2017/10/24 12:05:22

Arablarning Buxoroga bosqini hamda Tavois va Vardonadagi janglar haqida

loading...

 Arablar Xurosonni bosib olgach, VII asr ikkinchi yarmidan boshlab Buxoroga qarshi ko‘plab talonchilik yurishlarini olib borgan. Hajjoj ibn Yusuf (660-714) tomonidan Qutayba ibn Muslim (660-715) 705 yili Umaviylar xalifaligining Xurosondagi noibi qilib tayinlangach, Qutayba dastlab Xuroson va Toharistonni to‘la ravishda arablarga bo‘ysundirdi. So‘ngra 706 – 715 yillar orasida u Movarounnahr va unga tutash hududlarning katta qismini: 707 yili Romitan va Poykentni, 709 yili Varaxsha, Vardona va Buxoroni, shuningdek, Tavoisni, 710 yili Shumon, Kesh va Nasafni, 712 yil Xorazm va Samarqandni, 713 – 715 yillarda Shosh, Farg‘ona va Qoshg‘arni bosib oldi. Xullas, bugungi O‘zbekiston hududi VIII asr boshlarida Arab xalifaligi tarkibiga majburan kiritildi.

Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arablar qo‘shiniga Buxoro va Samarqanddagi sug‘diylar va turkiylar, xususan, Vardona mulkining hukmdori Vardunxudot qattiq qarshilik ko‘rsatgan. Arab sarkardasi Qutayba ibn Muslim faqat makr – hiyla yo‘li bilan ittifoqchilar qo‘shinini bir – biridan ajratib tashlab, so‘ngra ularni tor – mor qilgan. Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida yozilishicha, “Bir vazir Turkistondan kelgan edi; nomi Vardonxudot: Vardona yerlari unga tegishli edi. Qutaybaga u [Vardonxudot] bilan ko‘p urush qilishga to‘g‘ri kelgan edi. Shu Vardonxudot o‘ldi va Qutayba Buxoroni oldi. Qutayba Vardonxudotni bir necha marta bu viloyatdan [Vardonadan] quvib tashqariga chiqardi va u qochib Turkistonga ketdi… Oxiri Vardonxudot o‘lib, ko‘p qishloqlarni oldi… Qutayba Buxoroni yana Tag‘shodaga topshirdi va uni podshohlikka o‘tkazdi…”.

Shu o‘rinda Movarounnahr va Xorazmni bosib olgan arab sarkardasi, Umaviylar xalifaligining Xurosondagi noibi Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy (660 – 715) to‘g‘risida maxsus to‘xtab o‘tmoqchimiz.

Qutayba ibn Muslim qays (qaysit) nomli shimoliy arab qabilasiga mansub bo‘lgan. Qutayba ibn Muslim qo‘shiniga Buxoro va Samarqanddagi sug‘diylar va turkiylar, xususan, Vardona mulkining hukmdori Vardonxudot qattiq qarshilik ko‘rsatgan.

Qutayba tomonidan mahalliy aholini islom diniga kiritish dastlab qattiq qarshilikka uchragan. Masalan, u to‘rtinchi marta jang qilib Buxoroni olgach, arablar buxoroliklar bilan birga turib, ularning xatti-harakatlaridan xabardor bo‘lib tursalar buxoroliklar zaruratdan musulmon bo‘ladi, degan maqsadda Buxoro aholisiga o‘z uylarining yarmini arablarga berishga undab buyruq chiqardi. U shu yo‘l bilan Buxoro va boshqa shaharlarda musulmonchilikni o‘rnatdi. U Movarounnahrda dastlabki Jome’ masjidini Buxoroda 712 – 713 yillarda qurdirdi. Qutayba ibn Muslim boshqa shaharlarda ham masjidlar qurdirib, zardushtiylik va buddaviylikka qarshi ayovsiz kurashdi.

Qutaybaning O‘rta Osiyoga istilosidan, xususan, Turkiston sahro viloyatlarining janub taraflarini zabt etgandan so‘ng boshqa joylarga hujum kamroq uyushtirildi, chunki bosqinchi arablar qo‘shinining kuchi 

aynan Movarounnahrda qirqilgan edi. Darvoqe, Buxoro bilan dushmanlik munosabati vujudga kelishiga Qutaybaning o‘zi sababchi bo‘ldi. Bu haqda keyinchalik vengriyalik mashhur sharqshunos olim va sayyoh Arminiy [German] Vamberi (1832 – 1913) o‘zining “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” (Sankt-Peterburg, 1873) asarida Qutaybaning harbiy rejasi va Buxoroni bosib olinishi haqida quyidagicha fikr bildirgan:

“Uning harbiy rejasi – mudofaa uchun anchagina noqulay bu shaharni eng avval shimoldan hamda sharqdan keladigan yordamchi turk askarlaridan kesib qo‘ymoq edi. So‘ngra esa, eng avval Vardon(a) (hozirgi Vardonze), Romitan hamda Sug‘ddagi kichik mustaqil xonliklarni zabt etmak edi. Unga Hajjoj shunday harakat qilishni amr etgandi. Qutayba 89 sanada (milodiy 707 yil) Kesh (Shahrisabz)ni hamda Naxshab (Qarshi)ni fath etdi. U 90 yili (milodiy 708 yili) Vardona ustiga yurishni niyat qildi. Lekin bu niyatni amalga oshirmoqchi bo‘lganda o‘zi o‘ylamagan qarshilikka duch keldi. Turk xonlari unga qarshi tadbir ko‘rib, o‘zaro bitim tuzdilar hamda birlashgan kuchlari bilan Qutaybani yo‘lda to‘xtatdilar. Bu gal Buxoro atrofida butun Movarounnahr hamda Sug‘d xonlari to‘plandilar, Farg‘ona podshosi va olis Sharq tomonidan kelgan xoqonning jiyani Kurimg‘on [Ko‘rmag‘onun] ularga qo‘shildilar. Ular go‘yo umumiy tahlikani his qilib, birlashgan kuchlari bilan arab istilosini to‘xtatishga qaror qilgan edilar. Bu paytda Vardonaga yetib kelgan Qutayba ular tomonidan tazyiqqa uchradi”.

Bu harakatni Tabariy juda yaxshi tasvirlab berganini ko‘rish mumkin. Tarixchining “Tarixi Tabariy” asarida yozishicha, har tarafdan qisib qo‘yilgan arablar, qat’iy mag‘lubiyat tahlikasini ko‘rgach, ularning xotinlari xunuk tovush bilan uvvos solib, yuzlarini tirnadilar. Biroq keyinchalik Qutayba hiyla yo‘li bilan sug‘dlar va turklarning harbiy ittifoqini buzdi hamda g‘alaba qozondi.

Atoqli alloma Abu Rayhon Beruniy (973 – 1048) o‘zining 1000-yili yozgan “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida keltirishicha, “Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o‘rgangan va bilimini boshqalarga o‘rgatadigan kishilarni halok etib, butkul yo‘q qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va rivoyatlar) islom davridan keyin haqiqatni bilib bo‘lmaydigan darajada yashirin qoldi”.

Qutayba tomonidan Xorazmda qilingan vahshiyliklar to‘g‘risidagi Beruniyning mulohazalari ayni paytda Sug‘diyona hududiga ham tegishli. Qutayba Buxoro vohasida sug‘d xalqi tomonidan ming yillar davomida yaratilgan moddiy va ma’naviy yodgorliklarni islom dini niqobi ostida vayron qilgan. Sug‘d va boshqa mahalliy xalqlar ayovsiz ravishda qirib yuborilgan. Bu holat Arqud qishlog‘i aholisiga ham taalluqli. Arablar Turonni bosib olgach ham hozirgi Qiziltepa tumani hududlari Tavois viloyati deb nomlangan.

Buxoro vohasining hozirgi Shofirkon, G‘ijduvon, Qorako‘l, Qiziltepa, Karmana, Navbahor va boshqa tumanlarida bugungi kunda saqlanib qolgan Arabxona, Arablar va shu mazmundagi ko‘plab qishloqlarning nomlari shundan dalolat beradiki, bu hududlarda aynan VIII asr boshlarida Qutayba va uning izdoshlari tomonidan keltirib joylashtirilgan arablar, hatto forslar ko‘pchilik bo‘lgan. Ular bu hududda yashab, keyinchalik mahalliy aholi: sug‘dlar va turklar bilan o‘zaro assimilyatsiyaga kirishgan. Sharqshunos V.Bartoldning fikricha, fors va arablarning o‘zaro assimilyatsiyasi natijasida keyinchalik Buxoro va Samarqandda tojik (tazik) xalqining bir qismi vujudga kelgan. Shuningdek, IX – X asrlarda – tojik xalqidan sal oldin vujudga kelgan o‘zbek xalqi etnogenezisida esa asosiy rolni turkiy 

xalqlar va sug‘d xalqi bajargan. Shunday qilib, Zarafshon vohasi o‘zbek xalqi shakllanishida muhim rol o‘ynagan.

Qutayba ibn Muslim haqidagi fikrlarimizni yana davom ettiradigan bo‘lsak, uning xalifa Sulaymon (hukmronlik davri: 715 – 717 y.)ga bo‘ysunmasligi, Movarounnahrdagi arab qo‘shinlari o‘rtasida unga nisbatan norozilik paydo bo‘lishi isyon ko‘tarilishiga olib keldi. Tabariyning yozishicha, arablarning shaybon qabilasiga mansub Hayyon an-Nabatiy (uning 7000 kishilik qo‘shini bo‘lgan) va tamim (tamimiy) qabilasi vakili Vaqi ibn Abu Sa’d [Sud] boshchiligidagi isyonchilar Qutayba ibn Muslimning chodiriga bostirib kirib, u bilan birgalikda Abdurahmon, Abdulloh, Solih, Husayn, Abdulkarim nomli ukalarini, o‘g‘li Kasir ibn Qutayba va jiyanlarini (jami 11 erkakni) o‘ldirishgan. Aslini olganda Qutaybani begunoh o‘ldirilgan yuz minglab mahalliy aholi (sug‘d va turkiylar, xorazmliklar va farg‘onaliklar)ning qoni tutgan edi. Bu gal qasos faqat bosqinchi arabga boshqa bir bosqinchi arablarning qo‘li bilan berildi. Qutayba ibn Muslim Kox qishlog‘idagi Raboti Sarxang (hozirgi Mozorbuva) qabristonida dafn etilgan. Bu qabriston ayni paytda Andijon viloyati Jalolquduq tumani Kox qishlog‘idadir.

Qutayba ibn Muslimning shaxsi ilk o‘rta asrlardan boshlab Movarounnahrda islom ulamolari tomonidan muqaddaslashtirilgan. Xuddi shunday holatni boshqa bir arab bosqinchisi Muhammad payg‘ambar (s.a.v.)ning amakivachchasi bo‘lgan – Qusam ibn Abbos (taxminan 624 – 677) misolida ham aytib o‘tish mumkin. U Samarqand atrofida arablar bilan sug‘diylar o‘rtasida bo‘lgan jangda 677 yili o‘ldirilgach, xalq orasida Shohizinda (Tirik shoh) nomi bilan mashhur etilgan.           

Xullas, Qutayba 715 yilda Farg‘ona vodiysidagi Kox qishlog‘ida isyon ko‘targan arab qo‘shinlari tomonidan o‘ldirilgach, butun Movarounnahrda bo‘lgani singari Tavoisda ham arablar zulmiga qarshi g‘alayonlar ko‘tarilgan. Buxoro vohasida yashovchi sug‘dlarga Turk hoqonligining harbiy kuchlari yordamga yetib kelgan. Turklar va sug‘diylar umumiy dushmanga qarshi kurashga qo‘zg‘aladilar. 730 yil 17 noyabrda Turk xoqoni Bilga xoqon (hukmronlik davri: 716 – 734 yillar) boshchiligidagi turkiylar va sug‘diylarning birlashgan qo‘shini bilan arablar qo‘shini o‘rtasida Karmana atrofi va Tavoisda shiddatli janglar bo‘lgan. Ushbu jang tafsilotlari Tabariyning “Tarixi Tabariy” asarining hijriy 112 yil (melodiy 730 yil) voqealari tasvirlangan qismida batafsil bayon qilingan. Tabariyning yozishicha, xalifalikning Xurosondagi  noibi al – Junayd ibn Abdurahmon al – Murriy 730 yilni Samarqandda, xoqon esa Buxoroda – buxorxudot Katan ibn Qutayba huzurida o‘tkazgan. Bu paytda buxorxudotlar hokimligi rasman xalifalikka bo‘ysunsa ham ko‘p hollarda mustaqil ish yuritgan. Al – Junayd boshchiligidagi bosqinchilar qo‘shini Samarqanddan chiqib, Karmanaga yaqinlashganida avangard (qo‘shinning ilg‘or qismi) Xoqon qo‘shini kelayotganligini xabar qilgan. Har ikki tomon qo‘shini o‘rtasidagi eng shiddatli jang sal yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Tavoisda bo‘lgan. Arab qo‘shinining sarkardalaridan biri Sali ibn Axvaz turkiylarining katta mansabdorlaridan birini o‘ldirgan. Turkiylar bu halokatdan so‘ng Tavoisdan jo‘nab ketishgan. Musulmonlar esa Mehrjon bayrami kuni Buxoroga yetib borishgan. Har bir arab jangchisiga o‘n dona Buxoro dirhami (kumush tanga)dan berishgan.

Xullas, bu jangda turkiylar mag‘lubiyatga uchragan. VIII asr o‘rtalariga kelib Tavois viloyati aholisi ham islom dinini qabul qilgan. Tavoisdagi muqaddas otashkada va otashgoh buzib tashlanib, ularning o‘rniga Jome’ masjidi va katta hisor qurilgan. Narshaxayning fikricha, bu paytda ham Tavois viloyat maqomida bo‘lgan. Keyinchalik qishloq o‘rtasidan Abu Muslim arig‘i oqib o‘tgan. Bu ariq mashhur sarkarda va davlat arbobi, Xuroson va Movarounnahr noibi  Abu Muslim (uning asl ismi Abdurahmon ibn Muslim bo‘lgan) sharafiga shunday nomlangan. Hatto keyingi o‘rta asrlarda bu hudud Komi Abu Muslim tumani deb yuritilgan.

“Qiziltepa tarixi” kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>