2017/11/18 2:01:18

BXSR hududida ma’muriy birliklarning tashkil topishi. Xoja Bo‘ston tumani va undagi ma’muriy o‘zgarishlar

loading...

Ma’lumki, Buxoro amirligi davrida mamlakat 32 ta (ba’zi manbalarda 27 va 29 ta) beklikka (bu bekliklar viloyatlar deb atalgan), ushbu bekliklar amloklarga bo‘linib, idora qilinardi.

Mamlakat poytaxti – Buxoro atrofidagi hudud esa 11 ta tumanga ajratilib, bu tumanlarni va Buxoro shahrini amir nomidan qo‘shbegi – Bosh vazir boshqargan. Poytaxt Buxoro atrofidagi 11 ta tuman (ba’zi manbalarda 9 ta tuman)lardan biri hozirgi Qiziltepa tumani hududi bo‘lib, XX asr boshlarida u Komi Abu Muslim tumani (ayrim manbalarda Vang‘ozi deb atalgan) nomi bilan yuritilgan. Tuman hududidan oqib o‘tuvchi katta rud, ya’ni kom (ariq) Abu Muslim nomi bilan atalishi, bu tasodifiy hodisa bo‘lmasdan ilk o‘rta asrlardagi mashhur davlat arbobi Abu Muslim nomi bilan bog‘liqdir. Tuman markazi bu paytda Vang‘ozi qishlog‘ida joylashgan. Shuning uchun ham ba’zi adabiyotlarda tuman nomi Vang‘ozi deb atalganligi va bu nom XX asr boshlaridagi ko‘plab tarixiy adabiyotlarda mavjud ekanligi tushunarli holdir.

1920 yil sentyabrda Buxoroda qizil askarlar tomonidan amirlik tuzumining ag‘darib tashlanishi natijasida yangi hukumat – Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tashkil topdi. 1920 yil kuzida BXSR da yangi hukumat tomonidan zudlik bilan dastlabki ma’muriy – hududiy bo‘linish o‘tkazilib, u viloyatlar, tumanlar, kentlar, amloklar va qishloqlarga ajratilgan. BXSRning poytaxti – Buxoro shahri muhim siyosiy-ma’muriy markazga aylanib, bu yerda respublikaning ijtimoiy-siyosiy hayotini, uning iqtisodiy va madaniy rivojlanishini boshqaruvchi barcha tashkilotlar to‘plandi.

1920 yil 22-30 sentyabrda poytaxt Buxoro atrofidagi Bahouddin, G‘ijduvon, Vobkent, Shofirkon, Pirmast, Zandani, Xargush kabi 8 tuman qatorida Xoja Bo‘ston tumanida ham yangi hokimiyat o‘zining dastlabki organlari – inqilobiy qo‘mitalar, ya’ni revkomlarni tashkil qildi. Bu ma’lumotlar keltirilgan arxiv hujjatida Xoja Bo‘ston tumani Bahouddin tumanidan keyin ikkinchi o‘rinda tilga olinadi.

23 sentyabrda poytaxt Buxorodan yuborilgan maxsus vakillar Vaganzi (arxiv manbasida: Vang‘uzi)ga kelib, Abdulhayit Abdulbekov raisligida muvaqqat revkom tuzishgan va uning tarkibiga Bozor Komilov (hamrais), Qurbon Samiyev, Abdulla Aloviddinov, Lutfulla Hakimov kabi a’zolar kiritilgan. Ushbu revkomga Vang‘ozi tumani hududida yangidan ikkita revkom tuzish huquqi berilgan. Azizobodda Rajab Komilov (rais), Tosh Abdullayev, Ahad Safoyev (a’zolar), Xoja Bo‘stonda Abdurahmon so‘fi Hakimov (rais), Mavlon Kalomov, Nazrulla Muhammad Rizayev (a’zolar) ikkita revkom tashkil qilinadi.

Bo‘ston (Xoja Bo‘ston) qishlog‘ida bozor kuni katta miting o‘tkazilib, unda Buxoroda bo‘lib o‘tgan «inqilobiy» voqealar haqida tushuncha beriladi. 1920 yil 23 sentyabrda Buxoro shahriga jo‘natilgan maxsus hisobotda e’tirof etilishicha, ushbu tumanda birorta ham kishi Buxorodagi «inqilob» to‘g‘risida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmagan. Xullas, Xoja Bo‘ston tumani hududida tashkil etilgan uchta inqilobiy qo‘mita (revkom) a’zolari yangi hukumatning Buxorodan yuborilgan vakillari tomonidan tegishli ravishda yo‘l-yo‘riq olishib, ularning o‘zaro munosabatlari tushuntirilgan.

Bu o‘rinda shu narsani alohida ta’kidlash kerakki, yosh Buxoro Respublikasi arboblari joylardagi hokimiyat organlariga rahbar qilib asosan ulamolar – islom dini vakillarini saylagan. Bu o‘sha davrda islom dinining mintaqadagi markazi sanalgan Buxoro uchun yagona to‘g‘ri yo‘l edi. Bu harakterli holatga Xoja Bo‘ston tumanida ham amal qilingan. Xoja Bo‘ston revkomi raisi qilib Abdurahmon so‘fi tayinlanganligi fikrimizning yaqqol isbotidir.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>