2017/10/24 12:06:09

Buxoro vohasida istiqlolchilik harakatining mag‘lubiyatga uchrashi

loading...

Qizil askarlar bilan bo‘lgan janglarda istiqlolchilar butun xalq ommasi tomonidan muntazam qo‘llab-quvvatlandi. Janglarda yo‘qotilgan kishilar o‘rnini vatanparvarlar qo‘shini safiga yangidan qo‘shilayotgan yosh yigitlar doimiy ravishda to‘ldirib borishdi.

Ular asosan dehqonlar va hunarmandlardan iborat bo‘lgan. G‘arbiy Buxorodagi tinch aholi vakillari qizil askar kuchlarining holati va harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarni istiqlolchilarga zudlik bilan yetkazishar edi. O‘sha davr hujjatlaridan birida yozilishicha «aholining mujohidlarga nisbatan munosabati do‘stona». Lekin xalqning qizil askarlarga bo‘lgan munosabati esa «yaxshi emas, xususan, Markaz, ya’ni Buxoro shahridan uzoqlashgan sari».

Bu holdan qattiq tashvishga tushgan qizil armiya qo‘mondonligi Buxorodagi partiya va sovet organlariga istiqlolchilarga qarshi kurashda shoshilinch chora-tadbirlar ko‘rishni topshirdi. «Bosmachilik»ka qarshi kurash Markaziy komissiyasining raisi Mavlonbekov imzosi bilan 1924 yil 30 mayda qabul qilingan «mutlaqo maxfiy» tamg‘ali «O‘rta Buxoro va G‘arbiy Buxorodagi bosmachi guruhlari va zarbdor kompaniya o‘tkazish tadbirlari haqidagi Nizom»ga muvofiq o‘sha yilning 5 iyulidan boshlab «Bosmachilar bilan kurash oyligi» o‘tkazishga qaror qilindi. Rasmiy hukumat bir oy davomida G‘arbiy Buxoro va O‘rta Buxorodagi butun qo‘rboshilar dastalarini tugatishni rejalashtirdi.

Mazkur qarorni amalga oshirish uchun Buxoro viloyati bo‘yicha Abdug‘ani Nabiyev, Rajab Muhammadiy, Subhonqul Jo‘rayev va Abduqodir Rahimboyev hamda Karmana viloyati bo‘yicha Berdi Yorov va Safar Bozorov hukumat tomonidan mutasaddi etib tayinlanishdi.

Mulla Abdulqahhor qo‘rboshining yigitlari bilan qizil askarlar o‘rtasida 1924 yil yozi va kuzida G‘ijduvon va Vang‘ozi tumanlarining G‘ishti va Katta G‘amxo‘r qishloqlarida, Nurota tog‘larida, Shofirkon tumaniga tutash Qizilqumning Jilvon qumliklarida va boshqa joylarda qattiq to‘qnashuvlar bo‘ldi. Kuchlar teng bo‘lmagan ushbu janglarda G‘arbiy Buxoro vatanparvarlarining yetakchisi mag‘lubiyatga uchradi. G‘arbiy Buxorodagi qo‘rboshilar dastalariga sezilarli zarba beriladi. Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, «Zarbdor oylik davrida Ortiq To‘qsabo, Ortiqcha, Mirza Ibrohim, Rustam Koson va boshqalar o‘z yigitlari hamda qurol-yarog‘lar bilan taslim bo‘lishdi. Oylik mobaynida 17 qo‘rboshi va 250 yigit qo‘lga olindi hamda asir tushdi».

Asir olingan ushbu qo‘rboshilar va yigitlarning aksariyati keyinchalik sovet hukumati tomonidan otib tashlandi. Xullas, to‘rt yil mobaynida vang‘ozilik yigitlarning qizil armiyaga qarshi kurashiga boshchilik qilgan Ortiq To‘qsabo va Ortiqcha kabi qo‘rboshilar ham 1924 yil oxirida kurash maydonini tark etishga majbur bo‘ldilar.

Mulla Abdulqahhor to‘rt yillik ozodlik janglaridan so‘ng 1924 yilning oxirida Qizilqumda bo‘lgan to‘qnashuvlarning birida o‘ldiriladi. Bundan sal oldin – 1924 yil 21 iyun kechqurun qizil askarlarga qarshi bo‘lgan shiddatli jangda Mulla Abdulqahhorning 18 yigiti o‘ldirilgan, uning o‘zi og‘ir yarador bo‘lgan edi.

Mulla Abdulqahhorning dafn marosimida G‘arbiy Buxoroning turli joylaridan kelgan minglab kishilar qatnashadilar. U ham o‘z hayotini Vatan ozodligi va mustaqilligi uchun kurashga bag‘ishladi va bu yo‘lda qurbon bo‘ldi.

Mulla Abdulqahhordan ikki o‘g‘il: Bahriddin Eshmatov (1919-2001) va Nuriddin Eshmurodov (1923-2003) qolgan. Sovet davrida o‘z otalari kimligini yashirib, boshqa familiya ostida yashashga majbur bo‘lishgan. Ular «bosmachi» va «xalq dushmani»ning o‘g‘li sifatida tahqirlangan. Bu haqda Mulla Abdulqahhorning kuyovi (opasining qizi – jiyanining eri) Karim Hamdamovich Hamroyev dard bilan hikoya qiladi. Bugungi kunda Mulla Abdulqahhorning ikki o‘g‘lidan bo‘lgan nevaralari, chevaralari va boshqa avlodlari G‘ijduvon tumani Soktare qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi Saidkent qishlog‘ida istiqomat qilishmoqda. Mulla Abdulqahhor avlodlarining kechmishi o‘zi bir kitobga arziydi. Bu – alohida tadqiqotlar mavzusi.

Oqoltindan Juma to‘pchi va Rajab qo‘rboshi, Bo‘stondan Sherbek to‘qsabo, Botir Polvon, G‘aybulla qo‘rboshi, Toshrabotdan Ortiq to‘qsabo, Hamdam, Islom mutavalli, Muqumboyvachcha, Zarmitandan Jabbor xo‘jayin, Razzoq xo‘jayin, Fayzi o‘nboshi, Vang‘ozidan Po‘lat Shomurod, Arabondan Yarash Xo‘ja, Mulla Davron, A’zam xo‘jayin, shuningdek, Jabbor Polvon, Azim Xo‘ja, Tosh Murdasho‘y, Said Birinji, Boyqora, Doni to‘qsabo, Abdulla to‘qsabo, Hazratqulbek, Nekboyvachcha, Mulla Yusuf, Roziq Polvon hamda Qiziltepaning boshqa yuzlab mard o‘g‘lonlari qizil armiyaga qarshi janglarda qahramonlik ko‘rsatadilar.

Bobodo‘g‘i qishlog‘i atrofida bo‘lgan urushda Mulla Abdulqahhor qo‘shini tomonidan 200 ga yaqin qizil askar yakson qilinadi. Milliy ozodlik harakati qatnashchilari Vang‘ozi inqilobiy qo‘mitasi a’zosi Said Fozilov, Berishum qishlog‘idan kommunist Mullo To‘lan, shuningdek Bozor, Rajab, Hasancha kabi militsionerlarni, Bo‘ston revkomi a’zosi Isomiddin Hamroyevni otib o‘ldirishadi.

Sovet hokimiyatiga, ayniqsa, Juma to‘pchi katta ziyon yetkazadi. Bir necha marta Zarafshondan suv keltiruvchi poyezdlarga hujum qilib, Toshkentdan keluvchi poyezdlar qatnoviga xalaqit beradi. Temir yo‘lni buzadi, poyezdlarga o‘t qo‘yadi. Barcha harakatlar ish bermagach, Jabbor Polvon aldov yo‘li bilan qo‘lga olinib, Buxoro shahrida otib tashlanadi. Juma to‘pchining taqdiri ham shunday yakun topadi. Uning barcha oila a’zolari ham qirib tashlanadi.

Sho‘robod va Novvoyon qishloklari o‘rtasida bo‘lgan milliy istiqlolchilar va qizil askarlar to‘qnashuvida Po‘lat Shomurod va uning safdoshlari o‘ldiriladi. Guvohlarning shohidlik berishicha, Varozun va Emakti ariqlaridan suv o‘rniga qon oqadi. Hatto marhumlarning o‘liklarini olib ko‘mishga qizil askarlar ruxsat berishmaydi.

Vang‘ozi tumanida sobiq jadidlardan iborat bo‘lgan yangi hukumat davrida ancha o‘zgarishlar ham amalga oshirildi. Amirlik davridan meros qolgan boshqaruv tizimi qayta ko‘rib chiqilib, xalq manfaatlariga ancha mos keladigan boshqaruv tizimi joriy qilindi. Yangi maktablar ochildi. Qiziltepa paxta tozalash zavodi qayta tiklandi. Yangi sanoat korxonalari qurishga kirishildi. Zarafshon daryosi ustiga – Qiziltepa va G‘ijduvon yo‘liga qurilgan yog‘och ko‘prik – Eshonko‘prik qayta qurildi.

O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilishi natijasida 1924 yil noyabr oyi oxirida BXSR, shu bilan birgalikda Xoja Bo‘ston va Vang‘ozi tumanlari ham tugatildi. Oradan ko‘p o‘tmay 1925 yil fevralda O‘zbekiston SSR tashkil topdi. Sobiq Vang‘ozi tumani hududi ham 1925 yildan boshlab Buxoro okrugi (hozirgi Buxoro viloyati) hududi tarkibiga kirgan. Shunday qilib, 1925 yildan boshlab mazkur hudud tarixida sovet davri boshlandi.

«Qiziltepa tarixi» kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>