2018/04/21 1:02:43

Badriddin Muhammad -sahobalar avlodidan bo‘lgan eldoshimiz

loading...

“Tarixiy xotira – muqaddas. Uni rad etib bo‘lmaydi. Faqatgina mohiyatini ongli anglash zarurati bor. Bu g‘oyalar va mafkuralar ifodasini rivojlantirib, zamon, makon va shaxsga xolis baho berish demakdir”, deya fikr bildirgan edi filologiya fanlari doktori, professor Najmiddin Komilov. “Xatirchilik tabarruk siymolar” kitobiga yozgan so‘zboshida.

Haqiqatan ham o‘rta asrlarda yashagan tariqatchilarning faoliyatiga oid mo‘’tabar manbalarga ko‘z yugurtirsangiz yurtimiz xududida ko‘plab ulamolar, aziz avliyolar qatori Yassaviya tariqatining targ‘ibotchilari ham yashaganligiga guvoh bo‘lasiz. Ular orasida Xatirchi sarhadida yashaganlari ham borligi quvonarlidir. Tasavvufshunos olim yuqorida ta’kidlaganidek, faqat ularning kimligini mohiyatan “anglash zarurati bor”.

Faxruddin Ali Safiy o‘zining “Rashaxotu – aynil hayot” asarida Hazrati Xoja Ahmad Yassaviy to‘g‘risida so‘zlayotib shunday deydi: “…turklar oni Oto (ota) Yassaviy derlar. Va otonikim, turkiy lafzida padarni aytilur, ul mashoyixlarga itloq (tadbiq) qilinur (22-bet). Hazrat Alisher Navoiy ham “Nasoyim ul – muhabbat”da: “Sayyid Oto (r.a) Xoja Ahmad Yassaviyning qarobatidur (yaqini, xeshi) va turk ulusida “Oto” derlar deya ta’kidlaydi.(425-bet). Keltirilgan ma’lumotlar Xatirchi tumanida Sayyid ota, Badr ota, Polvon ota, Langar ota, Suluk ota, Oqsoqol ota, Qovus ota, Mallato‘n ota, Qashg‘ar ota kabi nomlarga nisbat berilgan joylar shu tariqat namoyondalariga tegishli manzilgohligidan dalolat beradi. Chunki yassaviyaning ilk bosqichi dastlab o‘troq bo‘lmagan chorvador va ko‘chmanchi qabilalar orasida keng tarqalganligi tasavvuf tarixidan ma’lum. Shuning uchun ham tariqatchi siymolar nomi bilan bog‘lik joylar Turkistondan Buxorogacha bo‘lgan hududda ko‘plab uchraydi. Ammo tarixning ba’zi bo‘laklari asrlar chig‘irig‘ida chaynalib, bizgacha uzuk-yuluqlashib yetib kelgani bois xiralik kasb etgan. Ularni oydinlashtirish uchun katta hajmdagi ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar olib borish lozim bo‘ladi. Ana shunday ulug‘ zotlardan biri – Badr Ota va uning qabri bilan bog‘liq ayrim mulohazalar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

Xalqimizning shuuriga Badr ota nomi bilan ingan muhtaram zotning shaxsi haqida xilma-xil ma’lumotlar mavjud. Qadimshunos tasavvufchilar tomonidan 16-asrning mo‘’tabar yozma manbasi deya e’tirof etilgan Olim Shayx Azizonning (1564-1631) “Lamaxot min nafahotul quds” asarida muallif Hazrati Ahmad Yassaviydan o‘z davrigacha bo‘lgan 77 pir hamda u boshlagan tariqatning mashhur namoyondalari haqida turli darajadagi ma’lumotlar keltiradi. Shular qatori Badr otani ham tilga oladi va uning qabri Toshkentdan 4 farsax (32 km.) masofadagi Kuyik qishlog‘ida ekanligini bayon etadi. Boshqa bir tarixiy asar muallifi Oxund Muhammad Toxir (r.a.) “Tuhfat ul zoirin” nomli kitobida “…Sadr otaning marqadi (qabrini nazarda tutgan bo‘lsa kerak) G‘ijduvonda, Badr otaniki esa Miyonkolning Faroxun qishlog‘ida. Men uning qabrini mazkur joyda ziyorat qildim. Faroxun xo‘jalari shu zotning avlodlaridan” (29-bet) deb yozadi.

Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma”sida (Toshkent, “Cho‘lpon” nashriyoti, 1991- yil) Badr ota to‘g‘risida quyidagi tafsilotlar keltiriladi: “…Bayonqulixon Shayx ul a’lamga irodat qilib, Hazrati Sayyid Otani shahardin ixroj qildi. (Buxoro nazarda tutilmoqda. X.N.) Sayyid Ota tevaga minub, daryo yoqasiga kelub, andin o‘tub Toshkandga yuzlanub, borur erdilar. Yo‘lda Badr Ota, Sadr Ota, Uzun Hasan Ota Xorazmdan kelub, bul kishiga qo‘shulub, bu to‘rtovlari hamroh bo‘lub, piri komil talab qilub, Toshkandga yaqin keldilar”. (87-bet) Ko‘rinib turibdiki, asar muallifi Zangi Otaning keyingi uch muridini Xorazmdan, ya’ni xorazmlik deb tasvirlamoqda. Sayfiddin Sayfulloh tomonidan nashrga tayyorlangan “Zangi Ota” nomli risolada asli ismi Badriddin Muhammad bo‘lgan Badr Ota bilan Sadriddin Muhammad Sadr Ota Buxoro madrasasida birga tahsil olgani uqtiriladi. Demakki, ular Uzun Hasan Ota bilan birgalikda uchovi Xorazmdan Buxoroi sharifga ilm o‘rgangani kelishgan. Nazarimda, “Temurnoma” muallifi Badr ota haqidagi fikrlarini “Lamaxot”ga tayangan holda ifodalagan. Negaki, manbalarda o‘zaro uyg‘unlik mavjud.

Endi Xatirchi tumanidagi Badr otaning qabriga to‘xtaladigan bo‘lsak, u obod joy. Atrofdagi xalq e’tiqod bilan ziyorat kiladi. Xatirchilik o‘lkashunos R.Xolmurodov “Xatirchi tumani tarixidan lavhalar” (Toshkent, “Fan” nashriyoti, 1996 y.) kitobida Abdurazzoq xo‘ja ibn Abduvahhob xo‘ja – Badr ota o‘zining tijorat ishlari, savdo-sotiq va bozor munosabatlari qonun-qoidalariga bag‘ishlab yozgan (hijriy 1277-78, milodiy 1861-62) “Kitobi bay’a” asarida: “…joyi mavludash qishlog‘i Qoracha az shu’bai Xatirchigi bexatar”, deb yozganini eslatadi(10-bet). Mulohazali fikr. Ul zoti sharif bu gapi bilan o‘zini qorachalik ekanligiga ishora qilmayaptimi?! Albatta, epigraf tasdiq yoki inkor ma’no beradi, deyolmayman. Buning uchun ilmiy tadqiqot lozim.

Tadqiqotchi ijodkor S.Mustafoyev “Xatirchilik tabarruk siymolar” (Toshkent, “Muharrir” nashriyoti, 2010- yil. 73-bet) kitobida Badr ota – Mavlono Badriddin Muhammad Zangi Otaning to‘rtinchi xalifasi va unga nisbat berilgan qabr va xonaqoh Xatirchining Ibn Sino mavzesida joylashgan obod ziyoratgohligini, qabr toshdagi yozuvda Mavlono Badriddin, otasining ismi Shayx Mahmud deb qayd etilganligini ta’kidlaydi.

Guvoh bo‘lganingizdek, Badr otaning shaxsi va qabri to‘g‘risidagi rivoyat va ma’lumotlar xilma-xil. O‘qigan va eshitganlarimizdan ayonki, har qanday rivoyat zamirida ham ma’lum haqiqat yotadi. O‘sha falsafa va yuqorida keltirilgan manbalarga tayanib xulosa qiladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, jiddiy xato bo‘lmas. Qissadan hissa shuki. Hazrati Zangi otaning to‘rtinchi xalifasi bo‘lgan Badriddin Muhammad Shayx Mahmud – Badr ota asli xorazmlik bo‘lgan ko‘rinadi. Qismat ravosiga ko‘ra Sayyid Ahmad ibn Sayyid Abu Bakr bilan Dashti Qipchoqqa ketayotganda yo‘lda tobi qochadi va Toshkentdan 4 farsah naridagi Kuyik qishlog‘ida vafot etadi. Qabri o‘sha yerda.

Qorachalik ma’rifatparvar tariqatchi Abdurazzoq xo‘ja ibn Abduvahhob xo‘ja – Badr ota, nazarimcha, sahobalar avlodidan bo‘lgan eldoshimiz. Negaki, bunday fikrga kelishga to‘liq asos bor. (Yuqorida Oxund Muhammad Toxir (r.a.)dan keltirilgan manbaga qarang!) Faqat Qoracha qishlog‘idagi unga nisbat berilgan qabrtoshga bitilgan yozuvlar Badriddin Muhammad Shayx Mahmudga ishora qilmoqda. Chunki sag‘anada vafoti hijriy 681(milodiy 1283) deb yozilgan. Abdurazzoq xo‘ja Abduvahhob xo‘ja – Badr otaning “Kitobi bay’a” asaridagi sana esa (hijriy 1277-78, milodiy 1861-62) yillardir. Izohlar oralig‘idagi tafovut 578 yil. Bunday katta farq ul zotlarning boshqa-boshqa shaxslar ekanligini ko‘rsatadi. Xulosa shuki, Abduvahhob xo‘ja Badr otaning qabri (suv toshqinlari sababmi) Faraxundan o‘zi yashagan qishlog‘i  – Qorachaga ko‘chirilgan va u yerda ramziy mozor tiklangan, degan taxmin kilishga undaydi. Toshdagi yozuvlarga kelsak, xalq u kishini Zangi otaning shogirdiga mengzab, keyinchalik Sayyid Ahmad ibn Sayyid ota vafoti sanasiga (milodiy 1310-11) qiyoslagan holda sag‘ana qo‘ydirgan bo‘lsa, ajabmas.

       Nima bo‘lgandayam Badr otalar nomi bilan atalgan ziyoratgohlar boshqa qadamjolar qatori xalqimizning ma’naviy merosiga aylangan mulk. Bunday ziyoratgohlarni asrab-avaylash, ular haqidagi tarixiy haqiqatni imkon qadar tiklashga urinmoq va yosh avlodlarga yetkazmoq lozim, deb o‘ylayman.

Manba: xatirchi.uz

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>