2018/04/21 1:01:03

Hazrat Boyazid Bistomiy

loading...

Shu o‘rinda Boyazid Bistomiy (801-875) nomi bilan mashhur bo‘lgan Boyazid Tayfur binni Iso Bistomiy to‘g‘risida to‘xtab o‘tmasak, bu ulug‘ zot nomlari bilan bog‘liq ziyoratgohlar haqidagi tasavvurlar to‘liq bo‘lmaydi.

Boyazid Bistomiy Eronning Bistom shahrida tug‘ilgan. U tasavvufda fors sufiylik oqimining asoschilaridan biri. Tayfuriya sufiylik tariqatining piri. Uning bobosi islomni qabul qilgan zardushtiylardan biri bo‘lgan, butun umrini asosan Bistomda o‘tkazgan. O‘z tug‘ilgan shahrida vafot etgan va o‘sha yerda dafn qilingan. Vafotidan keyin uni “Sultonul orifin” unvoni bilan atay boshladilar. Boyazid Bistomiyni Movarounnahrda, jumladan, Buxoro viloyatida bo‘lganligi to‘g‘risida tarixiy manbalarda hech qanday ma’lumotlar uchramaydi.

Bistomiy ta’limotiga ko‘ra, inson zikr holatida o‘zligini unutadi (g‘alaba) va xudo ishqidan mast bo‘lib (sukr) butun vujudini his-tuyg‘u qamrab oladi, pirovardida u xudoga singib ketadi. Bunday holatni u fano (mavjudlikni yo‘qotish) deb atadi va musulmon tarki dunyochiligining muhim ahamiyatli holati bo‘lgan “Sen mendirsan, men esa sendirman” iborasining ta’rifini berdi. Boyazid Bistomiy o‘zidan asar qoldirmagan. Uning ibratli gaplari va nasihatlarini muridlari yozib olishgan. Ayrim tasavvuf vakillari keyinchalik Bistomiy obro‘sidan foydalanib, o‘zlarining islom shariatiga unchalik to‘g‘ri kelmaydigan fikrlarini ham uning fikri deb ko‘rsatishga uringanlar.

Sultonul orifin hazrat Boyazid Bistomiyning to‘liq ismlari Imom Abdurahmon Sulami (936 – 1021)ning “Tabaqoti sufiyya” kitoblarida Abu Yazid (Boyazid) Tayfur bin Iso Sadushon deb berilgan. Bu zoti sharif milodiy 801 yilda Erondagi Bastom (Bistom) shahrida tug‘ilganlari bois Bistomiy nomi bilan mashhur bo‘lganlar.

Alloh do‘stlarining ayrimlari tug‘ma avliyolardirlar. Hazrat Boyazid Bistomiy ham hali ona qornida bo‘lganlaridayoq karomatlari zohir edi. Onalari biror shubhali luqmani og‘izlariga solsalar, qorinlarida og‘riq paydo bo‘lgan. Ul shubhali luqmani tashlaganlari zahoti og‘riq to‘xtagan.

Boyazid Bistomiy bolalik vaqtlarida maktabga borayotib, buyuk avliyo Hazrat Shaqiqi Balxiy bilan ro‘baro‘ bo‘ladilar va ehtirom bilan Hazrat Balxiyga salom beradilar. Shaqiqi Balxiyning nazarlari Boyazidga tushgan zahoti deydilar: “Bu go‘dak kelajakda zamonaning eng buyuk avliyosi bo‘lajak”. Boyazid Bistomiy bolalikdan onalariga ixlos bilan xizmat qilganlaridan onalari “Allohim, men o‘g‘limdan roziman, Sen ham undan rozi bo‘l!” deya duo qiladilar. Bu duo barakotidan Alloh taollo Boyazidga ulug‘ darajalar ato etgan.

Tayfuriya tariqatining asoschisi Boyazid Bistomiy ilmi hol bo‘yicha eng mashhur va ma’ruf siymolardan biri bo‘lganlar. Haq rizosiga, ma’rifatulloh va muhabbatullohga erishgan sohib karomat valiyulloh vafotlaridan keyin ham shogirdlari qalbida yashab, ularni dunyo va oxirat ishlaridan xabardor qilib, dinu diyonat hukmlarini sabr va tavakkul ila ado etmoqqa da’vat etadilar.

Boyazid Bistomiy 113 pirdan saboq olgan ekanlar. Xojagon Naqshbandiya tariqati “Silsilai sharif”ida oltinchi halqaning piri murshidi Boyazid Bistomiy bo‘lib, beshinchi halqaning piri murshidi esa Hazrat Imom Ja’fari Sodiq quddisa sirrahu hisoblanadilar.

Alisher Navoiyning “Nasoyimul muhabbat” kitoblarida yozilishicha, Boyazid Bistomiy, Abulhasan Haraqoniy, Bahouddin Naqshband uvaysiy hisoblanadilar. Alisher Navoiy uvaysiy istilohining ma’nosini shunday tushuntiradilar: “Har kishiki, bu toifadan zohid yuzidan piri ma’lum bo‘lmasa va o‘tgan mashoixdin birining ruhi oni tarbiya qilgan bo‘lsa, oni uvaysiy derlar”. Demak, vafot qilgan ulug‘lardan birining ruhi qay kishini tarbiyat qilgan bo‘lsa, unday shaxs uvaysiy bo‘lar ekan. Boyazid Bistomiy Hazrat Imom Ja’fari Sodiq (vafoti 702) ruhlaridan ta’lim olganlari bois uvaysiydurlar.

Ma’lumki, tariqat nafs tarbiyasi hisoblanadi. Hazrat Boyazid Bistomiy ham o‘z nafslarini tarbiya qilmoq uchun tunu kun riyozat chekibtilar. Quyida bu harakat qanday bajarilgani bayon qilingan: “Nafs xohishini o‘chirmoq, nafs aytganini bajarmaslik, nafs istamagan narsani bajarish yo‘li bilan mujodala etib, nafsni riyozat olovida kuydirdim”.

Tariqat asosini zikr tashkil qiladi. Zikr Allohni yodlash, Uni eslash. Hazrat Boyazid deydilar: “Men Alloh nomini tilimga olishdan oldin yetmish marta og‘zimni mushki anbar bilan chayib tashlayman!”. Zero murdor, sassiq og‘iz bilan, g‘iybatchi, yolg‘onchi til bilan Alloh nomini aytish mumkinmi?!

Obiddan orifning darajasi baland. Kimki ma’rifat yukini sofligicha saqlab qolsa, u orifdir. Kimki u muborak yukni sofligicha saqlab bilmasa, ul obiddir. Yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan, deydi Boyazid Bistomiy. Hayotdan maqsad bandalik qilmoqdir, bandalik degani Allohga toat-ibodatdir. Bandalik qilmaslik ikki dunyoda sharmandalik bo‘lur.

Hazrat Boyazid o‘z muridlariga tez-tez quyidagicha nasihat qilganlar:

- Musulmon birodarlaringizni hurmat qilmoq go‘zal xislatdir. Musulmon birodarlarga kin saqlamoq, ularga nisbatan hurmatsizlik qilmoq juda ham zararlidir;

- Tilingni (dilingni) Allohdan boshqa narsalarga ishlatishdan saqla. Ilmga yopish va adabni muhofaza et, haq va huquqga rioya et. Ibodatdan ayrilma. Go‘zal axloqli, yumshoq va marhamatli bo‘l. Allohni unuttiradigan narsalardan va ishlardan yiroq bo‘l. Allohni unutganlardan uzoqlash, ularga hargiz qo‘shilma. Ko‘zlarni haromga tikmoqdan va birovlarning ayblarini ko‘rmoqdan saqla.

Daryoga cho‘kayotgan kishiga najot beruvchini qutqaruvchi deydilar. Xojagon tariqati pirlari ham qutqaruvchilardir. Qutqaruvchi cho‘kayotgan kishining millati, dini, irqi, tilini so‘ramaydi, balki odamni qutqaradi. Tariqat pirlari inchunun hazrat Boyazid Bistomiy ham odamni qutqarish uchun bor kuch-quvvatlarini, bor ilmlari, bor mahoratlarini sarf qilganlar. Odamzod shuhratparastlik botqog‘i, ta’magirlik botqog‘i, hasad botqog‘i, molu davlatparastlik botqog‘i havasiga tushishdan o‘zini ehtiyot qilmog‘i lozim. Chunki bunday botqoqliklarga botgan odamning halok bo‘lishi aniq.

Hazrat Boyazid Bistomiy va u kishining pirlari, shogirdlari insoniyatni ana shu halokatdan qutqarishga xizmat qilyaptilar. Shu bois xalqimiz asr-asrlardan buyon ularni avliyo deb e’zozlaydi. Ha, ulug‘ pirlarimiz yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashni asosiy maqsad qilib qo‘yganlar.

Qadim Qiziltepaning qadim Bo‘stonida hazrat Boyazid Bistomiy ziyoratgohi borligi ham ulug‘ avliyomizga hurmat-ehtirom, e’tiqod ramzi albatta. Bu tabarruk joyda 1925 yilgacha mahobatli masjid bo‘lib, sovet davrida u buzib tashlangan.

Buzib tashlangan masjid o‘rnida 1990 yili cho‘pkori, shimoli va sharqi ayvonli masjid tuman tashkilotlari va aholi mablag‘i bilan bunyod etildi. Ramziy qabr ustida mahobatli gumbaz qurildi. Bu yerdagi shifobaxsh suvli quduq qayta ta’mirlandi. Bu ishlarni bajarishda Muzaffar Ismatov, Dilmurod Ergashev, usta Bobonazar bobo kabi insonlarning ham alohida hissasi bor. Hozir Boyazid Bistomiy masjidi tumanning bosh masjidi. Har juma kuni yuzlab musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qiladilar. Ziyoratga keluvchilar ko‘p bo‘lib, Eronu Ozarboyjondan tashrif buyuradiganlar ham bor. Endilikda loyiha asosida yangi masjid qurishga tuman bosh imom xatibi Hoji Zavqiddin Oripov tashabbuskorlik qilyapti.

Shofirkon tumanida ham Boyazid Bistomiy ziyoratgohi bor.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>