2017/11/18 2:07:16

Abu Muslim harakati va Muqanna qo‘zg‘olonida ajdodlarimiz ishtiroki

loading...

Arab xalifaligiga qarshi ko‘tarilgan xalq harakatlari va qo‘zg‘olonlar o‘rtasida Abu Muslim harakati (747 – 750 y.) va Muqanna qo‘zg‘oloni (776 – 784 y.) o‘zining shiddatli va ommaviyligi bilan alohida ajralib turadi. Bu harakat va qo‘zg‘olonda xalqning turli tabaqalariga mansub kishilar qatnashdi. Shu narsani alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, bu qo‘zg‘olonlar islom diniga qarshi emas, balki dastavval umaviylar sulolasiga qarshi, so‘ngra Arab xalifaligining siyosiy hokimiyatiga qarshi qaratildi. Ular Xuroson va Movarounnahrda bo‘lib o‘tdi va unda turkiy xalqlar (hozirgi o‘zbek xalqi ajdodlari) ham faol qatnashdi.

Abu Muslim harakati 747 – 750 yillarda Arab xalifaligining sharqiy qismi – Movarounnahr va Xurosonda umaviylar xalifasi hukmronligiga qarshi ko‘tarilgan harakat hisoblanadi. Unga Abu Muslim Marvaziy (718 – 755) boshchilik qilgan. Harakatning asosiy kuchi shahar hunarmandlari va qishloq mehnatkashlari, Movarounnahr va Xurosonning mahalliy zodagonlari, umaviylar siyosatidan norozi bo‘lgan Xurosondagi arab muxolifatchi guruhlari va qullar edi. Bu harakatning asosiy markazi Marv shahri yaqinidagi Safizanj, Mohuvon (Maxon) va Shavvol qishloqlari edi. Abu Muslim qo‘shini 747 yil dekabr – 748 yil yanvarda umaviylarning Xurosondagi voliysi Nasr ibn Sayyorni yengib, Marv shahrini, 748 yilda Nishopur va Tus shaharlarini egallaydi. Bu harakat Movarounnahrga ham keng tarqaladi. Abu Muslim 748 yilda xalifalikning poytaxti Damashqqa yurish qiladi, 749 yilda Nahovand yaqinida umaviylarni tor-mor etib, 750 yil boshlarida Katta Zab daryosi bo‘yida hal qiluvchi g‘alabaga erishdi va umaviylar sulolasining so‘nggi xalifasi Marvon II ni taxtdan olib tashladi. Abu Muslim abbosiylarning siyosiy hokimiyatga kelishlari uchun kurashadi. Marvon II o‘rniga Muhammad payg‘ambar (s.a.v.)ning amakisi Abbos avlodidan bo‘lgan Abul Abbos as-Saffoh (hukmronlik davri: 749 – 754 y.) xalifa bo‘ldi. Shu bilan xalifalik abbosiylar sulolasi qo‘liga o‘tadi. Bu voqealar “Abu Muslim jangnomasi” (2 jildlik) xalq kitobida o‘z aksini topgan. Bu kitob folklorshunos olim B.Sarimsoqov tomonidan o‘zbek tilida Toshkentda 1992 va 1995 yillarda nashr etildi.

Abu Muslim harakatida faol qatnashgan shaxslardan biri Hoshim ibn Hakim edi. Muqanna (719, Marv yaqinidagi Koza qishlog‘i – 783, Shahrisabz) nomi bilan mashhur bo‘lgan mazkur sarkarda hamda davlat arbobining hayoti va faoliyati haqida ilk o‘rta asr manbalarida bir-biriga zid ma’lumotlar uchraydi. Tarixchi olimlar Narshaxiy, Abu Rayhon Beruniy, Tabariy, Gardiziy, Bal’amiy, Ibn al-Asir, Mahmud ibn Vali va boshqalarning asarlarida Muqanna va Muqanna qo‘zg‘oloni to‘g‘risida muhim ma’lumotlar mavjud.

Muqannaning asl ismi Hoshim ibn Hakim [Marvaziy] bo‘lib, Narshaxiy uni quyidagicha ta’riflaydi: “U ilgari kudungarlik qilar edi, keyin esa ilm o‘rganishga mashg‘ul bo‘ldi va har xil ilmlarni: ko‘zbo‘yamachilik, sehr va tilsim ilmlarini o‘rgandi… Hoshim ibn Hakimni Muqanna deyishlariga sabab shu ediki, u juda xunuk, boshi kal va bir ko‘zi ko‘r bo‘lganidan hamisha boshi va yuziga ko‘k parda tutib yurar edi”. Muqanna so‘zining lug‘aviy ma’nosi “niqobdor” demakdir.

Muqanna ko‘p o‘qigan, u g‘oyat ziyrak bo‘lib, kimyogarlik, sehr va tilsim ilmlarini o‘rgangan. O‘z ona tili turkiydan tashqari arab va fors tillarini ham yaxshi bilgan. Otasining nomi Hakim bo‘lib, u Abu Ja’far Davonaqiy davridagi Xuroson amirining lashkarboshilaridan biri bo‘lgan. Marvda boshlangan Abu Muslim harakatida faol qatnashgan hamda Xuroson lashkarboshilaridan biri bo‘lib, Xuroson amiri Abduljabbor Azdiy (u 757 yili bu lavozimga o‘tirgan)ning vaziri bo‘lgan. Abu Muslim abbosiylar xalifasi Mansur (xalifalik davri: 754 – 775 y.) tomonidan o‘ldirilgach (755), 759 yili Abduljabbor Azdiy xalifaga qarshi isyon ko‘taradi. Bu isyonda faol qatnashgan Muqannani ham Marvdan Bag‘dodga olib kelishadi va zindonga tashlashadi (759 yili). U bir necha yil zindonda o‘tiradi. Zindondan qutulib chiqqach (ba’zi manbalarda keltirilishicha, qochib chiqqach), yana Marvga qaytadi va atrofiga o‘z tarafdorlarini to‘plab, 769 yilda Arab xalifaligining siyosiy va diniy hukmronligiga qarshi kurash boshlaydi. U Mazdak (470 – 529) tomonidan asos solingan mazdakiylik ta’limotini targ‘ib qiladi. Tez orada bu kurash ommaviy xalq qo‘zg‘oloni darajasiga ko‘tariladi. 769 yilda boshlangan bu qo‘zg‘olon 14 yil davom etadi, qo‘zg‘olon  Movarounnahrda 776 – 784 yillarda bo‘ladi. Muqanna qo‘zg‘oloni qatnashchilari oq kiyim kiyganlari uchun bu qo‘zg‘olon Oq kiyimlilar qo‘zg‘oloni sifatida ham mashhur. Qo‘zg‘olonda dehqonlar, qishloq hunarmandlari va mahalliy boylarning bir qismi ham qatnashgan. Xurosondan Movarounnahrga tarqalgan Muqanna qo‘zg‘olonining asosiy markazlari tez orada Buxoro va Kesh vohalari bo‘ldi. Buxoro, Narshax, Samarqand, Kesh, Naxshab shaharlarida Muqannaning asosiy qarorgohlari joylashgan. Bu qo‘zg‘olonda Tavois viloyati aholisi ham faol qatnashgan.

Muqanna qo‘zg‘oloni 776 yildan Buxoro vohasida kuchayib ketadi. Narshax qal’asi qo‘zg‘olonchilarning asosiy qo‘rg‘oniga aylantirilgan. Bunda Oq kiyimlilarning katta qismi to‘plangan. Shu yili Narshax qal’asi yaqinida muqannachilar bilan arablardan Buxoro amiri Husayn ibn Maoz va Samarqand noibi Jabroilning birlashgan qo‘shinlari o‘rtasida 4 oy mobaynida jang bo‘ladi. Narshaxiyning yozishicha, Narshax qishlog‘idagi janglarda (Narshax qishlog‘ida oradan 100 yildan ziyod vaqt o‘tgach, mashhur tarixchi olim Narshaxiy tug‘iladi) dastlab oq kiyimlilarning qo‘li baland keladi, ammo son jihatdan ko‘p bo‘lgan arab qo‘shinlari Narshax qal’asi devori ostidan uzunasiga 50 gazli lahim kovlab, uni qulatgach, qal’aga bostirib kirganlar. Qal’a ichida davom etgan shiddatli janglarda qo‘zg‘olonchilar yengilgan, qo‘zg‘olon boshliqlaridan Hakim ibn Ahmad va Hashviy o‘ldirilgan. Bu paytda Narshax qishlog‘ining hukmdori ayol kishi bo‘lgan. Uning eri Sharaf Abu Muslimning lashkarboshisi bo‘lgan. Bu ayolni ham arablar noibi Jabroilning buyrug‘i bilan o‘ldirishadi.

Narshax va Buxorodagi qo‘zg‘olon bostirilgach, arablar asosiy kuchni Samarqand va Keshga tashlaydilar. Ikki yillik to‘qnashuvlardan so‘ng Samarqand taslim bo‘ldi. So‘ngra arablarning birlashgan qo‘shinlari Muqannaga qarshi tashlanadi. Qo‘zg‘olon yengilayotganini ko‘rgan mahalliy boylar sotqinlik qilib, arablar bilan birga Muqannaning Kesh (hozirgi Shahrisabz) yaqinidagi Som tog‘ida joylashgan istehkomini qamal qilishda qatnashadilar. Muqannaning ukasi Qabzam 3000, Som qo‘rg‘oni mudofaasiga qo‘mondonlik qilayotgan Sarhama 3300 kishilik qo‘shini bilan xiyonat qilib, arab lashkarboshisi Said Xarashiyga taslim bo‘ladilar. Ammo arablarga taslim bo‘lishni istamagan Muqanna 783 yili o‘zini yonib turgan tandirga tashlab, halok etadi. Muqanna qo‘zg‘oloni 784 yilda uzil-kesil mag‘lubiyatga uchraydi.

Muqanna qo‘zg‘oloni haqida Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida shunday ma’lumotlarni beradi: “U [Muqanna] Amudaryo orqali Kash [Kesh] va Nasaf tomonlariga o‘tdi. Xoqonga xat yozib, undan yordam so‘radi, “oq kiyimliklar” va turklar uning atrofiga yig‘ildilar, Muqanna ularga [boshqalarning] mollari va xotinlarini halol qildi, qarshilik ko‘rsatganlarni o‘ldirdi va Mazdakning barcha [yo‘l-yo‘riqini] ularga qonun qilib berdi, al-Mahdiy qo‘shinini sindirdi va o‘n to‘rt yil hukmronlik qildi. Nihoyat u hijriy 169 yili qamal qilindi va o‘ldirildi”. 

Sovet davrida O‘rta Osiyo respublikalarida yaratilgan ilmiy va badiiy adabiyotlarda Muqannani islom dushmani, oq kiyimlilar qo‘zg‘olonini esa islomga qarshi harakat sifatida ko‘rsatishga intilish kuchli edi. O‘sha davrda ijobiy baholangan bu jihatlar endilikda ba’zan Muqanna qo‘zg‘oloniga, ayniqsa, uning rahbari shaxsiyati va faoliyatiga salbiy baho berish uchun dastak bo‘lmoqda. Sharqshunos olim G‘ulom Karim to‘g‘ri ta’kidlaganidek, o‘sha davrga oid tarixiy manbalarning qiyosiy tahlili bunday fikrlar bir yoqlama ekanini ko‘rsatadi. Xullas, Muqanna Turon ozodligi yo‘lida arab bosqinchilariga qarshi mardonavor kurashgan va bu kurash yo‘lida o‘z jonini qurbon qilgan milliy qahramon edi.

“Qiziltepa tarixi” kitobidan.

MAQOLANI MASHHUR QILISHGA HISSANGIZNI QO'SHING

G'olib Avezov

Navoiy viloyati bizning vatanimiz, bu yerda tug'ildik, o'sdik va bilim oldik. Vatanimiz bizga juda ko'p narsalar berdi. Endi esa biz vatanimizga beraylik. Uni rivojlanishi uchun har birimiz o'z hissamizni qo'shaylik.

Buni ham o'qing

6

Nurota sayyidlari

Sayyidlar- Muhammad payg‘ambar avlodlarining faxriy unvoni bo‘lib barcha musulmon mamlakatlarida alohida tabaqa sifatida izzat-hurmatga ega ...

Fikr bildirish

Sizning email manzilingiz oshkor qilinmaydi. Majburiy bo'limlar * bilan belgilangan

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>