2017/12/12 11:54:02

Buxoro xonligi va Buxoro amirligi davrida Vang‘ozi tumanidagi ahvol

loading...

XVI-XVIII asrlardagi tarixiy manbalarda tuman haqidagi ma’lumotlar

Buxoro xonligi (amirligi) 1500-1920 yillarda O‘rta Osiyoda mavjud bo‘lgan yirik davlat bo‘lib, unda uchta sulola: Shayboniylar (1500 – 1601 y.) Ashtarxoniylar (1601 – 1756 y.), Mang‘itlar (1756 – 1920 y.) sulolalari hukmronlik qilgan.

Bu sulolalar hukmronligi davrida xonlikning siyosiy nufuzi, kuch-qudrati turlicha bo‘lganligi sababli ham Buxoro xonligini Shayboniylar davlati, Ashtarxoniylar davlati hamda Buxoro amirligi (mang‘itlar sulolasi davrida) deb alohida ajratilgan.

Shayboniylar davlatiga Muhammad Shayboniyxon (1451 – 1510) tomonidan 1500 yili asos solinadi va oradan ko‘p o‘tmay Temuriylar davlati tugatiladi. Muhammad Shayboniyxon mashhur davlat arbobi va harbiy sarkarda, shu bilan birga iste’dodli shoir va zamonasining bilimdon kishilaridan bo‘lgan. U hokimiyatni qo‘lga olmasdan oldin Buxoroda bir necha muddat yashab, bu yerdagi madrasada ta’lim oladi, diniy va dunyoviy ilmlarni o‘rganadi. 1533 yilda Shayboniyxonning jiyani Buxoro xoni Ubaydullaxon (1486 – 1540; hukmronlik davri: 1533 – 1540) poytaxtni Samarqanddan Buxoroga ko‘chiradi. Shundan keyin bu davlat Buxoro xonligi deb atala boshlandi. Shayboniylar sulolasi 1500 – 1601 yillarda Buxoro xonligini boshqarishgan.

Shayboniylar davri tarixiga oid asosiy manbalarning mualliflari Muhammad Solih, Fazlulloh ibn Ro‘zbehon, Muhammad Haydar, Hasanxoja Nisoriy, Hofiz Tanish Buxoriy bo‘lib, ularning “Shayboniynoma”, “Mehmonnomayi Buxoro”, “Tarixi Rashidiy”, “Muzakkiri ahbob”, “Abdullanoma” asarlarida Movarounnahr va Xurosonda XVI asrda yuz bergan muhim voqealar qamrab olingan.

Fazlulloh ibn Ro‘zbehon (1457, Sheroz yaqinida – 1521, Buxoro) mashhur tarixchi olim, shoir va faqih hisoblanadi. U Sheroz va Isfaxon madrasalarida tahsil olgan. Hijoz va Makka (1474), Madina va Misr (1482)ga borib ilm olgan.

Oq quyunlilar davlati vakili sulton Ya’qub uni Tabrizga chaqirib, saroyda yuqori lavozimni topshirgan. U Ya’qubning o‘g‘li – sulton Abulfath Mirzo Boysung‘ur, temuriylardan Sulton Husayn Boyqaro, shayboniylardan Muhammad Shayboniyxon, Buxoro hokimi Ubaydullaxon saroylarida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. Umrining qolgan qismini Buxoro va Karmanada o‘tkazgan.

Fazlulloh ibn Ro‘zbehon “Mehmonnomayi Buxoro” nomli yirik tarixiy asarida (1509) Turkistonning XVasr ikkinchi yarmi – XVI asr boshlariga oid tarixi bayon qilingan bo‘lib, u muqaddima, 59 bob va xotimadan iborat. Muhammad Shayboniyxonning 1508 – 1509 yil qish mavsumida qozoq sultonlari Janshi Sulton va uning o‘g‘li Ahmad Sulton, shuningdek, Burunduqxon ustiga qilgan harbiy yurishi, o‘zbek va qozoq xonlarining kelib chiqish tarixi, Movarounnahr, Dashti Qipchoq va qozoq ulusining jug‘rofiy holati, o‘zbek va qozoqlarning kelib chiqishi, etnik tarkibi, urf-odati va an’analari asarda o‘z aksini topgan.

“Mehmonnomayi Buxoro” asarining muallifi Fazlulloh ibn Ro‘zbehon Buxoro va Karmanada ma’lum muddat yashaganligi unga Buxoro tarixiy viloyatidagi voqea-hodisalarni tasvirlash jarayonida juda qo‘l kelgan. Asarning “Qasri Orifon manzilgohida yozilgan bir qator she’rlar to‘g‘risida xotiralar”, “Bagazi-dihdagi hodisalar va G‘ijduvonga kirish haqidagi xotiralar”, “G‘ijduvon qasabasidagi vaziyat va bu manzilgohda yuz bergan hodisalar to‘g‘risida xotiralar”, “G‘ijduvon manzilgohida foydali suhbat haqida xotiralar”, “Buxoro cho‘llari orqali Turkistonga yurish haqida” deb nomlangan 7-11 boblarida keltirilgan tarixiy hodisalar XVI asr boshlariga taalluqli bo‘lib, unda Buxoro vohasining G‘ijduvon qasabasi va Bagazi-dih to‘g‘risida so‘z boradi. Fazlulloh ibn Ro‘zbehonning yozishicha, Buxoro yaqinidagi Qasri Orifon (bu yerda Bahouddin Naqshband ziyoratgohi joylashgan)dan yo‘lga chiqqan Ubaydullaxon (Ubaydulla Sulton) va Muhammad Shayboniyxon boshchiligidagi qo‘shin uch kundan so‘ng Bagazi-dih manzilgohiga yetib keladi. Bu manzilgoh Buxorodan 4 farsax (farsang) uzoqlikda joylashgan edi. Bu yerda bir necha kun to‘xtab turgan qo‘shin so‘ngra Bagazi-dihdan G‘ijduvon qasabasiga tomon 1509 yil 30 yanvarda yo‘l oladi.

Demak, XV asr oxiri – XVI asr boshlarida Bagazi-dih shahri Zarafshon daryosining so‘l qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, u Buxorodan 4 farsax uzoqlikda, G‘ijduvon qasabasiga esa juda yaqin bo‘lgan. Bu joy hozirgi Qiziltepa tumaniga qarashli bo‘lgan. Ehtimol, Bagazi-dih XVII asr boshlarida Mahmud ibn Vali tomonidan tilga olingan Burgazi (Burg‘ozi) tumanining nomi bo‘lishi mumkin. U keyinchalik o‘zining avvalgi nomi bilan Vang‘ozi deb atalgan bo‘lishi ham mumkin. Bagazi-dih, Burgazi, Vang‘ozi so‘zlari bir-biriga juda yaqin ma’nodosh so‘zlar hisoblanadi. Ularning o‘zagi sug‘diy so‘zdan olingan. Bu haqda keyingi tadqiqotlarimizda so‘z boradi.

Hasanxoja Nisoriy (1516 – Buxoro – 1597) mashhur shoir va tazkiranavis bo‘lib, u taniqli shoir va davlat arbobi Said Podshohxoja (Xoja)ning o‘g‘li hisoblanadi. Buxoro madrasalarida o‘qigan. 1545 – 1550 yillarda Buxoro xoni Abdulazizxon, 1550 – 1566 yillarda Miyonkol hokimlari huzurida sadrlik vazifasini bajargan. So‘ng Buxoroda umrining oxirigacha maktabdorlik qilgan, badiiy ijod bilan shug‘ullangan. U “Malik ush-shuaro” (Shoirlar shohi) unvoniga sazovor bo‘lgan.

“Muzakkiri ahbob” (1566) tazkirasi Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” va Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asarlaridan keyingi uchinchi tazkira deb hisoblaniladi va bu asar maqola, 4 bob va xotimadan iborat. Maqola qismi temuriylar va shayboniylar hamda boburiylardan yetishib chiqqan shoirlarga bag‘ishlangan. Boblarda Movarounnahr, Xuroson, Sharqiy Turkiston, Usmonli turk sultonligi, Ozarboyjon va Hindistonda yashagan shoirlar ijodi haqida ma’lumotlar berilgan.

“Muzakkiri ahbob” asarida Turkistondagi siyosiy voqealar bayoniga ham katta e’tibor qaratilgan. Xususan, shayboniylar sulolasi vakillaridan Muhammad Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdulazizxon, Abdullaxon II va boshqalarning harbiy yurishlari, hokimiyat uchun bo‘lgan kurashlar asarda o‘z ifodasini topgan. Asar maqolasi birinchi ruknining birinchi faslida (bu fasl baxtli xoqon Abulfath Muhammad Shayboniyxon ibn Shoh Budog‘ sulton ibn Abulxayrxon muqaddas yodiga bag‘ishlangan) Shayboniyxonning o‘zi Zarafshon daryosi chap sohilidagi Hazora qal’asi fathiga otlanganda bir g‘azal bitib, Hiri (Hirot) shayxulislomi Qozi Ixtiyorga yuborganligi xususida so‘z boradi.

Muhammad Shayboniyxon Hazora qal’asi (u shu nomli tumanga qarashli bo‘lgan)ni 1499 yili qamal qilgan edi. Hazora bilan hozirgi Qiziltepa tumani hududini faqat Zarafshon daryosi ajratib turadi. Hazora ayni paytda Karmana tumanidagi qishloq fuqarolar yig‘inining va bu yig‘in markazidagi qishloqning nomidir. Hazorada hazrat Bahouddin Naqshbandning pirlari Mavlono Orif Deggaroniy (XIV asr) me’moriy majmuasi joylashgan.

“Muzakkiri ahbob” asarida G‘ijduvon shahri va G‘ijduvon tumanidan yetishib chiqqan tasavvuf shayxlari va shoirlar haqida ham so‘z boradi. Abdulxoliq G‘ijduvoniy (Xojai Jahon) hazratlari, g‘ijduvonlik Shayx Obid (turk mashoyixidan) va boshqalar to‘g‘risida ma’lumotlar keltiriladi. Shuningdek, Mavlono Xush Muhammad Azizon to‘g‘risida maxsus to‘xtab o‘tilib, u jaxriya mashoyixidan ekanligi, e’tiqod nisbati Shayx Xudoydodga borib taqalishi, turkiy xalqlarning ko‘pchiligi unga murid ekanligi haqida so‘z boradi. U vafot etgandan so‘ng G‘ishti qishlog‘idagi o‘z xonaqohiga qarashli bog‘da dafn etilgan. G‘ishti qishlog‘i bu paytda G‘ijduvon qasabasiga qaragan va hozirgi Qiziltepa tumaniga yaqin hududda joylashgan.

Shayboniylar davri tarixchilari orasida Hofiz Tanish Buxoriy (taxminan 1540 – Buxoro – 1589) alohida ajralib turadi. U mashhur tarixchi olim bo‘lishi bilan birgalikda Mavlono Naxliy taxallusi bilan she’rlar ham yozgan. Uning otasi Mir Muhammad Buxoriy Buxoro xoni Ubaydullaxonning eng yaqin kishilaridan sanalgan. Hofiz Tanish Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Qulbobo Ko‘kaldoshning tavsiyasi bilan u Buxoro xoni Abdullaxon II (1534 – 1598) saroyiga xizmatga qabul qilingan va xonning shaxsiy voqeanavisi (tarixchisi) qilib tayinlangan (1570 yildan). U umrining oxirigacha shu lavozimda xizmat qilgan.

Hofiz Tanish Buxoriy o‘zining shoh kitobi – “Abdullanoma” (“Sharafnomai shohiy”) asari bilan tanilgan. Asar shayboniylardan Abdullaxon II ga bag‘ishlangan bo‘lib, 1584 – 1588 yillarda Buxoroda fors tilida yozilgan. Asar nazm aralash qofiyalangan nasr bilan yozilgan. U muqaddima, ikki maqola (qism) va xotimadan iborat. Mutribiyning guvohlik berishicha, muallif vafot etgach, “Abdullanoma” asarining oxirgi qismini Abdullaxon II ning topshirig‘i bilan qozi Poyanda Zominiy (1602 yili vafot etgan) yozgan.

“Abdullanoma” asari muqaddimasida Dashti Qipchoqda Abulxayrxon davlati (1428 – 1468) ning barpo bo‘lishi, Muhammad Shayboniyxonning Xurosonga yurishlari, shayboniylar bilan temuriyzoda Bobur o‘rtasida Buxoro vohasidagi harbiy to‘qnashuvlar hamda Abdullaxonning nasli va nasabi to‘g‘risida hikoya qilinadi. Asarning asosiy qismida Shayboniyxondan so‘ng Movarounnahrdagi siyosiy vaziyat, Ubaydullaxonning Shayboniylar davlatini qayta tiklashi, uning eronlik qizilboshlilar va Bobur podshohga qarshi Buxoro vohasida olib borgan muvaffaqiyatli harbiy harakatlari, Abdullaxonning markaziy hokimiyatni mustahkamlash va mamlakatni siyosiy jihatdan birlashtirishga qaratilgan harakatlari, uning Dashti Qipchoq va Xurosonga yurishlari, XVI asrning 80-90-yillarida Buxoro, Xorazm va Badaxshondagi siyosiy vaziyat hamda Xorazm bilan Badaxshonning Buxoro xonligiga qo‘shib olinishi kabi tarixiy voqealar bayon etiladi.

Asarning “Bobur podshohning Hisorga yurishi, Hamza sultonning shahid bo‘lishi, shayboniy xoqonlarning Turkiston tomonga ketishi va [so‘ng] Movarounnahrni [qaytadan] bosib olishlari va yana chekinishlari [ning] bayoni” nomli faslida 1512 yilda Ubaydullaxon (Ubaydulla Sulton) boshchiligidagi shayboniylarning temuriyzoda Bobur podshoh qo‘lidan hokimiyatni qayta tortib olishi tasvirlanadi. Tarixiy adabiyotlarda G‘ijduvon jangi nomi bilan mashhur bo‘lgan 1512 yil 24 noyabrdagi mashhur jang (bu jangda Eron shialarining 60.000 kishilik qo‘shini Najmi Soniy boshchiligida Bobur podshoh (1483 – 1530) bilan birgalikda shayboniylarning Ubaydullaxon rahbarligidagi qo‘shiniga qarshi kurashgan va mag‘lub bo‘lgan edi) tafsilotlari keltiriladi. Bu jang G‘ijduvon qal’asi (shahri) yaqinidagi Zarangori yonida (hozirgi G‘ijduvon tumanidagi Zarangari qishlog‘ida) bo‘lib o‘tgan.

XVI asr boshlarida Zarangori Zarafshon ariqlaridan birining nomi bo‘lib, u G‘ijduvon atrofidagi qishloqlardan ba’zilarini suv bilan ta’minlab turgan. Zarangari qishlog‘i bilan hozirgi Qiziltepa tumani hududini esa faqat Zarafshon daryosi ajratib turadi.

“Abdullanoma” asarining boshqa fasllarida ham bu hududlar to‘g‘risida fikr yuritiladi. Asarda keltirilishicha, dushman qo‘shini “talon-toroj uchun Buxoro tomon yurdilar va G‘ijduvon tumaniga tegishli G‘ishti sahrosiga qo‘ndilar. Ul tumanning xalqi hazrat Xojayi Jahonxoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning, tangri uning qabrini [hamisha] ravshan qilsin, munavvar mozorlari tepasini askar to‘planadigan joyga aylantirgan edi”.

Manbada G‘ishti sahrosi deb tilga olingan joy aslida G‘ijduvonning sharqi-shimoliy tarafida, Zarafshon daryosining o‘ng sohilida joylashgan qal’a va shaharcha atroflaridir. Tarixchi Abdurahmon Tole’ o‘zining “Abulfayzxon tarixi” kitobida yozishicha, G‘ishti mustahkam va kuchli qal’alardan biri bo‘lgan.

Ashtarxoniylar (joniylar) sulolasiga Boqi Muhammadxon (hukmronlik davri: 1601 – 1605) asos solgan. Ular shayboniylarning o‘rniga hokimiyat tepasiga keldi. Ashtarxoniylar ham shayboniylar singari Jo‘jixon naslidan bo‘lib, ular XIV asrning 80-yillaridan boshlab Ashtarxon xonligining poytaxti Hoji Tarxon (hozirgi Astraxan) va uning atroflarida yashab, bu yerdagi xalqlar ustidan hukmronlik qilgan. 1556 yili Hoji Tarxon (butun Ashtarxon xonligi)ni Rossiya bosib olgandan keyin ashtarxoniylardan Yormuhammadxon sulton o‘z oilasi bilan Buxoroga ko‘chib kelgan. Tarixchi Mirza Salimbekning yozishicha, Buxoro xoni Iskandarxon (Abdullaxon II ning otasi) qizi Zuhroxonimni Yormuhammadxonning o‘g‘li Jonibek sulton (Joniy Muhammadxon; Joniyxon)ga bergan. Jonibek sulton Zuhroxonimdan uch o‘g‘il: Din Muhammad, Boqi Muhammad, Vali Muhammad ko‘rgan. Abdullaxon II o‘z jiyanlarini (singlisining o‘g‘illarini) tarbiya qilib, Din Muhammadxonni Xurosondagi Nishopur viloyatiga hokim qilib yuboradi. Uning ikki ukasi ham bu paytda akasi huzurida bo‘lgan. Abdullaxon II va Abdulmo‘minxon o‘limidan so‘ng Xurosondan Buxoroga qaytayotganda Din Muhammadxon yo‘lda aymoq jamoasi tomonidan o‘ldiriladi. Shayboniylar sulolasining oxirgi xoni Pirmuhammadxon II o‘rniga 1601 yili Buxoro xonligi taxtiga Boqi Muhammadxon (Jonibek sultonning o‘g‘li) o‘tirdi. Vali Muhammadxon Balx viloyatining hokimi qilib tayinlandi. Ashtarxoniylar sulolasini Jonibek Sulton (Joniyxon)ga nisbat berib, Joniylar sulolasi deb ham aytishadi. Ashtarxoniylar sulolasi vakillari 1601 – 1756 yillarda Buxoro xonligini boshqaradilar.

Ashtarxoniylar davri tarixiga oid asosiy manbalarning mualliflari Mahmud ibn Vali, Muhammad Yusuf munshiy, Mir Muhammad Amin Buxoriy, Abdurrahmon Tole’, Xoja Samandar Termiziy bo‘lib, ularning “Sirlar dengizi”, “Muqimxon tarixi”, “Ubaydullanoma”, “Abulfayzxon tarixi”, “Dastur ul-muluk” asarlarida Movarounnahr va Xurosonda XVII – XVIII asrlarda yuz bergan muhim voqealar qamrab olingan.

Muhammad Yusuf munshiy (XVII asr ikkinchi yarmi – XVIII asr boshlari) balxlik yirik tarixchi olimdir. U ashtarxoniylardan Subhonqulixon (hukmronlik davri: 1680 – 1702; Balx hokimi: 1651 – 1680) va Muhammad Muqimxon (Balx hokimi: 1702 – 1707) saroylarida munshiy bo‘lib xizmat qilgan. Muhammad Yusuf munshiy Balx hokimi Muhammad Muqimxonga bag‘ishlangan va 1697 – 1704 yillarda yozilgan “Muqimxon tarixi” (“Tarixi Muqimxoniy”) asarida Balx va qisman Buxoro xonligining XVII asrdagi ijtimoiy-siyosiy tarixini bayon etadi.

“Muqimxon tarixi” kitobida keltirilishicha, Mahmudbiy otaliq qatag‘on Buxoro xoni Subhonqulixonning buyrug‘i bilan G‘ijduvon qal’asiga kelib, bu yerda turgan Xiva xoni Anushaxonning urganchliklar harbiy qismiga qarshi kurashadi va g‘alaba qozonadi. Bu paytda Samarqandni bosib olgan Anushaxon u yerdan Urganch tomonga qochib ketishga majbur bo‘ladi.

Asarda tilga olingan G‘ijduvon qal’asi Buxoro tarixiy viloyatining eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, u hozirgi Qiziltepa temir yo‘l stansiyasidan atigi 18 km uzoqlikda, Buxoro shahridan esa 50 km uzoqlikda joylashgan. G‘ijduvon shahri ayni paytda G‘ijduvon tumanining markazidir.

Mir Muhammad Amin Buxoriy (1645 – taxminan 1720) buxorolik yirik tarixchi olim hisoblanadi. U ashtarxoniylardan Subhonqulixon davrida saroydan chetlashtirilgan. Keyinchalik Buxoro xoni Ubaydullaxon II (hukmronlik davri: 1702 – 1711) saroyida bosh munshiylik lavozimida xizmat qilgan. Ubaydullaxonning safarlarida hamroh bo‘lib, o‘z davrining fozil kishisi sifatida tanilgan.

Buxoro xonligining XVIII asr birinchi choragi tarixiga doir “Ubaydullanoma” (1716 yildan keyin) asarini yozgan. Asar muqaddima, 80 bob va xotimadan iborat bo‘lib, unda Ubaydullaxon II (1681 – 1711) hukmronligi davridagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayot hikoya qilinadi. Buxoro xonligining davlat tuzumi, yer egaligi, mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar (masalan, 1708 yildagi pul islohoti), Balx, Termiz, Hisori Shodmon, Shahrisabz kabi mahalliy viloyatlar hokimlari o‘zboshimchaligiga qarshi Ubaydullaxonning olib borgan kurashi va qat’iy markazlashtirish siyosati, pirovardida, uning 30 yoshida o‘ldirilishi asarda o‘z aksini topgan. Ubaydullaxonning o‘limidan so‘ng Buxorodagi islohotlarga ham barham berilgan. Mahalliy bek va hokimlarning o‘zboshimchaligi va ayirmachiligi kuchaygan. Buxoro xonligining katta qismida Qo‘qon xonligi tashkil topadi. Shuningdek, asarda Abdulazizxon (hukmronlik davri: 1645 – 1680) va uning vorisi Subhonqulixon davri haqida ham qisqa ma’lumotlar bor.

“Ubaydullanoma” asarida Buxoro shahri va vohasidagi muqaddas ziyoratgohlar Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ubon, Xoja Ali Romitaniy, Boboi Samosiy, shayxul olam Sayfiddin Boharziy mozorlari va boshqa muqaddas ziyoratgohlar to‘g‘risida muhim ma’lumotlar mavjud.

Abdurrahmon Tole’ (XVIII asr birinchi yarmi) buxorolik munajjim, shoir va tarixchi hisoblanadi. Uning asl ismi Abdurrahmon Davlat bo‘lib, Tole’ uning taxallusidir. U Buxoro xoni Abulfayzxon (hukmronlik davri: 1711 – 1747) zamonida yashagan va hukumat doiralariga, xususan, nufuzli amir Abdulloh Qo‘shbegiga yaqin kishi bo‘lgan.

Abdurrahmon Tole’ “Abulfayzxon tarixi” (1725 yildan so‘ng) asarining muallifidir. Bu asar XVIII asr birinchi yarmidagi Turkistonning, xususan, Buxoro vohasining siyosiy ahvoliga oid qimmatli manba bo‘lib, aniq ma’lumotlarga boy.

Asarning “Hazoradan yuborilgan kuchlarning yetib kelishi”, “Hazora [qal’asi] yonida hukmdor erishgan yutuqlar to‘g‘risida”, “[Zarafshon] daryosi atrofiga dushman kuchlarining kelishi haqida”, “[Xon]ning G‘ishti atroflaridan [Buxoro] shahriga qaytishi to‘g‘risida”, “Nomdor amirlarning dushmanni qaytarish uchun [Buxoro] shahridan Vobkent tomonga chiqishi haqida” deb nomlangan boblarida tarixiy Buxoro viloyatida XVII asr oxiri – XVIII asrning birinchi choragida yuz bergan muhim siyosiy va harbiy voqealar tasvirlangan. Qorako‘l, Karmana, Vobkent, G‘ijduvon, G‘ishti, Zandane, Hazora kabi Buxoro tumanlari va qasabalari qatorida bu tarixiy manbada Mir Arab qal’asi (Shofirkon), Hazora qal’asi, Uzilishkent, Fathobod, Xoja Ubon singari joy nomlari ham keltiriladi. Shu narsa diqqatga sazovorki, XVIII asr birinchi choragida yozilgan ushbu tarixiy asarda “go‘zal Buxoroning Vang‘ozi [Vaganze] va G‘ijduvon tumanlari” iborasi tilga olinadi. Asarning so‘nggi sahifasida ham Vang‘ozi haqida fikr bildirilgan.

Kitob so‘ngida ilova qilingan izohlarda keltirilishicha, Vang‘ozi [Vaganze] avvalgi Komi Abu Muslim tumani hisoblanadi. Tumanning markazi – Vang‘ozi [Vaganze] qishlog‘i Zarafshon daryosining chap tomonida bo‘lib, u hozirgi Qiziltepa shahridan 6 km va Buxoro shahridan 35 km shimoli-sharqiy tomonda joylashgan. G‘ijduvon [tumani] bu tuman bilan yonma-yon va qo‘shni bo‘lgan.

Xoja Samandar Termiziy (taxminan 1638, Termiz – taxminan 1740, Qumqo‘rg‘on tumanidagi Qopto‘qay qishlog‘i) tarixchi olim va shoir, ulamo va davlat arbobidir. U Termiz sayyidlari oilasida tug‘ilgan. Buxoroda madrasa tahsilini olgan. Narpayda qozilik qilgan (1660 – 1662). Buxoroga 1670 yillarda qaytib, ashtarxoniylardan Abdulazizxon saroyida tarixchi (voqeanavis) lavozimida ishlagan. Subhonqulixon hukmronligi davrida saroyda uning nufuzi oshgan. Xiva xoni Anushaxon qo‘shinlari Buxoroga bostirib kelganida janglarda bevosita qatnashib, jasorat ko‘rsatgan (1678 – 1680). Nasafda rais (muhtasib) diniy lavozimida ishlagan.

Samandar Termiziy fors-tojik tilida Qarshida 1695 yili “Dastur al-muluk” (“Podshohlarga qo‘llanma”) asarini yozgan. Bu asar Buxoro xoni Subhonqulixonga bag‘ishlangan bo‘lib, u muqaddima va 22 bobdan iborat. Kitob axloqiy-ta’limiy xususiyatga ega tarixiy va adabiy asar bo‘lib, unda davlatni boshqarish to‘g‘risida podshohlarga qimmatli maslahatlar mavjud. Asarda muallif yashagan davrda yuz bergan tarixiy voqealar: Buxoro xonlari qo‘shinlarining Xiva xonlari Anushaxon va Arangxon bosqinlariga qarshi olib borgan janglari, Movarounnahr va Xurosonda markaziy hokimiyatga qarshi ko‘tarilgan isyonlar va boshqalar bayon etilgan.

“Dastur al-muluk” asarining “Ikkinchi maqola. Bir ming to‘qson oltinchi yilda [milodiy 1684 – 1685 yillar] yuz bergan voqealar bayonida” deb nomlangan qismida muallif Xiva xoni Anushaxonning Buxoroga bostirib kelishi va Jilvon arig‘i yonida uni mag‘lubiyatga uchrashini quyidagicha tasvirlaydi:

“Jangning borishini, manzarasini o‘z ko‘zi bilan kuzatib turgan qahri qattiq Anushaxon g‘alaba yuganini Subhonqulixonning askarlari, akobirlari o‘z qo‘llariga olayotganliklarini ko‘rdi… Uning [Anushaxonning] qarorgohi G‘ijduvon chetidagi Jilvon arig‘i yoqasida joylashgan bo‘lsa ham, xorazmliklarning bir qismi jon saqlash uchun oldindan Hazora qo‘rg‘oniga jo‘nab ketgan edilar. G‘oyibnazarbiy saroy va Nazarbiy qo‘ng‘irot ularning orqasidan Hazora qo‘rg‘oniga borib, keskir shamshirlarining yaltiroq tig‘i bilan razil dushmanning nomini vaqt sahifasidan o‘chirdilar… G‘anim askarlari… Hazora qo‘rg‘onidan chiqib, G‘ijduvon shahriga kelib Anushaxonga qo‘shildilar.

…Ertasiga taqdir va qismat sarkardalari, a’lo hazratning lashkarlari yarqiroq sovutlarga burkanib, tilla ip bilan tikilgan yalovni baland ko‘tarib, yana Jilvon arig‘i qirg‘og‘iga keldilar. Shunday qilib, ikki tomondan kelgan qo‘shin orasida ozgina masofa qoldi”.

Xulosa qilib aytganda, shayboniylar va ashtarxoniylar sulolalari davrida (XVI – XVIII asrlar) yaratilgan tarixiy manbalarda hozirgi Qiziltepa tumani hududi va unga yondosh tumanlar tarixi (G‘ijduvon, Vobkent, Shofirkon va b.) to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud. Bu ma’lumotlarni faqat izchil bir tizimga solib tahlil qilish jarayonida Vang‘ozi tumanining Buxoro xonligi davridagi tarixini yoritish mumkin.

“Qiziltepa tarixi” kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>