hujum boshlandi. Ularga har biri 200 kishidan iborat Yosh buxoroliklar va Yangi Buxoro ishchilarining otryadlari ko‘mak berib turdi. Buxoro yaqinidagi Fathobodda bo‘lgan dastlabki to‘qnashuvda amir Said Olimxon qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchrab, shaharga chekindi­lar. Vaziyat bunday tus olishini kutmagan Said Olimxon Kolesovga o‘zining maxsus farmoni oliyini yuborib, unda barcha talablarga rozi bo‘lish bilan bir qatorda mamlakatda soliqlar kamaytirilishi, tan va o‘lim jazosi bekor qilinishini aytdi. Natijada ikki o‘rtada harbiy harakatlar to‘xtatilib, muzokaralar qaytadan boshlandi. Buxoro davlati mustaqilligi daxlsizligini saqlab qolish uchun intilgan Said Olimxon bu fursatdan unumli foydalanib, ayrim manbalarda kelti­ri­lishicha, 35000 kishilik lashkar to‘pladi. Buxoroliklar muqad­das shaharlari himoyasiga qo‘zg‘aldi. Karmanadan Qorako‘lgacha bo‘lgan (jumla­dan, Qiziltepa va uning atroflaridagi) 170 km masofadagi temir yo‘l izlari amir sarbozlari va mahalliy aholi tomonidan buzib tashlandi. Urush harakatlari boshlanib, Kolesov otryadi qurshovda qoldi. Kolesov qo‘shinining o‘q-dorisi tugadi va ahvoli og‘irlashdi. Toshkent, Samar­qand, Chorjo‘y, Ashxobod, Marv, Karki, Yangi Termiz garnizon­lari­dagi qizil askar otryadlari Kolesovga yordamga jo‘natil­di. Biroq Buxoroni bosib olish rejasi amalga oshmasligiga ko‘zi yetgan Kolesov 5 mart kuni kechqurun Toshkent tomonga chekinishga buyruq beradi. Buning asosiy sababi, hozirgi paytda ham ayrim tarixchilar yozayotganidek, Yosh buxoroliklar keng xalq ommasining ishonchini qozona olmaganligi emas, balki qizil askarlar, garchi ular safida Yosh buxoroliklar bo‘lsa ham, buxoroliklar tomonidan bosqinchi va isti­lo­chi sifatida qabul qilinganligi bo‘ldi.

Toshkentdan zudlik bilan Kolesovga yordamga yuborilgan qizil gvardiyachilar 11 martda Karmana shahrini egalladilar. Ular amirning yozgi saroyiga joylashdilar va maishat bilan shug‘ullandilar. Shundan so‘ng bosqinchilarni buxoroliklar Karmanadan quvib chiqarishgan. Bolsheviklarning Toshkentdagi siyosiy muxoliflari ular tutgan bosqinchilik yo‘lini ma’qullashmadi. Shuning uchun Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Soveti amir Said Olimxon bilan muzokaraga ko‘ndi.

Aslida Toshkentdan yordamga yuborilgan G.Koluzayev otryadi bu paytda Qiziltepada Kolesov qo‘shini bilan birlashgan edi. Kolesov Qiziltepaga kelgach, sulh muzo­ka­ralari olib borish uchun amir Said Olimxonga vakillar jo‘natdi. Said Olimxon o‘z navbatida Kolesov bilan sulh muzokaralari olib borishga tayyor ekanligini bildirdi. 17 martda Kolesov o‘z otryadi bilan Samarqandga yetib keldi. Bu paytda qizil askarlar Xatirchi, Ziyovuddin, Mir, Karmana, Qiziltepa, Qorako‘l va Chorjo‘yni bosib olgan edilar. O‘sha davr voqealarining bevosita shohidi mahalliy tarix­chi Muhammad Ali Baljuvoniy o‘zining «Tarixi nofeiy» («Foydali tarix») asarida yozishicha, qizil gvardiyachilar bilan kurash­da Muzaffarxon (1819-1885)ning o‘g‘illaridan biri Mir Mansur­xon­ning o‘rtancha o‘g‘li halok bo‘lgan. U amir Said Olimxonning amakisi bo‘lgan. Kolesov voqeasida u qatl etilib, molu mulki talandi va ahli ayoli asir olindi. Karmana hokimi esa Said Olimxonning tog‘asi Sayidbek bo‘lib, u qizil gvardiyachilar tomonidan asir olingan. Keyin­cha­lik qizil askarlar Sayidbekni Buxoro hukumatiga topshirganlar.

Amir Said Olimxon keyinchalik yozgan o‘zining «Buxoro xalqining hasrati tarixi» nomli xotiralarida Kolesovning Buxoroga bosqini oqibatlarini sal boshqacha ohangda o‘zining g‘alabasi sifatida quyidagicha tasvirlaydi: «Allohning inoyati, payg‘ambar shariatining madadi bilan harbiy qurollarning kamligiga qaramay, Buxoro islom ahliga zafar kulib boqdi, bu banda g‘alabaga erishdi. Bolsheviklar o‘z maqsadlariga erisholmay sulh tuzishga rozilik bildirishdi. Bu banda sulh tuzishni yaxshiroq deb bilib, ahvolni tuzatish maqsadida ahd tuzishga rozi bo‘ldim».

Holbuki, bu paytda voqealar rivoji boshqacharoq kechgan. Bolsheviklar Karmana va Xatirchi viloyatlarini butunlay g‘orat qilgach, amir ham sulh tuzishga majbur bo‘lgan. Ikki tomondan o‘zaro sulh tuzish uchun vakillar ajratildi. Sovet Rossiyasi tomonidan: otryad komissari V.Ya.Shmidt, harbiy komandir­lar: G.A.Koluzayev, Stepanov, V.M.Kopilov, Turkiston o‘lkasi temir yo‘llar komissari A.F.Solkin, Yangi Buxoro shahri boshlig‘i A.Ya.Galperin, Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Sovetining maxsus vakillari P.P.Vvedenskiy va X.K.Mirbadalov; Buxoro amirligi tomonidan: bosh zakotchi Mirza Salim Parvonachi (Mirza Salimbek; 1850-1930), Abdurauf (Biy Xo‘ja) Karvonboshi Azizov, Mir Miroxo‘r kabi maxsus vakillar sulh muzokaralarida qatnashgan. Sovet Rossiyasi tomonidan vakillarga V.Shmidt, Buxoro hay’atiga Mirza Salimbek boshchilik qilishgan. Muzokaralar jarayoniga V.Shmidt raislik, A.Solkin kotiblik, P.Vvedenskiy tarjimonlik qilgan.

Buxoro davlati tomonidan sulh muzokaralarida amir maxsus vakillarining boshlig‘i hisoblangan bosh zakotchi Mirza Salim Parvonachi (Mirza Salimbek) bu voqealardan sal keyin yozgan o‘zining “Tarixi Salimiy” asarida 1918 yil mart oyida F.Kolesov boshchiligidagi bolsheviklar va ularning harbiy kuchlari bo‘lgan qizil gvardiyachilar tomonidan Buxoro amirligida, xususan, hozirgi Qiziltepa tumani hududida qilingan ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan vahshiyliklarni quyidagicha tasvirlaydi:

“1336 hijriy yilning hamal oyida 18 kun [milodiy yil bilan 1918 yil 18 martda] biz: men, karvonboshi [Abduraufboy Xo‘ja Karvonboshi Azizov] va tarjimon Mirbobo miroxo‘r o‘z bolalarimiz va oilamiz bilan xayr-xo‘shlashib, ularga vasiyatimizni qoldirib, Kogon temir yo‘l bekatiga keldik. Biz bu yerda o‘zimizga qo‘shilgan Maxdi Xojabiy, Haydar Xoja va Vvedenskiyni olib, kolyaskaga o‘tirgan holatda Kuyukmozor qishlog‘iga keldik. Bu yerda biz nonushta qilgach, o‘zaro maslahatlashgan holda dastlab Qiziltepa temir yo‘l bekatiga borishga qaror qildik. Biz u yerda o‘zimizning aravalarni qoldirib, poyezd orqali Karmanaga borishga ahd qildik. Bizning otlarimiz esa Qiziltepada qoldirildi va ular dam olishdi. Bu haqda biz maslahatlashib olgach, Kuyukmozordan jo‘nab Vaganzi [Vang‘ozi] qishlog‘iga yetib keldik. Bu yerda bojxona amlokdoridan yo‘lboshlovchi olib, uning qo‘liga sulh ramzi bo‘lgan oq bayroqni tutqazib, yo‘lga tushdik. Vaganzidan Qiziltepaga jo‘nadik. Biz yo‘lda atrofdagi qishloqlar yoqib yuborilganligini, ularning aholisi talanganini va turli tomonga qochib ketganligini bildik. Hech qaysi qishloqda biz birorta tirik jonni ham, hatto birorta hayvonni ham ko‘rmadik. Ba’zi katta hovlilar hanuz yonib turardi. Bu holatni ko‘rib biz chuqur qayg‘uga botdik va sho‘rlik kishilarning holiga achinib yig‘ladik. Quyosh botishi oldidan biz Qiziltepaga yetib keldik va bu yerda qator-qator poyezd eshelonlari turganligini, ularda taxminan 500 ta vagon borligini ko‘rdik. Biz hayratga tushgan holatda eshelonga yaqinlashdik. Vagonlardan son-sanoqsiz bolsheviklar xuddi qumursqa (chumoli) va chigirtkalardek tushib kelishdi. Ular bizni o‘rab olishdi. Ularning barchasi Karmana va Xatirchida aholidan talab olgan zar xalatlar, kimxob va zarbof choponlar kiyib olishgan, boshlarida barra terisi (qorako‘l) va zardo‘zi issiq telpaklar bor edi. Otryad komandiri Koluzayev, u Karmana va Xatirchiga o‘t qo‘ygan va talon-toroj qilgan edi, bizning oq bayroq ko‘targanimizni ko‘rgach, vagondan chiqib, oldimizga keldi. Biz bilan ko‘rishgach, u barchamizni vagondagi to‘g‘ri burchakli xonaga taklif qildi. Bizni yaxshi qabul qildi va sog‘lig‘imizni surishtirdi. Biz unga tinchlik muzokaralari olib borish uchun Karmanaga jo‘nayotganligimizni tushuntirdik. U bizga aytdi: “Butun qo‘shin va bu yerda turgan vagonlar ichidagi narsalari bilan menga tegishli. Sulhni bizni boshliq Domogat [skiy] hal qiladi. U ertaga Karmanadan bu yerga keladi. U kelguncha sizlar mening mehmonim bo‘lasizlar”. Xullas, u bizni uch kun Qiziltepada ushlab turdi”.

Shunday qilib, keyinchalik tarixga Qiziltepa bitimi sifatida kirgan sulh shartnomasini tayyorlash va imzolash jarayoni ana shunday boshlangan edi. Mirza Salimbek asarida keltirilgan ikki muhim narsa shundan iboratki, birinchidan 1917-1920 yillarda yozilgan bu asarda 1918 yil mart oyida Kolesovning Buxoroga bosqini munosabati bilan, yuqorida aytib o‘tilganidek, Qiziltepa temir yo‘l bekati (Qiziltepa stansiyasi) tarixiy manbada tilga olinadi. Ikkinchi muhim jihat shundaki, Mirza Salimbek bu asarda 1918 yil martda Vaganzi [Vang‘ozi] qishlog‘ini tuman markazi sifatida ko‘rsatib, u yerda bojxona amlokdori bilan ko‘rishganliklari haqida yozadi. Asar oxirida keltirilgan izohlarda ta’kidlanishicha, bu paytda Vaganzi – Komi Abu Muslim tumanining ikkinchi nomi bo‘lib, tumanning sharqiy qismini Cho‘li Malik dashti va Oqsoch egallaganligi aytiladi. Bu tumanning markazi – Vaganzi [Vang‘ozi] qishlog‘i Zarafshon daryosining chap qirg‘og‘ida Qiziltepadan 6 km va Buxorodan shimoli-sharq yo‘nalishida 35 km uzoqlikda joylashgan.

1918 yil 25 martda Qiziltepada Rossiya va Buxoro vakillari tomonidan shartnoma imzolandi. Bu shartnoma tarixda Qiziltepa bitimi sifatida mashhur bo‘lib, u 9 banddan iborat. Biz ixtiyorimizda mavjud ikki manba: mazkur bitim matni va Buxoro hay’atiga bosh­chi­lik qilgan bosh zakotchi va tarixchi olim Mirza Salim Parvo­na­chi­ning «Tarixi Salimiy» asari asosida ushbu bitimni tahlil qilmoqchimiz.

Bitimning birinchi bandiga ko‘ra, «birgalikda ko‘rilgan chora-tadbirlar asosida Buxoro fuqarolarini qurolsizlantirish kerak». Buxoro vakillari bu bandga quyidagi so‘zlar qo‘shilishini taklif qilishgan: «Uzoq dashtlarda chorva mollarini qo‘riqlash uchun qurol-yarog‘ni qoldirish lozim, faqat bu qurol-yarog‘ni teng yarmiga qisqar­ti­rish va o‘q otar miltiqlarni sochma o‘q otadigan miltiqlar bilan almashtirish kerak».

Ikkinchi band dastlab quyidagicha bo‘lgan: «Muntazam armiyani so‘nggi voqealar sodir bo‘lgan paytdagi miqdorda qoldirish kerak. Har qanday jangovar o‘t ochuvchi qurol-yarog‘lar sotuvini ta’qiqlash lozim». Bu band quyidagi qo‘shimcha bilan qabul qilingan: «Buxoro armiyasi miqdori 12 harbiy qo‘mondon boshchiligidagi 12000 sarbozdan oshmas­li­gi kerak. Barcha eski mis to‘plar Buxoro hukumatida qoldiriladi. Barcha yangi to‘plar va pulemyotlar, agar ular mavjud bo‘lsa, Rossiyaga topshiriladi».

Uchinchi band quyidagi shaklda hech qanday o‘zgarishsiz qabul qilingan: «Buxoro xonligida yashirinib yurgan rus armiyasining barcha ofitserlari va rus aksilinqilobchilari topshirilishi kerak».

To‘rtinchi band bitimning eng asosiy va katta bandi bo‘lib, u dastlab quyidagicha bo‘lgan: «Buxoro hukumati zimmasiga temir yo‘lni tiklash, harbiy harakatlar natijasida vayron bo‘lgan barcha davlat korxonalariga keltirilgan hamma zararni to‘lash, maxsus saylangan komissiya tomonidan Buxoro frontida halok bo‘lgan va yarador qilingan soldatlar oilasi hamda o‘ldirilgan tinch aholiga tovon to‘lash kerakligi yuklatildi. Buxoro hukumati zimmasiga Xalq Komissarlari Soveti ixtiyoriga 100 vagon bug‘doy jo‘natish yuklatiladi». Mirza Salim Parvonachining so‘ziga qaraganda, Buxoro hay’ati bu bandga keskin e’tiroz bildirgach, u quyidagi tahrirda qabud qilingan: «O‘ldirilgan tinch aholi hamda halok bo‘lgan va yarador qilinganlar oilasiga tovon to‘lashni har ikki tomon ham o‘z zimmasiga oladi. Buxoro hukumati Xalq Komissarlari Soveti ixtiyoriga turli paytlarda 100 vagon bug‘doy jo‘natishni ta’minlaydi va birinchi o‘rinda Toshkentga 20 vagon g‘alla yuboradi».

Keyingi beshta band hech bir o‘zgarishsiz quyidagicha shaklda qabul qilingan: «5-band. Temir yo‘l, telegrafning daxlsizligi va temir yo‘lda xizmat qiluvchilar hayotini saqlash. Muzokara yuritayotgan ikki hukumat tomonidan Buxoro xonligi hududidan o‘tuvchi temir yo‘l daxlsizligini ta’minlash kerak.

6-band. Buxoro va O‘rta Osiyo temir yo‘lida qo‘shin olib o‘tilishiga hech qanday qarshilik ko‘rsatmaslik lozim.

7-band. Harbiy asirlarni hech qanday to‘lovlarsiz o‘zaro almashtirish darkor.

8-band. Buxoro hukumati tomonidan Buxoro hukumati huzuridagi Sovet komissarini so‘zsiz tan olishi lozim.

9-band. Buxoro hukumati zimmasiga 4-bandda ko‘rsatilgan harbiy harkatlar natijasida keltirilgan zararni qoplash uchun to‘lanadigan tovon pulini xonlikning kambag‘al aholisi ustiga yuklamaslik kerakligi ta’kidlandi».

Ushbu bitim ostiga yuqorida nomlari ko‘rsatilgan barcha shaxslar imzo qo‘yishgan. Shunday qilib, 9 banddan iborat Qiziltepa bitimi shartiga ko‘ra, ozodligi va mustaqilligini himoya qilgan Buxoro amirligi o‘z hududidagi harbiy harakatlar uchun javobgar deb hisoblandi va tovon to‘lashi lozimligi belgilandi. Amir o‘z sarbozlari miqdorini 12000 kishidan oshirmaslik majburiyatini oldi. Biroq bitimda amirlik­ning ichki hayotiga taaluqli hech qanday fikrlar yo‘q edi. Shu bilan birga qizil askarlar ham amirlik hududidan chaqirib olindi.

Buxorodagi jadidchilik harakatining taniqli namoyandasi, mashhur adib Sadriddin Ayniy o‘zining «Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar» (1920-1921) asarida mazkur voqealarni ham tasvirlab, «Kole­sov voqeasining sabablari», «Kolesov voqeasi», «Qiziltepa voqea­lari» nomli fasllarni maxsus ushbu jarayonlarga bag‘ishlagan. Kolesov bosqini davrida Samarqandda yashagan Ayniyning yozishicha, «Buxo­roda urush boshlanishi bilan bir vaqtda Qiziltepa-Kogon orasidagi temir yo‘l buzilib, Qiziltepa stansiyasi g‘azottalablar va el navkarlari bilan muhosaraga olingan edi. U yerdagi temir yo‘l va zavod ishchilari yaroqlanib, ikki kun o‘zlarini mudofaa qildilar. Oqibat suvsizlikdan va ozuqasizlikdan qo‘rqib, bir poyezd hozirlab Samar­qand­ga qarab ko‘chdilar. Karmana bilan Qiziltepa orasidagi yo‘l buzil­gan edi. Shuning uchun Qiziltepadan qochganlar ham temir yo‘lni tuzatib yurar edilar.

Qiziltepadagi ishchilar ko‘chgandan keyin g‘azottalablik ismi bilan quturgan olomon stansiya va zavodga hujum qildilar…

Zavoddagi mol va narsalarni butun talab bo‘lgandan keyin zavodga o‘t qo‘yib kuydirdilar. Temir yo‘l imoratlarini buzdilar.

Lekin bu vaqt Karmanani kelib ishg‘ol qilgan askarlarning taftishchi firqasi Qiziltepaga yetishdi. Ushbu voqeadan Kolesov va Yoshlar (Yosh buxoroliklar – Q.R.) takror quvvat topdilar. Karmana voqeasini eshitgan amir birdan yumshab qoldi. Har nima qilib Kolesov bilan mutoraka qilish choralariga kirishdi va bu ishga muvaffaq bo‘lib, Kolesovni Qiziltepadan uzatdi».

Qiziltepa bitimi imzolangach, F. Kolesov o‘z qo‘shini bilan talon-taroj qilingan katta boylik (Karmana, Xatirchidagi xazina va boshqalar) bilan Toshkentga qaytdi. Bu holatni hatto o‘lkadagi bolshe­vik komissarlari ham e’tirof etishga majbur bo‘lishgan edi. Kolesov­ning Buxoroga bosqinidan keyin Markaz tomonidan Turkis­ton­ga yuborilgan favqulodda komissar P. Kobozevning shohidlik berishicha, «Stepanov va Koluzayev boshchiligidagi Toshkent-Perovsk qizil gvar­diya­­chilar otryadi Buxoroga qilgan hujumidan juda ko‘p miqdorda muso­dara qilingan pul, sigir, ot va boshqalarni olib qaytdi. Ular shundan bir qisminigina respublika xazinasi va hukumatiga rasmiy ravishda topshirishdi, ancha qismini o‘zlarida yashirib olib qolishdi… Buxoro va Qo‘qondan Kolesov bir necha o‘n million rubl olib kelib, bilganicha sarfladi. Pullar daryodek oqib kelardi, hech kim ularning hisobini olmagan».

Xulosa qilib aytganda, Kolesovning Buxoroga bosqini Buxoro amirligida jiddiy o‘zgarishlarni keltirib chiqardi. Qizil armiyaning hujumi avvalo Buxoroning yaqin qo‘shnilari sovet Rossiyasi va Turkis­tonidagi yangi rejimning haqiqiy mohiyatini ochib tashladi. Said Olimxon o‘z ichki siyosatida katta miqdordagi zamonaviy qurollangan muntazam armiyani tuzishga intildi. U Afg‘oniston va boshqa xorijiy mamlakatlar bilan yaqinlashishga harakat qildi. Said Olimxon bilan Xiva xoni va Junaidxon o‘rtasida sovet Rossiyasiga qarshi birgalikda kurash olib borish uchun harbiy bitim ham tuzildi. Shuningdek, amir Said Olimxonning buyrug‘i bilan Buxoro mamlakati hududidagi minglab kishilar (Fayzulla Xo‘jayevning yozishicha, 1500 kishi; Sadriddin Ayniyning fikricha, 3000 kishi) jadidchilikda ayblanib, nohaq qatl etildi va ularning mol-mulki musodara qilindi. Xususan, Yosh buxoroliklar partiyasining a’zolari qonundan tashqari deb e’lon qilindi. Ularning tirik qolgan vakillari Buxoro mamlakatini tark etib, muhojirlikda yashashda davom etdilar. Bu holat 1920 yilning avgustigacha davom etdi. 1920 yil avgust-sentyabrda Turkiston fronti qo‘mondoni M.V. Frunze tomonidan qilingan Buxoro bosqini, xullas, Buxoro amirligining tugatilishi va BXSRda, jumladan, Vang‘ozi tumanida bosqinchi qizil armiya qismlariga qarshi ajdodlarimiz kurashi kitobning keyingi sahifalarida yoritiladi.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>